Rossiyaning "go‘sht qiymalagich" taktikasi frontga g‘alaba nafasini olib kirdimi?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Pol Adams
- Role, BBC, Kiev
- O'qilish vaqti: 3 daq
2024 yil yakuniga yetib, qish kirib kelar ekan, Rossiya kuchlari ukrainalik raqiblarini ortga qaytarishda davom etmoqda.
Umuman olganda, Rossiya sharqiy Ukrainada va o‘zining g‘arbiy Kursk hududida taxminan 2,350 kvadrat kilometr (907 kvadrat milya) hududni egallab oldi.
Ammo bularning barchasi juda katta insoniy yo‘qotishlar evaziga yuz bermoqda.
Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, noyabrь oyida Rossiya 45,680 ta askarini yo‘qotgan. Bu 2022-yil fevral oyida boshlangan to‘liq bosqindan beri bir oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
So‘nggi Britaniya Mudofaa razvedkasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya jang maydonida kuniga o‘rtacha 1,523 kishini yo‘qotmoqda. Ba’zilari yaralangan, ba’zilari esa vafot etgan.
Birgina 28-noyabrь kunida Rossiya 2,000 dan ortiq askar yo‘qotgan. Rossiya urush boshidan beri hali biron marta bu kabi holatni boshdan kechirmagan edi.
"Biz ruslarning asta-sekin olg‘a siljiyotganini ko‘rib turibmiz", deydi ismi sir saqlanishini istaydigan mansabdorlardan biri. "Ammo bu juda katta yo‘qotishlar evaziga yuz bermoqda."
Rasmiylarning aytishicha, yo‘qotishlar haqidagi raqamlar ochiq manbalarda mavjud ma’lumotlarga asoslangan. Shu bilan birga, ba’zi holatlarda maxfiy ma’lumotlar bilan solishtirilgan.
Vashingtondagi Urushni o‘rganish instituti (UO‘I) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kuzgi hujumlari davomida umumiy hisobda taxminan 125,800 nafar askarini yo‘qotgan.
UO‘Ining ta’kidlashicha, Rossiyaning "go‘sht qiymalagich" taktikasiga ko‘ra, Moskva har bir egallangan kvadrat kilometr uchun 50 dan ortiq askarini boy bermoqda.

Surat manbasi, EPA-EFE/REX/Shutterstock
Ukrainada harbiy yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmaydi. Shu sababdan ham oxirgi oylarga oid rasmiy hisob-kitoblar yo‘q.
Rossiya Mudofaa vazirligi faqat Kurskning o‘zida 38,000 dan ortiq ukrainalik askar (o‘ldirilgan va yaralangan) yo‘qotilganini aytmoqda. Biroq, bu raqamni tasdiqlashning imkoni yo‘q.
Taniqli va bahsli ukrainalik harbiy muxbir Yuriy Butusovning aytishicha, 2022-yil fevralidan buyon 70,000 ukrainalik askar halok bo‘lgan, yana 35,000 kishi bedarak yo‘qolgan.
Ushbu hafta boshida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh ommaviy axborot vositalarida 80,000 ukrainalik askar halok bo‘lgani haqida tarqalgan xabarlarni inkor etib, "bu raqamlar anchayin kam" ekanligini aytgan.
Ammo u aniq raqamlarni ham ochiqlamagan.
Biz ruslarning asta-sekin olg‘a siljiyotganini ko‘rib turibmiz. Ammo bu juda katta yo‘qotishlar evaziga yuz bermoqda.
Rossiya va Ukraina yo‘qotishlari birgalikda raqamlarda chamalab ko‘rilsa, Kursk va Ukraina sharqidagi janglar qay darajada dahshatli kechganligini ayon ko‘rish mumkin.
G‘arb rasmiylari esa voqelikning o‘zgarishiga hech qanday umid ko‘rmayapti.
"Katta ehtimol bilan Rossiya kuchlari Ukraina harbiylariga bosim o‘tkazishda davom etadi. Ular himoya chizig‘ini kesib o‘tish va taktik yutuqlarga erishish uchun katta masshtabda harakat qilmoqda", deydi bir mansabdor.
So‘nggi haftalarda Rossiyaning hujum tezligi oshish kuzatilda (harchand urushning dastlabki oylaridagidek favqulodda tez sur’atlarda bo‘lmasa-da). Buni ikkala tomondan artilleriya o‘qlaridagi nisbat o‘zgarishi cheklab turibdi.
Oldin Rossiya Ukraina tomonidan uzilgan har bir o‘qqa qarshi 13 ta o‘q otishga qodir bo‘lgan esa, hozir bu nisbiy ko‘rsatkich 1,5 ga 1 (1,5:1) atrofida.
Ushbu keskin o‘zgarish qisman mahalliy ishlab chiqarishning oshgani va Rossiya hamda Shimoliy Koreya o‘q-dorilari saqlanayotgan omborlarga bo‘lgan Ukraina hujumlari muvaffaqiyatli yakunlangani bilan izohlanadi.
Ammo artilleriya hanuz muhim bo‘lsa-da, u endi hal qiluvchi rol o‘ynamayapti.
"Yomon xabar shundaki, Rossiya masofadan boshqariluvchi bombalardan foydalanishni keskin oshirdi", deydi bir G‘arb rasmiylaridan biri, "bu front chizig‘ida falokatlarni yaratmoqda."
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya masofadan boshqariluvchi bombalardan foydalanish hajmini o‘tgan yilda 10 barobarga oshirgan.
Masofadan boshqariluvchi bombalar va dronlar mojaroni tubdan o‘zgartirdi, har ikki tomon innovatsiyalar qilishga intilmoqda.
"Biz shunday nuqtaga yetdikki, dronlar urushi piyodalarni harakatsiz qoldirmoqda", deydi frontda xizmat qilyotgan askar Sergiy WhatsApp orqali.
Harbiy kuchlar masalasida har ikki tomon – ham Ukraina, ham Rossiya – muammolarga duch kelmoqda, ammo sabablar turlicha.
Ukraina safarbarlik yoshini 25 yoshdan pasaytirishni istamayapti. Bunda 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlar ko‘ngilli bo‘lmagan hollarda urushda qamrab olinmayapti.
Rossiya esa, o‘z yo‘qotishlarini to‘ldirishga qodir bo‘lsa-da, Prezident Vladimir Putin yangi safarbarlik to‘lqinini boshlashga tayyor emasligida ichki omillarni sabab qilib ko‘rsatgan.
Ko‘tarilgan inflyatsiya, to‘lib ketgan shifoxonalar va urushda qurbon bo‘lgan oilalarga tovon to‘lashdagi muammolar – ayni shular jumlasidan.
Rossiyaning ba’zi hududlarida urushda ko‘ngilli bo‘lishga tayyor bo‘lganlar uchun taklif qilinyotgan bonuslar uch million rublgacha (taxminan 23,500 funt sterling yoki 30,000 dollar) ko‘tarilgan.
"Men Rossiya iqtisodiyoti qulayapti deb o‘ylamayman", deydi mansabdor. "Ammo u yerdagi bosimlar kundan-kunga kuchayib bormoqda."












