Yakkalangan Putin nega “do‘st” Qozog‘istonga keldi? Video

Surat manbasi, Akorda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga keldi. Tashrif Qozog‘iston BRIKSga qo‘shilishni rad etishi ortidan Moskva va Ostona o‘rtasidagi taranglik yanada kuchaygan bir paytda kechmoqda.
Vladimir Putin 27 noyabrь kuni Ostonaga yetib kelgan.
Aeroportda Rossiya rahbarini Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqaevning shaxsan o‘zi kutib olgan.
Akorda oliy mehmonni kutib olish marosimidan tasvirlarni ulashgan.
Kreml chorshanba kunning o‘zida yetakchilarning tor doiradagi so‘zlashuvi bo‘lib o‘tganini xabar qilgan.
Avvalroq, Qozog‘iston tomoni tashrif chog‘ida oliy darajadagi muzokaralar bilan birga 28 noyabrь kuni Qosim-Jo‘mart Toqaevning raisligida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi.
Xalqaro matbuot Putin tashrifi Moskva o‘z ta’sir doirasini oshirish va orbitasiga og‘dirish yo‘lida Qozog‘istonga bosimni kuchaytirgan bir davrda o‘tayotganiga e’tibor qaratgan.
Shuningdek, Putin kelishi arafasida har ikki prezident o‘zaro munosabatlarga bag‘ishlangan mualliflik maqolalarini e’lon qilgan.
Putin o‘z maqolasida Rossiya va Qozog‘iston munosabatlari “haqiqiy ittifoqchi xarakterida” ekanini urg‘ulagan.
Ammo bu ittifoqchilik qanchalik mustahkam va, eng muhimi, Putin aynan qanday maqsadlarni ko‘zlab Qozog‘istonga keldi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Rossiyani chetlab o‘tayotgan neftь eksporti
Qozogʻiston neft eksportining 80 foizdan oshiq qismi Rossiyadagi Kaspiy quvurlar konsorsiumi va Qora dengizdagi Rossiya portlari infratuzilmasi sharofati bilan amalga oshirilmoqda.
Kremlning ma’lum qilishicha, Putin Ostonada energetika masalalarini muhokama qiladi.
Qozog‘iston xorijga neftь eksport qilishda Rossiyaga jiddiy qaram bo‘lib, tashqariga sotilgan neftning 80 foizdan ortiq qismi yakuniy iste’molchiga shu davlat hududi orqali o‘tib yetib boradi.
Dushanba kuni Qozog‘iston neftь eksportida Rossiya hududini imkon qadar chetlab o‘tish niyatini namoyon etgan.
Qozoq parlamentida chiqish qilgan mamlakat energetika vaziri Almasadam Satkaliev rasmiy Ostona neftь eksportida Baku-Tbilisi-Jeyhan quvuri orqali Turkiyaning Jeyhan portidan foydalanish ko‘lamini keskin oshirmoqchi ekanini bildirgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘l orqali sotilayotgan neftь hajmini joriy ko‘lam — yiliga 1,5 million metr tonnadan 20 million metr tonnaga qadar oshirish ko‘zlanmoqda.
Vladimir Putinning 27 noyabrga o‘tar kechasi “Qozog‘iston haqiqati” gazetasida e’lon qilingan mualliflik maqolasida Rossiya prezidenti Qozog‘istonning neftь eksportida shimoliy qo‘shniga hanuz qaramligini alohida urg‘ulab o‘tgan.
“Qozog‘iston neftining tashqi bozorlarga eksportining 80 foizdan oshiqroq qismi Rossiya hududidan o‘tuvchi Kaspiy quvurlar konsortsiumi faoliyati va Qora dengizdagi Rossiya portlari infratuzilmasi sharofati bilan amalga oshirilmoqda”, yozgan Putin o‘z maqolasida.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov 26 noyabrь kuni jurnalistlarga Putin va Toqaev Qozog‘istonga neftь ta’minoti bo‘yicha mavjud kelishuvga oid protokolni imzolashini tilga olgan, ammo gap aynan qaysi kelishuv borasida ketayotganini ochiqlamagan.
AES
Putin o‘z maqolasida, shunindek, yadro energetikasi masalasini ham tilga olgan.
U Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi Qozog‘iston bilan birgalikda “ulkan ko‘lamli loyihalar”ni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirgan.
Shu yil oktyabrida o‘tgan referendumda qozog‘istonliklar mamlakatdagi ilk atom elektr stantsiyasi qurilishini yoqlab ovoz bergan edi.
Qozoq jamoatchiligi AES qurish g‘oyasini tanqid ostiga olib, loyihaga to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga ixtiyoriga topshirib qo‘yilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Buning ortidan Qozog‘iston hukumati AES qurilishi topshiriladigan davlat tender orqali tanlab olinishini bildirgan.
Referendum chog‘ida prezident Toqaev jurnalistlarga “miyasida biror davlat yo kompaniyani ehtimoliy pudratchi o‘laroq tanlab olmagan”i hamda pudratchi tanlash masalasi ustida eng ilg‘or texnologiyalarga ega xalqaro kompaniyalar ishlashi haqida gapirgan.
Ukraina masalasi

Surat manbasi, Kremlin.ru
Putin Qozog‘istonga Rossiya Ukrainaning NATOga a’zo davlatlar qurollarini qo‘llaganiga giper-tovushli raketa bilan javob qaytargani ortidan xalqaro siyosiy vaziyat jiddiy taranglashgan bir vaqtda kelgan.
TASS xabar agentligi 28 noyabrь kuni Qozog‘istonda o‘tuvchi KXShT sammitida Ukraina kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lishi haqida yozgan.
Qozog‘istonning Sobiq Ittifoq hududida rus tilini dastaklashni ko‘zlagan xalqaro tashkilot tuzish kabi ayrim tashabbuslari Kreml tomonidan xush qarshi olingan bo‘lsada, oxirgi yillarda rasmiy Ostona va Moskva o‘rtasida, ayniqsa, mintaqaviy xavfsizlik borasida jiddiy taranglik borligi ko‘zga tashlanadi.
Rossiya bilan 7,5 ming chaqirimdan ziyod bevosita chegaraga ega Qozog‘iston Ukraina masalasida betaraflikni saqlash bilan bir vaqtda, Rossiyaning harakatlaridan tashvishda ekaniga ham ishora qilib keladi.
Masalan, sentyabrda Toqaev Ukrainadagi ixtilofni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirgan va urushning yanada shiddatli tus olishi “butun insoniyat uchun tuzatib bo‘lmas oqibatlar”ni olib kelishidan ogohlantirgan edi.
Bundan tashqari Qozog‘iston oktyabrь oyida Rossiya istagiga zid ravishda BRIKSga qo‘shilish rejasi yo‘q ekanini ma’lum qilgan.
Bu bayonotning ertasiga Rossiya Qozog‘istondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga vaqtincha cheklov kiritgan.
Tahlilchilar Vladimir Putin Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, Misr, Efiopiya, Eron va BAAni o‘z ichiga olgan iqtisodiy blok – BRIKSni siyosat va savdoda G‘arb bilan raqobat qiluvchi ittifoqqa aylantirishni istayotganini aytadi.












