O‘zbekiston, Andijonni xotirlab: qirg‘in uchun javobgarlik muammosi hamon dolzarb - Video

2005 yil 13 may kuni Andijon shahridagi bosh maydonga minglab inson to‘plangandi

Surat manbasi, BBC O'zbek

Surat tagso‘zi, 2005 yil 13 may kuni Andijon shahridagi bosh maydonga minglab inson to‘plangandi
O'qilish vaqti: 5 daq

Andijon xunrezligi deb atalgan ma’shum voqealarga 20 yil to‘ldi. 2005 yil 13 mayida minglab andijonliklar shaharning bosh maydoniga to‘plandilar, o‘zlari duch kelayotgan adolatsizlik, iqtisodiy muammolari haqida gapirdilar, o‘z dardlarini hukumatga yetkazishni istadilar.

O‘zbekiston hukumati, "Akromiya" diniy oqimi hokimiyatni qurolli yo‘l bilan ag‘darib islomiy davlat barpo etmoqchi bo‘ldi, noqonuniy qurolli isyonni bostirdik, dedi.

Guvohlar, xalqaro tashkilotlar, AQSh va Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston hukumati yuzaga kelgan tahdidga nisbatan haddan ziyod nomutanosib kuch qo‘lladi, oqibatda yuzlab begunoh insonlar hayotdan ko‘z yumdilar, degan xulosaga keldilar.

O‘zbekiston hukumati Andijon hodisalarida 187 inson halok bo‘ldi, ularning aksarini islomiy qurolli jangarilar o‘ldirdi, dedi, ammo guvohlar, o‘sha kuni Andijon markazida bo‘lgan ko‘plar jurnalistlar hukumat qo‘shinlari yuk avtomobillarida kelib olomonni o‘qqa tutganlarini aytdilar.

Andijon shahri markazidan Qirg‘izistonga o‘tish uchun O‘zbek-Qirg‘iz chegarasidagi Teshiktoshgacha yetib olgan insonlarni O‘zbek harbiylari ayovsiz otib tashlaganlar.

Yuzlab qochqinlar Qirg‘iziston hududidan boshpana topdilar.

Andijonliklar kuch bilan, qarindoshlariga bosim o‘tkazish bilan O‘zbekistonga qaytarildi.

Xalqaro tashkilotlar aralashuvi bilan andijonlik qochqinlar Ruminiyaga olib chiqib ketildi.

Bunga javoban O‘zbekiston BMT Qochqinlar Komissarligining Toshkentdagi vakolatxonasini yopdi.

Prezident Islom Karimov mustaqil tekshiruv o‘tkazish talablarini rad etdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Xalqaro tashkilotlar Andijon xunrezligini Xitoyning "Tyananmen" maydonidan keyingi eng yirik qirg‘in, deb tasvirladilar.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti Human Rights Watchning ijrochi direktori Kennet Rot 2005 yil 7 iyun kuni tashkilotning qariyb bir oylik o‘rganishlari asosida quyidagicha xulosalarga kelganini aytdi:

"Birinchidan, qotilliklar miqyosi va qirg‘inning qasddan sodir etilishi buni qirg‘in deb tasniflash mumkinligini anglatadi. 13 mayda hukumat kuchlari qo‘llagan zo‘ravonlik namoyishchilarning ulkan olomoni orasida bo‘lgan nohukumat qurollilar yuzaga keltirgan tahdidning har qanday nisbatiga solishtirganda hayoddan ziyod baland bo‘ldi.

Ikkinchidan, O‘zbek hukumati taqdim etgan 13 may hodisalari tushuntirilishi butkul soxta bo‘ldi. Hukumat faqat 170 kishi o‘ldi deb da’vo qiladi, aslida yuzlab insonlar o‘ldirildilar. Hukumat qotilliklarning hammasini nohukumat qurollilar sodir etdi deb da’vo qiladi, aslida qirg‘inning aksar, aksari uchun hukumat qo‘shinlari mas’ul bo‘ldilar. Hukumat namoyishchilar hokimiyatni ag‘darish va islomiy davlat barpo etish uchun kelgandilar deb da’vo qiladi, aslida namoyishchilar hukumatni tinglash uchun yig‘ilgandilar. Olomon qarshisidagi chiqishlardan, o‘zlarini taqdim qilishlari va olomonning umidlaridan kelib chiqilsa, ularning arzlarining Islomga aloqasi yo‘q, balki ular hukumatning qatag‘onlari, suddagi biznesmenlar adolatsiz sud qilinganlari, hukumatning uquvsizligi, korruptsiya va ishsizlikdan shikoyat qilgandilar".

Andijon qirg‘ini borasida asosiy xulosalar hamon shunday qoldi.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

"Yuqori"ning buyrug‘i qotillik uchun javobgarlikdan asraydigan narsami?

AQSh va Yevropa Ittifoqi qonli hodisalarni qoraladilar, begunoh insonlar o‘limi uchun aybdor deb ko‘rilgan 12 O‘zbek hukumati rasmiysiga viza cheklovlari, O‘zbekistonga qarshi qurol-yarog‘ embargolari joriy etildi.

Hukumatdagi mas’ul shaxslarni javobgarlikka tortish chaqiriqlari yangradi.

O‘zbekiston hukumati 2020 yilga kelib tinch aholiga qarshi o‘t ochilganini tan oldi.

O‘zbekiston Bosh Prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Andijon shahrining Bobur maydonida to‘plangan va keyin tongga yaqin Qirg‘izistonga qarab qochgan tinch aholi hukumat tomonidan o‘qqa tutilganini tan oldi.

Svetlana Ortiqova aytishicha, o‘sha vaqtida tinch aholini otishga mas’ul bo‘lgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

U bu shaxslarning lavozimi va sonini ochiqlamagan.

Anlijon xunrezligidan keyingi kunlarda tashkil etilgan ikki matbuot anjumanida prezident Islom Karimov, hech kim xalqni otishga buyruq bermagan, deb aytgandi.

"Xalq ezilib ketdi, xalqning ahvoli chatoq, qayerga borishini bilmaydi va shu odamlar ko‘chaga chiqsa agar hukumat kuchlari ularga qurol uzatib, oddiy o‘zini huquqini talab qilgan odamlarni o‘ldirarkan. Qaysi aqlga sig‘adi bu, ey baraka topgurlar, aytinglar, qaysi aqlga sig‘adi?", degan Islom Karimov.

Qonli hodisalardan o‘n yil o‘tib vaziyatni Human Rights Watch shunday ta’riflagandi:

"Qirg‘indan so‘ng O‘zbekiston hukumati mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun hamma da’vatlarni rad etib, o‘sha kun tarixini qayta yozib chiqishga kirishdi. Rasmiylar namoyishlarda qatnashishda gumon qilingan va qon to‘kilishiga guvoh bo‘lgan har kimni tazyiq, hibslar va qiynoqlarga tuta boshladi. Hatto mamlakatni tark etganlarni - ularning yaqinlariga bosim o‘tkazish orqali - chet ellardan qaytarish harakatlari olib borilmoqda".

Andijon qirg‘ini bois O‘zbekistonga qarshi joriy etilgan jazo choralari uzaytirilmagani ham qoralandi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Xususan, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Kreyg Marrey G‘arbni Afg‘onistondagi harbiy hozirligida O‘zbekistonga muhtoj bo‘lgani sababidan mamlakatdagi inson haqlari buzilishiga ko‘z yumishda aybladi.

"Shubhasiz, G‘arb O‘zbekistondagi inson haqlari poymol etilishiga ko‘z yumdi. Buning birinchi sababi Afg‘oniston edi, chunki O‘zbekistonda Amerika va G‘ermaniyaning harbiy bazalari bo‘lib, Afg‘onistonda amaliyot yuritardilar. O‘zbekistonning strategik joylashuvi bois G‘arb u yerda inson haqlari toptalishini uyatsizlarcha inkor etdi", degandi sobiq elchi.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov G‘arb uchun inson huquqlari va demokratiya muhim bo‘lsa-da, AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘z iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlarini ustuvor deb ko‘rishini aytadi.

O‘zbekistonga nisbatan jazo choralari uzaytirilmagani shu bilan izohlanadi.

"Gap shundaki, G‘arb mamlakatlari tashqi siyosatida inson huquqlari masalasi muayyan o‘rinni egallaydi, lekin ustuvor masala hisoblanmaydi. Misol uchun AQSh o‘zining tashqi siyosatida uch ustuvor yo‘nalishga e’tibor berishini ochiq aytishgan, bular demokratiya va inson huquqlarini yoyish, albattaki, o‘z iqtisodiy manfaatlari va milliy xavfsizlik masalalaridir. Ular mana ustuvor yo‘nalishlar orasida muvozanat saqlashga harakat qiladilar. Ayrim vaqtlarda geosiyosiy manfaatlarga ustuvorlik beriladi. Buni biz Yevropa Ittifoqi misolida ko‘rdik. Boshida ular sanksiya qabul qildilar, keyin uzaytirilmadi. Buning sababi o‘sha geosiyosiy manfaatlar bo‘lishi mumkin. Ular O‘zbekiston hukumati bilan muloqotni yo‘qotib qo‘ymaslik, Rossiyani yana fursatdan foydalanib, O‘zbekiston ustidan nazoratni qo‘liga olishiga yo‘l bermaslik uchun qilindi. Aslida ham shunday bo‘ldi: Karimov Rossiya bilan yaqinlashdi, ODKB tashkilotiga kirish tadorigi boshlandi, lekin sanksiyalar olib tashlanganidan keyin Karimov yana o‘zining ko‘p vektorli siyosatiga qaytishning uddasidan chiqdi", deydi siyosiy tahlilchi.

2016 yili O‘zbekistonda hukumat o‘zgardi.

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin mamlakatda juda ko‘p o‘zgarishlar kuzatildi, ammo Andijon xunrezligi bilan bog‘liq juda ko‘p savollar ochiqligicha qoldi.

Andijon qirg‘iniga 20 yil to‘lishi munosabati bilan nufuzli The Diplomat veb-nashri maqola e’lon qildi.

Maqolada yozilishcha, yangi hokimiyat 2016 yildagi Karimov vafotidan so‘ng qudratga keldi, so‘nggi to‘qqiz yil mobaynida O‘zbekiston o‘zgargan bo‘lsa-da, suiste’mollar naqshi hamon saqlanib qolayapti.

Misol sifatida 2022 yil yozidagi Qoraqalpog‘istondagi qonli hodisalar tilga olinadi.

The Diplomat inson o‘limidek mudhish jinoyat uchun javobgarlik, hisobdorlik masalasini ko‘taradi.

"O‘tmishdagi inson huquqlari poymol etilishlari, xususan, 2005 yilgi Andijon xunrezligi uchun javobgarlik(hisobdorlik) yo‘qligi muammosini hal qilish joriy hukumatning ustuvor vazifalari qatoriga kirmaydi", deyiladi The Diplomatdagi maqolada.