Tramp yili. Nega AQSh Rossiyani Ukraina urushini tugatishga ko‘ndirolmadi?

Tramp i Putin na fone kartы Ukrainы, razrushennogo doma i silueta cheloveka s zenitnыm pulemetom - kollaj
    • Author, Yelizaveta Foxt
    • Role, Bi-bi-si Rus xizmati
  • O'qilish vaqti: 11 daq

Donald Tramp AQShdagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganiga bir yil bo‘ldi. U saylovoldi kampaniyasi davomida tashqi siyosatdagi asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri — Ukrainadagi urushni to‘xtatish va Vladimir Putin bilan munosabatlarni yaxshilash ekanini ko‘p bor takrorlagan. Ammo bu maqsadga haligacha erisholmadi. Oylab davom etgan muzokaralar va prezidentlar o‘rtasidagi shaxsiy uchrashuvga qaramasdan, jangovar harakatlar hamon davom etayapti, Moskva bilan Vashington esa yadroviy bayonotlar berayaptilar. Nega Tramp va Putin hozircha murosaga erisha olmayaptilar?

"Quruq gap hech qanday natija bermaydi"

«Men Ukrainadagi urushni rasman lavozimimga kirishishimdan oldin tugataman. Men buni saylanganimdan keyin darhol amalga oshiraman. Men Prezident Zelenskiy bilan uchrashganman. Prezident Putinni yaxshi bilaman. Men bunga erishaman», — deb va’da bergandi Donald Tramp 2024 yil oktyabr oyida Viskonsin shtatidagi o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishida.

O‘shanda bunday balandparvoz va’dalar biror kishini hayratlantirishi dargumon edi. Saylovoldi kampaniyasi davomida Tramp Ukrainadagi qon to‘kilishni bir kun ichida to‘xtatishini ellik martadan ko‘p va’da qilgan, va ko‘pincha buni o‘z inauguratsiyasigacha amalga oshirishini qo‘shimcha qilgan.

Aloqador mavzular

Saylovdagi ishonchli g‘alabasidan so‘ng o‘tgan bir yil ichida AQSh prezidentining kayfiyati sezilarli darajada o‘zgardi. U lavozimga kirishganidan ko‘p o‘tmay, urushni 24 soat ichida hal qilish haqidagi va’dasini «majoziy ma’noda» aytganman, deya oshladi. So‘nggi haftalarga kelib esa AQSh prezidenti bu ishni amalga oshirish o‘zi o‘ylaganidan ancha murakkab ekanini tobora ko‘proq tan olayapti.

Tramp hokimiyatga kelganidan so‘ng, Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar iliqlasha boshlaganday tuyuldi. Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini boshlanganidan keyin Oq Uy va Kreml ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga kirishdi. Prezidentlik faoliyatining boshida Tramp Rossiya bilan hamkorlik qilish Ukrainaga nisbatan osonroq, deb aytdi. Tomonlar bir necha yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor iqtisodiy hamkorlik va diplomatik idoralar faoliyatini tiklash masalalarini muhokama qilishni boshladilar. Tramp va Putin muntazam ravishda telefonlaashib turdilar, avgust oyida esa yuzma-yuz Alyaskada ko‘rishdilar.

Hozircha tomonlar o‘rtasida boshlangan muloqot hozircha urushni to‘xtatish yo‘lidagi yagona (garchi juda muhim) yutuq bo‘lib qolmoqda, — deydi Bi-bi-si suhbatdoshi Endryu Pik. U shu yil yozigacha Amerika Milliy xavfsizlik kengashida Yevropa va Rossiya masalalari bo‘yicha katta direktor lavozimida ishlagan.

«Biz hali 12 oy ilgari ham mavjud bo‘lmagan formatdagi tinchlik jarayoni, qandaydir kelishuv haqida gapirayotganimizning o‘zi katta ilgari siljishning belgisidir. Tomonlar o‘z pozitsiyalari bilan bo‘lishmoqdalar, shu jumladan yozma ravishda, bu diplomatiya qanday ishlashini belgilaydigan asosiy tamoyildir», — deb ta’kidlaydi Pik.

Donald Tramp diplomatiyasining asosini, avvalo, Vladimir Putin bilan shaxsiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish tashkil etdi. Jo Bayden prezidentligi davrida Milliy xavfsizlik kengashida Rossiya bo‘yicha maslahatchi lavozimida ishlagan Erik Grinning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuvni Putin bilan ishlagan har bir AQSh prezidenti ma’lum darajada sinab ko‘rgan. Ammo Tramp uchun bu xalqaro siyosatda asosiy vositaga aylandi. So‘nggi bir yil ichida ham Rossiya, ham Amerika prezidentlari shaxsiy munosabatlarining iliqligi haqida bir necha bor gapirdilar.

Ushbu yangi yondashuvning asosiy shaxslardan biri Trampning yaqin do‘sti, Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bo‘ldi. U bir necha marta Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashdi. Har safar bunday tashriflardan so‘ng ham Oq Uy, ham Kreml tomonlar o‘zaro tushunishga yaqinlashganlarini e’lon qildilar. Trampda urushni to‘xtatishda sezilarli ilgarilash bo‘lmayotganidan kelib chiqqan asabiylik kuchaygan paytlarda keskin masalalarni yumshatishga Uitkoff muvaffaq bo‘ldi: masalan, Uitkoffning avgust oyidagi Moskvaga tashrifidan keyin AQSh Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish g‘oyasidan voz kechdi va prezidentlar sammitiga tayyorgarlikni boshladi.

Biroq bunga qaramasdan, urushni to‘xtatish yoki kamida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishish borasida tomonlar oldinga siljiy olmadilar — bu Oq Uy tanlagan inson omili bilan bog‘liq bo‘ldi.

Bi-bi-si suhbatlashgan yevropalik ikki yuqori lavozimdagi diplomat (ular anonim qolishni so‘radilar) ma’lum qilishicha, muvaffaqiyatsizlikning bir qismi Stiv Uitkoff shaxsi bilan bog‘liq. U, anglashilishicha, Moskvadan bir necha marta Vladimir Putin urush bo‘yicha yon bosishlarga tayyor degan ishonch bilan qaytgan. Bu holat ayniqsa Alyaskadagi sammit paytida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Financial Times yozishicha, Ankoridjdagi sammitda Donal Tramp Vladimir Putinga o‘t ochishni to‘xtatish evaziga sanksiyalarni yumshatish va iqtisodiy hamkorlikni taklif etgan. Oq Uy nazarida ushbu taklif Kreml uchun manfaatli bo‘lib ko‘ringan. Ammo Rossiya prezidenti bu taklifni rad etgan va Ukrainadan taslim bo‘lishni, shuningdek, Donbassdagi hali Rossiya o‘z nazoratiga ololmagan hududlarni ham topshirishni talab qilgan. Undan tashqari, Putin Trampga «tarixiy lektsiya» o‘qigan, bu esa Trampni qattiq g‘azablantirgan.

«Amerikaliklarning u yerda sodir bo‘lgan voqealardan juda hafsalalari pir bo‘ldi», — deydi Bi-bi-sining suhbatdoshlaridan biri. «O‘sha paytda kelishuvga erishib bo‘lmadi, chunki hammasi urushning Rossiya uchun mohiyati noto‘g‘ri talqin qilinganiga asoslangan edi. Va, rostini aytganda, bu holatda ayb Kremlda emas», — deydi ikkinchi suhbatdosh. «Uitkoff yevropaliklarga aytgan gaplariga qaraganda, u Moskvadan Putin unga nima taklif qilganini to‘liq tushunmasdan qaytgan», — deb qo‘shimcha qiladi u.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning fikricha, Putin Trampga "sifatsiz tovar" sotishga uringan.

«Menimcha, har qanday insonga yolg‘on gapirishsa, bu uni haqoratlaydi», — dedi Zelenskiy AQSh prezidentining kayfiyati haqida.

«Biz shunday fikrdamizki, bugungi kunda Amerika va Rossiyada urushga nisbatan umumiy tasavvur yo‘q. Va Amerika tushunib yetdi: Rossiya yolg‘on gapiryapti», — deya qo‘shimcha qildi u.

Trampning o‘zi ham endi ochiq tan olayapti: Putin bilan muloqotning o‘zi yetarli emas.

«Har safar Vladimir bilan gaplashganimda, suhbatlarimiz juda yaxshi o‘tadi. Lekin keyin ular hech narsaga olib kelmaydi», — dedi u oktyabr oxirida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilar ekan.

«Tramp ham, Putin ham, ehtimol, shaxsiy diplomatiya katta burilishga olib keladi deb o‘ylashgan. Ammo aniq bo‘ldiki, muammo muloqot yo‘qligida emas, balki urushning sabablarida ekan. Tramp uchun bu — xafalik: shaxsiy munosabatlar orqali tuzilmaga oid muammolarni hal qilib bo‘lmasligini anglash», — deya ta’kidlaydi yuqori lavozimdagi yevropalik diplomat.

Iqtibos

Surat manbasi, .

"Putinga hududlar emas, Ukraina suvereniteti kerak"

2024 yil iyul oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kollegiyasida Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish uchun o‘z talablarining to‘liq ro‘yxatini ilk bor e’lon qildi (va o‘shandan beri ohangi deyarli o‘zgargani yo‘q). Bu talablar orasida Ukrainaning besh mintaqasi ustidan Rossiya suverenitetini ularning ma’muriy chegaralari doirasida tan olish, Ukrainaning betaraf maqomini belgilash, uning armiyasini qisqartirish, rus tili maqomini mustahkamlash va G‘arb tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish kabi shartlar mavjud.

Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga Moskva faqat katta siyosiy kelishuvga erishilgandan so‘nggina rozi. Kremlning bu pozitsiyasi AQSh va Ukrainaning talablariga zid — ular esa, aksincha, katta muzokaralarga start berish uchun darhol o‘t ochishni to‘xtatishni xohlayaptilar. Alyaskadagi sammitdan keyin Tramp bu g‘oyadan qisqa muddat voz kechdi, ammo hozir yana front chizig‘idagi janglarni to‘xtatishni talab qilmoqda.

Amerika Milliy xavfsizlik kengashida Rossiya yo‘nalishini boshqargan Endryu Pikning so‘zlariga ko‘ra, haqiqiy ilgarilashga erishish uchun tomonlar uchta asosiy masala bo‘yicha kelishib olishlari kerak — bu hududlar, shuningdek urush tugagandan keyingi Ukrainadagi siyosiy va harbiy tuzilma. Hozircha bu yo‘nalishlarning hech biri bo‘yicha sezilarli ilgarilash kuzatilmayapti.

Ukraina bilan bog‘liq xalqaro aloqalarni yoritishda OAV eng katta e’tiborni ukrain hududlari muammosiga qaratadi. Tramp prezidentligi boshlanishi bilanoq Ukraina va uning ittifoqchilari AQSh ma’muriyati Kievga bosim o‘tkazib, "ko‘chmas mulk kelishuv"iga erishishga urinishi mumkinligidan xavotirga tushgan edilar. Vladimir Zelenskiy, Ukraina murosaga tayyor, ammo hech qanday hududni Rossiyaga topshirish yoki ularni Rossiyaniki deb tan olish niyatida emas, deb ta’kidlagan.

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar kontekstida hududiy masala — tomonlar pozitsiyalari biroz yaqinlashgan yagona yo‘nalish bo‘ldi. 2024 yil aprel oyida Tramp «Qrim Rossiyaniki bo‘lib qoladi», deb bayonot berdi. Oq Uyda, ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim yarim oroli ustidan Rossiya suverenitetini tan olish imkoniyati ehtimoliy kelishuv doirasida ko‘rib chiqilgan.

Biroq, Alyaskadagi sammitdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Tramp kutilmaganda Kiev Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘z hududlarini to‘liq qaytarib olishi mumkinligini aytdi. Reuters axborot agentligi yozganidek, oktyabr oyida Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Tramp Ukrainadan ma’lum hududiy almashuvga rozilik berishni talab qilgan.

Rossiya ham o‘z pozitsiyasini ma’lum darajada yumshatdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xakan Fidanning so‘zlariga ko‘ra, Kreml Xerson va Zaporojiya viloyatlarida frontni mavjud chiziqda tutishga tayyorligini bildirgan va bu hududlar ustidan to‘liq nazoratni talab qilmayapti. Ammo Donbass bo‘yicha talablar o‘zgarmagan — Rossiya hali ham bu mintaqani to‘liq o‘z nazoratiga o‘tkazishni istayapti. Fidanning aytishicha, Putin bu pozitsiyani Trampga Alyaskadagi uchrashuvda bildirgan.

PUtin i Tramp idut po krasnoy dorojke, o chem-to po-drujeski beseduya

Surat manbasi, Andrew Harnik/Getty Images

Surat tagso‘zi, Alyaskdagi sammitdan keyin Putin va Tramp uchrashuvdan ko‘ngillari to‘lganini aytdilar. Ammo aslida bu uchrashuvi diplomatik burilishga olib kelmagan, Tramp Ankorijdan hafsalasi pir bo‘lib qaytgan

Muammo shundaki, hududiy masala — Trampning tasavvurlariga zid ravishda — Rossiya uchun asosiy masala emas, — deydi Bi-bi-siga yuqori lavozimdagi yevropalik diplomat.

«Tramp yer almashinuvi yoki hudud bo‘yicha kelishuvga umid qilgan. Umuman olganda, noto‘g‘ri tushunish yuzaga kelgan — go‘yoki Putinga faqat yer kerakdek tasavvur paydo bo‘ldi», — deydi u.

«Aslida Putinga hududlar emas, balki Ukraina ustidan suverenitet kerak», — deb ta’kidlaydi diplomat.

Bi-bi-si suhbatlashgan mutaxassislar va diplomatik manbalarning fikricha, urush tugagandan keyingi Ukrainadagi siyosiy va harbiy kelajagi masalalari Kreml uchun asosiy ahamiyatga ega.

Bu mavzular — Ukraina xavfsizligi kafolatlari, qurol yetkazib berish va urushdan keyingi siyosiy tuzilma — bo‘yicha Moskva bilan Vashington o‘rtasida hozircha o‘zaro tushunishga erishilmagan.

"Ehtimoliy murosa va yon berishlar borasida ko‘plab tushunmovchiliklar yuzaga kelgani ayon. Hududlar masalasidan tashqari, xavfsizlik kafolatlari atrofida ham noaniqliklar paydo bo‘ldi — va, menimcha, Tramp ma’muriyatining ayrim vakillari Putin "muammoning ildiz sabablari" haqida gapirar ekan, u nima demoqchi ekanini to‘liq anglab yetmagan», — deydi Bi-bi-siga Erik Grin, AQSh Milliy xavfsizlik kengashida Rossiya bo‘yicha sobiq maslahatchi.

Rossiya uchun Ukrainaning kelajakdagi geosiyosiy yo‘nalishi — faqat og‘riqli masala emas, balki urush boshlanishining asosiy sabablaridan biri, — deb tushuntiradi Endryu Pik. Kreml Kievning to‘liq betaraf maqomda bo‘lishini va Ukraina armiyasining imkoniyatlarini sezilarli darajada qisqartirishni talab qilmoqda.

Ukraina rahbariyati esa bir necha bor ta’kidlagan: ular uchun asosiy ustuvor yo‘nalish — mamlakat suverenitetini ta’minlaydigan va qayta hujumning oldini oladigan to‘liq xavfsizlik kafolatlarini qo‘lga kiritishdir.

Tramp esa o‘z navbatida AQSh Ukrainaning xavfsizligiga kafillardan biri bo‘lish niyatida ekanini ta’kidlagan, NATO qurollarini Ukrainaga yetkazishni davom ettirishga rozi bo‘lgan va mojaro zonasiga tinchlikparvar kuchlar yuborish g‘oyasi muhokamasida ishtirok etgan.

«Xavfsizlik kafolatlari masalasida Rossiya 2022 yilda ham, hozir ham hech qanday qayishqoqlik ko‘rsatmayapti. Bu masaladagi qarama-qarshilik hududlar bo‘yicha kelishmovchiliklardan ham ancha katta», — deya ta’kidlaydi Endryu Pik.

Ukraina uchun "vaqt sotib olish"

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning so‘nggi bosqichi — Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitning amalga oshmay qolishi — bu tezisni eng yaqqol tasdiqlaydi.

Putin va Tramp 16 oktyabr kuni telefon orqali suhbatda bunday sammit o‘tkazish imkoniyatini muhokama qildilar — bu ularning Alyaskadagi sammitdan keyingi ilk muloqoti edi.

Oq Uy va Kreml muzokaralarga tayyorgarlikni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov zimmasiga yuklashga kelishib oldilar. Rejaga ko‘ra, ular avval telefon orqali gaplashishi, keyin esa shaxsan uchrashishlari kerak edi.

20 oktyabr kuni Lavrov va Rubio haqiqatdan ham telefon orqali muloqot qilishdi, ammo ish shu bilan yakunlandi. Bloomberg'ning ma’lum qilishicha, Rubio suhbat davomida Moskva urushni tugatish borasidagi pozitsiyasini o‘zgartirmagan degan xulosaga kelgan.

Financial Times aniqlashicha, Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbatdan ko‘p o‘tmay, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Oq Uyga memorandum yuborgan — unda o‘t ochishni to‘xtatish uchun ilgari surilgan o‘zlarining qattiq talablari takrorlangan: qo‘shimcha hududlarni topshirish, Ukraina qurolli kuchlarini qisqartirish va uning betaraf maqomini kafolatlash.

Rossiya TIVdagi manba «Kommersant» gazetasiga ma’lum qilishicha, bu hujjat prezidentlar suhbatidan oldinroq Vashingtonga yetkazilgan va Ankoridjda erishilgan «tushunish»ni aks ettirgan.

Bu mavqe’ga boshidanoq na Ukraina, na uning ittifoqchilari ko‘nadilar. Ular, AQShning yangi ma’muriyati bilan dastlabki muloqot murakkab bo‘lganiga qaramay, mana endi Oq Uy bilan samarali aloqa o‘rnata oldilar.

Tramp vstrechaet Zelenskogo na poroge Belogo doma i govorit chto-to shutlivoe. Zelenskiy sderjanno ulыbaetsya

Surat manbasi, Win McNamee/Getty Images

Surat tagso‘zi, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy yevropalik ittifoqchilari ko‘magida Oq Uydagi tortishuvdan keyin yomonlashgan Donald Tramp bilan munosabatlarini yana silliqlashtirib olishga erishdi

Tramp prezidentligining dastlabki oylari AQSh prezidenti urush taqdirini, Ukraina va uning yevropalik hamkorlarini muloqotga taklif etmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putin bilan hal qilishni istayapti, degan taassurotni uyg‘otgan edi.

Shu yil fevral oyida Volodimir Zelenskiyning Vashingtonga qilgan tashrifi chog‘ida Oq Uyda yuz bergan tortishuv esa bu xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

Moskva esa bunday vaziyatdan ochiqcha mamnun edi.

Oxirgi haftalar shuni ko‘rsatmoqda: Zelenskiy va uning ma’muriyati «Ukraina haqida Ukrainasiz hech narsa hal qilinmaydi» tamoyilini ilgari surgan holda Tramp bilan munosabatlarni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

Washington Post yozganidek, bu Kievga yaxshi munosabatda bo‘lgan Yevropa ittifoqchilari va respublikachi siyosatchilar bilan Ukrain rasmiylarining bir necha oylik hamkorlikdagi ishlarini talab qildi. Ukraina prezidenti Amerika prezidentiga ommaviy minnatdorlik bildirishni ko‘proq odat qildi. Ularning so‘nggi ochiq uchrashuvlaridagi muhitga qaraganda, bu o‘z samarasini bergan.

Bundan tashqari, Zelenskiy, Rossiya prezidentidan farqli ravishda, Oq Uyning g‘oyalariga — o‘t ochishni to‘xtatishdan tortib Putin bilan uch tomonlama sammitgacha — ma’qullash bilan munosabat bildirmoqda.

Kiev va uning yevropalik ittifoqchilari oldidagi vazifa — Vashingtonni ishontirish: Putin amaliy ravishda intilayotgan taslim bo‘lish Yevropa xavfsizligiga juda katta zarar yetkazadi va natijada Amerika manfaatlariga ham tahdid soladi.

Bi-bi-si manbalariga ko‘ra, ikki yuqori lavozimli diplomatning so‘zlariga asoslanganda, Ukraina va Yevropa yetakchilari bu masalada Trampga yaqin shaxslar — Vitse-prezident Jey Di Vens va Davlat kotibi Marko Rubio bilan muloqot o‘rnata olgan. Manbalarning aytishicha, har ikkisi Moskva urushni tugatishni xohlayotgani haqidagi bayonotlarga AQSh prezidentiga nisbatan ko‘proq shubha bilan qaraydi.

Bir diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada Tramp erta yoki kech Rossiyaning urushni tugatish bo‘yicha haqiqiy muzokaralar olib borishga tayyor emasligi va Ukraina taslim bo‘lishiga urg‘u berishi haqida mustaqil xulosaga keladi, deb umid qilishadi.

«Biz bu sodir bo‘lishini bilardik va vaqtni yutishga harakat qildik — bu ish berdi», — deydi u.

Moskva esa, o‘z navbatida, Vashington bilan tobora aniqlashib borayotgan kelishmovchiliklarda aynan Yevropani ayblamoqda.

«Yevropaliklar uxlamay, ovqatlanmay, bu ma’muriyatga bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda», — dedi Sergey Lavrov, Trampning o‘t ochishni darhol to‘xtatishga oid pozitsiyasidagi «radikal o‘zgarish»ni izohlar ekan.

Sammitlardan sanksiyalarga

Alyaskadagi sammitdan keyin o‘tgan ikki yarim oy ichida Rossiya va AQSh o‘rtasidagi aloqalar, endigina tiklana boshlaganiga qaramay, sezilarli darajada murakkablashdi.

Avvalo, Oq Uy Ukrainaga Amerikada ishlab chiqarilgan Tomahawk qanotli raketalarini berish masalasini jiddiy ko‘rib chiqdi.

Ko‘rinardiki, Rossiya vaziyatni yumshatishga erishdi.

Kreml Donald Trampga Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga ishora qildi.

Oktyabrda Volodimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi oldidan (uchrashuvda «Tomagavklar» yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilishi kutilgan edi), Putin o‘z tashabbusi bilan Tramp bilan telefon orqali suhbatlashdi — shundan so‘ng «Tomagavklar» bo‘yicha qaror kechiktirildi.

So‘nggi bir yil ichida bunday holat bir necha marta sodir bo‘ldi: AQSh prezidenti bir necha bor Rossiyaga ulimatumlar bilan tahdid qildi, biroq o‘z tahdidlarini amalga oshirmadi.

Biroz vaqt o‘tgach, Budapeshtdagi sammitning buzilgani ma’lum bo‘lganidan keyin Trampning sabri tugadi. Prezidentlikning to‘qqiz oyi ichida ilk bor AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qildi — ular Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalari «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi qaratildi.

Bu qarorni izohlar ekan, AQSh Moliya vaziri Skott Bessent shunday dedi: Oq Uyda ishonishadiki, iqtisoddagi kuchayib borayotgan muammolar Putinni muzokaralar stoliga o‘tkazishi mumkin.

«Albatta, bunday harakatlar bilan AQSh ma’muriyati Rossiya-AQSh munosabatlariga zarar yetkazmoqda», — dedi Putin ushbu sanksiyalarni izohlar ekan. Ammo u ta’kidladi: Rossiya bosim ostida siyosatini o‘zgartirmaydi.

Shundan ko‘p o‘tmay, Rossiya ikki yangi qurol turini sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi: yadroviy energetik uskunaga ega "Burevestnik" qanotli raketa va yadroviy dvigatelga ega avtonom suv osti apparati "Poseydon".Shundan keyin AQSh ham yadroviy sinovlarni qayta boshlash rejasi borligini ma’lum qildi.

Endryu Pikning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya imtiyozlarga rozi bo‘lmasa, iqtisodiy bosim — ya’ni "qamchi" — Oq Uyning Putinning pozitsiyasini o‘zgartirishga urinishdagi asosiy vositasiga aylanishi mumkin.

«Sanksiyalarning o‘zi diplomatik aloqalarni davom ettirishga to‘sqinlik qilmaydi, albatta. Lekin, agar hech qanday ilgarilash bo‘lmasa, yuqori darajadagi uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazish kerakmi-yo‘qmi, deb o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi», — deydi u.

«Menimcha, ko‘pchilik kelasi yilni Rossiya uchun iqtisodiy jihatdan hal qiluvchi deb hisoblaydi. Shuning uchun agar hech qanday imtiyozlar bo‘lmasa, Oq Uy Ukraina va Yevropa uchun "noqulay" kelishuvni imzolashga shoshilmaydi».

Lavrov stoit spinoy k kamere, Rubio govorit yemu chto-to, kasayasь rukoy yego plecha

Surat manbasi, MOHD RASFAN/AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, Bi-bi-si suhbatdoshlari taxminicha, AQSh va Rossiya diplomatik muloqotlarni davom ettiradi, ammo bu muloqotlar hozircha salmoqli ilgari siljishni va’da qilmaydi. Tomonlar hatto Sergey Lavrov va Marko Rubioning yuzma-yuz uchrashuvini kelishib ololmadilar

Bi-bi-si bilan suhbatda yuqori lavozimli diplomat shunday deydi: tinchlik jarayonidagi muammolardan biri — Rossiya tizimining passivligidir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Moskva tinchlik jarayonini ilgari surishi mumkin bo‘lgan tashabbuslarni amalda taqdim etmayapti — AQSh va Ukraina hamda uning yevropalik ittifoqchilariga qarama-qarshi ravishda.

«Shunday ekan, ko‘p narsa shunga bog‘liqki, yangi turtki bera oladigan kimdir paydo bo‘ladimi-yo‘qmi», — deydi u. — «Ammo hozirda Rossiya ko‘proq jang maydonidagi voqealarga e’tibor qaratgan».

Erik Grin ham tasdiqlaydi: hozir Kreml uchun tashqi siyosatdagi muammolar harbiy vazifalarga nisbatan ikkinchi darajali hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Vashington bilan munosabatlarda urushni hal qilishga emas, balki «transatlantik birlik»ni zaiflashtirish va Ukrainaga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlashni kamaytirishga intilayapti.

«Menimcha, tomonlar muloqotni davom ettiradi, lekin yaqin orada ilgari siljish bo‘lishiga umid yo‘q», — deya xulosa qiladi ekspert.