28 yoshda yuzni torttirish? Ko‘p yoshlar plastik jarrohlikka yuzlanmoqda

Emili jarrohlik amaliyotidan keyin.

Surat manbasi, @hotgirlenhancements

Surat tagso‘zi, Emili, jarrohlik amaliyotidan keyin.
    • Author, Ruth Clegg
    • Role, Health and wellbeing reporter
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Yuz terisini ko‘tartirish – feyslifting ommalashib bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qisqa qidiruvim natijasida lentam 20 yoshlar oxiri va 30 yoshlardagi odamlarning turli xil yuz ko‘tartirish usullari – mini, poniteyl, chuqur tekislik haqidagi postlari bilan to‘ldi.

Yuz ko‘tartirishga faqat keksaygan boylar qiziqqan davrlar o‘tdi – hozir tobora ko‘proq yoshlar tig‘ ostiga borishga tayyor.

Ba’zilari operatsiyadan oldingi, keyingi va oradagi juda ko‘kargan davrdagi yuz rasmlarini, ko‘pincha juda og‘riqli tiklanish jarayonini mamnuniyat bilan namoyish qilmoqda.

Bu endi sir tutiladigan amaliyot emas. Kris Jenner, Kett Sadler va Mark Jeykobs kabi mashhurlar bu haqda ochiq gapirmoqda. Yana ko‘pchilik bunday amaliyotdan o‘tgani haqida mish-mishlar tarqalgan.

Feysliftingga ko‘pincha oxirgi chora, eng jiddiy kosmetik jarrohlik sifatida qaraladi.

Odamlar ko‘pincha aldamchi bo‘lgan onlayn dunyo "latofat"i oldida o‘ziga shu qadar ishonmay qo‘ydiki, operatsiya uchun minglab dollar to‘lashga tayyor bo‘lmoqdami?

Yoki biz botoks va fillerlar kabi nojarrohiy muolajalarni shunchalik ko‘p olganmizki, yonoq suyaklarimizdan terimizni ajratib olish, yuz to‘qimalari va yog‘larini qayta joylashtirish uzoqroq natija beradigan keyingi qadam bo‘lib tuyulmoqdami?

Jarrohlik davrida va keyin suratga olingan Emili. U bu qaroridan pushaymon emas.

Surat manbasi, @hotgirlenhancements

Surat tagso‘zi, Jarrohlik davrida va keyin suratga olingan Emili. U bu qaroridan pushaymon emas.

28 yoshida yuz ko‘tarish amaliyotidan o‘tgan Emili uchun bu natijaga tez erishish yo‘li edi – yo‘nilgan o‘tkir jag‘, baland yonoq suyaklari va ohu ko‘zlar. U Turkiyada o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti "hayotini o‘zgartirganini" va bundan afsuslanmasligini aytadi.

"Jami olti xil jarrohlik amaliyoti bittada bajarildi, – deya tushuntiradi u. – Ular orasida yuz o‘rtasini ko‘tarish, lab ko‘tarish va rinoplastika [burun plastikasi] bor edi."

Jarayonni tasvirlab, Kanadaning Toronto shahridan bo‘lgan tadbirkor ayol shunday deydi: jarroh umumiy narkoz qilib, uning sevimli qo‘shig‘ini qo‘ygan, keyin esa: "uxlab qoldim va uyg‘onganimda, qayd qildim, yangi yuz va yangi burunga ega bo‘ldim."

Tiklanish jarayoni uzoq davom etdi – og‘riq va ko‘karishlar dastlabki bir necha hafta ichida kamaya boshladi, ammo Emilining yonoqlarining ba’zi qismlarida sezgi qayta tiklanishi uchun olti oy kerak bo‘ldi.

Yana shunday qilish kerak bo‘lsa, tag‘in takrorlarmidi? U ikkilanib qoladi.

"Operatsiyadan keyin hayotimni o‘zgartirdim. Sog‘lomroqman, kamroq ichaman, terimga e’tibor beraman, yaxshi uxlayman. Agar hozirgi bilganlarimni oldindan bilganimda, ehtimol bu ishga qo‘l urmasdim.

Operatsiyadan bir-ikki kun o‘tgach aytmagunimcha, hatto onam ham bilmagan edi."

Ammo keyin to‘xtab, o‘ylanib qoladi.

"Lekin men shunchaki o‘zimning eng yaxshi versiyam bo‘lishni xohlardim, – deydi Emili, – va endi shunday bo‘ldim deb o‘ylayman."

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Britaniya Estetik Plastik Jarrohlar Assotsiatsiyasi (BEPJA) ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada so‘nggi 12 oy ichida yuz ko‘tarish holatlari 8 foizga oshgan – ular raqamlarni yosh bo‘yicha ajratmaydi, ammo ko‘plab a’zolar demografiya o‘zgarayotganini ta’kidlamoqda.

Bu dunyoning boshqa qismlarida ham kuzatilmoqda, Amerika Plastik Jarrohlar Jamiyati X avlod (45 yoshdan 60 yoshgacha) vakillari orasida yuz ko‘tarish amaliyoti ko‘payganini qayd etmoqda.

Assotsiatsiya prezidenti Nora Nyujentning fikricha, buning bir qancha sabablari bor, jumladan, ozish uchun dori-darmonlar ko‘paygani.

"Bu dorilar yordamida tez ozish ko‘p ortiqcha teri qoldiradi. Yuz ko‘tarish bunda yordam berishi mumkin, – deydi u. – Texnikalar sezilarli darajada rivojlandi – yuz ko‘tarish endi biz ko‘p yillar oldin ko‘rgan «shamol tunneli» [terining ortiqcha tortilishi natijasida haddan tashqari yuz cho‘zilishi] xavfini anglatmaydi."

Ushbu turdagi muolajalarning xavfi va asoratlari bor, masalan, gematoma rivojlanishi – teri ostida qon to‘planishi, agar davolanmasa, nekroz (atrofdagi to‘qimalar o‘limi), infektsiyalar, asab shikastlanishi va soch to‘kilishiga olib kelishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ushbu turdagi muolajalarning xavfi va asoratlari bor, masalan, gematoma rivojlanishi – teri ostida qon to‘planishi, agar davolanmasa, nekroz (atrofdagi to‘qimalar o‘limi), infektsiyalar, asab shikastlanishi va soch to‘kilishiga olib kelishi mumkin.

Biroq, yuz ko‘tarish hamon jiddiy operatsiya bo‘lib qolmoqda va uni faqat mutaxassis, litsenziyali plastik jarroh tegishli jihozlarga ega bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tgan muassasada o‘tkazishi kerak, deydi u.

Bristoldagi klinikasida plastik jarroh-maslahatchi Saymon Li yuzlab yuz ko‘tarish operatsiyalarini o‘tkazgan va menga ulardan birining videosini ko‘rsatdi.

Butun jarayon davomida mijoz uyg‘oq holatda bo‘ladi, chunki uning terisiga va ostidagi chuqur to‘qimalarga past dozadagi mahalliy og‘riqsizlantiruvchi ukol qilingan.

U mijozning yuzida bir qator kichik kesmalar qiladi, so‘ng teri ostiga, yog‘ qatlami va yuzaki yuz fastsiyasi – yuz ifodalarimizni boshqaradigan qism ostiga kirib boradi, keyin chuqur tekislikka yetib, u yerda to‘qima va mushaklarni qayta joylashtirib, yuzni qayta shakllantiradi.

U ishini tugatgach, to‘rt soat davomida jarrohlik stolida yotgan mijoz yengil tortib jilmayadi.

Janob Lining aytishicha, bu amaliyotning tobora jozibador bo‘lib borishiga sabab – yuz va bo‘yin ko‘tarish jarayoni osonlashganidir. Ilgari bu shifoxonada va umumiy narkoz ostida o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda u o‘z klinikasida yuz va bo‘yin ko‘tarish amaliyotini o‘tkazmoqda.

Uning aytishicha, bu soha uchun "qizg‘in davr" bo‘lib, rivojlanish juda tez sur’atlarda ketmoqda. Pastki jag‘ va bo‘yinga qaratilgan an’anaviy yuz ko‘tarish usuli hamon mashhur bo‘lsa-da, yuzning yuqori uchdan ikki qismiga qaratilgan yangi davolash usullari paydo bo‘lmoqda – aynan shu qismlarda qarish jarayoni boshlanadi va ertaroq seziladi.

Jarroh buni shunday izohlaydi: yuzni ko‘tarish 40 yoshdan oshganlarga mos keladi, ammo 20-30 yoshdagi odamda bunday murakkab amaliyotni o‘tkazish juda noodatiy bo‘lardi.

Ushbu turdagi muolajalarning xavfi va asoratlari bor, masalan, gematoma rivojlanishi – teri ostida qon to‘planishi, agar davolanmasa, nekroz (atrofdagi to‘qimalar o‘limi), infektsiyalar, asab shikastlanishi va soch to‘kilishiga olib kelishi mumkin.

Buyuk Britaniyada yuz ko‘tarish amaliyoti o‘rtacha 15-45 ming funt sterlingga tushadi, ammo bu muolajalarni atigi 5 ming funt sterlingga taklif qiladigan klinikalar ham bor.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, avval yaxshilab o‘rganib, so‘ng yuzni ko‘tarishga ixtisoslashgan plastik jarrohni tanlash muhim.

Oldingi rasmda u kameraga qarab, kumush yulduzli sirg‘alar va kumush zanjirli marjon taqib olgan. O‘rtadagi rasmda uning yuzida plastirlar bor va ba’zi qalam izlari hali ham ko‘rinib turibdi. Uning ko‘zlari shishgan va ko‘kargan. Uchinchi rasmda bint va plastirlarsiz ko‘rinishi. Uning uzun qora sochlari yuzining ikki tomoniga tushib turibdi.

Surat manbasi, Julia Gilando

Surat tagso‘zi, Juliyaning jarrohlik amaliyotidan oldingi va keyingi qiyofasi.

34 yoshli Juliya Gilando jag‘lari joylashuvi bilan bog‘liq muammolarga duch kelganidan so‘ng, yuzidagi nomutanosiblikni tuzatish uchun yuzni ko‘tarishga qaror qildi.

Garchi ko‘plab do‘stlari uning yuzida muammo ko‘rinmasligini aytgan bo‘lsa-da, u buni his qilardi, "ichki sezgisiga ishondi" va muolaja uchun Turkiyaga uchib ketdi, bu 8 000 dollarga (6 000 funt sterling) tushdi.

Turkiyada kosmetik jarrohlik bilan bog‘liq xavflar haqida ogohlantirishlarga qaramay, asosan narxlar arzonligi tufayli tobora ommalashib bormoqda.

"Avvaliga men bu g‘oya aqldan ozganlik deb o‘yladim, lekin o‘rganib chiqdim va uni amalga oshirishga qaror qildim, – deydi o‘zi tibbiyot xodimi bo‘lgan Gilando xonim. – Qo‘rqqan edim, begona yurtda edim, yolg‘iz edim, tilni bilmasdim.

"Operatsiyadan so‘ng ikki kun kasalxonada yotib, keyin o‘zimga o‘zim qaraydigan bo‘ldim. Shunchalik shishib ketdimki, ko‘zim ko‘rmay qoldi.

Ba’zi og‘ir damlar bo‘ldi, hissiyotlar ko‘tarilib, tushib turadi, balandlik va pastliklarni boshdan kechirasiz."

Tadqiqotchilar bunday kosmetik jarrohlik amaliyotlari sanoat reklama qilayotgandek odamlarda o‘ziga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirishiga shubha bilan qaramoqda.

"Menimcha, misli ko‘rilmagan bosim bor, – deydi G‘arbiy Angliya universiteti Tana qiyofasini o‘rganish markazi eksperti doktor Kirsti Garbett. – Ayniqsa, yuzga kelganda – biz o‘zimizni video qo‘ng‘iroqlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ramiz, o‘zimizni boshqalar bilan oson taqqoslaymiz."

U biz ko‘rayotgan narsalar voqelikning haqiqiy aksi bo‘lishi shart emasligini aytadi.

"Sun’iy intellekt, filtrlar – barchasi aldamchi onlayn dunyoni yaratishda rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, kosmetik muolajalar normal holga aylanib bormoqda."

Uning aytishicha, mashhurlarning bunday operatsiyalar haqida ko‘proq gapirishi qaysidir ma’noda yaxshi, lekin bu ularni normallashtiradi – ularni "hayotning bir qismi qilib qo‘yadi, bunisi xavotirli".

Birinchi rasmda u sarg‘ish sochlarini o‘ng tomoniga silkitib, kameraga qarab turibdi. U qizil kiyim kiygan, qulog‘ida katta oltin sirg‘a va qizil lab bo‘yog‘i bor. O‘rtadagi rasmda u boshiga bint o‘ralgan va kasalxona libosiga o‘xshagan kiyimda tasvirlangan. Uchinchi rasmda u uzun sariq sochli va marvarid marjonli och yashil ustki kiyim kiygan.

Surat manbasi, Caroline Stanbury

Surat tagso‘zi, Kerolin Stenberining yuz ko‘tarish operatsiyasidan oldingi va keyingi qiyofasi.

Dubayning haqiqiy uy bekalaridan biri, teleboshlovchi Kerolin Stenberi ikki yil oldin, 47 yoshida, juda yosh bo‘lgani uchun bunday qilmaslikni aytishganiga qaramay, yuz ko‘tarish amaliyotini o‘tkazdi.

"Bu men qilgan eng yaxshi ish edi, – deydi Kerolin. – Nega men 60 yoshga chiqquncha kutishim kerak, umidsiz bo‘lib, bunga muhtoj bo‘lgunimcha? Men hozir go‘zal ko‘rinishni va o‘zimni yaxshi his qilishni xohlayman."

20 yil davomida muntazam ravishda botoks va to‘ldiruvchilar qabul qilganidan so‘ng, u o‘zini "g‘alati ko‘rina boshlayotgandek" his qildi. U AQShda yuzni ko‘tarish uchun 45 ming dollar to‘lagan.

"Men hali ham o‘zimga o‘xshayman va bu amaliyot menga yana 20 yil davomida o‘zimni ajoyib his qilish imkonini berdi," deydi u.

Belgiyada joylashgan, butun dunyodan, shu jumladan, Buyuk Britaniyadan ham mijozlari bo‘lgan plastik jarroh Aleksis Verpaele davolanishga kelayotgan yoshlar soni ko‘payib borayotganidan xavotirda.

U ko‘pincha bu mijozlar bilan jarrohliksiz ham ma’lum bir ko‘rinishga erishish usullari haqida uzoq suhbatlashadi.

"Agar ular 20 yoshida yuz ko‘tartirsa, uning samarasi 10 yilga, boring ana, 15 yilga yetadi.

Shunday qilib, 60 yoshga to‘lganida, u uch marta shunday amaliyotni o‘tkazishi kerak," deydi De Verpaele.

"Bu bir yuz uchun juda og‘ir jarohat».