Gulira’no Qosimova ishi: IIB boshlig‘i va o‘rinbosari 4 yilga qamaldi

Surat manbasi, kun.uz
IIB xodimlari uni yechintirib, do‘pposlaganini da’vo qilgan Gulira’no Qosimova ishi bo‘yicha mahkama qarori chiqdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudi Furqat tumani IIB sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jaev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovni aybdor, deb topdi va 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini berdi.
Sud majlisida qatnashgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, shuningdek, ular 3 yilga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan ham mahrum qilingan.
"Tergov va sud davrida ochiqda bo‘lgan har ikki sobiq amaldor hukm e’lon qilingach, sud zalidan qamoqqa olinib, maxsus avtomobilda vaqtincha saqlash izolyatoriga olib ketilgan", deyiladi xabarda.
Farg‘ona viloyati sudlari telegram-kanalining ma’lum qilishicha, IIB amaldorlari O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 5 moddasi bo‘yicha aybli, deb topilgan.
Ular Jinoyat kodeksining 141-3 moddasi 2-qismi "b" bandi: Shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish. Shaxs tanasining va (yoki) jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto- va (yoki) videotasvirini o‘z ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoxud bunday axborotni tarqatish bilan qo‘rqitish moddasi bilan aybdor deb topilgan.
Shuningdek, 142-modda: Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish. Turar joyga unda yashovchilarning erkiga xilof ravishda zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy bostirib kirish;
206-modda: Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish;
230-modda: Aybsiz kishini javobgarlikka tortish;
234-modda: Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish moddalarida aybli deb topilgan.
Rasmiy xabarda aytilishicha, ular tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarida o‘tattirilishi belgilandi.
Jabrlanuvchilar kelgusida ma’naviy zarar va boshqa zararlar yuzasidan tegishli hujjatlarni ilova qilgani holda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli ekanligi aytilgan.
Oldinroq Furqat tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari "Allohning oldida ham qonunning oldida ham aybimiz yo‘q", degandi.
26 noyabr: Gulira’no Qosimova ishi: IIB mas’uli munosabat bildirdi: "Biz Xudo xohlasa, Allohning oldida…"

Surat manbasi, Effect.uz/kun.uz
IIB xodimlari uni yechintirib, do‘pposlaganini da’vo qilgan Gulira’no Qosimova ishi bo‘yicha mahkamaga tortilgan Furqat tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari munosabat bildirdi.
Effect.uz nashri jurnalistlari Furqat tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari deb taqdim qilgan shaxs bilan suhbatini chop qildi.
Ismi-sharifi aytilmagan va videoda yuzi xiralashtirilgan xodim holat sud jarayonida to‘liq aksini topayotganini aytgan.
"Holat sudda to‘liq aksini topyapti. Mana ko‘rib chiqyapmiz. Biz Xudo xohlasa, Allohning oldida ham qonunning oldida ham aybimiz yo‘q. Shaxsan o‘zimning ham qo‘l ostimda ishlagan boshqa xodimlarning ham aybi yo‘q. Aybimiz yo‘qligini isbotlaymiz, mana Xudo xohlasa. Odil sudlovga ishonamiz. Adolatli qaror chiqarishini kutyapmiz".
Xodim ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organi xodimlariga qarshi qarshi fikr bildirayotganlarga holatni to‘liq o‘rganib chiqishni tavsiya qilgan.
"O‘zimning fikrim ikki tomonni aniq o‘rganib, ko‘rib, bilmay turib shu masalaning ichiga kirmay turib fikr berish, menimcha noto‘g‘ri, deb bilaman", degan u.
Effect.uz jurnalistining "Ichki ishlar tomonidan kaltaklandik, deb bekordan bekor gapirmasa kerak, shunga nima deb fikr bildirasiz?", degan savoliga bu kaltaklanganini da’vo qilayotganlarning shaxsiy fikri deb javob qaytargan.
"Endi u o‘zining shaxsiy fikri. Endi men bu bo‘yicha aniq ish hujjatlari bilan to‘liq tanishtirib, batafsil sud jarayonlarini ma’lum qilolmayman. Chunki u yerda shaxsga doir ma’lumotlar bor. Bu mening yo‘nalishim, kasbimga zidligi uchun to‘liq ma’lum qilolmayman. Lekin men tomonimdan, xodimlarim tomonidan aynan o‘sha jarayonda kimnidir sha’ni yoki qadr qimmatini toptaladigan xatti-harakatlar sodir qilinmagan. Qonunni buzmaganmiz. Adolat biz tarafda, deb bilaman", degan Furqat tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari, deb tanishtirilgan shaxs.

Nima bo‘lgandi?
Oktyabr oyi boshida Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ishlaydigan maktab direktori Gulira’no Qosimova IIB xodimlari tomonidan tahqirlanganini aytib chiqdi.
"Sochimizdan tortib, sudrab, kiyimimizni yechib, Sohib ichimga, oshqozon qismimga tepdi. 15-20 sekund nafas ololmay qoldim. Xonada faqat Tezkor qidiruv vakillari qoldi. Mendan tuhmat qilishimni talab qila boshlashdi. Meni u yerda vahshiylarcha urishdi. Sohib ismli Tezkor qidiruv vakili meni urib uchirib yuboryapti, bir metr masofadan Tohir sochimdan tortib olib kelib, kameraga qaratyapti. Yusuf videoga olyapti", degandi u.
Kun.uzga gapirgan Qosimovaning da’vo qilishicha, u Furqat tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tuman soliq inspektsiyasi boshlig‘iga qarshi uyushtirgan jinoiy tomoshasi qurboniga aylandi.
Uning aytishicha, u avariyaga uchragan turmush o‘rtog‘ining jarrohlik amaliyoti uchun qarz so‘rab joriy yil aprelida o‘z tanishi, tuman soliq idorasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning oldiga borganida, IIB sahnalashtirgan tuzoqqa tushgan. To‘satdan paydo bo‘lgan IIB tezkor xodimlari Qosimova va Abdurahmonovni urib, qip-yalang‘och qilib yechintirishgan.
«Yusuf kameraga olib turibdi, Sohib aytyapti: davay, kameraga qaraysan, soliqning boshlig‘i hozir meni mana shu yerga majburlab olib kirib, urib, jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb aytib berasan. Men hayronman, aqlim yetmayapti nega unday narsani talab qilayotganiga. Men bosh tortdim. U meni urishda davom etdi. Tohir sochimdan tortib kameraga olib kelib beryapti. Sohib boshimga uryapti, borib devorga tegib qaytib kelyapman, oyog‘imga tepyapti. «Shunday gapirib berasan», deb telefonlari bilan uryapti. «Pauza qil!» deydi, kamerani pauza qilganda, Sohib uradi», - deydi Qosimova.
34 yoshli ayolning aytishicha, uni so‘ngra Ichki ishlar boshqarmasiga olib borishgan, hamda turmush o‘rtog‘i va rahbarini olib kelib, ularni go‘yoki Qosimovaning qilmishidan ogoh qilish bilan qo‘rqitishgan.
«Gapimizga quloq solmasang eringga xotiningni ushlab oldik, deymiz deyishdi. Aytaver, ekspertiza qildirasan, haqiqatdan jinsiy aloqa qilgan bo‘lsam, bo‘ynimga qo‘yib berasan, dedim. Keyin ular noilojlikdan erimni chaqirtirishdi-da, anglashilmovchilik bo‘libdi, hammasi joyida deb qaytarib yuborishdi."
Qosimovaga uning yalang‘och holatda IIB xodimlari tomonidan olingan videolari tarqatilishi bilan tahdid qilingan.
Ayolning aytishicha, bir necha IIB xodimlari ishtirok etgan bu jinoiy amaliyot ortida Furqat tumani IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jaevning o‘zi turgan.
Tuman soliq boshlig‘i nima dedi?
18 oktyabrda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida Furqat tuman soliq inspektsiyasi sobiq boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida bevosita ishtirok etgan kun.uz nashrining yozishicha, Furqat tuman Soliq idorasining sobiq rahbari Qurbonali Abdurahmonov tuman IIB boshlig‘ining 20 ta televizor olib berish taklifini rad etgani uchun bu hodisalar ro‘y bergan.
"Mening uyimga bostirib kirishganida dastlab uyimga narkotik qo‘yib, G.Qosimovadan guvoh sifatida foydalanadi deb o‘yladim. Sababi men IIB sobiq boshlig‘i A.Xo‘jaev bilan ikki marotaba, biri paxta terimi vaqti fermer ketidan tortishganman, ikkinchisi militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topshirig‘ini rad etganimda tortishdim. O‘sha vaqt menga IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman degan edi. Ammo ikki yarim yil birga ishlab bir dasturxonda ovqatlanib, ota-onamni tanishtirib uyimda mehmon qilgan insonimdan bu daraja pastkashlikni kutmagan edim.
Men qachonki G.Qosimova ikkimizni xodimlar urib yotoqxonaga olib kirib go‘yoki «ushlab olgan»dek videoga olishganda tuzoqni tushunib yetdim. Pastki qavatga meni olib tushib ketishdi, yuqorida esa G.Qosimova bilan Sohib, Tohir, Yusuf va bir nechta xodim qolgan edi. G.Qosimovaning urma degan qichqiriqlari eshitilar edi. Meni esa yuqoriga chiqarmay ushlab turishdi. Bir necha daqiqadan so‘ng G.Qosimovani olib chiqib, bizni IIB binosiga olib kelishdi. U yerda G.Qosimova «aka, nimaga unday deyishayotganini tushunmadim, lekin xodimlar mendan sizni zo‘rladi deb ko‘rsatma berishimni talab qilyapti», dedi. Shu yerda bildimki, meni nomusga tegishda ayblamoqchi bo‘lishgan", degan Qurbonali Abdurahmonov.












