Gaz-svet, dori-darmon, kredit... - bugun O‘zbekistonda pensiya nimaga yetadi yoki "Alloh barakasini bersin", davlat "shuni ham berib turganiga shukr"mi?

O‘zbekistonlik keksa ayol

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Ayrim keksalar pensiyasini to‘g‘ri kredit qarzlarini to‘lashga yo‘naltirgani, ayrimlar esa elektr, gaz va dori-darmondan orttira olmayotgani haqida aytishdi...
    • Author, Yulduz Abdurashidova
    • Role, Mustaqil jurnalist, O‘zbekiston
  • O'qilish vaqti: 6 daq

O‘zbekistondagi aksar oilalarda keksalar voyaga yetgan farzandlari qaramog‘ida bo‘lgani sabab qariyalik nafaqasi qanchalik yetadi, degan savolga javob topish oson emas.

Bozorlarga tushar ekansiz goh limon sotib o‘tirgan yoki shippak pullayotgan keksa ayollar, arava sudrab ketayotgan yoki oshpazlik qilayotgan yoshi ulug‘ erkaklarga duch kelasiz.

Chirchiq shahri bozorida yurib, keksalar bilan suhbatlashdik: ularning ayrimlari vaqtni samarali o‘tkazish uchun farzandlariga yordam tariqasida chiqqan, ayrimlar esa ro‘zg‘or, dori-darmon va qamoqdagi o‘g‘lini ozodlikka chiqarish uchun pul topishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston: Pensiyalar nimaga yetadi yo keksalar ahvoli qanday - videomizni ham tomosha qiling.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Qariyalar va pensiyalar

Ўзбекистонлик нафақахўр
bbc.com/uzbek
Pensiyaning narxlarga juda katta ta’siri bor, hamma narsa qimmat, boshqa nima ham qilardik, tinchlik bo‘lsin deb o‘tiraveramizda bolam.
O‘zbekistonlik nafaqaxo‘r
Batafsil: bbc.com/uzbek da.

"Pensiyam bir oyga yetmaydi, yetmaganidan o‘tiribman mana. 1 mln 224 ming so‘m pensiya olaman, institutni tugatganman, turli ishlarda, masalan, kutubxonalarni tekshirib, oylik yozadigan bo‘lib ishlaganman. O‘g‘limga kreditga uy olganmiz, o‘sha o‘g‘limga yordam qilaman: ikki bolasi chala tug‘ilgan, nozik, immunitetlari past, o‘zimga shifoxonaga yotishimga yetmaydi. Mana, qiyillab, chiyillab, qishi bilan yo‘talsam ham dori ichib, mana shu yerda o‘tirdim. Birovdan qarz so‘rasangiz, ertaga eshik taqillatadi, "ber" deydi"- deydi bozorda yerga tovarini qo‘yib sotayotgan, o‘zini Karima opa deya tanishtirgan ayol.

O‘zbekistonda 2025 yil 1 mart holatiga pensiya tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan nafaqa oluvchilar soni 712 ming 618 nafarni tashkil etib, joriy yilning boshiga nisbatan 15 ming 465 nafarga ko‘paygan.

Men suhbatda bo‘lgan ayrim keksalar pensiyasini to‘g‘ri kredit qarzlarini to‘lashga yo‘naltirgani, ayrimlar esa elektr, gaz va dori-darmondan orttira olmayotgani haqida so‘zlab berdi. Kilolab limon olib, donalab sotayotgan ayol narsalar sal arzonroq bo‘lishini istashini, pensiyasi oshgani bilan narx-navo ham oshishini aytdi.

"Pensiya kam bo‘ladi-ku, bir oyga yetmaydi. Pensiyaga asosan dori-darmon olaman, davolanaman. Pensiyaga maktabda ishlab chiqqanman, hozir kilolab limon olib, donalab sotaman. Qayerdan yetadi, baribir yetmaydi, kam-ku, bolam. Sal narsalar arzonroq bo‘lsa-da, qimmat-ku hamma narsa, arzonroq bo‘lsa-da bolam. Pensiyaning narxlarga juda katta ta’siri bor, hamma narsa qimmat, boshqa nima ham qilardik, tinchlik bo‘lsin deb o‘tiraveramizda bolam", deydi yo‘lning burchagidagi daraxt ostiga joylashib, savdo qilayotgan pensioner ayol.

60 dan oshgan, bozorga kirish yo‘lida u-bu narsa sotib o‘tiradigan ayol kam oylikli ishda ishlagani bois bugun pensiya ham kamroq olishini, lekin bundan nolimasligini aytdi. U ham o‘z nafaqa pullarini ro‘zg‘or tashvishlariga ishlatishini, yetmaganini qoplash uchun savdoga chiqishini, pensiya kamligi uni tashvishlantirmasligini so‘zlab berdi.

"Bizning paytimizda oyligim kam bo‘lgan, Allohga shukr sekin-sekin davlatimiz qo‘shib boryaptilar, qo‘shilsa yaxshi bo‘lib ketadi, dodalarimiz xizmat qilyapti, pensiyalarimizga ham shu aprelda qo‘shiladi degan gap bor. Qo‘shilsa yaxshi bo‘lib ketadi. 750 ming so‘m pensiya olaman, Alloh barakasini bersin, uni ro‘zg‘or mahsulotariga sarflayman. O‘zim savdo qilaman, pensiyam kam bo‘lsa bo‘laversin" - dedi bir chekkadagi temir panjara yonida o‘tirgan ayol.

Bu ayol kabi aprel oyidan pensiyalar oshishiga ishonadiganlar kam emas, chunki ushbu oydan boshlab energota’riflar keskin oshishi aytilgani, O‘zbekiston prezidenti keyin uni may oyiga qadar kechiktirishga qaror qilgan.

Odatda, tovarlar va xizmatlar qimmatlashganda (masalan, ta’riflar oshganda) odamlarning daromadi ham shunga mos ravishda ko‘tarilishi kerak bo‘ladi.

Shunda ularning sotib olish qobiliyati saqlanib qoladi.

Biroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi mart va avgust oylarida ish haqi, pensiya hamda nafaqalarning oshishi haqidagi xabarlarni inkor etdi va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Oshayotgan pensiyalar va savollar

O‘zbekistonlik nafaqaxo‘r

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Mamlakatda hamon yo qariganda daromad keltiradigan biron ish-mashg‘ulotni rejalash va unga sarmoya kiritish, yoki farzand o‘stirib, ularning rohatini ko‘rib, ota-onalik gashtini surish an’anasi keng tarqalgan.

"Muvofiq darajada indeksaktsiya bo‘ladimi? Indeksatsiya 1 apreldanmi yo o‘tgan yilgidek yil oxiridami? Ijtimoiy toifalar bu yil ham yana bir marta aldanganlarini his etadilarmi?" - deya savol bermoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.

Iqtisodchi ta’riflar bahorda oshirilgan bo‘lishiga qaramasdan, pensiya, ish haqi va maoshlarning kuzda oshirilganiga e’tibor qaratdi.

"O‘tgan yili ta’riflar maydan karrasiga oshgan bo‘lsada, ish haqi va pensiyalar indeksatsiyasi sentyabr-oktyabrga borib amalga oshirildi. Natijada eng kam daromadli o‘qituvchi va doktorlardan tortib pensioner va nafaqaxo‘rlargacha keng va chuqur ijtimoiy toifalar o‘zini aldangandek, yutqazgandek his qildi. Bu yil ham yana shunday manipulyatsiya yuz beradimi? Yana ta’riflarni keskin oshirib, maoshlar va pensiyalarni indeksatsiyalashni kuzgacha kechiktirishadimi? Afsuski, bu savollarga yana javob yo‘q" - deya yozib qoldirgan Otabek Bakirov.

O‘zbekistonga mehnatga layoqatli yoshlar soni katta. Shu qatorda oxirgi yillar davomida tug‘ilish hisobiga aholi o‘sishi ham kuzatilib kelgan. Biroq mamlakatda ishsizlik ham baland. Ko‘pchilik kundalik ishlar yoki chet ellarda mehnat qiladi.

"Biz-ku pensiyadamiz, bolalarimiz qariganda nima qilishadi, hayronman, davlat ishida ishlamasa, xususiylarning hammasi ham nafaqa uchun staj yozib berishmaydi" - deydi bozorlik qilib yurgan ayol. Aholining pensiya jamg‘armasiga hissa qo‘shib, keksalik uchun nafaqa yig‘ish tartiblari yo‘lga qo‘yilgan. Biroq bu hali u qadar ommalashmagan.

Mamlakatda hamon yo qariganda daromad keltiradigan biron ish-mashg‘ulotni rejalash va unga sarmoya kiritish, yoki farzand o‘stirib, ularning rohatini ko‘rib, ota-onalik gashtini surish an’anasi keng tarqalgan.

Samarqandlik 70 dan oshgan yana bir suhbatdoshimiz ham pensiyasini o‘zining bordi-keldisi, sanatoriyalarda davolanishi, nabiralariga u-bu narsa sovg‘a qilishga sarflashini aytadi. So‘zlariga ko‘ra, qizlari vaqti-vaqti bilan pul berib turishadi, birga yashaydigan o‘g‘li ro‘zg‘or xarajatlari uchun har doim ham onasini bezovta qilmaydi. Sanatoriyga yo‘llanmani davlat sovg‘a qiladi.

"Bir necha yildan beri sanatoriyalarga borishim an’anaviy holga aylangan, Allohga shukr. Hamon uy ishlarida kelinimga qarashaman, ular ishda vaqtlari ovqatlarni o‘zim qilib qo‘yaveraman", deydi u.

"Men oddiy uy bekasi va onlayn ishchiman, 1,5 yosh farzandimga bola puli to‘g‘irlash uchun ko‘p xarakat qildik, natijasi bo‘lmadi, o‘zini-o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatda turishim kerak ekan, uning ham o‘ziga yarasha xarajatlari bor emish. Tasavvur qiling, necha yil pol yuvgan ayollar 700 ming atrofida pensiya olgandan so‘ng, men soliq to‘lab qanchagina olardim. Hali qariganimda nafaqa olaman desam bola puli to‘g‘irlashdan ham ko‘proq yugursam kerak" - deydi 24 yoshli Yulduz.

Yangicha pensiyalar

O‘zbekistonlik nafaqaxo‘r

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Surat tagso‘zi, "750 ming so‘m pensiya olaman, Alloh barakasini bersin, uni ro‘zg‘or mahsulotariga sarflayman. O‘zim savdo qilaman, pensiyam kam bo‘lsa bo‘laversin", - deydi bu suhbatdoshimiz.

2025 yil 1 martdan boshlab yoshga doir pensiya yoshiga yetgan odamlarga davlat avtomatik ravishda (proaktiv tarzda) pensiya tayinlamoqda, bunda fuqarodan alohida ariza yoki murojaat talab etilmaydi.

Shu bilan birga O‘zbekistonda pensionerlar uchun bir qancha imtiyozlar mavjud, xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi, sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi.

Bundan tashqari, keksalarning sport bilan shug‘ullanishi, muzeylarga borishi yoki kitob o‘qishi uchun ham imtiyozlar bor. Ammo qariya insonlar bu imtiyozlardan har doim ham foydalanishmaydi.

Bozor kezib keksalarning gaplarini tinglarkanman norozi kayfiyatda yo‘l bo‘yida turshak sotib o‘tirgan ayolning hikoyasiga ham quloq tutgim keldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol hali nafaqaga chiqmagan, biroq turmush o‘rtog‘i pensioner.

"Xo‘jayinim oddiy ishchi bo‘lib pensiyaga chiqqan, yetmaydi pensiyasi hech nimaga. Hech kimniki yetmaydi. Mana qishni chillasidayam ko‘chada turshak sotib o‘tiramiz, agarot qilamiz. Pensiya pulini esa svet-gazga sarflaymiz, tamom"- deydi u.

Bozordagi suhbatlardan anglashiladiki, elektr energiyasi va gaz ta’riflarining oshgani o‘zi shundoq ham pensiyasi kredit qarzlarni yopishga ketayotgan keksalar uchun yana bir zarba bo‘lgan.

Ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan bir kishi pensiya xarajatlardan ortib, dori-darmoniga yetmay qolayotganini aytib berdi: "Ikki og‘iz gapirsang borib qamab qo‘yishadi, ammo mana davolana olmay yuribman-ku" - dedi erkak hafsalasiz ohangda.

Boshqa bir erkakning aytishicha, pensiyaning o‘zi normal yashash uchun yetmaydi, "shuni davlat berib turganigayam shukr qilamiz, beryapti, hech qursa go‘sht olyapmiz, bermasa nima qilardik" - dedi pensioner erkak.

"Yaqinda vafot etgan bobom doim yurak kasalliklaridan aziyat chekardi, davolanar, turli dorilar sotib olardi. Bir kun poliklinikadagilarga baqirgandi: "Bepul dorilar berilishi kerak emasmi bizga, qani dorilar" - deb. O‘shanda shifoxona 2-3 xil tabletka bergandi bepulga", deya xotiralari bilan bo‘lishdi suhbatdoshlarimdan biri Aziz.