Dollar qadrsizlanishda davom etyapti, ammo Tramp bundan qanday yutadi?

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images
Dollar qiymati tushishda davom etyapti.
Donald Tramp yanvarda Oq Uyga qaytishi bilan boshlagan savdo urushi manzarasida AQSh valyutasi qadrsizlanmoqda.
Bu hafta u yevro, yapon yenasi va britan funtiga nisbatan oxirgi uch yildagi eng past narxlardan biriga quladi. May oyida AQShdagi sanoat faoliyati uchinchi oydirki pasayishda davom etdi.
O‘zbekistonda ham 27 may holatiga ko‘ra, kunduzgi savdolar yakunlari bo‘yicha dollar kursi 53 so‘mga, 28 mayda esa yana 55,77 so‘mga tushib, 12 831,13 so‘mni tashkil qildi. Bu o‘tgan yil dekabrь oyi boshidan beri eng past ko‘rsatkichdir. May oyida dollar so‘mga nisbatan 0,8% qadrsizlandi (2024 yil may oyida — 0,2%).
Buning ta’siri faqat amerikaliklar hayoti, hamda o‘z iqtisodlarini AQSh dollari bilan bog‘lagan davlatlardagina emas, kengroq xalqaro iqtisodda ham seziladi.
Trampning savdo urushi davom etar va dunyodagi eng yirik iqtisod sekinlar ekan, Morgan Stanley, JP Morgan va Goldman Sachs kabi ba’zi sarmoya banklari dollarning yana tushishini bashorat qilyaptilar.
"Dollar qiymati Trampning protektsionist va tuturiqsiz siyosati tufayli quladi va bu AQShning obro‘ini tushiryapti», - deydi Meksikada joylashgan BASE moliyaviy guruhining iqtisodiy tahlil bo‘yicha direktori Gabriela Siller.

Surat manbasi, Getty Images
Sillerga ko‘ra, prezidentning qarorlari AQShning o‘sish istiqbollariga ta’sir qiladi va dollardan xavfsiz yechim sifatida foydalanayotgan davlatlarda shubha uyg‘otadi.
Dollar qiymati tushishining bevosita oqibatlaridan biri shuki, AQSh mahsulotlari xalqaro bozorlarda raqobatbardosh bo‘ladi, chunki ular xorijiy xaridorlar uchun arzonlaydi.
Boshqa tomondan esa, AQShga kirayotgan import tovarlari narxi oshadi.
Ishonchning yo‘qolishi
Dollar qiymati Trampning protektsionist va tuturiqsiz siyosati tufayli quladi. Bu AQShning obro‘ini tushiryapti.
Kengroq manzaraga qaralsa, ko‘p iqtisodchilar fikrida dollarning oxirgi tushishlari yanada xavotirliroq jihatni aks ettiradi: AQShga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishini.
«Dollarga bo‘lgan global ishonch va qaramlik yarim asrdan oshiqki shakllanib keldi. Lekin, bu bir lahzada yo‘qolishi mumkin», - dedi Kaliforniya universiteti iqtisodchisi Barri Eyxengrin aprel oxirida.
Tramp nega dollar qadrsizlanishi istayotgan bo‘lishi mumkin?
End of Ijtimoiy sahifalarimizni kuzating
O‘nlab yillarki, AQSh prezidentlari dollarni kuchaytirishga intildilar.
Bu AQShning qarz olish xarajatlarini past ushlab turishga, hamda, global nuqtai nazardan qaralsa, uni xorijda qudratli qilib ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bu, shuningdek, Eron, Rossiya va Venesuela kabi ittifoqchi bo‘lmagan davlatlarning dollar iste’molini cheklab, ularga bosim o‘tkazishga yordam beradi.
Dollarga bo‘lgan talab hatto AQShdagi iqtisodiy inqirozlar davrida ham kuchli bo‘lib qolgan.
Ammo, ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati bunga boshqacha qaraydi.
Ularning aytishicha, Tramp AQShda o‘zi boshlamoqchi bo‘layotgan yangi ishlab chiqarish inqilobiga dollarning qudratini to‘siq deb ko‘radi.

Surat manbasi, Getty Images
Trampning nuqtai nazarida, kuchsiz dollar ishlab chiqarish sektorining qayta tirilishiga yordam beradi va AQShni «oltin davr»ga eltadi.
«Trampga kuchli dollar kerak emas, chunki bu import ko‘payishiga sabab bo‘ladi», - deydi Siller.
Bu nazariyaga ko‘ra, AQSh ichki ishlab chiqarishni jonlantirish, zavod va fabrikalardagi ish joylarini ko‘paytirish, eksportni oshirish va xalqaro bozordagi o‘z savdo defitsitini qisqartirishni istasa, dollarni qadrsizlantirishi kerak.
AQSh matbuoti va ba’zi iqtisodchilarning ishonishicha, bu bo‘yicha «Mar-a-Lago kelishuvi» nomli reja ishlab chiqilgan va unga Trampning iqtisodiy maslahat kengashi raisi Stiven Miran boshchilik qilgan.
Da’vo qilinishicha, «Mar-a-Lago kelishuvi» dollarning dunyodagi asosiy zahira valyuta maqomini obro‘ emas, aksincha, AQShda sanoatni susaytirgan og‘ir yuk deb ko‘radi.
Ya’ni, dunyo bo‘ylab dollarga bo‘lgan talab uning qiymatini oshiradi va oqibatda AQShda ishlab chiqarilgan mahsulotlar qimmatroq bo‘ladi.
Bu o‘z o‘rnida AQSh eksportdan ko‘ra importni ko‘proq qilishiga, ya’ni savdo defitsitiga yetaklaydi, AQShdagi ishlab chiqaruvchilar esa maoshlar va xarajatlarni kamaytirish uchun korxonalarni xorijga ko‘chiradilar.
"Miranning rejasi, qancha aqlli ko‘rinmasin, noto‘g‘ri tashxisga asoslangan", - deydi Garvard universiteti iqtisod professor iva Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq bosh iqtisodchisi Kennet Rogoff.
Uning aytishicha, dollarning qiymati Amerikaning savdo defitsitida rol o‘ynaydi, lekin undan boshqa ko‘plab omillar bor.
Savdo defitsiti sabablari ko‘p ekan, bunga bitta yechim deya tariflarni tatbiq qilish noto‘g‘ri, deydi u.
Aytish joizki, hech qaysi AQSh prezidenti dollarning boshqa valyutalarga nisbatan qiymatini nazorat qila olmaydi, chunki almashuv kursi erkin harakat qiladi.

Surat manbasi, Getty Images
Vashingtondagi qonun chiqaruvchilar dollarning ko‘tarilishi yo pasayishiga bevosita ta’sir qila olmaydilar. Dollarning qiymati yirik global valyuta bozorida katta sarmoyadorlar o‘z bashoratlaridan kelib chiqib qancha dollarni sotib olishi yo sotishiga qarab belgilanadi.
Ammo, AQSh hukumatining iqtisodiy siyosati bozorlarga signal yuboradi, va bu dollar qanday kursda bo‘lishiga ta’sir qiladi.
Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, dollarga bo‘lgan xalqaro ishonchning susayishi shunchaki vaqtinchalik holat.
«Xitoy yuani, bitkoyn yoki oltindek hech bir valyuta yo tovar bozordagi barcha talabni qondirishga qodir darajada katta emas. Demak, hozirda dollarga muqobil narsa yo‘q», - deydi Mizuho Financial iqtisodchisi Stiv Rikkiuto.
AQShning o‘zida esa, iste’molchilar tariflarning oshishi va dollar qadrsizlanishi sabab endi import mahsulotlarini qimmatroq narxda sotib olishdan xavotirdalar.
Tramp yashash xarajatlarini kamaytirishni va’da qilganini ular yodda tutishadi.
Dollar qiymatiga ko‘plab omillar ta’sir qiladi: Tramning savdo urushi, u taklif qilgan byudjet va soliqni pasaytirish siyosati, inflyatsiya va foiz ko‘rsatkichlari.
Hozircha, javoblardan ko‘ra savollar ko‘p. Uoll Strit esa dollar hali beri qiymatini tiklay boshlashini bashorat qilishmayapti.












