Amerika amaliyotini kim qoraladi va kim qoralamadi?

Indoneziya poytaxti Jakartadagi AQSh elchixonasi qarshisida namoyishchilar o‘z noroziligini mana shunday izhor qilishdi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Indoneziya poytaxti Jakartadagi AQSh elchixonasi qarshisida namoyishchilar o‘z noroziligini mana shunday izhor qilishdi.
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 3 daq

BMTning Xavfsizlik kengashi majlisida Venesuela rahbarining AQSh tomonidan qo‘lga olishi Amerikaning do‘stu dushmanlari tomonidan qattiq tanqidlarga uchradi.

Ko‘p a’zo davlatlar Nikolas Maduro noqonuniy va repressiv prezident bo‘lgani borasida AQSh bilan hamfikrlar.

Lekin, ko‘plar AQShning harbiy amaliyoti xalqaro huquq va BMT nizomiga xilofligini aytib, Venesuelada xalqning xohish-istaklarini hisobga oluvchi demokratik o‘zgarish bo‘lishini talab qilishdi.

AQShning ittifoqchilari orasidan eng qattiq tanqidiy chiqish qilgan davlat Frantsiya bo‘ldi. Frantsiya elchisining o‘rinbosari Jey Darmadxikari AQShning Maduroni olib ketishi «mojarolarni tinch yechish va kuch ishlatmaslik tamoyillarlariga zid» ekanini aytdi.

«Xavfsizlik kengashining doimiy a’zoligidek mas’uliyatni olgan davlatlar tomonidan BMT nizomi va xalqaro huquqning buzilishi xalqaro tartibning asosiiga zarba beradi, u davlatlarning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga hurmat kabi tamoyillarga zid», - dedi Frantsiya vakili.

Daniya elchisining o‘rinbosari Sandra Yensen Landi ham o‘z davlatining «chuqur xavotir»ini izhor qildi va: «Bu voqealar xavfli pretsedent yaratadi. Xalqaro huquq va BMT nizomi hurmat qilinishi shart», - dedi.

Pedro Sanchez
EPA
Ispaniya Maduro rejimini tan olmagan. U xalqaro qonunlarga zid, mintaqani mavhumlik va jangarilik sari itaradigan aralashuvni ham tan olmaydi.
Pedro Sanchez
Ispaniya bosh vaziri (bbc.com/uzbek)

Frantsiya va Daniya qilgan bu bayonotlar Maduro qo‘lga olinishining ilk onlarida Yevropa Ittifoqining ko‘p a’zolari ko‘rsatgan ikkilanishdan keskin farq qiladi. Frantsiya va Daniyadan farqli o‘laroq, Britaniya va Gretsiya diplomatlari BMT majlisida Amerikaning harbiy amaliyotini qoralashmadi.

Frantsiya va Daniya tanqidlari ularni Ispaniya bilan bir qatorga qo‘ydi. Avvalroq Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchez o‘z hukumati «xalqaro huquqqa zid bo‘lgan aralashuvni tan olmasligi»ni aytib, AQSh amaliyoti mintaqani mavhumlik va jangarilik sari itarganini bildirgan.

Panama elchisi Eloy Alfaro de Alba AQShning Venesuelada muxolifat ishtirokida saylovlar o‘tkazmay turib, u yerdagi rejim bilan ishlash rejalaridan chuqur xavotirda ekanini aytdi.

Kolumbiya vakili Leonor Zalabata Torres esa o‘zboshimcha va tajovuzkor amalni hech nima bilan oqlab bo‘lmasligini aytdi va: "Bunday amallar xalqaro huquq va BMT nizomining jiddiy buzilishiga teng", - dedi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi AQSh ittifoqchilarini ikkiyuzlamachilikda aybladi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Rossiyaning BMTdagi elchisi AQSh ittifoqchilarini ikkiyuzlamachilikda aybladi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya AQShni «xalqaro banditizm», «neo-mustamlakachilik va imperializm»da aybladi.

Uning aytishicha, «AQShning kuch bilan ustun bo‘lish»iga hech qanday asos yo‘q. Nebenzya AQShning ittifoqchilarini Trampni tanqid qilmaganlari uchun ikkiyuzlamachilikda aybladi.

Xitoy elchisi Sun Ley "AQShning o‘zboshimcha, noqonuniy va bulling qadamlaridan Pekin qattiq larzaga kelgan"ini aytdi va Xitoy buni qattiq qoralashini bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh nomidan o‘qib eshittirilgan bayonotda u xalqaro qonunlar hurmat qilinmaganidan o‘ta chuqur xavotirda ekani aytildi.

Farqli tarzda, Britaniya vakili Jeyms Kariuki juda qisqa bayonot bera turib, shunchaki Britaniya «Venesuela xalqining istaklarini aks ettiruvchi qonuniy hukumatga tinch o‘tilish»ni istashini bildirdi.

Gretsiya elchisining muovini Ioannis Stamatekos ham Trampning Maduroni qo‘lga olishini qoralamadi va mojaroni "muloqot va diplomatiya" bilan yechishga chaqirdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

AQShning BMTdagi elchisi Mayk Voltsning chiqishida aytilishicha, Maduroning qo‘lga olinishi giyohvand moddalar tashuvi va terrorchilikka mas’ul bo‘lgan noqonuniy liderga qarshi qilingan.

"Venesuelani Eron, Hizbulloh, banditlar, Kuba josuslik xizmatlari, hamda mamlakatni nazorat qilayotgan boshqa buzg‘unchi o‘yinchilar amal qiladigan markazga aylantirolmaysiz. Dunyodagi eng yirik energiya zahiralari AQShning dushmanlari nazorati ostida qolishiga yo‘l qo‘ya olmaysiz", - dedi u.

Ikki o‘t orasida

Yevropaning ko‘p davlatlari uchun Maduroning qo‘lga olinishi murakkab diplomatik dilemmani keltirib chiqardi.

Ular BMTning fundamental tamoyillarini himoya qilish va ayniqsa Ukraina kabi masalalarda Amerika yordamiga muhtoj bo‘la turib AQSh qadamini qoralashdek ikki o‘t orasida qoldilar.

AQSh ittifoqchilari orasida eng qattiq tanqid Frantsiyadan keldi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, AQSh ittifoqchilari orasida eng qattiq tanqid Frantsiyadan keldi.

Xalqaro qonunlar hurmat qilinishiga chaqirgan Yevropa Ittifoqi Maduroning narkotrafigi dunyo bo‘ylab jiddiy xavfsizlik tahdidiga sabab bo‘lishini aytdi, ammo Trampning endi Venesuelani AQSh "boshqaradi" degan bayonoti bo‘yicha hech nima demadi.

Darhaqiqat, Trampni hafa qilishdan qo‘rqayotgan Yevropa liderlari boshqa davlatlar tomonidan ikkiyuzlamachilik ayblari xavfi ostida qolishmoqda.

Yillarki, Yevropaliklar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini xalqaro qonunlar va hududiy yaxlitlikning buzilishi deya qoralab kelishgan.

Ko‘pgina rivojlanayotgan davlatlar bu mavqega qo‘shilmaganlar va G‘arbning Vьetnamdan tortib Iroqqacha bo‘lgan ishg‘ollarini yodga solganlar. Endi ular bu ro‘yxatga Venesuelani ham qo‘shishlari mumkin bo‘ladi.

Ochiq qolayotgan savol shuki, Yevropa Amerikaning Venesueladagi amaliyotidan uzoqroq muddatda qanday xulosa chiqaradi? U ko‘plar nazdida ishonchsiz ittifoqchi deb ko‘rilayotgan AQShga kamroq tayanib, o‘z qit’asidagi xavfsizlik uchun kattaroq mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladimi?

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk shunday niyatda. Ijtimoiy tarmoqlardagi postida u quyidagilarni yozdi: «Ojiz va bo‘lingan Yevropani hech kim jiddiy qabul qilmaydi: na dushman, na ittifoqchi. Bu endi aniq bo‘ldi.»

«Biz nihoyat o‘z kuchimizga ishonishimiz kerak, o‘zimizni qurollantirishda davom etishimiz kerak, har qachongidan ham birlashishimiz kerak. Hamma bir uchun, birimiz hamma uchun. Aksincha, biz yo‘q bo‘lamiz», - deb yozdi Polsha rahbari.