Suriyaning 4.5 milliard dollarlik narkosaltanati endi nima bo‘ladi?

- Author, Emir Nadir
- Role, BBC Eye Investigations
- O'qilish vaqti: 5 daq
Suriya isyonchilari yetakchisi Ahmad ash-Sharaa Bashar al-Asad rejimini ag‘darib tashlagan harbiy yurish ortidan g‘alaba nutqini so‘zlaganida, uning bir gapi ko‘pchilik e’tiboridan chetda qoldi. Bu uning so‘nggi 10 yil ichida Yaqin Sharqni to‘ldirib yuborgan noqonuniy giyohvandlikka ishorasi edi.
"Suriya yer yuzidagi eng yirik Kaptagon ishlab chiqaruvchiga aylandi, – dedi u. – Bugun esa Allohning marhamati bilan Suriya poklanadi".
Ko‘pincha Yaqin Sharqdan tashqarida ma’lum bo‘lmagan Kaptagon dorisi giyohvandlikka olib keladigan, amfetaminga o‘xshash tabletka bo‘lib, ba’zan "kambag‘alning kokaini" deb ataladi.
Urush, sanksiyalar va suriyaliklarning ommaviy ravishda chet elga ko‘chirilishi natijasida iqtisodiy ahvol yomonlashganda Suriyada uning ishlab chiqarilishi ko‘paydi. Qo‘shni davlatlar o‘z chegaralari orqali katta miqdordagi dori kontrabandasi bilan kurashdi.
Barcha dalillar Suriya Kaptoganning asosiy manbai ekanligini ko‘rsatadi, Jahon banki uning yillik qiymati 5,6 milliard dollar deb ko‘rsatgan.
Dorilarni ishlab chiqarish va tarqatish ko‘lamiga qaralsa, bu shunchaki jinoiy guruhlarning ishi emas, balki rejim tomonidan boshqariladigan sanoat deb gumon qilish mumkin.
Ash-Sharaaning (ilgari Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan) nutqidan bir necha hafta o‘tgach, gumonning to‘g‘riligini ko‘rsatadigan tasvirlar paydo bo‘ldi.

Surat manbasi, Getty Images
Asadning qarindoshlariga tegishli deb taxmin qilinayotgan mulklarga bostirib kirgan suriyaliklar olgan videolarda sanoat mahsulotlariga yashiringan, tayyorlangan va qadoqlangan tabletkalarga to‘la xonalar ko‘rsatilgan.
Boshqa kadrlarda Suriya harbiy aviabazasidan topilgan va isyonchilar tomonidan yoqib yuborilgan tabletkalar uyumlari aks etgan.
Men bir yil davomida "Kaptagon"ni Bi-bi-si Jahon xizmati hujjatli filmi uchun o‘rgandim va bu dori Saudiya Arabistoni kabi Ko‘rfaz davlatlarining boy yoshlari orasida, shuningdek, Iordaniya kabi mamlakatlarning ishchilar sinfi orasida qanday mashhur bo‘lganini ko‘rdim.
"Men 19 yoshda edim, Kaptagonni olishni boshladim va hayotim barbod bo‘la boshladi, – deydi Iordaniya poytaxti Ammanda reabilitatsiya klinikasida yashayotgan yosh giyohvand Yassir. – Men bu narsani olib ketadigan odamlar bilan uchrasha boshladim. Ishlaysiz, ammo och yashaysiz, sog‘liq tamom bo‘ladi."
Xo‘sh, ash-Sharaa va uning Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSh) guruhi Suriyada va Yaqin Sharqdagi to‘satdan ta’minotsiz qolishi mumkin bo‘lgan, Kaptagonga qaram ko‘p sonli odamlarga qanday munosabat qiladi?
New Lines institutining Suriya giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha mutaxassisi Kerolin Rouz aytishicha, "ular haqiqatan ham taklifni qisqartiradi va talabni kamaytirishga harakat qilmaydi."
Ammo bu yerda kattaroq savol ham bor: bunday daromadli savdoning yo‘qolishi Suriya iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi? Uning ortida turganlar qochar ekan, ash-Sharaa ularning o‘rnini egallashni kutib turgan boshqa jinoyatchilarni qanday to‘xtatib qoladi?
Yaqin Sharqdagi narkotiklar urushi
Qirollar qochib ketgan bo‘lsa-da, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va kontrabanda bilan shug‘ullanuvchilarning aksariyati mamlakat ichida qolmoqda.
Kaptagonning ko‘payishi Yaqin Sharqda haqiqiy giyohvand moddalar urushiga olib keldi.
Iordaniya armiyasi bilan birgalikda Suriya chegarasida suratga olayotganimizda, askarlar to‘siqlarni qanday mustahkamlaganini ko‘rdik, Kaptagon kontrabandistlari bilan otishmada halok bo‘lgan quroldoshlari haqida eshitdik. Ular chegara ortidagi suriyalik askarlarni kontrabandachilarga yordam berishda aybladi.
Mintaqadagi boshqa mamlakatlar ham savdodan bezovta edi.
Bir muncha vaqt Saudiya Arabistoni Livandan meva va sabzavot importini to‘xtatdi, chunki rasmiylar Kaptagon tabletkalari solingan anor kabi mahsulotlar bilan to‘ldirilgan konteynerlarni topishdi.

Surat manbasi, Getty Images
Biz beshta mamlakatda, jumladan, rejim va isyonchilar nazorati ostidagi Suriyada tasvirga oldik, ishonchli manbalardan ma’lumot yig‘dik, Germaniya va Livandagi sud ishlarining maxfiy qaydlari bilan tanishdik.
Biz savdoda qo‘li bor ikki yirik guruhni aniqladik – Asadning oilasi va Suriya qurolli kuchlari, xususan, uning Asadning ukasi Maher boshqaradigan to‘rtinchi diviziyasi.
Asadning ukasiga oid savollar
Maher al-Asad, ehtimol, ukasidan tashqari Suriyadagi eng qudratli odam edi.
U 2011 yilda qonli fuqarolar urushini boshlab bergan qo‘zg‘olon paytida namoyishchilarga qarshi qilgan zo‘ravonligi uchun ko‘plab G‘arb davlatlarining sanksiyalariga uchragan. Frantsiya sud tizimi, shuningdek, 2013 yilda Suriyadagi kimyoviy qurol hujumlarda ayblab, u va uning ukasi uchun xalqaro hibsga olish orderini chiqardi.
Livanda qamoqqa olingan Kaptagon savdogarining WhatsApp chatlariga kirish orqali biz Maher Asadning To‘rtinchi diviziyasi va uning ikkinchi qo‘mondoni general G‘assan Bilolning bu ishga aloqasini aniqladik.
Ushbu kashfiyot Suriya qurolli kuchlari va Bashar Asadning savdodagi rolini tasdiqlashda ulkan bosqich bo‘ldi.

Surat manbasi, Getty Images
Isyonchichilar oldinga siljiganda Suriya armiyasi askarlari jangsiz qochganini ko‘rganimda, o‘tgan yili rejim askaridan olgan intervyum esimga tushdi.
Uning aytishicha, 30 dollar harbiy maoshi oilasi uchun uch kunlik oziq-ovqatni zo‘rg‘a qoplaydi, shuning uchun uning bo‘linmasi jinoyatchilik va Kaptagonga aralashib qolgan.
«Hozir ko‘proq pul shu yerda», degandi u.
2023 yil may oyida Arab Ligasi xalq qo‘zg‘olonini zo‘ravonlik bilan bostirgani uchun chiqarib yuborilganidan 12 yil o‘tib Suriyani qayta qabul qilishga rozi bo‘ldi. Bu Asad uchun diplomatik to‘ntarish sifatida ko‘rildi va Kaptagon savdosi masalasini hal qilish munosabatlarni qayta tiklash shartlaridan biri edi.
Yangi rahbariyat bu savdoni yo‘qota oladimi?
Endilikda Suriyaning yangi rahbarlari davlat organlari ustidan o‘z hokimiyatini mustahkamlayotgan bir paytda, Kaptagon savdosini bostirish ehtiyotkor qo‘shni davlatlarga ijobiy signal yuborishini anglagan ko‘rinadi.
Ammo davlat tomonidan rag‘batlantirilgan va mamlakatga daromad keltirgan bu jinoyatni to‘xtatish ular uchun qiyinroq vazifa bo‘lishi mumkin.
Issam ar-Rays Asad rejimiga qarshi isyon boshida qochgunga qadar Suriya armiyasida katta muhandis bo‘lgan, keyin esa Kaptagon savdosini tekshirishga kirishgan. Uning fikricha, HTSh savdo-sotiqni to‘xtatish uchun ko‘p narsa qilishi shart emas, chunki "asosiy o‘yinchilar ketdi" va Kaptagon eksportining keskin pasayishi allaqachon boshlangan, lekin u "yangi yigitlar" bu savdoni yana boshlashi mumkinligini ta’kidlaydi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Talab tomoni ham hal qilinmasa, bu ayniqsa muammoli bo‘ladi. Rouz xonimning ta’kidlashicha, HTSh Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Idlib viloyatini nazorat qilgan paytdan beri reabilitatsiyaga sarmoya kiritilganini ko‘rsatadigan dalillar juda kam. "Kaptagon iste’molini hal qilishga urinish uchun juda yomon rasm bor edi," deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya orqali yana bir giyohvand modda savdosi ko‘paygan.
"O‘ylashimcha, ko‘plab foydalanuvchilar, ayniqsa, allaqachon Kaptagonga o‘rgangan va biroz kuchliroq doriga muhtoj bo‘lganlar muqobil sifatida kristall metni qidiradi."
Yana bir masala, janob ar-Rays ta’kidlaganidek, moliyaviy muammo. U aytganidek: "Suriyaliklar pulga muhtoj."

Surat manbasi, Getty Images
Umid qilamanki, xalqaro hamjamiyat insonparvarlik yordami va sanksiyalarni yumshatish orqali giyohvand moddalar savdosi oldini olishga yordam beradi.
Biroq Rouz xonimning ta’kidlashicha, yangi rahbarlar "suriylarni qonuniy rasmiy iqtisodiyotda ishtirok etishga undash uchun yangi va muqobil iqtisodiy yo‘llarni" topishlari kerak bo‘ladi.
Qirollar qochib ketgan bo‘lsa-da, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va kontrabanda bilan shug‘ullanuvchilarning aksariyati mamlakat ichida qolmoqda, deydi u.
Eski odatlar esa sekin o‘ladi.













