"Ukrainangga qaytib ket": urush qochqinlari Polshadagi kamsitishlardan norozi

Prezidentlikka nomzod Rafal Tshaskovskiy saylovoldi kampaniyasida o‘zining Ukrainaga xayrixohligi ko‘z-ko‘z qilmayapti.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Prezidentlikka nomzod Rafal Tshaskovskiy saylovoldi kampaniyasida o‘zining Ukrainaga xayrixohligi ko‘z-ko‘z qilmayapti.
    • Author, Will Vernon
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Svetlana aytishicha, qizi Polshadagi maktabini juda yaxshi ko‘rgan.

"Hatto boshqa hududga ko‘chganimizda ham, u maktabini o‘zgartirishni xohlamadi, – deydi 31 yoshli ukrainalik ona. – U maktabini juda yoqtirardi. U yerda hech qanday bezorilik bo‘lmagan."

Endi u maktabda va umuman Polshada vaziyat o‘zgarganini ta’kidlayapti.

"Ikki hafta oldin qizim uyga kelib, "Bugun bir bola menga «Ukrainaga qaytib ket» dedi," deb aytdi.

U Polshada yashayotgan va Bi-bi-siga so‘nggi oylarda o‘zlariga qarshi kayfiyat sezilarli kuchayganini aytgan o‘nlab ukrainaliklardan biri.

Ko‘pchilik jamoat transportida haqorat, maktablarda qo‘pol munosabat va internetda ksenofobik materiallarga duch kelganini ta’kidladi.

Keskinlikni prezidentlik saylovlari kampaniyasi yanada kuchaytirdi, yakshanba kuni ovoz berishning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Svetlananing qiziga Ukrainaga qayt deb aytishgan kunning ertasiga vaziyat yanada yomonlashdi.

"Yuqori sinfdagi qizlar uning ukraincha gapirishidan shikoyat qila boshlashdi. Keyin ular yerga yotib olib, «Raketa! Yot!» deb baqirib kulishgan, – deydi Svitlana. – Qizim uyga yig‘lab keldi."

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

Bir necha kun oldin Rossiya raketasi Svetlananing Ukrainadagi ona shahriga tushgan va o‘nlab tinch aholi, jumladan, bolalar halok bo‘lgan edi. Uning qizi bu voqeadan ruhan jarohat olgan.

Svetlana uning haqiqiy ismi emas, chunki u o‘ch olishlaridan qo‘rqadi. U bizga qiziga yomon munosabat sababli maktab xodimlariga qilgan shikoyati skrinshotlarini ko‘rsatdi.

Uning aytishicha, boshqa joylarda ham ukrainaliklarga bo‘lgan munosabat o‘zgargan: "Ishxonada ko‘pchilik ukrainaliklar bu yerga kelib, o‘zlarini yomon tutishayotganini aytishmoqda. Ukrainalik do‘stlarim esa polyaklar qabul qilmagani uchun uyga qaytmoqchi ekanliklarini aytishyapti. Hozir bu yerda yashash qo‘rqinchli bo‘lib qoldi."

Polshada kamida 2,5 million ukrain yashaydi, bu aholining 7 foizi degani.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Polshada kamida 2,5 million ukrain yashaydi, bu aholining 7 foizi degani.

Hukumat statistikasiga ko‘ra, Polshada kamida 2,5 million ukrainalik yashaydi, bu Polsha umumiy aholisining deyarli 7 foizini tashkil etadi.

2022 yil fevral oyida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganida, polyaklar katta hamdardlik bildirishdi. "Bu ajoyib edi. Har kuni odamlar qo‘ng‘iroq qilib, «Qanday yordam berishimiz mumkin?» deb so‘rashardi," deydi Varshavadagi "Ukraina bilan yelkama-elka" jamg‘armasi rahbari, faol Natalya Panchenko.

"Ba’zilar gumanitar yordamlar tashkil qilishdi yoki qochqinlarni bu yerga olib kelishdi. Ular uylarini, oziq-ovqatlarini, bor narsalarini va qalblarini ham berishdi."

Uch yil o‘tib, Natalya polyaklarning ko‘pchiligi hali ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga ishonishini aytadi. Ammo ba’zilar bunday emas va uning tashkiloti bir necha oy oldin Ukrainaga qarshi onlayn haqoratlar ko‘paya boshlaganini payqadi.

"Keyin bu haqiqiy hayotga ko‘chdi, – deydi u. – So‘nggi paytlarda bunday holatlar ko‘payib bormoqda... do‘konlarda yoki mehmonxonalarda ishlaydigan odamlar ukraincha aktsent bilan gapirgani uchun ksenofobik [haqorat]ga uchrayapti."

Natalyaning aytishicha, ko‘plab ukrainalik qochqinlar ruhan jarohat olgan. "Bu ayollar va bolalar guruhlari urush tufayli Polshada, ko‘pincha ularning qarindoshlari frontda, asirlikda yoki halok bo‘lgan... va aynan shu guruh nishonga olinmoqda."

BBC
Yuqori sinfdagi qizlar uning ukraincha gapirishidan shikoyat qila boshlashdi. Keyin ular erga yotib olib, «Raketa! Yot!» deb baqirib kulishgan. Qizim uyga yig‘lab keldi.
Svitlana
Polshadagi ukrain qochqin (bbc.com/uzbek)

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, Polshada ukrainaliklarga nisbatan jamoatchilik fikri haqiqatan ham yomonlashmoqda. Nufuzli CBOS markazi tomonidan 2025 yil mart oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, polyaklarning atigi 50 foizi ukrainalik qochqinlarni qabul qilish tarafdori, bu to‘rt oy ichida yetti foizga kamaygan. Ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 81 foiz edi.

Bir millionga yaqin ukrainalik keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin kelganligi rasman qayd etilgan. Polsha o‘z YaIMning 4,2 foizini ukrainalik qochqinlarga sarflaydi.

Ukraina masalasi Polshaning muhim prezidentlik saylov kampaniyasida qizg‘in siyosiy masalaga aylandi.

Hozirda uchinchi o‘rinda turgan o‘ta o‘ng populist Slavomir Mentzen Ukrainaga qarshi va Vladimir Putin bilan "kelishuv"ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ikkinchi o‘rinda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishiga hamda qochqinlarga moliyaviy yordam berishga qarshi bo‘lgan, ammo urush harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan konservativ Karol Navrotskiy turibdi.

Ukrainaga eng xayrixoh nomzod – Bosh vazir Donald Task koalitsiyasidan yetakchi nomzod Rafal Traskovski. Ammo u ham ukrainaliklarning ijtimoiy ta’minotini qisqartirishga va’da bergan.

Siyosiy tahlilchi Marsin Zaborovskiyning aytishicha, Traskovski saylovlarda markazchilar ovozini yutish uchun Ukraina tarafdori ekanligini ochiq namoyon qilishdan o‘zini tiymoqda.

"U jamoatchilik munosabatidagi o‘zgarishga moslashmoqda. Urush qurbonlarini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan dastlabki ishtiyoq yo‘qolib bormoqda, salbiy kayfiyat ustun kelmoqda va bu uning uchun unchalik qulay masala emas."

O‘ta o‘ngchilarning yana bir nomzodi Gjegoj Braun aprel oyidagi saylovoldi mitingida shahar hokimligi binosidagi Ukraina bayrog‘ini yulib tashlagani uchun politsiya tomonidan tergov qilinmoqda. So‘rovnomalarda atigi 3 foiz ovoz olayotgan Braun muntazam ravishda o‘zi "Polshaning ukrainalashtirilishi" deb atayotgan jarayonga qarshi chiqmoqda.

O‘tgan hafta Polsha hukumati Rossiyaning "Polsha fuqarolari orasida ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumotlar tarqatish" orqali Polsha saylovlariga aralashishga "misli ko‘rilmagan urinish" qilayotgani haqida ogohlantirdi. Moskva saylovlarga aralashish bo‘yicha barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Nataliya Panchenkoning tashkiloti Polshada aksil-ukrain kayfiyat oshishiga guvoh bo‘lyapti.
Surat tagso‘zi, Nataliya Panchenkoning tashkiloti Polshada aksil-ukrain kayfiyat oshishiga guvoh bo‘lyapti.

Polshada dezinformatsiya va targ‘ibotni kuzatib boruvchi nodavlat tashkilotga rahbarlik qilayotgan Mixal Marek ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan Ukrainaga qarshi materiallarga misollar keltiradi.

"Asosiy g‘oyalar shundan iboratki, go‘yo ukrainaliklar Polsha byudjetidan pul o‘g‘irlayotgan emish, ukrainaliklar bizni hurmat qilmas emish, ular bizni talash va o‘ldirishni istayotgan emish hamda urush uchun javobgar emish," deydi u.

"Bu ma’lumotlar dastlab rusiyzabon Telegram kanallarda paydo bo‘ladi, keyin esa biz xuddi o‘sha fotosuratlar va matnning Google Translate orqali tarjima qilinganini ko‘ramiz. Ular bu materialni Polsha axborot maydoniga yoyishga harakat qilishmoqda."

Janob Marek bunday dezinformatsiyani Polshada Ukrainaga qarshi kayfiyat kuchayishi bilan bevosita bog‘laydi va tobora ko‘proq polyaklar propaganda ta’siriga tushib qolayotganini ta’kidlaydi.

"Biroq faqat saylovdan keyin ko‘ramiz – polyaklarning qancha foizi ochiqchasiga Rossiya tarafdori bo‘lgan nomzodlarga ovoz berishni xohlaydi."