AQSh Grenlandiyani olish va harbiy kuch ishlatishni muhokama qilyapti - Oq uy bayonoti

Grenlandiya hali qazib olinmagan yirik mineral zaxiralarga boy.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Grenlandiya hali qazib olinmagan yirik mineral zaxiralarga boy.
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 2 daq

AQSh Prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani olish bo‘yicha «qator imkoniyatlar»ni muhokama qilmoqda, xususan, harbiy kuch ishlatishni ham. Bu haqida Oq uy ma’lum qildi.

BBC bilan suhbatda Oq uy NATO a’zosi bo‘lmish Daniyaning yarim-avtonom hududi hisoblanuvchi Grenlandiyani olish AQSh uchun «milliy xavfsizlik prioriteti» ekanini bildirdi.

Bu bayonotdan biroz avval Yevropa Ittifoqi rahbarlari Daniyaga o‘z dastaklarini izhor qilib qo‘shma bayonot chiqarishgan. Daniya Arktikadagi oroli masalasida Trampga qarshi chiqib kelmoqda.

Dam olish kunlarida Tramp yana AQSh xavfsizlik sabablari tufayli Grenlandiyaga "muhtoj" ekanini qaytargan. Buning ortidan Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen AQShning har qanday hujumi NATO tugatilganini anglatishini aytdi.

Seshanba kuni Oq uy quyidagi bayonotni berdi: «Prezident va uning jamoasi bu muhim tashqi siyosiy maqsad yo‘lidagi qator imkoniyatlarni muhokama qilmoqda, va albatta, Bosh qo‘mondonda AQSh armiyasini ishga solish vakolati bor."

NATO - Atlantika ummonining turli tomonida joylashgan davlatlarning harbiy guruhi bo‘lib, uning biron a’zosiga qilingan hujumda boshqa a’zolar mudofaaga qo‘shiladi.

Map: Greenland

Seshanba kuni oltita Yevropa davlati Daniyaga o‘z qo‘llab-quvvatlovini izhor qildi.

«Grenlandiya o‘z xalqiga tegishli, va faqat Daniya va Grenlandiya o‘zaro aloqalari bo‘yicha qaror ola oladilar», deyiladi Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniyaning qo‘shma bayonotida.

Ular o‘zlari ham AQSh kabi Arktikadagi xavfsizlik haqida qayg‘urishlari va bu xavfsizlikka NATO ittifoqchilari, jumladan AQSh, birgalikda erishishlari kerakligini aytishdi.

Ular, shuningdek, BMT nizomidagi tamoyillar, xususan, suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish»ga chaqirdilar.

Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nielsen bayonotni hush qarshi oldi va «o‘zaro hurmat" asosidagi muloqotga chaqirdi.

O‘tgan sentyabrda Daniya, Germaniya, Frantsiya, Shvetsiya va Norvegiya askarlari Grenlandiyada qo‘shma harbiy mashqlarni o‘tkazdi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, O‘tgan sentyabrda Daniya, Germaniya, Frantsiya, Shvetsiya va Norvegiya askarlari Grenlandiyada qo‘shma harbiy mashqlarni o‘tkazdi.

Grenlandiyaning taqdiri masalasi AQSh harbiylarining Venesuelaga bostirib kirib Prezident Nikolas Maduroni olib chiqib ketishi ortidan yana diqqat markaziga tushdi.

Dushanbada Trampning yuqori martabali maslahatchilaridan biri Stiven Miller «Grenlandiya AQShning bir qismi bo‘lishi kerakligi AQShning rasmiy mavqei» ekanligini aytdi.

CNN intervyusida undan takroran AQSh bu yo‘lda harbiy kuch ishlatish yo ishlatmasligi so‘ralganida, u "Grenlandiya kelajagi masalasida hech kim AQSh bilan jangga kirmaydi", - dedi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Grenlandiyada eriyotgan muzliklar yaqin kelajakda uning ostidagi minerallarni qazib olishni osonlashtiradi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Grenlandiyada eriyotgan muzliklar yaqin kelajakda uning ostidagi minerallarni qazib olishni osonlashtiradi.

57 ming aholiga ega Grenlandiya 1979 yildan beri keng vakolatlar bilan o‘zini boshqarib keladi, ammo mudofaa va tashqi siyosat masalalari Daniya tomonidan amalga oshiriladi.

Aksar grenlandiyaliklar qachondir Daniyadan mustaqil bo‘lishni istasalar-da, ommaviy fikr so‘rovlarida aksar ko‘pchilik AQShning bir qismi bo‘lishga qarshi ekanliklarini aytishgan.

Grenlandiyada 1941 yildan beri AQSh harbiy bazasi mavjud.

Tramp 2019 yilda, o‘zining ilk prezidentlik muddati chog‘ida ham Grenlandiyani olish istagini bildirgandi. "Aslida bu katta ko‘chmas mulk kelishuvi", degan u.

Grenlandiya yashil energiya uchun zarur bo‘lgan muhim minerallarning, jumladan, noyob yer elementlari, grafit va litiyning ulkan va asosan foydalanilmagan zaxiralariga, shuningdek, rux, oltin, temir rudasi, nikel, mis, platina guruhi metallari, titan, vanadiy va kriolit, olmos va uran kabi sanoat minerallarining yirik konlariga ega.

Erib borayotgan muzliklar bu tabiiy boyliklarning qazib olinishini osonlashtiradi.