Amerika: Tramp dollarga qarshi - Dunyodagi asosiy valyuta hukmronligiga nuqta qo‘yiladimi?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Aleksey Kalmikov
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 8 daq
Dollar deyarli bir asrdan beri — dunyodagi asosiy valyuta bo‘lib kelmoqda. Amerika valyutasining qulashi haqidagi barcha bashoratlar hozirgacha amalga oshmadi. Biroq Donald Tramp sahnaga chiqib, 100 kun ichida dollarning qariyb 100 yillik hukmronligini shubha ostiga qo‘ydi.
U buni qanday uddaladi va Tramp haqiqatan ham dollarni beqiyos maqomidan mahrum qila oladimi?
Dunyoda dollarning alohida o‘rni AQShning istisnolik g‘oyasini aks ettiradi — ya’ni Amerikaga umumiy qoidalar amal qilmaydi, chunki u dunyoda eng yirik iqtisodiyot, demokratiyani himoya qiluvchi harbiy quvvat va erkin savdo hamda kapital harakatni kafolatchisi sifatida yetakchi o‘rin tutadi.
Tramp aynan shu istisnolikni shubha ostiga qo‘ydi. Va dollar ham o‘z navbatida Trampni o‘z joyiga qaytardi. Bu qanday ro‘y berdi?
Dollar qanday qilib Trampdan kuchli chiqdi?
Chet elliklar omonatlarini Amerikada saqlashni yaxshi ko‘radi va hatto dollar qadrsizlanganda ham AQShga sarmoyalar yotqizish yildan yilga ortadi. Kapital oqimi Amerikaga o‘z mablag‘larini bemalol sarflash, byudjet taqchilligi va davlat qarzini oshirish imkoniyatini beradi. Boshqa har qanday davlat bu kabi iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan tanazzulga uchrar edi. Lekin AQSh emas.
Shuning uchun ham iqtisodiy inqiroz paytida sarmoyalar an’anaviy ravishda AQShga oqaveradi — hatto inqiroz Amerikadan chiqqan bo‘lsa ham. Investorlar bo‘ron vaqti ishonchli joy izlaydi.
Ular daromadi, ammo riskli moliyaviy instrumentlar – aktsiya, korporativ obligatsiyalarni rivojlanayotgan bozorlarga sotishadi.
Qutqarilgan mablag‘lar esa odatda AQSh davlat obligatsiyalariga sarmoya qilinardi. Shuning uchun inqiroz paytida ushbu obligatsiyalar qiymati o‘sardi va dollar kursi ham oshardi, chunki obligatsiyalar dollarda sotiladi.
Tramp butun dunyoga savdo urushi e’lon qilganiga qadar hammasi shu tarzda davom etayotgandi...
Bozorlarda sarosima boshlandi — kompaniyalarning aktsiyalari keskin arzonlashdi, chunki Trampning tariflari ular uchun katta zarar va’da qilayotgandi. Ammo an’anaga zid ravishda bu safar davlat obligatsiyalari narxi ham, dollar kursi ham oshmadi — balki pasaya boshladi.

Surat manbasi, AFP
Dollar 5% qadrsizlandi va Tramp saylanganidan keyin o‘sishni yo‘qotdi. AQShning istisnolik afsuni yo‘qoldi, kapital oqimi kirishi o‘rniga chiqa boshladi.
"Bu AQSh uchun yangi manzara, ammo rivojlanayotgan bozorlar uchun tanish holat", — deb yozdi AQShning sobiq moliya vaziri Larri Sammers.
Vaziyat shunchalik favqulodda va jiddiy ko‘rindiki, Tramp shoshilib tormozni bosdi va kiritilgan tariflarni ham bor-yo‘g‘i 13 soatdan keyin muzlatdi.
Shu tariqa "Tramp dollarga qarshi" jangining birinchi raundi dollarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Lekin bu oxirgisi emas edi.
Nima uchun dollar taxti larzaga keldi?
Agar avval dollarning hukmronligi asosan Rossiya yoki Braziliya kabi rivojlanayotgan mamlakatlarning noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bu safar hatto AQShning boy ittifoqchilari — dollarga ilgari hech qanday allergiyasi bo‘lmagan davlatlarda — ham savollar paydo bo‘la boshlashdi.
Bunday bo‘lishiga sabab, Tramp barchaga va har yo‘nalishda bir vaqtda hujum qildi. U erkin savdo tamoyillarini buzdi va Kanada, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va hatto uzoqdagi Avstraliyadan import qilingan tovarlarga 10% dan 25% gacha boj to‘lovlari joriy qildi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
U urushdan keyingi davrda shakllangan tartibni vayron qildi — u yerda AQSh ittifoqchilar xavfsizligining kafolatchisi va NATOning yetakchisi hisoblangan edi. Tramp Daniyadan Grenlandiyani tortib olishni va’da qildi va Ukraina hududining bir qismini Vladimir Putinga berishni taklif qildi.
Tramp ikkinchi prezidentlik muddatining ilk 100 kunida AQShning xalqaro majburiyatlarini shuncha ko‘p buzdi yoki ularni yerga urdiki, natijada Amerikaning ishonchli sherik sifatidagi obro‘si jiddiy shubha ostida qoldi.
Bu esa tabiiy ravishda AQShning dunyo savdosi, iqtisodiyoti va siyosiy ta’siridagi o‘rnining pasayishiga olib keladi. Shundan so‘ng dollarning roli ham pasayishi muqarrar, deb ogohlantirdi AQShning Moliya vazirligi va Markaziy bankida bu masalalar bilan bevosita shug‘ullangan ikki sobiq yuqori lavozimli amaldor.

Surat manbasi, AFP
"Ikkinchi jahon urushidan keyingi AQShning hukmronligi xavfsizlikka kafolat berdi va Yevropa va butun dunyoda farovonligiga yordam qildi, bu esa dollarning kuchayishiga olib keldi", — deb yozishadi AQSh moliya vazirligi faxriysi Mark Sobel va Amerikaning Markaziy banki xalqaro moliya bo‘limi sobiq direktori Stiven Kamin.
AQSh NATO va Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi xalqaro institutlarga tayangani, Yevropa birligini qo‘llab-quvvatlagani, erkin savdo va demokratiyani himoya qilgani uchun dunyoda yetakchi bo‘lgan, deydi ular.
Ammo Tramp buning hammasiga qarshi chiqmoqda. Bu esa Amerikaning ittifoqchilari soni kamayishini anglatadi. Ya’ni iqtisodiy va moliyaviy jihatdan "o‘zi istagancha yashash" modelini ham so‘roq ostiga qo‘yadigan davr boshlanishiga ishora qiladi. Va bu AQShdan mablag‘ chiqishi bilan izohlanadi.

Surat manbasi, AFP
Nega dollar dunyoning asosiy valyutasi?
Buning 10 sababi:
- AQShning — yirik iqtisodiyoti bor (jahon iqtisodiyotining 25%), va u boshqa rivojlangan davlatlarga qaraganda tezroq o‘smoqda. Amerikaliklar pul topish, ixtiro qilish va butun dunyodan iste’dodlarni jalb qilish qobiliyatini isbotlashgan. Shuning uchun ularga mamnuniyat bilan qarz berishadi — xorijliklar o‘z valyutalarini, tovar va xizmatlarini dollarga almashtirib, ularni yana Amerika aktivlariga sarmoya qilishadi.
- AQShda qonun ustuvorligi mavjud, bu xususiy mulk daxlsizligini va biznes uchun barqaror huquqiy muhitni ta’minlaydi.
- AQShda rivojlangan institutlar bor — moliyaviy nazorat va tartibga solishdan tortib, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) kabi xalqaro tashkilotlarda yetakchi rol o‘ynashgacha.
- AQShda kapital harakatlari erkinligi mavjud — xorijliklar uchun dollar ayirboshlash yoki moliyaviy aktivlarni sotib olishda cheklovlar yo‘q.
- AQShda dunyodagi eng katta moliyaviy bozor bor — dollarda qarz olish oson va arzon. Shuning uchun ko‘pchilik bundan foydalanadi.
- AQShning mustaqil markaziy banki barqaror. Siyosatchilarni aralashtirmasdan kutilgan va oqilona pul-kredit siyosati olib boradi,
- Dollardagi obligatsiyalar — dunyodagi eng likvid aktivlar. Ular bilan har kuni taxminan 1 trillion dollarlik savdo amalga oshiriladi. Bu ularni bozordagi har qanday tahlikali paytda ham mustahkam saqlab turadigan ideal vositaga aylantiradi.
- Dollar — dunyodagi asosiy hisob-kitob valyutasi. Ishlab chiqarish va savdo bozorlarida narxlar dollarda belgilanadi. Hatto dollarning naqd shakli ham butun dunyoda talabga ega: dollar ayrim mamlakatlarda milliy valyuta o‘rnini egallagan.

Surat manbasi, Bloomberg
- Savdo. Amerika barcha bilan faol savdo qiladi. U katta va jozibali bozorga ega, dunyodagi eng yirik neftь va gaz ishlab chiqaruvchi, texnologiyalar va oziq-ovqat eksportchisi.
- AQSh — G‘arb yetakchisi. Rivojlanayotgan mamlakatlar (Rossiya, Xitoy) dollardan voz kechishga harakat qilayotgan bo‘lsa ham, Germaniya yoki Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarga bu narsa kerak emasdi. Ularda erkin pullar ko‘p va ular yuqoridagi sabablar tufayli dollarga sarmoya qilishni afzal ko‘rishadi.
Tramp dollarga qanday tahdid qilmoqda?
Dollar inqirozi uchun odamlar dollardan qochib, xorijiy aktivlarga o‘tishlari kerak bo‘ladi. Biroq bu yerda bir muammo bor...
Tramp dollarning "taxti"ni ushlab turgan bu 10 ustunning deyarli hammasini yo‘q qilishga kirishdi. Qanday qilib?
- Tramp AQSh iqtisodiy o‘sishiga tahdid qilmoqda, chunki uning tariflari import narxlarini oshirmoqda. Kompaniyalarda innovatsiya uchun kamroq mablag‘ qolmoqda, aholida esa iste’mol uchun.
- Tramp qonun ustuvorligiga tahdid qilmoqda — uning yovvoyi harakatlari Amerikada konstitutsiyaviy inqiroz xavfini kuchaytirdi.
- Tramp amerikalik davlat institutlarini zaiflashtirmoqda — byurokratiyani qisqartirish uchun Ilon Maskni jalb qildi, davlat ishlarini yaqin doiradagi milliarderlar, qarindoshlar va televidenie yulduzlariga topshirmoqda.
- Tramp jamoasi kapital harakati erkinligini cheklash g‘oyalari bilan to‘lib-toshmoqda. Hozircha bu faqat nazariy mulohazalar darajasida, ammo hatto tashqi qarzlar bo‘yicha qisman defolt yoki xorijliklar uchun qimmatli qog‘ozlar xarid qilishga soliq joriy qilish haqidagi yengil ishora ham investorlarga bir necha kunlik ruhiy azob va xavotir keltirish uchun yetarli bo‘ladi.
- Tramp Amerikaning yirik moliya bozoriga hujum qilishga qodir emas. Bu bozor yetakchilik mavqeini va teranligi hamda likvidlikni yo‘qotishi uchun yillar davomida vayronagarchilik va yangi islohotlar kerak bo‘ladi.
- Tramp Markaziy bank mustaqilligiga ham tahdid qilmoqda — Markao‘iy bank raisi Jerom Pauellni tanqid qildi va uni almashtirish haqida gapirdi.
- Tramp xorijliklar uchun AQSh obligatsiyalarining jozibadorligini kamaytirmoqda.
- AQShning moliyaviy sanksiyalar bilan ovora bo‘lishi dollarning asosiy hisob-kitob valyutasi rolini xavf ostiga qo‘yadi. Sanksiyalar hali bekor qilinmagan, balki Tramp yangilarini joriy qilgan.
- AQShning jahon savdosidagi ulushi asta-sekin kamaymoqda, bu dollarga talabning kamayishiga olib keladi. Trampning "bizga hech kim kerak emas" siyosati bu jarayonni tezlashtirmoqda.
Tramp ittifoqchilarning dollarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmoqda — Kanada faol himoyaga o‘tdi, Yevropa esa mustaqil harakat qilishni o‘rganyapti.
"AQSh o‘z qo‘li bilan dollar hukmronligiga bolta urmoqda", — deb hisoblaydi Yevropaning CER tadqiqot markazining katta iqtisodchisi Sander Torduar.

Surat manbasi, Reuters
Dollar kursiga nima bo‘ladi?
Dollar kursi va uning jahon moliya tizimidagi o‘rni — bu ikkita turli masala.
Hatto agar dollarning kursi pasayishda davom etsa ham, bu uning rolini xavf ostiga qo‘ymaydi. Bu 2008–2009 yillar moliyaviy inqirozidan keyin ham sodir bo‘lgan — dollar arzonlashgan, ammo xorijiy investitsiyalar Amerika aktivlariga rekord darajada oshgan edi.
"Dollar kursi pasayishi uchun u jahon moliya tizimining markaziy o‘rnidan voz kechishi shart emas. Bunga kamroq istisno holati tomon harakat boshlashning o‘zi yetarli. Buni sun’iy iqtisodiy pasayish orqali amalga oshirish mumkin", — deb ogohlantiradi AQShning Xalqaro munosabatlar kengashi mutaxassisi Bred Setser.
Trampning siyosati mamlakatni aynan shu yo‘nalishda olib bormoqda — iqtisodiyot o‘sish sur’ati sekinlashmoqda, iqtisodchilar hatto qisqa muddatli retsessiyani bashorat qilishmoqda. Undan keyin kompaniyalar foydasi o‘sishining ham sekinlashishi kutilmoqda. Agar bunga Trampning keyingi qadamlari borasidagi noaniqlik va AQSh markaziy banki (FRS) mustaqilligiga bo‘lgan hujumlarini qo‘shsak, xorijiy investorlarning Amerika aktivlariga qiziqishi pasayishi uchun barcha sharoitlar mavjud, deb yozadi Goldman Sachs investitsiya bankining bosh iqtisodchisi Yan Xattsius Financial Times uchun maqolasida.
"Bu deyarli aniq dollarning sezilarli qadrsizlanishiga olib keladi, — deb yozadi u. — Biroq kursning tushishi bilan dollarning dominant valyuta maqomini yo‘qotishni adashtirmaslik kerak. Ilgari ham katta almashinuv kurslaridagi o‘zgarishlar bo‘lgan, ammo dollar o‘z dominant rolini saqlab qolgan".
Trampning o‘zi ham dollar kursining tushishiga qarshi emas — u savdo defitsitini kamaytirishning bir usuli sifatida qaraydi, chunki arzon dollar sharoitida import qimmatlashadi va kamayadi, eksport esa arzonlashadi va ko‘payadi.
Kursning tushishi buning o‘zi bilan inqiroz emas, deya qo‘shiladi Setser: "Dollar inqirozi uchun odamlar dollardan qochib, xorijiy aktivlarga o‘tishlari kerak bo‘ladi".
Biroq bu yerda muammo bor — dollar aktivlariga munosib muqobil hozirgi kunda dunyoda mavjud emas.
Dollarning o‘rni nima egallaydi?

Surat manbasi, EPA
"Yaqin kelajakda dollarning jahon moliyasidagi hukmronliga munosib muqobil yo‘q», — deb yozadi Mark Sobel va Stiven Kamin. "Biroq, Trampning harakatlari uning rolini sekin-astalik bilan kamayishini tezlashtirishi mumkin".
O‘tgan yil oxiriga kelib, dunyoda taxminan 12 trillion dollarga teng zaxiralar to‘plangan edi. Ulardan qariyb 60% dollarda saqlanadi, 20% yevro hisobida. Yen ulushi — 6%, britan funtiniki — 5%. Yuanning hissasi esa — bor-yo‘g‘i 2% atrofida, ya’ni Kanada yoki Avstraliya dollaridan ham kam.
Bu manzara yillar davomida deyarli o‘zgarmagan.
Bu rasmiy zaxiralar haqida. Valyuta funktsiyalarining boshqa sohalarida esa dollar yanada katta darajada monopoliya o‘rnatgan. Dunyo bo‘yicha valyuta almashinuvining taxminan 90% dollar ishtirokida amalga oshiriladi, savdo hisob-kitoblarida uning ulushi 50%dan ortiq, va xorijiy valyutadagi qarzlarning 70% dollarda nomlanadi.
Yuan taxminan unga da’vogar sifatida ko‘riladi, chunki Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot. Biroq Xitoy va yuan kursi Xitoy Kommunistik partiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Huquq ustuvorligi, kapital harakati erkinligi va rivojlangan moliya bozorlari — bular Xitoy uchun hali uzoq kelajak. Hatto kompartiya ham hozircha mamlakatni eksportyordan importerga aylantirish niyatini bildirmagan.
Eng real da’vogar — yevro. Lekin o‘tgan 25 yil mobaynida yevro dollarga jiddiy raqobat qila olmadi. Uning ulushi ham zaxiralarda, ham hisob-kitoblarda deyarli o‘zgarmagan. Yevro hozirgi shaklida dollar uchun haqiqiy alternativa emas, chunki yevrozonada moliya bozorlari parokanda va kichik, byudjet siyosatlari markazlashmagan, va uning iqtisodiyoti uzoq yillardan beri deyarli o‘smagan.
Boshqa mashhur valyutalar — yen, funt, frank — umuman boshqa vazn toifasida va dunyo iqtisodiyotining ulkan o‘lchamlari bilan solishtirganda ular dollarni almashtira olmaydi.
Larri Sammersning 2019 yilda "Hech narsani hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Yevropa — muzey, Yaponiya — qariyalar uyi, Xitoy — qamoqxona, bitkoyn — tajriba", - deb aytgan gapi hanuz dolzarb.

Surat manbasi, Reuters












