O‘zbekiston: Lo‘lilar qanday yashamoqda?

Lo‘lilar qishlog‘i

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, "Biz el qatori muammolar bir qadar arib, ro‘shnolik ko‘rib , zamonaviy sharoitlarda yashashni hohlaymiz"- deyishadi biz suhbatlashgan lo‘lilar.
    • Author, Baxtir Tursunov
    • Role, Mustaqil jurnalist, Surxondaryo
  • O'qilish vaqti: 5 daq
Лўлилар қишлоғи
bbc.com/uzbek
Biz el qatori muammolar bir qadar arib , ro‘shnolik ko‘rib , zamonaviy sharoitlarda yashashni hohlaymiz...
Zang qishlog‘ilik suhbatdoshlar
Batafsil: bbc.com/uzbek da.

Termizdan chiqib, Sherobod tarafga avtoulovda biron soatcha yurmasdan Zang qishlog‘i boshlanadi.

Zang kanali yonidagi kichikkina bu maskan lo‘lilar qishlog‘i.

Qishloqda atigi 200 nafarga yaqin odam yashaydi.

Mahalliy musulmon lo‘lilar o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab bu yerga ko‘chib kelib, o‘troqlashganlar.

Aloqador mavzular:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Odatiy qishloq

Lo‘lilar qishlog‘i

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Bu yerliklarning muammolari ham yaqin-atrofdagi yoki mamlakatdagi boshqa qishloqlar duch kelayotgan qiyinchiliklardan unchalik katta farq qilmaydi.

Zang ham O‘zbekistonning boshqa ovloq qishloqlaridan u qadar farq qilmaydi. Qishloqqa eltadigan yo‘l loy va shag‘al aralash, uzoqdan sho‘rxok yerlar oqarib ko‘rinadi.

Kiraverishda esa yosh bolalar futbol o‘ynashardi. Bolalar shovqinini hisobga olmaganda, bu go‘sha juda osuda.

Onda-sonda erkaklarga ko‘zingiz tushadi, ayollarni esa deyarli uchratmaysiz.

"Agar sahar kelganingizda katta yo‘l yoqasidagi bekatda yuzga yaqin xotin-xalaj va keksalarni uchratgan bo‘lardingiz. Ular bu vaqtdan shaharga – tilanchilikka yo‘l olishadi. Oqshom esa topgan pullari bilan uyga qaytishadi"- deydi biz yo‘lda uchratgan zanglik ilk suhbatdoshimiz.

Qishloq atrofini o‘rab turgan zovur turli chiqindi va balchiqqa to‘la.

"Bu zovur o‘n yilcha oldin tozalangandi. Buni hashar yo‘li bilan qilish qiyin. Texnika, traktor zarur. Biror zog‘ bunga hafsala qilmaydi.O‘rganib qolganmiz"- deydi qishlog‘i haqida tanishtirishga bajonidil rozi bo‘lgan Isomiddin.

O‘troqlashgan qishloq

Lo‘lilar qishlog‘i

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Zang qishlog‘i uylari odmi, somonsuvoq, uylar orasi zich emas. Biroq ular orasida bugun ko‘plab qishloqlarda uchrab turadigan yakkam-dukkam hashamatli uylar ham ko‘zga tashlanib qoladi.

"Ilgari ota-bobolarimiz ota-bobolarimiz ko‘chmanchilik hayot tarzini kechirishgan. Sekin-asta ular bir joyni vatan tutib, Zang qishlog‘ini bunyod etishgan. Hammani bir paytda bir joyda jamlash imkonsiz, lekin endi hammaning shaxsini tasdiqlaydigan hujjati bor hisobi,"- deydi 41 yashar zanglik O‘rol.

Isomiddinning aytishicha esa, avvalgi tarzni hozirgi sharoitga omuxta etib bo‘lmaydi. Shunga ham talab va takliflar uyg‘onishi zaruriyat holiga kelgan.

"Ilgari Sho‘ro paytida chegaralar yo‘qligi hamda hudud ulkan va keng bo‘lgani bois lo‘lilar u yoqdan buyoqqa emin-erkin ko‘chib yashashgan. Hozir unday emas"- deydi Isomiddin.

Lo‘lilar hali Sovet davrida ham jamiyatda kamsitib kelingan. Zanglik suhbatdoshlarimiz endilikda ahvol ancha yaxshilanayotganini aytishadi.

"Muhimi millatchilik yo‘q. Masalan, biror yumush yuzasidan rasmiy idoralarga borsangiz, iloji boricha hojatingizni chiqarishga harakat qilishadi. Kamsitishni kuzatmaysiz. Bu albatta , umumiy siyosatning iliqligi bilan bog‘liq"- deydi Isomiddin.

Zang qishlog‘i uylari odmi, somonsuvoq, uylar orasi zich emas.

Biroq ular orasida bugun ko‘plab qishloqlarda uchrab turadigan yakkam-dukkam hashamatli uylar ham ko‘zga tashlanib qoladi.

Bu yerliklarning muammolari ham yaqin-atrofdagi yoki mamlakatdagi boshqa qishloqlar duch kelayotgan qiyinchiliklardan unchalik katta farq qilmaydi.

Ular ichimlik suvini sotib olishlarini, ko‘chalar yog‘ingarchilikda loyga botishini, shu sababli hatto "Tez yordam" xodimlari ham lozim bo‘lganda qishloqqa kelishdan cho‘chishlarini bildiradilar.

"O‘zimizda tibbiy punkt ochilishini orzu qilardim"- deydi fuqarolardan biri muammolarni birma-bir sanab o‘tarkan.

"Bu uylarning egalari Rossiyaga oilasi bilan ketib, pul to‘plab, shunday uylarni qurishyapti" – deydi yangi g‘ishtin uyga ishora qilib O‘rol.

"Mana bu uy Toshkentda ishlayotganlarniki. Albatta, ular poytaxtda tilanchilik orqasidan shunday katta imoratni solishgan. Men unday joylarga bora olmayman. Rus tilini ham bilmayman. Ikki nafar farzandim va xotinimdan iborat oilamga atigi bir xonali uyni qura oldim. Buniyam termit yeb bitirgan uyning o‘rniga mablag‘ to‘plab zo‘rg‘a qurdim" - deydi O‘rol.

O‘zbekistonda keng tarqalgan qarashlarga qaramay, zanglik suhbatdoshlarimiz hamma ham shaharlarga borib tilanchilik qilmasligini aytishadi.

"Masalan, mana bu uyda Gulxumor yangamiz istiqomat qiladi. U yolg‘iz ayol, ikki qizi turmushga chiqib ketgan. Uyining ahvoli ham yaxshimas. Bunday beva ayollar, nogironlar bir qancha. O‘zimning ham turmushim bir navi, biroq tilanchilikka qo‘l urmayman. Orim keladi. Menga o‘xshagan erkaklar ko‘p. Biz fermer dalasida ishlashni ma’qul ko‘ramiz. Hamma Yaratganning bandasi"- deydi 30 yoshlar atrofidagi Asomiddin.

U bizni Gulxumor opaning uyiga yetaklaydi.

Loysuvoq, pastakkina uyda yashovchi 63 yashar suhbatdoshimiz yordamga muhtojligini yashirmaydi.

"Sizga o‘xshagan odamlarning yuztasi kelib ahvolimni ko‘rib, uyimning rasmini tushirib kelib ketishdi. Lekin bundan biror naf ko‘rmadim. Nafaqa olmayman. Hech kimga kerak emasman" - deydi Gulxumor opa.

Lekin Zangda hamma ham qiyin ahvolda emas.

Qishloqliklar har to‘rt-beshtadan bir oilada shaxsiy avtoulov borligini aytishadi. Buni ayrim uylar oldida turgan mashinalardan ham ilg‘ash mumkin.

"Levandovskiy, to‘pni oshir"

Lo‘lilar qishlog‘i

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Kelgusida kim bo‘lib yetishishni orzu qilasizlar", deya bolalarni yana savolga tutganimizda, ular barchasi deyarli chug‘urlashishib bir ovozda baralla "Futbolchi!" deb baqirishadi.
Lo‘lilar qishlog‘i

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Qishloqda maktab bormaydigan bolalar bor, aksar ayollari hanuz an’anaviy tilanchilik bilan shug‘ullanishadi…

Biz qishloq chetidagi yaydoq hududda bolalarning koptok talashib, futbol o‘ynayotganini kuzatamiz.

"Levandovskiy, to‘pni oshir", degan polyak mashhur futbolchisining ismi ishlatilgan ibora quloqqa chalinadi.

"Maktabga ham boryapsizlarmi?" deya so‘raymiz yosh futbolchilarni suhbatga tortib.

"Men ukam bilan boraman"-deydi ulardan biri.

"Men bormayman. Bormoqchi ham emasman"- deya javob beradi boshqasi.

Kelgusida kim bo‘lib yetishishni orzu qilasizlar", deya bolalarni yana savolga tutganimizda, ular barchasi deyarli chug‘urlashishib bir ovozda baralla "Futbolchi!" deb baqirishadi.

Zangni kezarkanmiz, daladan pechni yoqishga shox-shabba to‘plab kelgan bobosiga yordam berayotgan 14 yoshlar chamasidagi o‘spirindan ham maktabga borayotgani borasida so‘raymiz.

"Maktabga bormaganman va hech qachon bormayman. Mollarni boqishim kerak."

"Unda kelajakda kim bo‘lmoqchisan?".

"Hech kim"- deya bu o‘smir qisqa javob beradi u.

Yoshi katta zangliklar esa, baribir, yoshlar umuman ta’lim ko‘rmagan ota-bobolaridan farqli ekanini aytishadi.

"Men atigi bir marta o‘qishga borganman. Juda yoqqan, ammo keyin ota-onam bilan Rossiyaga ketib qolganmiz. Yosh bola holimda ko‘chalarda tilanchilik bilan shug‘ullanganman. Bunday yoshda tilanish judayam og‘ir yumush. Hozir qishloqda maktab bor. O‘qishsa, tuzukroq kasb egasi bo‘lishlari mumkin. Chunki tilanchilik qonuniy choralar natijasida ham, urf-odat sifatida ham kamayib bormoqda"- deydi 29 yoshli O‘lmas.

Zang qishlog‘ida ba’zi odatlar yo‘qolayotgan bo‘lsa-da, bu yerliklar ayrim an’analardan hamon voz kechishmagan.

Qishloqda maktab bormaydigan bolalar bor, aksar ayollari hanuz an’anaviy tilanchilik bilan shug‘ullanishadi…

Shunga qaramay, biz gaplashgan insonlar o‘z muammo va yutuqlari alohida bir millatga emas, balki butun O‘zbekistonga xos ekanligini ham aytishadi.

"Biz el qatori muammolar bir qadar arib , ro‘shnolik ko‘rib , zamonaviy sharoitlarda yashashni hohlaymiz"- deyishadi ular.

O‘zbekiston va lo‘lilar

Qisqacha ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston hudularida lo‘lilar uzoq asrlardan beri deyarli barcha viloyatlarda yashashadi. Ular o‘troqlashgan hamda Islom dinini qabul qilganlar.

Ularning hozirgi soni bo‘yicha aniq ma’lumotlar yo‘q, lekin bir necha ming bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Lo‘lilar o‘zlariga xos ayrim urf-odatlarni saqlab qolishgan, ammo aksar O‘zbek musiqalarini tinglashadi va O‘zbek hamda Tojik tillari shevalarida gaplashadilar. Bu ularning mintaqada o‘troq aholi bilan yonma-yon yashab kelishganini anglatishi mumkin.

Ayni paytda, lo‘lilarni kamsitish holatlari Osiyo va Yevropada ham keng tarqalgan bo‘li, bu holat hatto Sovet davrida ham davom etgan.