Rossiyaning yarmida migrantlar ishlashi og‘irlashdi

Surat manbasi, Getty Images
2024 yili Rossiyaning 47 hududida boshqa mamlakatdan borgan migrantlarning ishlab pul topishiga nisbatan taqiq va cheklovlar joriy etilgan.
Rossiya rahbariyati migrantlarning mamlakatda bo‘lishini yanada qattiqlashtirish, imkoni boricha ko‘p muhojirlarni Ukraina urushiga jalb qilishni kuchaytirish harakatida.
Rossiyaning qaysi mintaqalari qaysi sohalarga taqiq va cheklovlar joriy etganini mustaqil "Vyorstka" veb-nashri o‘rgangan.
"Vyorstka" Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin joriy etilgan senzuraga qarshi haqqoniy axborotni tarqatish maqsadini ko‘zlagan rossiyalik jurnalistlarning jamoasidir.
Jurnalistlarning Rossiya hududlaridagi mahalliy hokimiyatlar chiqargan qarorlarni o‘rganib tadqiq qilishlaricha, o‘zbekistonlik yoki tojikistonlik endi patent asosida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan ish taksichilik yoki jamoat transporti bilan bog‘liq mehnat sohasidir.
Rossiyaning 47 hududida migrantlarning bu turdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.
Keyingi eng ko‘p hududda taqiqlangan soha savdo.
Rossiyaning 39 mintaqasida markaziy osiyoliklar savdo bilan shug‘ullanolmaydilar.
14 hududda uy-joy va kommunal xizmatlarda ishlash, 12 ta mintaqada yetkazib berish bilan shug‘ullanishga taqiq kiritildi.
19 ta mintaqada tibbiyot sohasida taqiqlar joriy etilgan: shifoxonalar, dorixonalar, dori-darmonlar ishlab chiqarishda.
Endi markaziy osiyoliklar Rossiyaning 27 hududida maorif sohasida ishlolmaydi.
Harbiy-sanoat majmuasi zavodlarida taqiq yetti mintaqada, qurilishda faqat ikkita mintaqa - Krasnodar o‘lkasi va Yamal-Nenets avtonom okrugida joriy etildi.
Ba’zi sohalarda ishga qabul qilishga taqiq qo‘yishda, mintaqalar istisnolar kiritgan, asosan malakasiz ishchilar va farroshlar uchun.
40 ga yaqin mintaqa ishga qabul qilishga cheklovlar joriy qilmagan. Bular Moskva shahri, Sankt-Peterburg shahri, Tatariston, Boshqirdiston va Sverdlovsk viloyati.

Surat manbasi, verstka.media
"Krokus" hujumlari oqibati

Surat manbasi, EPA
2024 yil 22 mart kuni Moskva yaqinidagi "Krokus Siti" savdo markaziga uyushtirilgan hamda Rossiya rasmiylari 145 kishining hayotiga zomin bo‘lganini xabar qilgan qonli qurolli hujumda Tojikistondan Rossiyaga ishlashga borgan mehnat muhojirlari ayblanib qo‘lga olindilar.
"Krokus Siti" hujumi Rossiya hukumatiga migrantlarga qarshi kampaniya boshlashiga turtki berdi.
Rossiya parlamenti deputatlari yangi qonun loyihalarini taklif qilib kuchga kiritdilar.
Rasmiylar migrantlarni tanqid qilishdi va joylarda chet elliklarni ishga qabul qilish bo‘yicha cheklovlar joriy etila boshladi.
Aksar tahlillarga ko‘ra, aslida, taqiq va cheklovlar asosan O‘zbekiston va tojikistonlik ishchilarga qaratildi.
O‘tgan yili Rossiyaga parvoz qilib borgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlar aeroportlarda bir necha kun sargardon bo‘lib qolib ketdilar.
Matbuot xabarlariga ko‘ra, 2024 yili Rossiyadan 80000 migrant badarg‘a qilindi.
2022 yilda Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan keyin korxonalarni rejasiz tekshirish kabi choralar joriy etildi, bu esa migrantlarni armiyaga jalb qilish uchun reydlarga aylandi.
2023 yili chet elliklarni ishga qabul qilish bo‘yicha mintaqaviy taqiqlar faqat 10 mintaqada joriy qilingan edi, "Krokus Siti" hujumlari ortidan ommaviy tus oldi.
Ushbu cheklovlar mintaqaviy hokimiyatlarning farmonlari bilan joriy etilayapti.

Surat manbasi, .
Taqiq va cheklovlar Rossiya davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiylarning bayonotlarida go‘yoki taksichilik va boshqa sohalarda migrantlarni ishga qabul qilishga taqiq sifatida taqdim etiladi.
Rossiyadan tashqari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston va Belorusni o‘z ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarining fuqarolari umuman patent olishga hojati yo‘q.
Shuningdek, ish vizasi bo‘lgan chet elliklar, masalan, Hindiston, Pokiston va Vьetnam fuqarolariga ushbu taqiqlar umuman tegishli emas.
Tahlilchilar Rossiya prezidentining 2024 yil 30 dekabrda imzolagan yangi farmoniga ham e’tibor qaratadilar.
Unda Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan chet elliklarga o‘z hujjatlarini to‘g‘irlab olishlari uchun muhlat berilgani aytiladi.
Ushbu farmonda Ukraina urushida qatnashish uchun Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashni istagan shaxslarga imtiyozlar taqdim etilishi aytilgan.












