"Yama"da cho‘milgan bloger 10 sutkaga qamaldi – u kimning huquqini buzgan edi?

Surat manbasi, Screenshot/social media
Samarqandlik bloger yomg‘irdan so‘ng suvga to‘lgan yo‘ldagi chuqurda cho‘mildi. Rasmiylar uni 10 sutkaga qamadi. Tarmoq foydalanuvchilari esa bu holatni "so‘z erkinligiga qarshi repressiya" deya atadi.
Hafta boshida Telegram guruhlarida yo‘l o‘rtasida "yama" – chuqurda cho‘milayotgan blogerning videosi aylana boshlagan.
Tasvir Urgut tumanida olinganini bildirgan bloger u yerdagi "yamalar basseyndek bo‘lib yotgan"i haqida gapirgan.
"Anavi yerda bitta moshin [yamaga] tushib ketib, baloni yirtilib ketdi. [Bu yamalarda] hatto cho‘milish ham mumkin. Hozir men sizlarga cho‘milib ko‘rsataman", degan bloger.
Shundan so‘ng erkak yo‘l o‘rtasidagi diametri bir necha metr bo‘lgan ko‘lmakka ichki kiyimda tushib, basseynda suzayotgandek harakatlar qilgan.
10 sutka
Video keng tarqalgan kunning ertasiga – 25 mart kuni Samarqand IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi blogerga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganini xabar qilgan.
"Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzish yoki axloqqa zid xatti-harakatlarni amalga oshirish sizga tengdoshlaringiz orasida mana shunday "mashhurlik" olib kelishi uncha yoqimli bo‘lmasa kerak?", deya savol o‘rtaga tashlangan rasmiy axborotda.
Biroq rasmiylar bloger avtomobil yo‘li o‘rtasidagi chuqurda to‘plangan yomg‘ir suvida cho‘milganini tilga olib o‘tmagan yoki unga nisbatan aynan qaysi turdagi huquqbuzarlik ayblovi ilgari surilganini ochiqlamagan.
Bu masalaga keyinroq sud jarayonidan olingan va Telegramʼdagi norasmiy kanallarda paydo bo‘lgan videoda oydinlik kiritilgan.

Surat manbasi, Screenshot/social media
Videoda Urgutda yashashini aytgan 33 yashar bloger sudьyaning savollariga javob berar ekan, "yoshlikdan aktyorlikka qiziqqani uchun yumorga video olgan"ini aytgani eshitiladi.
Sudьya bloger Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning "183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor" deb topilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu modda (Mayda bezorilik)da "jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik" haqida so‘z boradi.
"Endi hech kim yamalar muammosini ko‘tarmasa kerak"
Mazkur holat tarmoqdagi faol foydalanuvchilar e’tiborini zumda o‘ziga tortgan.
Vaziyatga e’tibor qaratgan inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov "huquqbuzarlikka jazo bor, jinoyatga chora yo‘q" deya yozgan.
Uning fikricha, bu voqeadan so‘ng "hech kim yamalar muammosini ko‘tarishga jazm qilmasa kerak".
"Blogerning muammoni yoritish uslubini oqlamayman, ammo bu huquqbuzarlikdan yagona jabrlanganlar — rasmiylar, yo‘lsozlar, qonunbuzarlar, iste’molchilarga qarshi jinoyat sodir etayotganlar ekanini ta’kidlash kerak. Ulug‘lardan biri qonun nahanglar qolib, mayda baliqlar ilinadigan to‘r emasligini ta’kidlaydi. Qani edi shunday bo‘lganida — yomg‘ir suvi to‘la yamalar, insonlar harakati uchun xavfni yuzaga keltirayotganlar ham jazolanganida...", yozadi inson huquqlari faoli Facebookʼdagi sahifasida.
Advokat Ozod Jo‘raboev bu holatni so‘z erkinligiga tahdid va xalqaro normalarga zid, deb atagan.
Bu qaror nafaqat soʻz erkinligini cheklash, balki muammoni koʻtargan shaxsni jazolash orqali tizimdagi kamchiliklarni yashirishga urinish sifatida baholanishi kerak.
"… blogerning 10 sutkaga qamalishi – huquqiy noxolislikning yaqqol ko‘rinishidir. Bu qaror nafaqat so‘z erkinligini cheklash, balki muammoni ko‘targan shaxsni jazolash orqali tizimdagi kamchiliklarni yashirishga urinish sifatida baholanishi kerak".
Jo‘raboevning fikricha, blogerning maqsadi jamiyatdagi muammoni ko‘rsatish bo‘lgan, shuning uchun "uni jazolash inson huquqlariga zid".
Jazolash o‘rniga muammoni hal qilish kerak edi. Blogerning tanqidiy aksi buzg‘unchilik yoki ijtimoiy tartibsizlikka sabab bo‘lgan emas, aksincha, yo‘llarning abgor holatini ko‘rsatishga qaratilgan edi. Bunday holatda, mahalliy hokimiyat vakillari uni jazolash o‘rniga yo‘llarni ta’mirlash chorasini ko‘rishi lozim edi. Huquqbuzarlarga emas, tanqid qiluvchilarga jazomi?", o‘rtaga savol tashlagan advokat.
Tarmoqdagi muhokamalarda qoldirilgan fikrlarda Urgutda yashashini bildirgan ayrim foydalanuvchilar bloger "vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatmagan"ini ta’kidlagan.
"Shu yo‘ldan Xudo bergan har kunda o‘taman. Teparoqda bundan dahshatliroq yamalar bor. Mashinalar to‘kilib ketadi shu yo‘ldan yurganda", yozgan shunday fikrdagi foydalanuvchilardan biri.
Biroq qo‘l urgan xatti-harakati uchun blogerni qo‘llab-quvvatlamaganlar ham bo‘lgan.
"Voyaga yetgan, sog‘lom odamning konstruktiv tanqidimi shu? … maynavozchilar ko‘payib ketdi, birorta norm odam norm aql farosatni ishlatib o‘zini bosib aniq faktlar bilan chiqib tanqid qilsin, tomosha ko‘rsatmay", tanqid qilgan foydalanuvchilardan biri.
Chorshanba kuni Telegram guruhlarda bloger cho‘milgan yo‘ldagi "yama" yamalayotgan aytilgan suratlar paydo bo‘lgan, ammo bu xabar hozircha rasman izohlanmagan.












