Davlat siyosatiga zid mediamahsulotlar «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkaziladi – Senzura qaytayaptimi?

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekistonda davlat siyosatiga va ma’naviy-axloqiy mezonlarga zid mediamahsulotlar “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkaziladi va to‘xtatish bo‘yicha taklif beriladi.
Tuzilajak ma’naviy ekspertiza guruhi senzuraning rasman qaytishi sifatida talqin qilindi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi buni inkor qilmoqda.
O‘zbekiston Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov o‘zining Telegram kanalida O‘zbekistonda mediamahsulotlar axloqsizlikni targ‘ib qilmasligi uchun “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Bu tartib Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Prezident administrtsiyasi huzuridagi AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinomotografiya agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Milliy media birlashmasining birgalikdagi qarori bilan kelishilgani aytilgan.
“Bugun shiddatli davrda axborotlar ko‘lami va oqimi keng. Mediamakon zamonaviy, qiziqarli va dolzarb mavzudagi xilma-xil mediamahsulotlar bilan to‘ldirilmoqda. Lekin ularning barini ham sifat jihatidan ham, mazmun jihatidan ham milliyligimizga mos va xos, tarbiyaviy ahamiyati yuqori deb bo‘lmaydi. Shu boisdan ham yoshlar tarbiyasiga va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish va ularning sofligi, milliy axloqimizga moslik darajasini tahlil qilib borish ancha muhim”, – deyiladi xabarda.
Targ‘ibot videosida aytilishicha, hozirga qadar ma’anaviy ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan va guruhning asosiy vazifalari belgilangan.
“Jumladan, soha mutaxassislaridan tarkib topgan guruh tomonidan O‘zbekiston hamda xorijda ishlab chiqilgan va O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan mediamahsulotlarning davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga zid, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi ahloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi holatlar mavjud va mavjud emasligi o‘rganiladi”, deyiladi xabarda.
Buning qip-qizil senzura ekani, shundog‘am qonunda so‘z erkinligini suiiste’mol qilish, huquqbuzarlik va jinoyat uchun javobgarlik mavjudligini bilish uchun katta aql shart emas
Ushbu mezonlarga zid mediamahsulotlarning namoyishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli idoralarga taklif kiritiladi.
“Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari ko‘riladi. Bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Xabarni iliq kutganlar va unga qarshi chiqqanlar ham bo‘ldi.
“Xayriyat, paydar-pay yaxshi xabarlar guvohi bo‘lyapman. Bardavom bo‘lsin!
Jamiyat bu borada faol bo‘lishi kerak”, deb yozadi dindor qatlam orasida ta’sirga ega Mubashshir Ahmad.
“Biz shu kunlarni qattiq kutgandik! Bugungi kunda uyda oila bilan ba’zi kanallarni ko‘rib bo‘lmaydigan va ba’zi qo‘shiqlarni eshitib bo‘lmaydigan bo‘lib qolgandi.
Odam ba’zan, xafa bo‘lib ketardi. Chet ellik o‘rtoqlar o‘zbek xalqi haqida qidiruvga nimadir bersa-yu, shu be’mani narsalar kelib chiqsa yoki bunday narsalarni ko‘ryotgan yoshi avlod qanday ahvolga kelsa deb xafa bo‘lardim. Endi o‘ylaymanki, barchasi o‘zgaradi. Medialarimiz yoshlar ko‘ra oladigan formatga keladi”, deydi Sevinch Berdiyorova.
Biroq boshqalar aslida buning ortida senzura turganini aytadi.
Bu yaqqol senzurani anglatadi, boshqa narsa emas, deydi bloger Sardor Salim Bi-bi-si O‘zbek bilan suhbatda.
“Hozir Rossiyada senzura urushga qarshi bo‘lish shiori ostida bo‘y ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bizda ma’naviyat yoki yoshlarni himoya qilish shiorlari ostida kiritilyapti. O‘zi aslida senzura mavjud, lekin murvatlarni yana-da qattiroq burashyapti. Ya’ni bu narsaem qonunlashtirishmoqchi”, deydi u.
Sardor Salim bu Ma’naviyat va ma’rifat markazining tashabbusi emas, balki markazlashgan, maqsadli hatti-harakatlar ekanligini aytadi.
“Senzura qilmaymiz”

Surat manbasi, Расмий
Senzura borasida e’tirozlardan so‘ng Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov rasmiy munosabat berdi.
U ushbu loyiha mediakontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga ta’siridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik so‘rovi, talab va tashabbuslari asosida joriy qilinayotganini alohida ta’kidlagan.
“"Ma’naviyat ekspertizasi" loyihasi media mahsulotlarga senzura qo‘ymaydi. Ekspertlarning faoliyati media kontent ishlab chiquvchilar, ijodiy guruhlar va badiiy kengashlar uchun tavsiyaviy takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi”, deyiladi munosabatda.
Markaz ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ijodkorlar, blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilinmaydi, degan.
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov “Ma’naviyat markazi o‘zidan boshqalarni ahmoq deb o‘ylaydimi?” deya keskin munosabat bildirdi.
U tasdiqlangan nizomda ma’naviy ekspertiza guruhining asosiy vazifalari belgilanganliga e’tibor qaratgan.
“Nizomga muvofiq, mutaxassislar guruhi tomonidan O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan mahalliy va xorijiy xorijiy media mahsulotlarning davlat siyosati, milliy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga zidligi o‘rganiladi va ruxsat beriladi.
Buning qip-qizil senzura ekani, shundog‘am qonunda so‘z erkinligini suiiste’mol qilish, huquqbuzarlik va jinoyat uchun javobgarlik mavjudligini bilish uchun katta aql shart emas. Buni qarangki, Markaz endi bayonot bilan chiqib, biz so‘z erkinligiga daxl qilmoqchi emasmiz, noto‘g‘ri tushunmanglar, deb chiqibdi.
Xo‘sh, Sizning materialingizni sohada qonunlar yetarli bo‘lishiga qaramay kimdir "men ko‘rsam, uni e’lon qilishing mumkin" deb tursa, nima deb tushunish mumkin? Ma’naviyat markazi o‘zining harakatlari qaysi qonun, Konstitutsiya va xalqaro normalarga muvofiqligini izohlay oladimi? Yana o‘zini ovsarlikka solib, yana vohima qilmanglar, deganiga o‘laymi?..”, deydi Abdurahmon Tashanov.
Bloger Sardor Salim ushbu tashabbus ijod va fikr erkinligi borasidagi yagona tashabbus emasligini, balki kompleks chora-tadbirlardan biri ekanligini aytadi.
“Buni xavotirli mujda, deb qabul qilgan bo‘lardim. Buning ommaga chiqarilganining o‘zi katta gap. Yaqin kelajakda istiqbolimizning nima bo‘lishini ko‘rsatib turibdi”, deydi Sardor Salim.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002















