Yaqin o‘tmish: Putin “Ukraina oynasi”ga qarab qo‘rqib ketdi – u ko‘zguda nima ko‘rgan edi?

putin

Surat manbasi, SERGEI SUPINSKY/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Putin Viktor Yushenkoning Ukrainada hokimiyat tepasiga kelishida o‘z hokimiyatiga tahdid ko‘rgan edi.
    • Author, Sergey Goryashko
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 14 daq

2004 yildagi Ukrainadagi Zarg‘aldoq inqilobi Moskva va Kiev munosabatlarining ortga qaytmas nuqtalaridan biriga aylandi. Yigirma yil o‘tib, voqealarning bevosita ishtirokchilari ham, chetdan kuzatuvchilar ham bunga ishonch hosil qildilar.

Biroq, Ukrainaning birinchi Maydoni Rossiyaning ichki siyosatini ham belgilab berdi – aynan o‘shanda prezident Vladimir Putin “zarg‘aldoq tahdid”ga ishondi va keyingi harakatlarini uning realligidan kelib chiqib amalga oshirdi.

2004 yilda Putin birinchi marta prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchradi.

Ammo gap Rossiyadagi saylovlar haqida emas – u 70 foizdan ortiq ovoz bilan ikkinchi muddatga qayta saylandi.

Putin butun yil davomida yana bir saylov kampaniyasi bilan shug‘ullangan edi – Ukrainada.

Leonid Kuchmaning ikkinchi prezidentlik muddati tugayotgan, u hokimiyatni vorisiga topshirishi kerak edi va tanlov bosh vazir Viktor Yanukovichga tushgandi.

Asosiy raqib sobiq bosh vazir Viktor Yushenko edi. Ammo kampaniya Putin mo‘ljallagan stsenariy bo‘yicha ketmadi.

“Ukraina boshqacha bo‘lib qoldi”

putin

Surat manbasi, ITAR-TASS / Mikhail Klimentyev

Surat tagso‘zi, Vladimir Putin Ukrainadagi saylovda Viktor Yanukovich (o‘ngda) nomzodini yoqlagan edi. Ammo ukrainaliklar Viktor Yushenko (o‘rtada)ni tanladi. Surat 2006 yil — saylovdan so‘ng olingan.

Rossiya prezidenti o‘sha saylovlar va undan keyingi inqirozni sharhlayotib, ularning natijasini “Ukraina xalqi hal qiladi” deb tez-tez takrorlardi.

Aslida, Bi-bi-si suhbatdoshlari fikricha, Putin xalqning – na ukrainalik, na rossiyaliklarning – sub’ektligiga hech qachon ishonmagan.

Prezident Ukraina inqilobida Amerika texnologiyasini ko‘rdi va g‘alabani undan norozi ukrainliklar emas, balki amerikaliklar tortib oldi deb hisobladi.

“Biz rangli inqiloblar deb ataladigan to‘lqin qanday fojiali oqibatlarga olib kelganini ko‘rib turibmiz va biz Rossiyada bunday hodisa hech qachon sodir bo‘lmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz,” – dedi Putin 2014 yil 20 noyabrda, Ukrainaning birinchi Maydonidan 10 yil va ikkinchisidan bir yil o‘tib.

Bu vaqtga kelib Rossiya Qrimni allaqachon bosib olgan va xalqaro sanksiyalar ostida qolgan, rossiyaliklar esa “rangli inqilob” yovuzlik ekaniga ishonib bo‘lishgandi. 2005 yilda, Jamoatchilik fikrini o‘rganish butunrossiya markazi (VSIOM) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning 36 foizi Maydondagi voqealardan Ukraina ko‘proq zarar ko‘rgan deb hisoblagan bo‘lsa, 2016 yilda respondentlarning 81 foizi shunday fikrda edi.

Aslida Putin G‘arbni Ukrainadagi saylovlarga o‘zidan ko‘ra samaraliroq aralashganlikda aybladi. Moskva Ukraina prezidenti kursisiga o‘z odamini o‘tqazmoqchi edi. Davlat targ‘iboti saylov g‘olibi Viktor Yushenkoning shtabini chet eldagi siyosiy texnologlar qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi, shuningdek, uning raqibi, Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Viktor Yanukovichga ham xorijiy – rossiyalik – maslahatchilar guruhi yordam berganini ta’kidladi.

Putin G‘arb rahbarlarini qoidabuzarliklarni tanqid qilgani va Maydan g‘alabasidan so‘ng Yushenkoni tabriklagani uchun tanqid qildi. Shu bilan birga, Rossiya rahbarining o‘zi ham o‘z xayrixohligini yashirmagan va rasmiy natijalar e’lon qilinishidan oldin Yanukovichni g‘alaba bilan ikki marta tabriklagan edi.

“Bu sir emasku, xudoyim! – degan edi 2012 yilda Ukraina sobiq prezidenti Leonid Kuchma Bi-bi-sining “Putin, Rossiya va G‘arb” filmida. – Nima, G‘arb Ukrainada kim prezident bo‘lishini muhokama qilmaganmidi? Shunday qilib, butun G‘arb va faqat Rossiya, faqat Putin.” Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya Yushenkoni ko‘rgan, uning pozitsiyasini, fikrlarini bilgan. Putinning u hokimiyat tepasiga kelishiga katta istagi yo‘q edi.”

putin

Surat manbasi, ITAR-TASS/ Alexey Panov

Surat tagso‘zi, Putin 2004 yil davomida Leonid Kuchma bilan muntazam ko‘rishib turdi.

Ukrainadagi saylovlar bilan Putin xuddi o‘z saylovlaridek shug‘ullangan. 2004 yilda u Ukrainaga yetti marta tashrif buyurgan. O‘sha paytdagi rahbar Leonid Kuchma bilan deyarli har oyda uchrashib turar yoki telefonda gaplashardi – dam “Do‘stlik” yoshlar festivalining ochilishi, dam MDH Davlat rahbarlari kengashi raisi saylovi kabi bahonalar yetarli edi.

26 oktyabrь kuni, ovoz berishning birinchi bosqichiga besh kun qolganda, Putin Kievdan Ukraina fuqarolari bilan “to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot” o‘tkazdi. Uchta umummilliy telekanal – “Birinchi milliy,” “1+1” va “Inter” efirida u bir soat davomida Rossiya va Ukraina munosabatlari haqidagi savollarga javob berdi. U savollarni ukrain tilidan rus tiliga tarjima qilishdan qat’iyan bosh tortdi, Taras Shevchenkodan iqtibos keltirdi va Yanukovichni maqtadi. U Leonid Kuchma haqida ham hurmat bilan gapirdi. Putin ukrainalik hamkasbi o‘zidan ko‘ra “hayotiy va siyosiy tajribasi ko‘proq” ekanligini, u “Yujmash”ga rahbarlik qilganini esladi.

Oradan 20 yil o‘tib u “Yujmash”ni yangi raketalar bilan bombardimon qildi va bu zarba bilan maqtandi.

Yanukovich saylov kampaniyalariga Gleb Pavlovskiy boshchiligidagi Putin uchun ishlagan siyosiy texnologlar yordam bergandi. Uning o‘zi 2018 yilda “Meduza”ga o‘sha paytda “Kiev va Moskva ma’muriyatlari o‘rtasidagi aloqa bo‘yicha maxsus yordamchi” sifatida ishlaganini aytgan.

Ukrainadagi saylovlar uchun prezident ma’muriyatining o‘sha paytdagi rahbari Dmitriy Medvedev mas’ul edi. Putin, Medvedev, Kuchma va Yanukovich 28 oktyabrь kuni, saylovdan uch kun oldin, Kiev markazidagi minbarda turib, Ukrainaning nemis-fashist bosqinchilaridan ozod etilganiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan Kreshatikdagi harbiy paradni kuzatishdi – bu sana Ukrainada besh yildan so‘ng milliy bayramga aylangan edi.

Bu parad nafaqat “Ulug‘ Vatan urushi” davridagi jangovar texnika ishtirok etganligi bilan esda qoldi. Yanukovich tribunada turib cho‘ntagidan konfet olib, birini og‘ziga solgan va avval Medvedevga, keyin esa Putinga ham taklif qilgan videosi xit bo‘ldi. Putin konfetni rad etgandi.

yushenko

Surat manbasi, ANATOLIY MEDZYK/SERGEI SUPINSKY/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, 2004 yilda Yushenkoni dioksin bilan zaharlanishga urinishdi. Buyurtmachilar rasman hozirga qadar topilmagan, ammo zaharlanish uning tashqi ko‘rinishini sezilarli o‘zgartirdi.

Birinchi tur saylovda g‘olib aniqlanmadi, Yanukovich 39,2%, Yushenko 39,9% ovoz oldi. 12 noyabrь kuni Putin yana Ukrainaga kelib, Kuchma va Yanukovich bilan Kerchda uchrashdi – ular birgalikda parom kechuvini ochishdi. 21 noyabrь kuni saylovning ikkinchi turi o‘tkazildi – ertasi kuni Ukraina MSK dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Yanukovich g‘alaba qozonganini e’lon qildi – u 49,4%, Yushenko esa 46,7% ovoz olgan.

Shu paytda Kievdagi Maydonda Yushenko tarafdorlari norozilik bildirdi. Ular Viktor Yanukovich foydasiga natijalarni soxtalashtirish haqidagi xabarlar tufayli qayta ovoz berishni talab qilishdi. Maydonni zarg‘aldoq ramzli ko‘p ming kishilik olomon to‘ldirgan.

25 noyabrь kuni Putin Yanukovichni g‘alaba bilan yana bir bor yozma ravishda tabrikladi va “Ukraina xalqi o‘z tanlovini – barqarorlik, davlatchilikni mustahkamlash foydasiga qilganini” aytdi. O‘sha paytda mitinglar allaqachon butun Ukraina bo‘ylab shaharlarda o‘tkazildi, G‘arb yetakchilari saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi, Ukraina Oliy sudi MSKga muxolifat shikoyatini ko‘rib chiqmaguncha natijalarni rasman e’lon qilishni taqiqladi, Kuchma esa Yevropadan inqirozni hal qilish uchun vositachi izladi — u Polsha prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy bo‘ldi. Rossiya nomidan muzokaralarga Davlat dumasi spikeri Boris Grizlov bordi.

Getty Images
Putin – qattiqqoʻl odam. Qandaydir shama-ishoralar bor edi. Bu sir emas. Lekin ochiqchasiga: “Tanklarni maydonga chiqar,” demadi.
Leonid Kuchma
Ukrainaning sobiq prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

2004 yil 2 dekabrь kechqurun. Moskva, “Vnukovo-2.” Prezident Vladimir Putin ukrainalik hamkasbi Leonid Kuchma bilan hukumat aeroportida uchrashdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, prezidentlar Ukraina inqirozini muhokama qilib, uni qonun doirasida hal qilishga kelishib olishgan. Kievdagi Maydonda ikkinchi turdan keyin Viktor Yushenko nomzodini qo‘llab-quvvatlab to‘plangan olomon bir haftadan beri tarqalmagandi. Putin ham, Kuchma ham “Vnukovo-2”dagi uchrashuvning ommaga ochiq qismida “uchinchi tur” g‘oyasini tanqid qilishdi.

2012 yildagi Bi-bi-si filmida Kuchma shunday eslaydi: Putin unga muxolifat bilan qattiq munosabatda bo‘lishga ishora qilgan. “Putin – qattiqqo‘l odam, – deydi o‘ychan tarzda Ukraina sobiq prezidenti. – Qandaydir shama-ishoralar bor edi. Bu sir emas. Lekin ochiqchasiga: “Tanklarni maydonga chiqaring,” demadi.”

2000-2005 yillarda Putinning iqtisodiyot bo‘yicha yordamchisi bo‘lgan Andrey Illarionovning so‘zlariga ko‘ra (u bu haqda 2013 yilda muxolifatga o‘tib, “Ukrainskaya pravda” gazetasiga aytgan), Rossiya rahbari aeroportdagi muzokaralarda Kuchmani Maydondagi olomonni kuch bilan tarqatib yuborishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan. Kuchma ko‘nmasdan: “Vladimir Vladimirovich, siz tushunmayapsiz – Ukraina o‘zgargan,” degan. “To‘xtang, biz siz bilan kelishib olgan edikku!..” — hayron bo‘lgan Putin. Kuchma esa: “Ukraina o‘zgarib ketdi,” deb takrorlagan.

Kuchma ****** [sotqinlik qildi]

Hozir Marat Gelman birinchi galda galerist sifatida mashhur. 2000 yillarning boshida Gelman siyosiy texnolog sifatida ko‘proq tanilgan edi. U Kuchma Yanukovichni o‘z o‘rinbosari qilib tayinlash qaroriga kelguncha maslahatchi bo‘lib ishlagan. Gelman bunga qarshi edi – u va ukrainalik oligarx Viktor Pinchuk bu tanlovni tanqid qilib xat yozishgan, bu xat Kuchmaga prezidentlikka nomzodni tanlash bo‘yicha qaror qabul qilganidan so‘ng yetib borgan.

Gelmanning aytishicha, shundan keyin u o‘z-o‘zidan maslahatchi lavozimidan ketgan. U Yanukovichning tanlanishini Kuchmaning mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanishni xohlamaganligi va o‘z kampaniyasini o‘zi moliyalashtira oladigan yagona nomzod Yanukovich bo‘lganligi bilan izohlaydi.

Gelmanning fikricha, Kuchmaning oxirigacha borishdan bosh tortishi Kremlda xiyonat sifatida qabul qilingan: “Kuchma bergan va’dasini bajarmadi. Hamma narsa tayyor edi. Doneskda titushkalar [Maydan]ni tarqatib yuborish uchun faqat signal kutishardi. Ammo Kuchma taqiqladi. Kreml buni shunday qabul qildi – Kuchma ****** [sotqinlik qildi].”

gelman

Surat manbasi, ITAR-TASS / Oleg Naumov

Surat tagso‘zi, Marat Gelman 2004 yilda Kuchmaning maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

“Putin haligacha aynan AQSh Kuchmaga inqilobni kuch ishlatib bostirishdan voz kechish uchun bosim o‘tkazgan, deb hisoblaydi,” – deydi siyosatshunos Stanislav Belkovskiy. U 2004 yilda Ukraina Milliy strategiya institutini tashkil etgan va Viktor Yushenkoning saylovoldi kampaniyasida ishtirok etgan. U o‘z ishini shunday tasvirlaydi: “Bu ko‘proq psixologning roliga o‘xshardi: Zarg‘aldoq inqilobi yetakchilarini inqilobni amalga oshirishlari mumkinligiga ishontirish.”

Belkovskiy Kievda badnom rus oligarxi Boris Berezovskiyning puliga ishlagan — u o‘shanda allaqachon Londonga ko‘chib ketgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Berezovskiy inqilobga 40 million dollar kiritgan.

Siyosiy texnolog birinchi Maydondan bir necha oy oldin Ukrainaga kelgan va ikki narsani anglagan: “Birinchisi – Yanukovichning g‘alabasiga faqat inqilobiy yo‘l bilan to‘sqinlik qilish mumkin, aks holda Yanukovich baribir prezident deb e’lon qilinadi. Ikkinchidan, inqilob haqiqatdan ham bo‘lishi mumkin, u na safsata, na xayoliy narsa.”

Belkovskiyning aytishicha, Yanukovichning saylov kampaniyasidagi norasmiy shior “muqarrarlikka qarshi chiqmang, baribir Yanukovich prezident bo‘ladi” edi: “Bu Ukraina xalqiga yoqmadi, berilganini yeng printsipi bo‘yicha texnologiyaning o‘zi qabul qilinmaydi”.

belkovskiy

Surat manbasi, Dmitry Krylov/ITAR-TASS

Surat tagso‘zi, Polittexnolog Stanislav Belkovskiy 2004 yilda Yushenkoning shtabida ishlagan.

“Dastlab vaziyat o‘yinga o‘xshab ko‘rindi. Ammo hammasi siyosiy texnologlar tomonidan hal qilinmaydi, aynan shu Rossiya rahbariyati yondashuvining xatosi edi,” – deb ta’kidlaydi siyosatshunos Georgiy Chijov.

Namoyishchilar bosimi ostida Ukraina Oliy sudi 21 noyabrdagi ikkinchi tur saylovlarida soxtalashtirishlar bo‘lganligini tan oldi va takroriy ovoz berishni tayinladi. Uning natijalariga ko‘ra, Yushenko g‘alaba qozondi. Zarg‘aldoq inqilob g‘alaba qozondi.

Keyingi uch yarim yil ichida (ikkinchi muddati tugagunga qadar) Putin Ukrainaga atigi ikki marta tashrif buyurdi. Biroq tez orada u Ukrainadagi “zarg‘aldoq voqealar”ni faol qo‘llab-quvvatlagan “g‘arbdagi do‘stlar”ini bu mamlakat iqtisodiyotiga subsidiya berishlari kerakligini ta’kidlay boshladi.

“Bizniklar” bizniki bo‘lmaganlarga qarshi

Aynan 2004 yilgi Zarg‘aldoq inqilobidan keyin Ukraina kun tartibi Rossiya ichki vaziyatiga ta’sir ko‘rsata boshladi. “Ukrainaliklar Rossiyaga o‘z kun tartibini majburlayotgandek, aksincha emas,” deb hazillashadi siyosatshunos Chijov. U 2004 yilda Rossiyada Mintaqaviy muammolar instituti bosh direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2009 yilda Kievga ko‘chib o‘tdi, o‘sha yerda yashadi va ishladi.

Ukrainadagi mag‘lubiyatdan so‘ng Kreml Rossiyada “zarg‘aldoq stsenariy” takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha kuchini sarfladi. Xavf-xatarlar haqiqiy bo‘lib tuyulardi.

“Yushenkoning g‘alabasi Rossiyadagi demokratik kuchlarga jiddiy turtki berdi, garchi ulardan oz narsa qolgan bo‘lsa ham,” deydi Chijov. 2004 yil dekabrь oyida Rossiyada gubernatorlarning so‘nggi saylovi bo‘lib o‘tdi (Putin ularni Beslandagi teraktdan keyin tayinlashga qaror qilgan) va uchta mintaqada ikkinchi bosqichga liberal “O‘ng kuchlar ittifoqi”dan nomzodlar chiqdi. Chijovning eslashicha, u rahbarlik qilgan institut “Rossiya hududlarida gubernatorlik saylovlarining ikkinchi bosqichiga Viktor Yushenko chiqdi” sarlavhali maqola e’lon qilgan.

2005 yilda imtiyozlarni monetizatsiya qilish – tabiiy imtiyozlardan pul kompensatsiyasiga o‘tishdan so‘ng, Rossiyaning o‘nlab shaharlarida ko‘chalarni to‘sishgacha bo‘lgan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Peterburgda namoyishchilar hatto shahar markaziga Zarg‘aldoq inqilob kelganining ramzi sifatida chodirlar o‘rnatdilar; Ufadagi mitingda zarg‘aldoq bayroqlar paydo bo‘ldi.

Suveren demokratiya kontseptsiyasi, bir mandatli okruglar bo‘yicha Davlat Dumasiga saylovlarning bekor qilinishi, partiyalar sonining qisqartirilishi va notijorat tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni qat’iylashtirish, Russia Today targ‘ibot telekanalining tashkil etilishi – Zarg‘aldoq inqilobdan keyin Kreml ichki siyosatidagi o‘zgarishlarning keng ro‘yxatidan bir necha bandlar xolos.

2000 yillarning ikkinchi yarmidan boshlab Kreml birinchi Maydanning texnologik tayyorgarligini o‘rganib, unga texnologik nuqtai nazardan munosabat bildirdi, deb aytadi Robert Shlegel. “Nashi” harakati tashkil etilganidan beri deyarli 20 yil davomida u yoshlar harakatida faoliyat yuritib, uning federal komissari bo‘ldi va 2007 yilda “Yagona Rossiya”dan Davlat Dumasiga saylandi hamda o‘sha paytda eng yosh deputatlardan biriga aylandi. 2016 yilda u siyosatni tark etdi, 2019 yilda Rossiyadan Germaniyaga jo‘nab ketdi – Shlegel hokimiyatdan ko‘ngli qoldi va Ukrainadagi urushni qoraladi.

robert

Surat manbasi, ITAR-TASS / Grigory Sysoyev

Surat tagso‘zi, Robert Shlegel 2007 yilda "Yagona Rossiya"dan eng yosh deputatga aylangan edi. Keyinroq u partiya safidan chiqdi va 2019 yilda Rossiyani tark etdi.

2005 yilda tashkil etilgan “Nashi” harakatining vazifalaridan biri “Moskva ko‘chalarini muxolifatga bermaslik” edi. “Bu ochiq-oydin aytilgan edi. “Ommaviy tadbirlar” deb nomlangan faoliyat yo‘nalishi mavjud edi – bizga ommaviy aktsiyalarni qanday tashkil qilishni o‘rgatishdi,” deydi harakatning sobiq matbuot kotibi Robert Shlegel.

Prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Vladislav Surkov mafkuraviy ishlov berish bilan shug‘ullangan. Shlegelning eslashicha, harakat ishtirokchilari tashqi kuchlar zarg‘aldoq inqilob yordamida hokimiyatni ag‘darishga urinib ko‘rishlari mumkinligiga chin dildan ishonishgan.

Pavlovskiy 2012 yilda Bi-bi-sining “Putin, Rossiya va G‘arb” filmi uchun bergan intervyusida “bu odamlar, bu polklar qaerdadir yonma-yon to‘planayotgandek va tez orada ular [Moskva] ko‘chalariga chiqadi,” degan tuyg‘u bor edi, deydi. Bunga javoban, siyosiy texnologning fikricha, “yosh ishsizlarni tezda Putinga siyosiy sodiq bo‘lgan hududga olib chiqish” kerak edi.

surkov

Surat manbasi, ITAR-TASS / Grigory Sysoyev

Surat tagso‘zi, Kremlning ichki siyosat bo‘yicha kuratori Vladislav Surkov (o‘ngda) yoshlar tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvda — 2007 yil. Orqada Gleb Pavlovskiy ham ko‘ringan.

Kreml tarafdori bo‘lgan yana bir siyosatshunos Sergey Markovning so‘zlariga ko‘ra, “Nashi” harakati mintaqalarda Moskvadan avtobusda taxminan 10 soatlik masofada “ular bir kechada Qizil maydonga kelib, “mamlakat suverenitetini himoya qilamizʼ deyishlari uchun” maxsus tashkil etilgan.

“Nashi” harakati Kremlning o‘z yoshlari bilan ishlashga urinishi edi, “ular bilan begonalar ishlamasligi uchun,” deydi siyosatshunos Mixail Zaxarov: “Harakatni yaratishning ovoz chiqarib e’lon qilingan ma’nolaridan biri shunday edi – agar biror narsa bo‘lsa, maydonlarni bizning yoshlarimiz egallaydi, boshqa hech kim emas.”

Shlegelning aytishicha, “Nashi” harakatidagi odamlarning bir qismi, xuddi u kabi, “o‘z vazifalariga chin dildan ishongan va samimiy ravishda adashgan”. Boshqalar esa, uning so‘zlariga ko‘ra, shunchaki professional tarzda ishlagan. Ko‘pchilik uchun Vasiliy Yakemenko rahbarligidagi harakatda ishlash keyinchalik siyosatda qatnashishdan saqlanish uchun emlash vazifasini o‘tagan.

Shlegel ta’kidlashicha, “Nashi” “zarg‘aldoq tahdidi”ga qarshi kurash vositasi sifatida Dmitriy Medvedev Kremlga kelishi bilan faoliyatini to‘xtatdi – ular oddiy yoshlar harakatiga aylandi, endi suverenitetni himoya qilish va boshqa rangli inqiloblarga qarshi turadigan siyosiy tashkilot bo‘lmay qoldi.

nashi

Surat manbasi, ITAR-TASS/ Maxim Shemetov

Surat tagso‘zi, "Nashi"ning vazifalaridan biri — bu tahdidli vaziyat yuzaga kelganda, muxolifat egallab olmasidan markaziy maydonlarni to‘ldirish edi.

“Nashi” 2011 yilda Kremlga bevosita kerak bo‘ldi – dekabrь oyidagi Duma saylovlaridagi qallobliklar tufayli bo‘lgan norozilik namoyishlari paytida “Nashi” Triumfalnaya maydonini egallab oldi, maydon muxolifatchilar qo‘liga o‘tib ketmasligi uchun. Namoyishchilarni politsiyachilar avtozaklarga jo‘natayotganda, “Nashi”ning a’zolari nog‘ora chalib, “Xalq, Medvedev, Putin!” deb hayqirishardi.

Eng ko‘p esda qolgani esa “Nashi”dan birining intervyusi bo‘ldi – Ivanovolik Svetaning “Yagona Rossiya” tufayli “biz yaxshiroq kiyina boshladik” degan so‘zlari millionlab marta ko‘rilgan videorolikka aylandi.

namoyish

Surat manbasi, ITAR-TASS/ Stanislav Krasilnikov

Surat tagso‘zi, 2011 yilda ko‘p ming kishili namoyishlar ortidan Kreml Rossiyada "zarg‘aldoq inqilob" tahdidiga yanada ko‘proq ishona boshladi.

Siyosatshunos Stanislav Belkovskiy “Nashi”ning samaradorligiga shubha bilan qaraydi va bu harakatni prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Vladislav Surkov tomonidan byudjetni o‘zlashtirish loyihasi deb ataydi: “Surkov Kremlning ichki siyosat kuratori lavozimidan ketganidan so‘ng, bu turdagi barcha loyihalar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi.”

Belkovskiyning fikricha, Surkov hech qanday “zarg‘aldoq tahdidi”dan qo‘rqmagan: “U har qanday klassik siyosiy texnolog kabi mablag‘larni o‘zlashtirish uchun mablag‘ olish kerak va Maydonda qarshilik ko‘rsata oladigan qandaydir xalq gvardiyasi kerak, deb hisoblagan.”

Putin esa, siyosatshunosning fikriga ko‘ra, inqilobga qarshi kurashish uchun rasmiy kuch tuzilmalari kerak, deb hisoblagan. 2008 yilda o‘sha paytda prezident bo‘lgan Medvedev IIV tarkibida Ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi – “E” markazini tashkil etdi.

putin

Surat manbasi, YURI KADOBNOV/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Kreml 2011-2012 yildagi muxolifat namoyishlariga qarshi hukumatparast mitinglar tashkillash bilan javob qaytardi. Ularga asosan byudjet tashkilotlari xodimlari olib chiqildi.

“Zarg‘aldoq tahdidi”ga qarshi kurashda 2000 yillardagi davlat targ‘iboti ham chetda qolmadi. VSIOM ma’lumotlariga ko‘ra, 2005 yilda 42% aholi Rossiyada inqilob bo‘lishi mumkinligini tan olgan. 2007 yilda esa bu ko‘rsatkich atigi 25% ni tashkil etgan. “Medialogiya” ma’lumotlari shuni tasdiqlaydiki, “zarg‘aldoq inqilobi” mavzusi 2004-2005 yillarda televidenie ekranlaridan tushmagan va 2011-2012 yillarda, ya’ni Rossiyada norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan va birinchi Maydonda mag‘lub bo‘lgan Viktor Yanukovich Ukraina prezidenti bo‘lgan paytda yana dolzarblashgan.

Zarg‘aldoq inqilobi haqida Rossiya televideniesida 2014 yilda yana faol gapira boshlashdi. O‘shanda Ukrainada hech qanday zarg‘aldoq ramzi bo‘lmagan “Qadr-qimmat inqilobi” g‘alaba qozongan edi. “Bu mavzuga qaytdik, chunki bu qulay mavzu bo‘lib, uning zamirida bir qancha misollar bor, – deydi Robert Shlegel. – Qo‘pol qilib aytganda, allaqachon ishlab chiqilgan material bor, odamlarning esa bu bilan bog‘liq qandaydir xotiralari bor, ular, aytaylik, jonlanishi mumkin.” Uning ta’kidlashicha, bu mavzu qulay, chunki u “hokimiyatga qarshi biror narsa qilishga urinayotganlarni ahmoq qilib ko‘rsatadi.”

Hokimiyat odamlarni Zarg‘aldoq inqilobining xavf-xatarlariga ishontirish uchun katta kuch sarfladi. Putin Ukrainaga ko‘zguga qaragandek qaradi va Rossiyada zarg‘aldoq stsenariysi takrorlanishidan qo‘rqdi, deydi bir nechta siyosatshunos Bi-bi-si bilan suhbatda. “Rossiyaning hozirgi rahbariyati Ukraina mavzusida juda ta’sirchan,” deb hisoblaydi siyosatshunos Chijov. “Levada-Tsentr” ma’lumotlariga ko‘ra, 2005 yildan boshlab rossiyaliklarning Ukrainaga munosabati yomonlashdi va 2009 yilda uni salbiy qabul qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil etdi. Viktor Yanukovich hokimiyatga kelishi bilan bu tendentsiya o‘zgardi. Ikkinchi Maydon esa uni yana ag‘darib tashladi, Rossiyadagi Ukraina tarafdorlari 2014 yilga kelib yana ozchilikka aylandi.

Rossiyadagi odamlar Ukrainadagiga qaraganda yomonroq yashayapmiz deb o‘ylashsa, Putin uchun eng xavflisi shu edi, deydi Marat Gelman: “Ikki davlatning umumiy o‘tmishi va umumiy tarixiy negizi bor. Shuning uchun ham Ukrainadagi vaziyatga asabiy munosabatda bo‘linadi. U yerdagi ahvol yomonligini albatta isbotlash kerak.”

Rossiya televideniesi tomoshabinlarni inqilob g‘alabasidan keyin Ukraina qulagani va AQShning mustamlakasiga aylanganiga ishontirdi, deydi siyosatshunos Chijov. Uning so‘zlariga ko‘ra, targ‘ibot juda jiddiy ravishda olib borilgan va bir daqiqa ham to‘xtamagan, 2004 yil kuzidan keyin Ukrainada sodir bo‘lgan barcha voqealarni obro‘sizlantirishga harakat qilishgan.

Rossiyaliklar, ayniqsa Ukrainada bo‘lmaganlar, u yerda hamma qashshoqlikda yashayotganiga ishonishdi – siyosatshunosning aytishicha, ba’zida rus televideniesi xodimlari ham o‘zlari yaratgan afsona haqiqatligiga ishonib qolgan. “Markaziy telekanallardan birining qizlari bu ikki soatlik nafrat ko‘rsatuvlarida ishlashgan. Ukrainada odamlar qanday yashayotganini ko‘rgani borishga qaror qilishdi. Metroda odamlar ayfonlar bilan yurganini ko‘rib, ochiqchasiga hayratda qolishdi – ular go‘yo Afrika mamlakatini eslatuvchi qandaydir mamlakatga ketayotgandek, faqat u yerda oq tanli odamlar bor deb o‘ylashgan ekan.”

“Amerikaliklar ularning yuzini ko‘kartirdi”

Putin 2004 yildagi Ukraina saylovlari uchun mas’ul bo‘lganlarning hech birini jazolamagan. Pavlovskiyning FEP tashkiloti davlat shartnomalarini olishda davom etdi, siyosatshunos o‘zi esa 2018 yilda “Meduza” bilan suhbatda 2004 yildan 2008 yilgacha bo‘lgan davrni o‘zining “Putin vasvasasi” davri deb ataydi. U NTVda “Realnaya politika” nomli targ‘ibot ko‘rsatuvini olib bordi va o‘shanda prezidentga chin dildan qoyil qolganini aytdi. Lavozimi bo‘yicha Ukraina uchun mas’ul bo‘lgan Prezident ma’muriyati rahbari Dmitriy Medvedev Zarg‘aldoq inqilobidan bir yil o‘tgach, bosh vazir o‘rinbosari, yana uch yildan keyin esa prezident bo‘ladi.

Gap Putinning mehribonligida emas. “Birinchidan, Putin o‘z xatolarini tan olmaydi, shuning uchun, agar siz Putin bilan birgalikda xato qilgan bo‘lsangiz, demak, aybdor emassiz, – deb tushuntiradi Belkovskiy. – Ikkinchidan, hammasiga AQSh aybdor, kuchga qarshi chora yo‘q. Jamoa yomon ishlamadi, shunchaki amerikaliklar shaxmat taxtasini ag‘darib yuborishdi”. Uning aytishicha, Putin xalqning yoki faol ijodkor ozchilikning siyosiy sub’ektligiga ishonmasdi.

Siyosatshunos Chijovning eslashicha, Zarg‘aldoq inqilobidan keyin Moskvadagi davra suhbatlaridan birida kimdir o‘rinli tarzda shunday degan edi: “Rossiya Ukrainada amerikaliklar ularning yuzini ko‘kartirdi deb ta’kidlayapti, aslida esa ukrainlar ularning yuzini ko‘kartirdi”.

Uning fikricha, o‘sha saylov kampaniyasida ishlagan barcha siyosiy texnologlar, jumladan, Medvedev ham, qo‘pol xato qilmaganliklarini, muammo qudratli Amerikada ekanligini isbotlashga muvaffaq bo‘lishgan.

prezident

Surat manbasi, MANDEL NGAN/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ukrainaning saylangan prezidenti Viktor Yushenkoga G‘arb yetakchilari iliq munosabatda bo‘ldi. Putin esa bu holatni o‘z hokimiyatga nisbatan tahdid o‘laroq ko‘rdi.

AQShning Ukraina saylovlariga haqiqiy ta’sirini baholashda Bi-bi-si suhbatdoshlari turlicha fikr bildirdi. Sobiq “Yagona Rossiya”chi Robert Shlegel Ukrainada ishlagan Amerika nodavlat notijorat tashkilotlari Yushenkoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsada, ovoz berish jarayonining sofligini kuzatishda va demokratik qadriyatlarni targ‘ib qilishda yordam berganini ta’kidlaydi: “Kreml nazarida ular Ukrainaning Yevropa integratsiyasi va uni Rossiyadan uzoqlashtirish uchun ishlashgan”.

Siyosatshunos Chijovning aytishicha, 2004 yilgi Ukraina saylovlarida amerikalik maslahatchilar ishlagan, G‘arb maxsus xizmatlari ham qiziqqan, ularning vakillari Kievdagi siyosatchilar bilan ochiqchasiga uchrashishgan: “Qiziqish bo‘lgan, G‘arbning ta’siri bo‘lgan, lekin men uning ta’sirini bo‘rttirmagan bo‘lardim”.

Belkovskiy esa Amerika Zarg‘aldoq inqilobini kechroq qo‘llab-quvvatladi, deb hisoblaydi: “Agar inqilob mag‘lub bo‘lganida, Amerika Yanukovichni qonuniy prezident sifatida tan olgan bo‘lardi”.

“Bu Rossiyaning ichki va tashqi siyosatida burilish nuqtasidir. Putin G‘arb o‘zgarmaydi deb tushunadi, chamasi, g‘arbliklar uni qandaydir yo‘l bilan bosib o‘tib ketmoqchi va u ularga iloji boricha qarshilik ko‘rsatmoqda,” deydi Chijov. Na Serbiyada Slobodan Miloshevichni ag‘darib tashlagan Buldozer inqilobi, na Gruziyada Eduard Shevardnadze o‘rniga Mixail Saakashvili hokimiyat tepasiga kelgan Atirgullar inqilobi Putinga Ukrainaning Zarg‘aldoq inqilobi kabi taassurot qoldirgan. Chijovning fikricha, aynan shundan so‘ng Putin G‘arbdan uzil-kesil ajraldi va har qanday huquqiy va demokratik cheklovlardan voz kechdi.

2009-2017 yillarda Barak Obama ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ben Rods bir kuni Putin Obamaga aytgan gapini eslaydi: “Siz menga nima deyishingizning ahamiyati yo‘q – hech narsa AQSh meni ag‘darishga urinmayotganiga meni ishontira olmaydi”.

2005 yildan beri Federal xavfsizlik xizmati va prezident ma’muriyati rangli inqiloblar Rossiya uchun ekzistentsial tahdid ekanligi g‘oyasini muvaffaqiyatli targ‘ib qila boshladi va o‘z hokimiyatini kengaytirishni asosiy maqsad qilib qo‘ydi, deb yozadi siyosatshunos Kirill Petrov “Russian Politics” akademik jurnalida chop etilgan maqolasida.

Muhim “zarg‘aldoq tahdidi” ko‘rinishidagi ijtimoiy tuzilma nafaqat Rossiyada voqelikni shakllantirdi, balki bu tahdidga qarshi kurashish uchun resurslarni ham yaratdi. Natijada elita guruhlaridagi ta’sir siyosatchilardan kuch ishlatuvchilarga o‘tdi. Rangli inqilobning xayoliy ekzistentsial tahdidi siyosiy raqiblarga “xavfli xoinlar” va “G‘arb qo‘g‘irchoqlari” yorliqlarini yopishtirish va shu tariqa ularni resurslardan mahrum qilishga imkon berdi.

Media tadqiqotchisi Anton Gumenskiyning fikricha, Rossiya hukumati o‘z ritorikasida shunday darajaga yetdiki, hech bir sog‘lom fikrli oddiy rossiyalik unga qarshi bo‘la olmaydi. Norozilik bildiruvchi yo sotib olingan dushman, yo sodda ahmoq. Shu bilan birga, tadqiqotchi ta’kidlashicha, soddalik – yengillashtiruvchi holat emas, vatan xavf ostida bo‘lganida sodda bo‘lish, ahmoq bo‘lish mumkin emas.

“Oddiy rossiyalik bunga qarshi bo‘lishi mumkin emas. Hozirgi Rossiya hokimiyati nuqtai nazaridan, oddiy rossiyalik o‘z irodasiga ega emas, – deb ta’kidlaydi Gumenskiy. – Bu juda katta muammo: agar o‘z irodasi bo‘lmasa, hech kim muqobil nomzod sifatida saylovga qatnasha olmaydi. Xalq orzularini ifoda etadigan nomzod bo‘lishi mumkin emas, u albatta kimningdir pulini olgan, mustaqil emas, uning ortida kimdir turadi.” 2004 yilda Yushenkoni G‘arb emas, balki ukrainlar hokimiyatga olib kelganiga Kremlda hech kim ishona olmadi

Bundan tashqari, Gumenskiyning fikricha, Rossiya hokimiyati faqat uchta markazga – o‘ziga, Xitoyga va G‘arbga iroda mavjudligini tan oladi, qolganlarni esa inkor etadi. “Shu bilan birga, G‘arb degani, albatta, jamoat arboblari emas, chunki Rossiya jamoatchilik fikriga ko‘ra, Amerika prezidentlaridan hech biri mustaqil emas. G‘arb hokimiyat markazi Amerikaning qaeridadir, lekin aniq qaerdaligini hech kim bilmaydi.”

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: