Suriyada isyonchilar hujumi shiddatli tus olmoqda, lekin Bashar al-Asad ham oson yengilmaydi — tahlil va video

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Jeremi Bouen
- Role, Siyosiy tahlilchi, BBC
- O'qilish vaqti: 4 daq
Suriyada qayta boshlangan urush, o‘tgan yilning 7 oktyabrida Hamasning Isroilga hujumidan keyin Yaqin Sharqni qamrab olgan talato‘plar to‘lqining so‘nggi ko‘rinishi bo‘ldi.
Hujumlar va Isroilning javobi status-kvoni o‘zgartirdi. Suriyada so‘nggi bir necha kun ichida sodir bo‘lgan voqealar Yaqin Sharqni qamrab olgan urushning susaymagani — bil’aks, avj olayotganiga dalildir.
Otasidan meros qolgan rejimni saqlab qolish uchun Suriyani buzishga ham tayyorligi sabab, 2011 – yildan beri davom etib kelayotgan urushlarga qaramay Bashar al-Asadning hukmronligi davom etmoqda.
Bunga erishish uchun u ittifoqchilar — Rossiya, Eron va Livan Hizbullohi dastagiga tayanib keldi.
Ular “Islomiy davlat”ning jihodchi ekstremistlaridan tortib, AQSh va Fors ko‘rfazidagi boy monarxiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan jangarilargacha bo‘lgan isyonchi guruhlarga qarshi Asad uchun kurashib kelishdi.
Eron AQSh ko‘magida Isroil tomonidan berilgan zarbalardan endi o‘ziga kelyapti.
Suriyadagi Asad rejimi uchun jang qilishga o‘zining eng yaxshi odamlarini yuborgan ittifoqchisi Hizbulloh — Isroilning hujumlari tufayli nogiron bo‘lib qolgan.
Rossiya so‘nggi bir necha kun ichida Suriyadagi isyonchilarga qarshi havo hujumlarini boshladi. Ammo uning harbiy kuchi butunlay Ukrainadagi urushga qaratilgan…
Suriyadagi urush hech qachon tugamagan edi. Yaqin Sharqdagi yangi notinchliklar va jurnalistlarning mamlakatga kirishi deyarli imkonsiz bo‘lgani uchun, kundalik dunyo xabarlaridan tushib qolgan edi.
Urushlar vaqtinchalik to‘xtatilgan bo‘lishi mumkin, lekin ziddiyatlar hal qilinmaganicha qolib ketgan edi.
Garchi u hali ham o‘z qamoqxonalarida suriyalik siyosiy mahbuslarning gulagini saqlab qolgan bo‘lsada, Asad rejimi o‘zining “Arab bahori” dan oldingi qudratini qayta tiklay olmadi.

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Shunday bo‘lsada, so‘nggi bir necha kungacha prezident Bashar al-Asad yirik shaharlar, atrofidagi qishloqlar va ularni bog‘laydigan asosiy magistral yo‘llarni nazorat qilib kelayotgan edi.
So‘nggi voqealar rivojiga ko‘ra, Hayat Tahrir ash-Shom (HTS) boshchiligidagi isyonchi guruhlar koalitsiyasi o‘zi nazorat qiladigan Idlib viloyatidan chiqib, 27 noyabrdan buyon bir necha kun ichida Suriya qo‘shinlarini siqib chiqardi.
Yuqori martabali xalqaro diplomatlardan biri menga aytganidek, bir qator “hayratlanarli” voqealar yuz berdi.
2012-2015 yillarda shahar isyonchilar va rejim kuchlari ikkiga bo‘lingan davrlarda ham hukumat askarlari mustahkam o‘rnashgan Halab qal’asini bu safar ikki kun ichida egallab olgan jangchilar suratlarini tarqata boshlashdi.
Hukumat qo‘shinlari mag‘lub bo‘lganidan keyin, Halabdagi muhit tinch ko‘rinadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlardan birida qurollangan isyonchi jangchilar fastfud do‘konida qovurilgan tovuq uchun navbatda turganini ko‘rish mumkin.
Isyonchilar hujumlarini davom ettirmoqda, shahar ham “yangi hayotga” ko‘nikmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Ba’zilar hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchilardan qo‘rqishadi, ammo hozirda odamlar kundalik hayotini davom ettirishmoqda.
Oldingi janglar oqibatida uylaridan haydalganlar uchun qaytish imkoniyati tug‘ildi.
“Biz bu yerdan quvib chiqarilgan edik, Halab ozod qilinganidan keyin men uyga qaytdim. Men ushbu shaharning buyukligi va o‘z quvonchimni his qilish maqsadida keldim. Hamda Asad tuzumi va uning hamkorlarining tahqirlaridan tozalangan mahallalarni ko‘rish uchun qaytib keldim” deydi Halab aholisining biri.
Halab janubi-g‘arbida joylashgan Idlibdagi isyonchilar qarorgohiga qilingan hujum oqibatlari aks etgan tasvirlarga qaraganda isyonchilarga qarshi Asad tuzumi ham jim turgani yo‘q.
Minglab odamlar Halab va Idlib atrofidagi hududlarda joylashgan uylarini tashlab ketishdi, ularning hayoti Suriyadagi ichki urushidagi bu kabi keskinlashuv tufayli birdaniga o‘zgarib ketdi.
Hayat Tahrir ash-Shom (HTS) 2016 yilda Al-Qoida guruhdan ajralib chiqqan, va hatto ba’zida o‘zining sodiq tarafdorlariga qarshi kurashgan ham.
Shunga qaramay, Hayat Tahrir ash-Shom (HTS) hali ham BMT Xavfsizlik Kengashi va AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar tomonidan terrorchi guruh sifatida tan olingan. (Suriya rejimi barcha raqiblarini terrorchi deb ataydi.)
Hayat Tahrir ash-Shom (HTS) rahbari Abu Muhammad al-Javloniy Iroq va Suriyadagi jihodchilar yetakchisi sifatida uzoq tarixga ega. Biroq, so‘nggi yillarda u guruhni dastaklovchilar sonini kengaytirish uchun qattiq jihodiy mafkuradan uzoqlashdi.

Surat manbasi, Getty Images
Rebrending – guruhning nomining o‘zgartirilib “Agressiyani qaytarish operatsiyasi” deb nom berilishi, hujumlarni qo‘llab-quvvatlashga jalb qilish uchun qo‘llaniladi. Guruhning nomlanishida va rasmiy murojaatlarida jihodchilar tilidan va islomiy havolalardan qochishadi.
Bi-bi-si monitoringining jihodchi media mutaxassisi Mina al-Lamining so‘zlariga ko‘ra, neytral til ishlatilishining sababi, HTS’ning jihodchi o‘tmishini unuttirish va hujumni rejimga qarshi yana bir isyonchi guruh sifatida ko‘rsatishdir.
Suriyaliklar ommaviy ravishda diniy ekstremizmdan qo‘rqishadi. 2011 – yilda demokratiya tarafdorlarining namoyishlari bostirilgandan keyin bir muddat jihodchi guruhlar hukmronlikni qo‘lga kiritgan paytda, ko‘pchilik suriyaliklar yo betaraf qolishdi, yoki “Islomiy davlat” mafkurasidan qo‘rqib, xohlamay bo‘lsada, Asad rejimi taraf bo‘lishdi.
HTS boshchiligidagi hujum negizi Suriya shimolidagi parchalangan siyosiy manzaraga borib taqaladi. Shimoli-sharqning katta qismi kurdlar boshchiligidagi Amerika tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya Demokratik Kuchlari (SDF) tomonidan nazorat qilinadi. Bu hududda 900 ga yaqin askar joylashgan.
Bu yerda Turkiya katta o‘yinchilardan. U chegara hududlarini o‘z askarlari va homiyligi ostidagi mahalliy militsiya orqali nazorat qiladi. “Islomiy davlat” dan qolgan yakka-tukka jangarilar ba’zan Suriya cho‘li orqali o‘tadigan yo‘llarda halokatli pistirmalarni uyushtirib turishadi.
Suriyadan olingan xabarlarga ko‘ra, isyonchi kuchlar katta miqdorda harbiy texnika, jumladan vertolyotlarni qo‘lga kiritgan va Damashq yo‘lidagi navbatdagi muhim shahar bo‘lmish Xama tomon harakat qilmoqda.
Asad rejim va uning ittifoqchilari ham qarab turishmaydi – javob ayniqsa havo kuchlari orqali bo‘ladi. Qo‘zg‘olonchilar esa aynan havo kuchlariga ega emas. Lekin dronlari bor. Jang qilishda ancha ilgarilab qolishganliklarini esa yuqori rutbali razvedkachi ofitserni dron yordamida o‘ldirishganidan xulosa qilish mumkin.
Asad rejimini hisobdan chiqarishga hali erta. Uni chin dildan qo‘llab-quvvatlovchi tarafdorlari bor. Ba’zi suriyaliklar Asad rejimini qo‘zg‘olonning yetakchi kuchiga aylangan jihodchilardan ko‘ra zararsiz deb hisoblashadi.
Jihodchi guruhlardan tashqari Asad tuzumiga qarshi guruhlar talaygina. Rejim uchun asl xavf esa mana shular ham bosh ko‘targanida kuchayadi.












