Tramp va Putin telefonda so‘zlashdi

Surat manbasi, Getty Images
Amerika va Rossiya rahbarlarining Ukrainaga doir so‘zlashuvi nihoya topgan.
Rossiya prezidenti so‘zchisiga ko‘ra, Tramp va Putin muloqoti bir yarim soatdan ko‘proq davom etgan.
Avvalroq, Den Skavino Rossiya va AQSh prezidentlari o‘rtasidagi telefon muloqoti 14:00 GMT da boshlanganini aytgandi.
Telefon muloqoti ortidan Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning ham izoh berib, ko‘rinish berishi kutilayotir.
Tramp bundan avval Putin bilan Ukraina urushini tugatishga qaratilgan sulh shartlarini gaplashib olishga va’da bergan.
Telefon muloqoti arafasida Oq uy "tinchlikka hech qachon hozirgidek yaqin bo‘lmaganliklari"ni ham bayon qilgan.
AQSh prezidenti esa, rossiyalik hamkasbi bilan nimalarni muhokama qilib olishiga oydinlik kiritgandek bo‘lgan, ular sirasida "er", "quvvat stantsiyalari" va muayyan "hissalarni bo‘lish" masalalarini tilga olgandi.
Bi-bi-si muxbiri Sara Reynsfordning aytishicha, amerikalik mulozimlar sulh bitimiga erishilishi borasida ijobiy fikr bildirishga urinishmoqda, ammo Moskvaning ohangi o‘ta baland yangrayotir.
Britaniya Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, agar Putin tinchlik masalasida jiddiy bo‘lsa, u buni "isbotlashi" shart, ammo Rossiya prezidentining otashkesim takliflariga ko‘nishi "nishonalari" ko‘rinmayapti.
Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo‘yicha rahbari ham Ukraina bo‘yicha a’zo davlatlar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Rossiyaga "aslida ishonib bo‘lmasligi"ni bayon qilgandi.

Surat manbasi, Getty Images
Bu amaldagi AQSh prezidentining Putin bilan ilk telefon muloqoti emas, tomonlar rasman va oshkora tasdiqlagan ikkinchisi.
Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik vakolatini boshlashidan bor-yo‘g‘i besh kun o‘tib, dunyoning qator davlatlari liderlari barobarida Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan ham gaplashib olgan.
Ikki davlat liderlari Ukrainada urushni tugatishga qaratilgan muzokaralarni boshlashga kelishib olishlari ortidan Kreml bu muloqotga "ijobiy va amaliy", deya baho bergandi.
Ammo yanvar oyidagisidan farqli o‘laroq bugungi telefon muloqoti ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lmagan, ya’ni tinchlik muloqotiga bosh qo‘shgan tomonlar telefon qo‘ng‘irog‘i oldidan Tramp bilan gaplashib olish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.
Putin bugun Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi qurultoyida ham nutq so‘zlagan.
U o‘zining chiqishida G‘arbning ustunligi susayib borayotganligini aytgan.
Rossiya prezidenti matbuot voizi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin u yerga Tramp bilan telefon suhbati kutilayotgan vaqtdan yarim soat oldin yetib kelgan.
Natijada suhbat rejalashtirilganidan taxminan bir soat kechroq boshlangan.
Bu kechikishga AQSh prezidentining munosabati hozircha ma’lum emas.

Surat manbasi, .
14 mart tafsilotlari
Tramp Putin bilan "juda yaxshi" muzokaralar haqida xabar berdi

Surat manbasi, Bernd Debusmann Jr/BBC
"Kecha bizda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi va sermahsul muzokaralar bo‘ldi va nihoyat ushbu dahshatli, qonli urushni tugatishning yaxshi imkoniyati paydo bo‘ldi. LYeKIN AYNI DAQIQALARDA MINGLAB UKRAINA HARBIYLARI ROSSIYa HARBIYLARI TOMONIDAN QURShAB OLINGAN VA JUDA OG‘IR AHVOLDA QOLMOQDALAR. Men prezident Putindan ular hayotini saqlab qolishni qattiq so‘radim. Bu Ikkinchi Jahon urushidan buyon ro‘y bermagan dahshatli qirg‘in bo‘ldi. Hammani Yaratgan asrasin", deb yozdi Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘i TruthSocialda.
Bunda Prezident Tramp Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi suhbatlashdimi yoki Putinning AQSh maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan muzokarasini nazarda tutdimi, noma’lum qoldi.
Kreml Putin bilan Tramp o‘rtasida qandaydir muloqot bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergani yo‘q.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Oq Uy matbuot kotibasi Kerolayn Levitt jurnalistlarga qisqa brifing berdi.
Kerolayn Levitt so‘zlariga ko‘ra, kechagi kun "sermahsul" bo‘lgan.
Prezident Donald Tramp bugun Vladimir Putin bilan suhbatlashishni rejalashtirgani yo‘q, lekin "Putin va rossiyaliklarga to‘g‘ri ish qilishlari uchun bosim qilayapti", dedi Kerolayn Levitt.
"Kecha kun juda sermahsul bo‘ldi. Biz tinchlikka buncha yaqin bo‘lmaganmiz", dedi Oq Uy so‘zchisi.
U Tramp maxsus elchisi Stiv Uitkoff Moskvada Putin bilan so‘zlashganini tasdiqladi.
Oradan biroz vaqt o‘tib Oq Uy sermahsul muzokara deganda Tramp o‘zini emas, maxsus elchisi Uitkoffni nazarda tutganiga aniqlik kiritdi.
Rossiya xavfsizlik kengashining majlisida Prezident Putin Donald Trampning Ukraina harbiylarining hayotini asrab qolish haqidagi iltimosini ko‘rganini tasdiqladi.
"Ularga hayoti va yaxshi muomala kafolati beriladi, lekin birinchi bo‘lib Kiev ularga taslim bo‘lishga buyruq berishi kerak", dedi Putin.
Ammo Ukraina harbiy rahbariyati o‘zlarining Kursk viloyatidagi askarlari qurshov ostida emasligi haqida bayonot bilan chiqdi.
Prezident Putin aytishicha, Tramp ma’muriyati Rossiya bilan AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni qayta tiklashga harakat qilayapti.
"Qani ko‘raylik-chi", dedi Rossiya prezidenti.

Surat manbasi, Reuters
13 mart kech tunida Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSh Prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan uchrashgan.
Uitkoff Moskvaga borishi haqida ancha oldin xabar qilindi, ammo uning o‘zi yoki Amerika rasmiylari Rossiya poytaxtiga qachon borgani va qachon ketgani haqida ma’lumot bermadilar.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning jurnalistlarga bildirishicha, Kremlda kech tunda Putin va Uitkoff uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
"Rossiya tomoniga qo‘shimcha axborot taqdim qilindi. Uitkoff orqali Putin Trampga axborot va qo‘shimcha signallarni berib yubordi", dedi Kreml so‘zchisi.
Kanadada yirik yettilik tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
U oldin G8 lik deb atalar va unga Rossiya ham kirgan, Qrimni bosib olganidan keyin chiqarib yuborilgan edi.
G7 ga hozir AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Kanada va Yaponiya kiradi.
G7 ham o‘zining yakuniy bayonotida Rossiyani AQShning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga ko‘nishga chaqirdi.
Ukraina Prezidenti Zelenskiy Putin urushni to‘xtatmoqchi emas deb tanqidiy munosabat bildirdi.
"Mana hammamiz frontda sukunat o‘rnatish g‘oyasiga Rossiyadan avvaldan bashorat qilib bo‘ladigan, juda manipulyatsiya qilsa bo‘ladigan Putin so‘zlarini eshitdik - u aslida hozir rad javobini tayyorlayapti", dedi Prezident Zelenskiy.
"Putin, albatta, prezident Trampga to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushni davom ettirmoqchi ekani, ukrainlarni o‘ldirmoqchi ekanini aytishga qo‘rqadi. Shuning uchun ular, Moskvadagilar sukunat g‘oyasining oldiga mana shunaqa shartlar bilan to‘siq qo‘yib chiqishayaptiki, toki oxir-oqibatda bundan hech narsa chiqmasin yoki uzoq vaqtdan chiqsin".
"Biz murakkablashtiradigan shartlar qo‘ymaymiz. Rossiya qo‘yyapti. Biz oldin aytganimizdek, hamma narsani cho‘zadigan, eng nokonstruktiv bo‘ladigan - bu Rossiya. Ularga urush kerak.
Hozir Putinga bosim qilish kerak. Ish beradigan sanksiyalar kiritish kerak. Amerikalik sheriklarimiz bilan, yevropalik sheriklarimiz bilan, dunyoda tinchlikni istaydigan hamma bilan birga Rossiyani urushni yakunlashga majburlash bo‘yicha birga ishlaymiz", dedi Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Surat manbasi, .

Surat manbasi, .

Surat manbasi, .
"Ukraina harbiylari Kursk viloyatida qurshovda emaslar"
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi o‘zlarining Rossiyaga bostirib kirgan bo‘linmalari qurshovda qolganlari haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi to‘g‘risida bayonot tarqatdi.
Bosh shtabning Telegramdagi kanalida xabar berishicha, Kursk viloyatida janglar davom etayapti, oxirgi kecha-kunduzda katta o‘zgarish yuz bergani yo‘q.
"Ukraina Mudofaa kuchlari bo‘linmalari qayta guruhlandilar, mudofaaning yanada foydaliroq joyiga o‘tib oldilar va Kursk viloyatida o‘zlariga yuklangan vazifani bajarayaptilar. Bizning jangchilarimiz dushmanning hujumlarini qaytarayaptilar va unga hamma turdagi qurollardan samarali jangovar shikast yetkazayapti", deyiladi Ukraina harbiylari bayonotida.
Kursk viloyatida oxirgi kecha-kunduzda 13 ta jang bo‘lib o‘tgan, u yerdagi bo‘linmaning qurshovda qolish tahdidi yo‘q, deyiladi UQK bayonotida.
Ushbu bayonot AQSh prezidenti Trampning minglab Ukrain askarlari qurshovda qolganlari, Prezident Putindan ularning hayotlarini asrab qolishni so‘ragani haqidagi xabari ortidan tarqatildi.
Bir kun oldin AQSh va Ukraina tomonidan ilgari surilgan o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga ko‘nmasligining bir sababi sifatida Rossiya Prezidenti Putin Kurskdagi "to‘la qurshovda qolgan Ukrain askarlari" vaziyatini tilga olgan edi.
Alisher Usmonov singlisidan Yevropa Ittifoqi sanksiyasi olib tashlandi
Reuters va "Frans Press" axborot agentliklari xabar tarqatishicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyaga qarshi tuzish boshlangan sanksiyalar ro‘yxatidan bir necha shaxsni olib tashlagan.
Ular orasida Rossiya Sport vaziri Mixail Degtyaryov, biznesmenlar Vladimir Rashevskiy, Vyacheslav Kantor va Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova bor.
Hozir Yevropa Ittifoqining aksilrossiya sanksiya ro‘yxatiga 2000 dan ortiq odam kiritilgan.
Har yarim yilda sanksiyalar yangilab turiladi, oxirgisining muddati 15 martda tugashi kerak edi.
Vengriya sanksiya muddatini uzaytirishga veto qo‘ygan, evaziga bir necha shaxsdan sanksiyani olib tashlashni talab qilgan.
Shu taxlit Vengriya talabi qondirildi.
Yangi ro‘yxat 15 sentyabrgacha uzaytirildi.
13 mart. Putin Ukraina bilan otashkesim taklifiga ilk bor munosabat bildirdi

Surat manbasi, EPA
Vladimir Putin, ilk bor vaqtinchalik sulh taklifini izohlab, "umuman olganda" Rossiya uni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Biroq, printsipial ahamiyatga ega bo‘lgan «nyuanslar» – ya’ni, Ukraina qurolli kuchlari bu fursatdan qayta qurollanish uchun foydalanmasligiga kafolat kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Rossiya armiyasi frontda, eng avvalo Kursk viloyatida ustunlikka erishgan bu ahamiyatli.
"Biz harbiy harakatlarni to‘xtatish takliflariga rozimiz, lekin ular uzoq muddatli tinchlikka olib kelishi va inqirozning boshlang‘ich sabablarini bartaraf etishi kerak", – dedi Putin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu mojaroni tinch yo‘l bilan yakunlash g‘oyasi Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Biroq, Rossiya Ukraina armiyasi bu vaqtdan safarbarlikni davom ettirish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qurol-yarog‘ olish va hokazolar uchun foydalanmasligiga kafolatlar talab qilishini qayd etdi.
Uning fikricha, Ukraina, "joylardagi voqelikdan" kelib chiqib, "amerikaliklardan yordam so‘rashi kerak edi". Putin "Kursk viloyati to‘liq bizning nazoratimizda" degan va bu vaziyatga ta’sir qilganini aytgan. U bir kun oldin Kursk viloyatiga tashrif buyurib, Rossiya Bosh shtabi rahbarining hisobotlarini shaxsan eshitganini eslatib o‘tdi. Putinning ta’kidlashicha, "to‘liq qamalda" (Ukraina qurolli kuchlarida) "faqat ikki yo‘l qoladi: taslim bo‘lish yoki halok bo‘lish".
Shunday sharoitda, Putinning fikricha, Ukraina uchun "30 kunlik sulhga erishish juda foydali bo‘lar edi. Biz rozimiz, lekin nyuanslar bor".
"Kursk viloyatiga o‘tib qolganlar bilan nima qilish kerak? U yerdagi [ukrain harbiylariga] ukrain qo‘mondonligi taslim bo‘lish buyrug‘ini beradimi?» – dedi Putin.
Bundan tashqari, Moskva uchun harbiy harakatlarni to‘xtatish rejimiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish masalasi juda muhim ekanini Putin alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, to‘qnashuv chizig‘ining uzunligi qariyb 2000 km ni tashkil qiladi.
«O‘zi g‘oya to‘g‘ri, biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor, — dedi Putin. — Amerikalik hamkorlar bilan gaplashish kerak, ehtimol, prezident Tramp bilan telefon orqali muloqot qilib, muhokama qilish mumkin. Lekin g‘oyaning o‘zi biz tomondan qo‘llab-quvvatlanadi".
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, payshanba kuni Putin va Tramp o‘rtasida suhbat rejalashtirilmagan.
Tramp vakili otashkesim uchun Moskvada, Rossiya esa muhim shaharni qaytarib oldi

Surat manbasi, Getty Images
AQSh rasmiylari Rossiya va Ukraina o‘rtasida ehtimoliy oteshkesimni muhokama qilish uchun Moskvaga keldi. Putin yordamchisi taklif haqida qarama qarshi fikrlarni aytdi.
Prezident Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff payshanba kuni ertalab Rossiyani 30 kunlik oteshkesimga ko‘ndirish uchun keldi. Bu taklifni Ukraina AQSh bilan bo‘lgan muzokaralarda qabul qilgandi.
Putin yordamchisi Yuriy Ushakov avvaliga bu taklifni rad etdi va uni faqat Ukraina armiyasi uchun vaqtinchalik dam olish va qayta guruhlanish imkoniyati deb baholadi.
Keyinchalik u munosabatini yumshatdi va taklifni o‘zgartirish mumkinligini aytdi.
AQSh delegatsiyasining tashrifi Rossiya armiyasi Sujani qaytarib olganini da’vo qilgan paytga to‘g‘ri keldi. Bu shahar Kursk viloyatida bo‘lib, o‘tgan yili Ukraina kutilmaganda hujum qilib, uni egallagan edi.
Chorshanba kuni prezident Vladimir Putin Kurskka tashrif buyurib, harbiy qo‘mondonlar bilan uchrashdi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari hududning 86 foizini qayta nazoratga olgan va ukrain kuchlarini butkul chiqarishning so‘nggi bosqichida.
Payshanba kuni prezident maslahatchisi Ushakov vaqtinchalik oteshkesim takliflarini "Ukraina armiyasi uchun vaqtinchalik dam olishdan boshqa narsa emas" deb ta’rifladi.
"Biz uchun muhim bo‘lgan narsa – uzoq muddatli tinchlikka erishish, bu esa bizning qonuniy manfaatlarimiz va xavotirlarimizni hisobga olishi kerak. Faqatgina tinchlik harakatlarini taqlid qiladigan choralarga hech kim muhtoj emas", – dedi u Rossiya davlat televideniesida.
Ushakov, shuningdek, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi "oddiy fikr almashinuvi" tinch muhitda kechayotganini ta’kidladi.
Keyingi chiqishida u oldin bergan bayonotlarini ancha yumshatib, hujjat ustida ishlash mumkinligini bayon qildi.
"Hujjat shoshilib yozilganga o‘xshaydi. Uni qayta ishlash kerak bo‘ladi, fikrlashib, bizning ham pozitsiyamizni hisobga olish kerak. U yerda faqat Ukraina talqini ko‘rsatilgan", degan Ushakov.
Seshanba kuni Jiddada AQSh va Ukraina rasmiylari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilganidan so‘ng, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bugungi kunda Rossiyani "ijobiy" taklifni qabul qilishga ko‘ndirish AQShga bog‘liq ekanligini aytdi.
Chorshanba kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio "to‘p ularning (Rossiyaning) maydonida" ekanligini va AQSh urushni tugatishning yagona yo‘li tinch muzokaralar orqali ekanligiga ishonayotganini ta’kidladi.
Chorshanba kuni Tramp oteshkesim bo‘yicha "ijobiy xabarlar" olganini aytdi.
"Biroq ijobiy xabarning o‘zi yetarli emas", – dedi u. "Bu juda jiddiy vaziyat".
Oval kabinetda Tramp oteshkesim Rossiya uchun ahamiyat kasb etishi mumkinligini aytdi, biroq tafsilotlarga to‘xtalmasdan, "Rossiya uchun juda ko‘p salbiy tomonlar ham bor", deb qo‘shimcha qildi.
"Biz murakkab vaziyatning bir tomonini hal qildik. Deyarli hal qilindi. Shuningdek, yer va u bilan bog‘liq boshqa masalalar muhokama qilindi", – dedi Tramp. "Biz muhokama qilayotgan hududlar bor, orqaga chekinish kerakmi-yo‘qmi, shu haqda gaplashdik".
Rossiyaga bosim o‘tkazish maqsadida Tramp "moliyaviy choralar" ko‘rish mumkinligini aytdi.
"Bu Rossiya uchun juda yomon bo‘lar edi", – dedi u. "Men buni qilishni istamayman, chunki tinchlikka erishishni xohlayman".
Jiddadagi uchrashuv AQSh va Ukraina rasmiylari o‘rtasidagi birinchi uchrashuv bo‘ldi. Ungacha 28 fevralda Zelenskiy, Tramp va vitse-prezident Vans o‘rtasidagi muzokaralar tortishuvga aylanib ketgan va natijada AQShning Ukrainaga harbiy yordam hamda razvedka ma’lumotlarini berish jarayoni to‘xtatilgan edi.
Jiddadagi uchrashuvdan so‘ng to‘xtatilgan jarayon qayta tiklandi. Tramp esa "qiyin" Ukraina tomoni va Zelenskiy hozirda tinchlikka intilishini ta’kidladi.
13 mart: "To‘p Rossiyada" – Ukraina 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘ldi

Surat manbasi, Getty Images
Ukraina AQSh taklif qilgan Rossiya bilan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi ekanligini ma’lum qildi. Bu qaror Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan AQSh-Ukraina muzokaralari ortidan qabul qilindi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio taklifni Rossiyaga taqdim etishini va "to‘p ularning maydonida" ekanligini aytdi. Moskva hali bu masala bo‘yicha rasman izoh bergani yo‘q.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu "ijobiy" taklifni qabul qilishga Rossiyani ko‘ndirish AQSh zimmasiga tushishini ta’kidladi.
Seshanba kuni Jidda shahrida o‘tkazilgan muzokaralar 28 fevral kuni Oval kabinetda Zelenskiy va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy ziddiyatdan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi birinchi rasmiy uchrashuv bo‘ldi.
AQSh va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv nimani anglatadi?
Bi-bi-si muxbiri Entoni Zurker sharhi:
Buni tub burilish deb atash kerak emas, chunki barqaror tinchlikka erishish uchun hali uzoq yo‘l bor.
Biroq, seshanba kuni AQSh va Ukraina o‘rtasida Rossiya bilan urushda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani yo‘nalishning keskin o‘zgarganidan darak beradi.
Atigi bir hafta oldin, Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasidagi keskin uchrashuvdan so‘ng, AQSh Ukrainaga harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini berishni to‘xtatgandi.
Amerika va Ukraina diplomatlarining munosabatlarni yaxshilab, oldinga harakat qilish yo‘lini belgilay olgani Trampning o‘ziga xos muzokara olib borish uslubini yana bir bor tasdiqlaydi. U turli tahdidlar va haqoratlarga murosasiz bo‘lsa ham, har doim yangi muzokaralar uchun yo‘l qoldiradi.
Aslida, uning muzokara strategiyasi dag‘dag‘a va bosim o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
Biroq, ochiq tahdidlar va yon berishdan iborat bu taktika muayyan xavflarni ham keltirib chiqaradi. Bu ayniqsa oxirgi haftalarda AQSh fond bozorida investitsiyasi bor 60%dan ortiq amerikaliklar uchun yaqqol namoyon bo‘ldi.
Seshanba kuni AQShning asosiy fond indeksi yana pasayishda davom etdi. Bu Trampning Amerika qo‘shnisi va eng yirik savdo hamkori – Kanada bilan bojxona tariflariga oid kurashini yanada kuchaytirganidan so‘ng yuz berdi.
Tramp Truth Social'dagi shiddatli postida Kanadadan AQShning shimoliy shtatlariga eksport qilinadigan elektr energiyasiga qo‘yilidigan ustama rejasiga javoban temir va alyuminiyga joriy etilgan tariflarni ikki baravar oshirishini ma’lum qildi.
U yana bir bor Kanada AQSh shtatiga aylanishi "mantiqan yagona to‘g‘ri yo‘l" ekanligini ta’kidladi.
Trampning agressiv uslubi bir necha soat ichida natija berdi – Ontario bosh vaziri Dag Ford hozircha energiya ustamasidan voz kechdi. Shundan so‘ng, Tramp kelasi chorshanbada kuchga kiradigan 25%lik tarifni ikki barobar oshirish rejasidan qaytdi.
Biroq, davom etayotgan savdo bahsi AQSh fond bozorida trillionlab dollarlarni yo‘qotishga olib keldi. Shuningdek, kelasi oy Kanada va boshqa AQSh savdo hamkorlariga nisbatan yangi tariflar joriy qilinishi ehtimoli hamon saqlanib qolmoqda.
Ayni paytda, Ukraina vaqtinchalik otashkesimga rozi bo‘lganiga qaramay, AQShga kelajakda foyda keltirishi mumkin bo‘lgan yer osti boyliklari bo‘yicha kelishuv borasida to‘xtamga kelingani haqida biror alomat ko‘rinmayapti.
Tramp bu masalaga qanchalik ahamiyat berayotganini aniq bildirgan va bu kelgusida jiddiy to‘siqqa aylanishi mumkin.
Shuningdek, Rossiya 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qiladimi yoki yo‘q – bu ham hali aniq emas. Tramp jamoasi Vladimir Putinni rozi qilish uchun nimalarga tayyor ekani ham noma’lum.
Xuddi shu muzokara taktikasidan foydalanish mumkinmi? Yoki Tramp yangi usul topishiga to‘g‘ri keladimi?
Shunga qaramasdan, o‘tgan yilgi prezidentlik saylovoldi kampaniyasi davomida Trampning ko‘p marta takrorlagan uch yillik urushni tugatish va’dasi sari aniq ilgarilash ko‘zga tashlanmoqda.
U xavfli muvozanat yo‘lini tanladi – muvaffaqiyat tinchlik va farovonlik olib kelishi mumkin, ammo mag‘lubiyatning narxi yo‘qotilgan insonlar hayoti bilan o‘lchanadi.
11 mart: Rossiya: Moskvaga yalpi hujum, qurbonlar soni oshdi, parvozlar esa qayta tiklanmoqda, Ukraina nimaga ko‘nadi, Rossiya-chi?

Surat manbasi, t.me/vorobiev_live
Rossiya tomoni iddaosicha, Ukraina o‘zlariga yuzlab dron bilan zarba bergan. Bu Ukraina urushi manzarasida Moskva uchragan eng yirik hujum bo‘lishi mumkin. Rossiya dunyoning eng katta sondagi o‘zbekistonliklar mehnat muhojirligida band davlati bo‘ladi.
Saudiya Arabistonida esa, AQSh va Ukraina vakillari o‘rtasida muzokaralar boshlanganiga uch soatdan oshdi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning aytishicha, rasmiy Vashington tinchlik uchun Ukraina va Rossiya qanday yon berishlarga borishga tayyor ekanligini bilmoqchi.
Ukrainaning qisman otashkesim g‘oyasi allaqachon gap bo‘lmoqda.
Aloqador mavzular:
Yalpi dron hujumi

Surat manbasi, Getty Images
Rossiyalik mas’ullarga ko‘ra, dron hujumlari birgina Moskva va Moskva viloyatining o‘zi bilan cheklanmagan.
Ularning ma’lum qilishlaricha, yana Kursk, Bryansk, Belgorod, Ryazanь, Kaluga, Lipetsk, Oryol, Voronej va Nijniy Novgorod ham Ukrainaning o‘tgan tungi yalpi dron hujumiga uchragan.
Xabarlarga ko‘ra, yalpi dron hujumlaridan eng ko‘p Moskva viloyati ziyon chekkan, uch kishining barchasi aynan o‘sha yerda qurbon bo‘lganlar.
Ya’ni, shu soatlarda qurbonlar soni yana bitta ortib, uchtaga yetgani ma’lum bo‘lgan.
Halok bo‘lgan uchovlon ham Domodedovodagi "Miratorg" qishloq xo‘jaligi xoldingining tarqatish markazidagi avtoturargohda bo‘lishgan, ana shu xoldingda ishlashgan.
38 yoshli kompaniya qo‘riqchisi voqea joyida, yana ikki nafar 50 va 43 yoshli erkakning keyinchalik shifoxonada vafot etganliklari aytilmoqda.
Rossiya tomoni jami 330 dan ortiq dronni urib tushirganliklarini iddao qilayotir.
Moskva merining aytishicha, shahar tomon kelayotgan 74 ta dron urib tushirilgan; Moskvaning to‘rtta aeroporti parvozlarni vaqtincha to‘xtatgan.
91 ta dron esa, Moskva viloyati hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Shu soatlarda olinayotgan rasmiy xabarlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 18 kishi yaralangan, ulardan birining ahvoli og‘ir.
Yaralanganlar orasida bolalarning ham borliklari aytilayotir.
Rossiya Telegram-kanallari Ukraina dronlaridan biri Moskva yaqinida joylashgan Vidnoedagi turar-joy binosi, ikkinchisi esa, Ramenskoedagi ko‘p qavatli uyga borib urilgani haqida xabar bermoqda.
Mas’ullarga ko‘ra, "vayronalar tushgan joyda Favqulodda xizmatlar mutaxassislari ishlashmoqda.
Rosaviatsiya shu soatlarda Moskvadagi uchta aeroport – Domodedovo, Vnukovo, Jukovskiy, yana shuningdek, Nijniy Novgorod va Yaroslavldagilariga kiritilgan cheklovlarni bekor qilgan.
Rasmiy xabarda aytilishicha, Ukrainaning yalpi dron hujumlari chog‘ida 46 ta reys boshqa tomonga yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, temir yo‘l relslari shikastlangani sababli Domodedovo stantsiyasi orqali o‘tadigan ayrim poezdlar qatnovi bekor qilingan.
Shu soatlarda Rossiya Temir yo‘llari yangi ogohlantirish bilan chiqqan, poezdlar katta tanaffus bilan o‘z faoliyatini qayta boshlashini bildirgan.
O‘zbekiston Havo yo‘llari shirkati ham Moskvaning qator aeroportlarida joriy etilgan cheklovlarni hisobga olgan holda, bir qancha aviaqatnovlarini muqobil aeroportlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lgani haqida rasman ma’lum qilgan.
Shirkat o‘zining Telegram kanalida cheklovlar olib tashlanganidan so‘ng, barcha aviaqatnovlar dastlabki yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanishda davom etishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, aviakompaniyaning keyingi aviaqatnovlari jadvaliga o‘zgarishlar kiritilishi kutilayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
Yo‘lovchilarni yangiliklarini kuzatib borishga da’vat etib, tushunganlari uchun rahmat ham aytib qolgan.

Surat manbasi, Reuters
Rossiya, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar

Surat manbasi, Getty Images
Rossiya dunyoning eng katta sondagi o‘zbekistonliklar mehnat muhojirligida band davlati bo‘ladi.
Ulardan ko‘pchiligi aynan Moskva va Moskva viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Rossiyalik mas’ullar hozircha yalpi dron hujumidan jabr chekkanlarning shaxslarini ochiqlashmagan.
Ukrainaning so‘nggi yalpi dron hujumlariga Rossiya bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlarning ham munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
Ammo ularning huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi ayrim Markaziy osiyolik faollar hujum manzarasida o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi akauntlarida "ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘yib, vahimasiz odatiy hayotni davom ettirish"ga chaqirishgan.
Ular, "shunchaki xavfsizlik qoidalarini bilib, rioya qilib yurish zarar keltirmasligi"ni aytishgan.
Rossiya dunyoning O‘zbekiston bilan eng ko‘p parvozlar amalda bo‘lgan sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.
Rossiya tomonining so‘nggi iddaolariga rasmiy Kievning munosabati hozircha ma’lum emas.
Prezident Vladimir Putinning ham halicha o‘tgan tungi hujumlarga biror bir munosabat bilan chiqqani ko‘rilmaydi.
Seshanbaga o‘tar kechasi Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining navbatdagi hujumi tufayli Ukrainaning aksariyat hududlarida ham havo hujumidan ogohlik e’lon qilingan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlarining ta’kidlashicha, Rossiya bir kechada Ukrainaga hujum qilish uchun bir dona "Iskandar" ballistik raketasi va 126 ta drondan foydalangan.
Raketa va 79 ta dron urib tushirilgan, yana 35 ta dronda harbiy qurilma bo‘lmagan va ular hech qanday zarar yetkazmagani aytilmoqda.
Voqealarning so‘nggi rivoji Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasida Saudiya Arabistoni poytaxtida boshlanishi kutilayotgan muzokaralar arafasida kuzatilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva va Moskva viloyatiga dron hujumi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Qo‘mita rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning so‘zlariga ko‘ra, "terrorchilik harakati" moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Tergovchilar hodisa sabablarini, dron va portlovchi qurilmalarning turlarini, shuningdek, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashni rejalashtirmoqda.
Kiev nimaga ko‘nadi, Rossiya-chi?

Surat manbasi, Andriy Yermak/X
Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasida muzokaralar boshlanganiga uch soatdan oshdi.
Tomonlar faqat qisqa tanaffusga chiqishgan, muzokaralar haqida so‘z ketganida, jurnalistlar va jamoatchilikka birlari "ish davom etayotgani", boshqalari esa, "ketayapti", deb javob berishgan.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio avvalroq bu muzokaralar orqali rasmiy Vashington tinchlik uchun Ukraina va Rossiya qanday yon berishlarga borishga tayyor ekanligini bilmoqchi ekanini aytgandi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ar-Riyoddagi muzokaralarda Amerika tomonini AQSh Davlat kotibi va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Mayk Uoltts namoyon etmoqda.
Ukraina tarafidan esa, Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga, Mudofaa vaziri Rustem Umerov va prezident idorasi rahbari Andrey Yermaklar qatnashayotir.
Manbalarga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi muzokaralar chog‘ida rasmiy Kiev osmonda va dengizda o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qiladi.
Ukrainaning qisman otashkesim g‘oyasi allaqachon gap bo‘lmoqda.
Samolyot bortida jurnalistlar bilan suhbatda AQSh Davlat departamenti rahbari urushni tugatish uchun Rossiyani qanday shartlar qoniqtirishi borasida ham Vashingtonning ishonchi komil emasligini aytgan.
Har ikki tomon yon bermasa, o‘t ochishni to‘xtatib bo‘lmaydi va bu urush tugamaydi
Shu bilan birga, Rubio har ikki tomon ham, hududiy bo‘lsa-da, yon berishga majbur bo‘lishlari ehtimoli haqida so‘z yuritgan.
"Ruslar butun Ukrainani zabt eta olmaydi va, albatta, Ukraina uchun bu yaqin kelajakda ularni 2014 yilgi holatga qaytishga majburlash juda qiyin bo‘ladi", - deya iqtibos keltirgan "Nyu-York Tayms" nashri AQSh Davlat kotibining so‘zlaridan.
"Biz Ukrainaning mavqeini tushunishimiz va ular qanday yon berishni xohlashlari haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lishimiz kerak. Har ikki tomon yon bermasa, o‘t ochishni to‘xtatib bo‘lmaydi va bu urush tugamaydi", - deb aytgandi Rubio jurnalistlarga (Reuters axborot agentligi iqtibosi).
Prezident Donald Tramp AQSh va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida "katta oldinga siljish" bo‘lishini bayon qilgan.
Uitkoff Putin bilan uchrashadi
G‘arbdagi nufuzli Bloomberg nashri yozishicha, AQSh prezidentining vakili Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga boradi.
Stiv Uitkoff Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili bo‘ladi.
Nashr o‘zining mavzudan xabardor anonim manbalariga tayanib, tashrifning shu hafta amalga oshishi haqida bildirgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Uitkoffning safari rasmiy Vashingtonning Ukrainada sulh o‘rnatish sa’y-harakatlari doirasida amalga oshadi.
O‘tgan oy o‘rtalarida Rossiya tomonidan qo‘yib yuborilgan AQSh elchixonasining sobiq xodimi va muallim Mark Fogelni olib qaytish uchun ham Moskvaga aynan Uitkoff uchib borgan.












