Rossiya Tolibonga "labbay", dedimi, O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon... – toliblar yana kimdan minnatdor?

Surat manbasi, gettyimages
Tolibon hukumati Tashqi ishlar vazirligi yangi bildirishnoma bilan chiqdi.
O‘z bildirishnomasiga 50 ga yaqin davlatning bayrog‘ini ham birma-bir ilova qildi...
Minnatdorlik

Surat manbasi, taliban
Tolibon hukumati Afg‘oniston sharqida yuz bergan halokatli zilziladan o‘n kuncha o‘tib, o‘zlariga hamdardlik bildirgan va ko‘mak yo‘llagan barchaga minnatdorlik bildirdi.
Vazirlik o‘z xabariga davlat bayroqlari aksini ilova qilib, bu mamlakatlarning kimlardan iborat ekaniga bilvosita aniqlik ham kiritdi.
Xabar O‘zbekistonda ham e’tibordan chetda qolmadi.
Tolibonning o‘zlaridan minnatdor ekani shu kunlarda Ozarbayjon va Armanistonning ham ayrim nashrlarida sarlavhalarga chiqdi.
Halokatli zilzila 31 avgust kuni Afg‘oniston sharqida yuz bergan, tabiiy ofat 2000 dan ortiq kishini o‘ldirgan, yana minglabiga shikast yetkazgan va butunboshlik qishloqlarni yerparchin qilgan.
Talafot ko‘lami bois, Tolibon hukumati dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlarga favqulodda yordam so‘rab, murojaat bilan chiqishgacha borgan.
Ammo Tolibon hukumati faqat Rossiya tomonidan rasman tan olingan emasmi, bu Afg‘onistonga kim va qanday yordam berishiga oid savollarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Hindiston va Xitoyning tezkor javob munosabatlari manzarasida sanoqli G‘arb davlatlarining ko‘makka hozirliklari xabarlarda alohida tilga olingan nuqtalarga aylangan, orada Rossiyaning ayrim nashrlari Tolibonning yordam so‘rab, Rossiyaga murojaat qilgani haqida ham yozishgan.
Ular bu xususda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili so‘zlaridan iqtibos keltirishgan va Zamir Kabulovning gaplaridan Rossiyaning Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu borada ish olib borayotganliklari ma’lum bo‘lgandi.

Surat manbasi, .
Yordamlar

Surat manbasi, Reuters
Agar shu kunlarda olinayotgan xabarlarga tayanilsa, Rossiya orada bir necha kunlik farq bilan Afg‘onistonga birinchisi asosan oziq-ovqat mahsulotlari, ikkinchisi esa, chodirlar va kampallardan iborat jami 40 tonnadan ortiq ikki partiya insonparvarlik yordami yuborgan.
Rossiyaning ayrim yirik axborot agentliklarida Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga bu yordamning prezidenti Putinning ko‘rsatmasiga muvofiq va Rossiya hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgani alohida ta’kidlangan.
Voqealarning bu kabi rivoji, boshqa tomondan, Rossiya to‘rt yildan buyon urush ichida bo‘lgan, Ukrainaga qarshi jang olib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Tolibon Rossiyadan aynan qanday shakldagi ko‘mak so‘ragani tafsilotlari o‘shanda noayon qolgan, ammo Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili "Kobul Moskvadan kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam so‘raganligi"ni bildirgandi.
Shu dam olish kunlarida esa, O‘zbekiston Afg‘onistonda zilziladan jabrlanganlar uchun 300 tonna oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiy buyumlardan iborat yordam yuborgani rasman xabar berilgan.
Kecha, dushanba kuni aksariyat mintaqaviy tahlilchilar tomonidan Tolibon hukumatiga ters mavqe’da bo‘lgan yagona mintaqa davlati sifatida tilga olinuvchi Tojikiston ham qo‘shnisiga ko‘mak qilganiga oid yangiliklar bo‘y ko‘rsatgan.
Tojikiston nashrlarida bu ko‘makning Afg‘onistonga prezident Emomali Rahmon ko‘rsatmasi asosida jo‘natilgani, 3 tonnadan ko‘proq yordamning asosan birlamchi ahamiyatga ega mahsulotlardan iboratligi haqida yozilgan.
Halokatli zilzila sathida hanuz qutqaruv va ko‘mak ishlari davom etarkan, tabiiy ofat Afg‘onistonga yetkazgan insoniy va moddiy talafotning bor ko‘lami hozircha ma’lum emas.
Tolibon Tashqi ishlar vazirligi ilova qilgan davlat bayroqlari akslariga tayanilsa, tabiiy ofatdan ortidan, Afg‘onistonga 50 ga yaqin mamlakat ko‘mak qo‘lini cho‘zgan.
Ularning orasida Afg‘onistonga chegaradosh barcha Markaziy Osiyo davlatlarining bayroqlari ko‘zga tashlanadi.
Surati keltirib o‘tilgan davlat bayroqlari misolida Afg‘onistonga yordam yuborgan qolgan postsovet davlatlari safida Ozarbayjon, Armaniston va Belarusning ham borligi ko‘riladi.
Zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga 1 million funt sterling ajratishlarini rasman ma’lum qilgan Buyuk Britaniya bayrog‘idan tepa qatorda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Italiya va Germaniyaniki ham keltirilgan.
So‘nggi qatordan yana Yevropa Ittifoqi va Ispaniya, o‘rta qatordan esa Saudiya Arabistoniki ilova bir qancha musulmon mamlakatlarining davlat bayroqlari ham joy olganini ko‘rish mumkin.
Ellikka yaqin davlat Afg‘onistonga va’da qilgan, yuborgan va yuborayotgan yordamlar barobarida halokatli tabiiy ofat oqibatlarini aritish uchun Tolibon hukumatiga jami qancha va qanday ko‘mak lozimligi tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Halokatli zilziladan esa Afg‘onistonning asosan tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlari eng ko‘p ziyon chekkani aytiladi.
Tolibon hukumati qutqaruv-ko‘mak ishlariga G‘arb tomonidan dastaklangan sobiq Afg‘on hukumati davridan qolgan va o‘z ixtiyorlarida bo‘lgan faoliyatdagi sanoqli vertolyotlarini ham tashlagan.
Bundan tashqari, yirik tabiiy ofatning kuz-qish mavsumiga yaqin, Afg‘onistonga yirik miqdordagi xalqaro yordamlar deyarli to‘xtab qolgan va mamlakatning chetdagi milliardlab dollarlik aktivlarining deyarli barchasi hanuz muzlatilgan holda qolayotgan bir paytda yuz bergani ham alohida xavotirga molik voqe’likka aylangan.
Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning qanchalik hassosligi shundoq ham uning Rossiya va Xitoy misolida hattoki global yadroviy qudrat bo‘lgan yirik qo‘shnilarining ham jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.
Afg‘oniston esa olti kunning o‘zida uchta zilzilaga sahna bo‘lgan.
So‘nggisi o‘tgan payshanba kuni tunda yuz bergan, aftershoklarning ham hanuz davom etib turgani aytiladi.
Ammo 31 avgust kuni yuz bergani Afg‘oniston tarixidagi eng qaqshatqichlaridan biri sifatida tilga olinadi.
Afg‘oniston dunyoning ko‘p millatli davlatlaridan biri bo‘ladi, qolgan ko‘plari barobarida u yerda o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar va turkmanlar ham yashab kelishadi.
Afg‘oniston O‘zbekistondan keyin eng ko‘p sondagi O‘zbeklar yashovchi mamlakat sifatida ko‘riladi.
Afg‘oniston sharqi va janubi-sharqi sahna bo‘lgan ustma-ust zilzilalarda jabr ko‘rganlar orasida O‘zbeklar yoki o‘zbekistonliklar bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas, tomonlar halicha bu haqda biror bir rasmiy bildirishnoma bilan chiqishmagan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Bir kunning o‘zida yana yuzlab jasad topildi.
Afg‘oniston tarixidagi eng qaqshatqichlaridan biri ekani aytilayotgan zilzila qurbonlarining soni 2000 dan ortdi.
Yangi e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 31 avgust kungi zilzila 2200 dan ziyod kishini o‘ldirgan.
Tabiiy ofat natijasida yaralangan insonlar soni esa to‘rt mingga yaqinlashgan.
Halokatli zilzila Afg‘oniston sharqida yuz bergan, uning kuchi 6.0 magnitudani tashkil etgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tabiiy ofatdan Afg‘onistonning to‘rt viloyati jabr ko‘rganligini ma’lum qilgan.
Ammo qurbonlardan aksariyati tog‘li Kunar viloyati hisobiga to‘g‘ri kelgani aytilmoqda.
Agar, Tolibon hukumatining ma’lumotlariga tayanilsa, zilzila u yerda 2205 kishini o‘ldirgan, kamida 3640 nafariga turli ko‘rinishdagi tan jarohatlarini yetkazgan.
Kunarga qo‘shni Nangarhor va Lag‘monda esa 12 kishi qurbon bo‘lgan, yana yuzlabi shikast yegan.
Tolibon hukumatining ma’lum qilishicha, kecha, payshanba kunining o‘zida vayronalar ostidan yana yuzlab jasad topilgan.
Qutqaruvchilar va ko‘ngillilar esa hanuz o‘z ishlarini davom ettirishmoqda.
Bundan tashqari, zilziladan eng ko‘p Kunarning borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlari ziyon chekkan.
Bu qutqaruv va ko‘mak ishlarining sur’atiga ta’sir qilmay qo‘ymagan, ularni yanada sekinlashtirgan.
Bundan tashqari, zilzila ortidan kuzatilayotgan ustma-ust aftershoklar natijasida hosil bo‘layotgan ko‘chkilar ham yo‘llarni to‘sib qo‘yayotganligi aytilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti rasmiy tashrif bilan Xitoyda ekaniga qaramay, halokatli tabiiy ofatdan qisqa vaqt o‘tmayoq, Afg‘oniston rahbariyatiga rasman o‘zining hamdardligini bildirgandi.

Surat manbasi, Getty Images
Afg‘onistonning zilzila ro‘y bergan hududlarida tirik qolganlarni qutqarish uchun o‘nlab harbiy desantchilar tikucharlardan tashlanganini xabar qildilar rasmiylar.
Tolibon ma’muriyatiga ko‘ra, 3 sentyabrda zilzila oqibatida hayotdan ko‘z yumgan insonlarning soni 1411 nafarga yetgan, 3124 kishi yaralangan.
BMT qurbonlar soni yanada oshishi mumkinligidan, binolar vayronalari ostida qolganlar ko‘pligidan ogohlantirdi.
Oddiy odamlar ham yaqinlari jasadlarini qazib ololmayotganlarini aytmoqdalar.
Dastlabki halokatli yer silkinishi yakshanba tunida ro‘y bergandi.
2 sentyabr seshanba kuni yana 5,5 balli zilzila kuzatildi.
Ikkinchi zilzila odamlarni yana vahimaga soldi, yetib borish mushkul bo‘lgan, yo‘llar to‘silib qolgan tog‘ qishloqlaridagi qutqaruvi ishlarini to‘sib qo‘ydi.
Ikkinchi zilzila epitsentri Jalolobod shahridan 34 kilometrcha uzoqlikda, yer sathidan 10 kmcha chuqurlikda bo‘lgan.
Zilzila epitsentri yer yuzasiga qancha yaqin bo‘lsa, halokatli oqibatlari shunchalik kuchli bo‘ladi, deyishadi zilzilashunoslar.

Surat manbasi, .
2 sentyabr. Shavkat Mirziyoyev hamdard, Rossiya-chi, toliblarga yordam beradimi – Tolibon Moskvadan yordam so‘ragani aytilmoqda

Surat manbasi, rasmiy
Rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘lgan O‘zbekiston prezidenti halokatli zilzila yuz bergan kunning o‘zidayoq Afg‘onistonga rasman hamdardlik bildirdi.
Bu haqda kecha, 1 sentyabr kuni prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
Bunga o‘xshash xabar hozircha qolgan mintaqa davlatlari poytaxtidan olinmagan.
Ular barchasi hozir Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti va G‘alaba paradida ishtirok etish uchun Xitoyda bo‘lib turibdi.
Halokatli zilzila yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi, yarim tunga yaqin yuz bergan, uning kuchi 6.0 magnitudani tashkil etgan, mamlakat tarixidagi eng qaqshatqichlaridan biri ekani aytilgan.
Zilzila Afg‘oniston sharqini o‘z zabtiga olgan, undan to‘rtta viloyati jabr ko‘rgan, tabiiy ofat 800 dan ortiq kishini o‘ldirgan, yana ikki mingga yaqinini yaralagan, talafotlar sonining yanada ortishi kutilmoqda.
Qutqaruv ishlari bugun, seshanba kuni tongda qayta boshlangan, qutqaruvchilar olis, tog‘li va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarga chiqishga urinishmoqda.
U yerlarda zilzila butunboshlik qishloqlarni vayron qilgani, vayronalar ko‘plab odamlarni ko‘mib qolganiga oid xavotirlar bor.
Xabarlarga ko‘ra, zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda aksariyat aholi tunni ochiq osmon ostida o‘tkazgan.
Qurbonlardan ko‘pchiligi zilzila markazi yaqin joylashgan tog‘li Kunar viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
"O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan birodar Afg‘oniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi", - deyiladi uning matbuot kotibi xabarida.
Shavkat Mirziyoyev Xitoyda ekan, Tolibon boshqaruvi Afg‘oniston masalasiga "Shanxay Hamkorlik tashkiloti plyus" va Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlislarida qilgan chiqishlarida ham alohida to‘xtalib o‘tgan.
O‘zbekiston prezidenti, "Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotisiz mintaqada barqarorlikni ta’minlab bo‘lmasligi"ni ta’kidlagan.
Shavkat Mirziyoyev "bu maqsadga erishish ko‘p jihatdan Afg‘onistonda, umuman, butun mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikdan manfaatdor bo‘lgan ShHT davlatlarining siyosiy irodasiga bog‘liq" ekanligini aytgan.
O‘zbekiston yetakchisi, "Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash va u bilan mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish maqsadida ShHTdagi sheriklari bilan keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor" ekanliklarini ham bildirgan.
Shavkat Mirziyoyev, o‘z o‘rnida, "ShHT – Afg‘oniston" muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini ham qo‘llab-quvvatlashlarini bayon qilgan.
O‘zbekiston prezidenti, "konstruktiv muloqotlarni rivojlantirish va Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin"ligini aytgan.
Afg‘oniston NATOning mintaqadagi muqobiliga qiyos berib kelingan, Rossiya va Xitoy hamshamsiyasi ostidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti qoshida kuzatuvchi maqomida bo‘lib kelgan.
Shu oy qudratga qaytganiga to‘rt yil bo‘lgan Tolibonning Afg‘onistondagi hukumatini hozircha faqat Rossiya tan olgan.
O‘zbekiston Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan faol diplomatik muloqotda bo‘lgan, har tomonlama, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirayotgan mintaqa davlatlaridan biridir.
Afg‘oniston, bundan tashqari, dunyoning O‘zbekistondan keyin eng ko‘p sondagi o‘zbeklar yashovchi ikkinchi davlati ham bo‘ladi.
Zilziladan talafot ko‘rganlar orasida o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar ham bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas.
Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotisiz mintaqada barqarorlikni ta’minlab bo‘lmaydi.
Tolibon Rossiyadan ko‘mak so‘radimi?

Surat manbasi, gettyimages
Xabarlarga ko‘ra, o‘zlarida yuz bergan halokatli zilzila ortidan Tolibon yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qilgan.
Bu haqda Rossiyaning "Novosti" axborot agentligi xabar bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov agentlikka, "Kobul Moskvadan kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam so‘raganligi"ni bildirgan.
"Murojaat qilishdi, Favqulodda vaziyatlar vazirligimiz hozir bu borada ishlamoqda", - deb aytgan u.
Zamir Kabulovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha rossiyaliklar zilziladan jabrlanganiga oid xabarlar yo‘q va ularning tabiiy ofat yuz bergan hududlarda bo‘lganliklari ehtimoli ham juda kam.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi prezident maxsus vakilining yordam mazmunidagi so‘zlarini halicha rasman na-da tasdiqlagan va na-da inkor qilgan.
Rossiya Afg‘onistondagi Tolibon rahbariyatiga rasman hamdardlik bildirganiga oid rasmiy xabarlar shu soatlargacha ko‘zga tashlanmaydi, prezident Putin ham Xitoyda bo‘lib turibdi.
Xuddi shu manzarada Rossiya Muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynutdin o‘zi va kengashi nomidan Tolibon harakati va afg‘on xalqiga hamdardlik yo‘llaganiga oid xabarlar olingan.
Halokatli zilzila ortidan Tolibon hukumati xalqaro tashkilotlarga murojaat bilan chiqqan, ulardan o‘zlariga zudlik bilan yordam berishlarini so‘ragandi.
Sanoqli davlatlar zilzila oqibatlarini bartaraf etishda Afg‘onistonga yordam berishga tayyorliklarini bildirishgan, ularning orasida ayrim G‘arb mamlakatlari ham bor.
Britaniya £1 million funt sterling ajratgan, ammo mablag‘ Tolibonning qo‘liga tushmasligi uchun uning hamkorlar orqali yo‘naltirilishini ta’kidlagan.
Xitoy, Hindiston va Shveytsariya ham Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yuborishga va’da berishgan.
Hindiston tashqi ishlar vaziri esa, uning mamlakati Kobulga 1000 ta chodir yetkazib bergani, zilziladan eng ko‘p jabr chekkan Kunarga 15 tonna oziq-ovqat yuborayotgani, bugun seshanba kuni yanada ko‘proq ko‘mak jo‘natishi kutilayotganligini ma’lum qilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish markaziy fondi orqali $5 million AQSh dollari ajratgan.
Markaziy Osiyo davlatlaridan hozircha bunga o‘xshash xabarlar olinmagan.
O‘zbekiston shundoq ham Afg‘onistonga eng ko‘p insonparvarlik yordamlari berib kelayotgan sanoqli davlatlardan biri bo‘ladi.

Surat manbasi, Getty Images
Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar yordam agentligi e’lon qilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonning to‘rt viloyatida 6,0 magnitudali zilzila oqibatida kamida 800 kishi halok bo‘lgan.
Kamida 2000 kishi jarohat olgan, ulardan aksariyati qutqaruv guruhlari kirishga imkonsiz uzoq va tog‘li hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ochaning aytishicha, kamida 12 ming kishi zilziladan bevosita zarar ko‘rgan.
Xabarlarga ko‘ra, qutqaruv ishlari hanuz davom etmoqda.
Tolibon muvaqqat hukumati Sog‘liqni saqlash vazirligi qurbonlar soni yanada ortishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila markazi joylashgan Kunar viloyati qattiq zarar ko‘rgan. Biroq aniq raqamlar hali ma’lum emas, chunki mobil aloqa uzilgan va vayronagarchiliklar tufayli ayrim hududlarga yetib borish qiyinlashgan.
Reuters agentligining yozishicha, qutqaruvchilar uzoq qishloqlarga kirib borishga harakat qilmoqda. Ushbu hududlarda ilgari ham zilzilalar va suv toshqinlari kuzatilgan. Har bir qishloqda qurbonlar soni o‘nlab odamlarga yetgan bo‘lishi mumkin.
Hozir Kobulda bo‘lgan BBC muxbiri Yogita Limaye nima deydi?

Surat manbasi, skrinshot
"Kobulda kecha yarim tunga yaqin bizni zilzila uyg‘otib yubordi.
Yer bir necha soniya silkindi.
Keyin Afg‘onistonning sharqiy Kunar viloyatida olti magnitudali zilzila yuz berganini bildik.
Kunar Kobuldan mashinada uch-to‘rt soatlik yo‘lda joylashgan.
Bir necha manba va Tolibon hukumatining bizga ma’lum qilishicha, tabiiy ofat katta vayronagarchilikka sabab bo‘lgan.
Tolibon hukumati butunlay vayron bo‘lgan qishloqlar borligini eshitganini aytmoqda.
Bu vayronalar ostida ko‘plab odamlar qolib ketganidan xavotirlar bor.
Ammo bu tog‘li hudud. Hatto eng yaxshi paytda ham u yerga borish oson emas.
Shunday ekan, bu yordam va qutqaruv ishlarini juda qiyinlashtiradi.
Bizga aytishlaricha, loy ko‘chkisi zilzila markaziga eltuvchi yo‘lni ham to‘sib qo‘ygan.
Tolibon u yerdagi odamlarni olib chiqish uchun vertolyotlarni ham ish solganligini aytayotir.
Ammo zilzilaning bor oqibatini baholash uchun biroz vaqt lozim bo‘ladi.
Chunki yana aytaman, u yer tog‘li hudud, borish juda, juda qiyin.
Shu bois, har qanday qutqaruv amaliyotlari o‘ta sekin kechadi.
Bundan tashqari, tabiiy ofat tom ma’noda tun bo‘yicha davom etdi, ya’ni erta tonggacha aftershoklar ham kuzatildi".
Bu haqda videomiz ham bor - ko‘ring uchun ilova qilgan havolamizni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bi-bi-siga ma’lum bo‘lishicha, Kunar viloyatidagi bir qishloqda kamida 20 kishi halok bo‘lgan. Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Sharofat Zamonning aytishicha, boshqa bir qishloqda esa dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 30 kishi halok bo‘lgan. Unga ko‘ra, uch qishloq to‘liq vayron bo‘lgan.
Og‘ir jarohat olganlar Nangarhor aeroportidan vertolyotlarda mintaqaviy shifoxonalarga olib ketilmoqda.
Sharqiy Afg‘oniston: Qutqaruv va ko‘mak ishlari - suratlarda

Surat manbasi, gettyimages/anadolu

Surat manbasi, WAKIL KOHSAR/AFP via Getty Images

Surat manbasi, WAKIL KOHSAR/AFP via Getty Images
Tolibon: Zilzila jabrdiydalari uchun maxsus qo‘mita tuzildi

Surat manbasi, AFP/GettyImages
Shu soatlarda olinayotgan xabarlarga ko‘ra, zilzila jabrdiydalariga yordam berish uchun muvaqqat Bosh vazir idorasi maxsus qo‘mita tashkil qilgan.
Bu haqda Tolibon hukumatining bosh so‘zchisi Zabihulloh Mujohid bayonot bilan chiqqan.
Bayonotda aytilishicha, zilzila jabrdiydalari uchun 1 milliard afg‘oniy - £10.8 million funt sterling miqdorida pul ham ajratilgan.
Tabiiy ofatdan jabr chekkanlarni xavfsiz yerlarga ko‘chirish, jabrdiydalarni oziq-ovqat va birlamchi ehtiyoj mahsulotlari bilan ta’minlash uchun ham chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Surat manbasi, Rasmiy
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasi (Unama) hamda Yaponiya elchixonasi allaqachon afg‘on xalqiga o‘z hamdardliklarini bildirishgan va yordamlarini taklif qilganlar.
BBC Afg‘on xizmati Bosh muharrining aytishicha, xalqaro yordamga ruxsat berishda hech qanday cheklovlar yo‘q.
Tolibon hukumati gumanitar tashkilotlarni resurslarni birinchi navbatda zilziladan jabr ko‘rgan hududlarga ajratishga ahamiyat berishga chaqirgan.
"Biroq joriy yil boshida AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) faoliyatining to‘satdan to‘xtab qolishi yordam yetkazish ishlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi", - deydi BBC Afg‘on xizmati Bosh muharriri Shoaib Sharifiy.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilaning oqibatlarini bartaraf etish ishlariga harbiylar hamda mahalliy aholi jalb qilingan.
Zilzila dushanbaga o‘tar kechasi Afg‘onistonning Kunar viloyatida sodir bo‘lgan. AQSh Geologik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, epitsentr Jaloloboddan 27 kilometr shimoliy-sharqda, sakkiz kilometr chuqurlikda joylashgan. Magnitudasi olti ball bo‘lgan.
Zilzila Kobul va Pokiston poytaxti Islomobodda ham sezilgan.
Hukumat vakillari xalqaro gumanitar tashkilotlarni yirik halokatga uchragan tog‘li hududlarda qutqaruv ishlariga yordam berishga chaqirdi. Ayrim hududlarga suv toshqinlari va ko‘chkilar tufayli faqat havo yo‘li orqali kirib borish mumkin.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi vakilining ta’kidlashicha, hozirga qadar hech qaysi xorijiy davlat qutqaruv yoki tiklash ishlariga yordam taklif qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili mamlakatning g‘arbida sodir bo‘lgan bir nechta zilzilalar natijasida mingdan ziyod odam halok bo‘lgan edi.












