Biz nega g‘iybat qilamiz – bu gunohmi yo foyda?

Screaming halftone lips. Illustration of gossip at work.

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Bi-bi-sining "Biz nega bunday qilamiz?" dasturi
    • Role, BBC Radio 4
  • O'qilish vaqti: 4 daq

G‘iybat obro‘ngizni to‘kishi yoki xulqingizni oqlashi ham mumkin. U ko‘ngilochar. Ammo ko‘pchilik g‘iybatni "gunoh" hisoblaydi.

G‘iybat – antropologlar turli madaniyatlarda, shahar muhitidan tortib, olis qishloqlaru bog‘dorlik jamiyatlarigacha kuzatgan xulq-atvor.

"Har qanday madaniyatda, normal sharoitda, odamlar g‘iybat qiladi," deydi Vashington shtat universitetida evolyutsion antropologiya bo‘yicha dotsent doktor Nikol Heygen Hess.

Aloqador mavzular

G‘iybat haqida o‘ylar ekanmiz, ko‘pincha kimnidir yomon niyat bilan ortidan gapirishni ko‘z oldimizga keltiramiz. Lekin doktor Hess bu xulqni kengroq talqin qiladi.

Uning ta’rifiga ko‘ra, g‘iybat – "obro‘ga daxldor ma’lumot" almashinuvidir. Bunday ma’lumot – do‘stlar, oila a’zolar, hamkasblar yoki hatto raqiblar nima deyishidan tortib, ommaviy axborot vositalarida aytilgan gaplar yoki sport musobaqalari natijalarigacha bo‘lishi mumkin.

"Mening ta’rifimga ko‘ra, g‘iybat qilish uchun siz oldingizda yo‘q shaxs haqida gapirishingiz shart emas – u odam aynan oldimizda turishi ham mumkin, – deydi u. – Agar siz uning kiyimi yoki qilgan ishi haqida gapirayotgan bo‘lsangiz, men buni ham g‘iybat deb hisoblayman."

Biroq insonlarda nega bunday xulq rivojlangan – bu masala tadqiqotchilarni hanuz o‘ylantirmoqda. Quyida eng asosiy nazariyalar keltirilgan.

Yaqinlik va bog‘lanish

G‘iybat jamiyatda ijobiy o‘rin tutishi mumkin degan g‘oyani evolyutsion antropolog, professor Robin Danbar ommalashtirgan.

Uning nazariyasiga ko‘ra, maymunlarda bir-birini tozalash – gigiena vositasi bo‘lishdan tashqari, ijtimoiy bog‘lanish usuli hamdir. Bu xulq kurashdan keyin yarashish, kayfiyatni yumshatish va guruh ichidagi ierarxiyani aniqlashga xizmat qiladi.

Bu jarayon "allogruming" deb ataladi. Insonlarda tuk yo‘qligi uchun, ularda g‘iybat va suhbat shunday allogrumingning zamonaviy shakli bo‘lishi mumkin – munosabat qurish, jamoada o‘z o‘rnini topish va kimga ishonish yoki ishonmaslik kabi ijtimoiy ma’lumotlar almashish uchun qilinadi.

Danbarga ko‘ra, hatto insonda til g‘iybat qilish imkonini yaratish uchun rivojlangan bo‘lishi mumkin.

Ofisda ikki erkak suhbatlashayapti, orqada esa ikki ayol kompyuterlarida ishlashayapti.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, G‘iybat haqida o‘ylaganimizda, ko‘pincha kimningdir orqasidan yomon niyat bilan gapirishni tasavvur qilamiz.

AQShdagi Dartmut universitetining 2021 yilgi tadqiqotiga ko‘ra, birga g‘iybat qilgan odamlar nafaqat bir-birining fikriga ta’sir ko‘rsatgan, balki ular orasida yaqinlik ham oshgan.

"Biz ishtirokchilar birgalikda umumiy dunyoqarash yaratib, shu bilan bir-birining xulqi va qarashlariga ta’sir qilishdi hamda ijtimoiy bog‘lanish ehtiyojini qondirishdi, deb taxmin qilyapmiz," deb yozadi tadqiqotchilar.

Ular yana bir narsani aniqlashdi: g‘iybat guruh ichida hamkorlikni kuchaytirar ekan. Masalan, g‘iybat qilish imkoni bo‘lgan qatnashchilar guruh o‘yini uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor bo‘lishgan.

"G‘iybat bu oddiy bo‘hton yoki ko‘cha gapi emas – u ancha murakkab tuzilma, – deyiladi tadqiqot xulosasida.

Normal Gossip podkasti asoschisi Kelsi MakKinni g‘iybatdagi mazmunli hikoyalar begona odamlarni ham birlashtira olishini yaxshi biladi.

Pandemiya boshlanib, odamlar karantinda qolganida, hikoyalarga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi.

"Tushunishimcha, biz hikoyalardan juda uzoqlab ketgan ekanmiz, – deydi u. – Biz hayotimizni va dunyoga munosabatimizni o‘zimiz aytib beradigan hikoyalar orqali tushunamiz – g‘iybat esa aynan shunday hikoya. Biz o‘zimiz haqimizda boshqalarga hikoya qilganimizda, buning xavfi bor, albatta. Lekin foydasi ham katta," deydi u.

Nimadandir hayratlangan, mobil telefonga qarab suhbatlashib o‘tirgan uch yosh ayl

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tadqiqot natijasiga ko‘ra, birga g‘iybat qilgan insonlar o‘rtasida yaqinlik ortgan.

Omon qolish

Insonlar millionlab yillar davomida o‘zini va yaqinlarini xavfdan asrashni o‘rganib kelgan. Ayollar uchun esa g‘iybat hayot uchun kurashda muhim vosita bo‘lishi mumkin, ayniqsa, xavfli tanishuv kabi vaziyatlarda.

"Ayollar jismonan erkaklarga qarshi jang qilishda juda ojiz, – deydi doktor Hess. – Shunday vaziyatlarda singillaringiz va yaqin ayol do‘stlaringiz bilan bo‘lishadigan ma’lumotlaringiz juda muhim."

Omon qolish va jamiyatdagi o‘rnimiz esa obro‘mizga bevosita bog‘liq. Yomon obro‘ juda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi doktor Hess.

U ijtimoiy maqomga, iqtisodiy imkoniyatlarga va hatto oziq-ovqat kabi resurslarga bo‘lgan imkonga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

"Agar odamlar siz haqingizda salbiy g‘iybat tarqatsa, bu hayotingizga sezilarli ziyon yetkazishi mumkin," deydi u.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Doktor Hessning ta’kidlashicha, g‘iybat shunchaki gap-so‘z emas, balki ijtimoiy nazorat vositasi bo‘lib, insonning jamiyatdagi mavqeini saqlash yoki oshirishga xizmat qiladi.

Insonlar o‘z jamoalarida o‘zlari haqida yaxshi taassurot qoldirishni istagani uchun, g‘iybat orqali bir-birlarini "nazorat" qiladilar, deydi u. Shuningdek, odamlar g‘iybatni o‘z obro‘sini asrash va ba’zan raqiblarini obro‘sizlantirish uchun ham ishlatishadi.

"Inson tabiatan o‘z turdoshlari bilan raqobatlashuvchi jonzot. Ziddiyatlarni esa hayotdan butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi," deydi u.

Ikki parta o‘rtasida g‘iybat qilib kulayotgan ikki yosh ayol

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bu ermak bo‘ladimi yoki omon qolish usuli, yoki ijtimoiy bog‘liqlikmi, g‘iybat bizning hayotimizning muntazamiy xossasiga aylangan

Ko‘ngilocharlik

Ko‘pchilik uchun g‘iybat bezarar, zavqli suhbatdek tuyulishi mumkin.

"Men aynan ana shunday g‘iybat turi bo‘yicha ixtisoslashganman," deydi podkastchi MakKinni.

Uning g‘iybatga bo‘lgan qiziqishi va hikoya qilishga bo‘lgan muhabbati uning diniy muhitda ulg‘aygani bilan bog‘liq.

Unga g‘iybat qilish gunoh deb o‘rgatganlar.

"Zo‘r g‘iybat – og‘zingizdan chiqishi bilanoq boshqa birovga aytiladigan g‘iybatdir," deydi u.

Agar dunyoda g‘iybat bo‘lmasa-chi?

"O, Xudo. Juda zerikarli bo‘lardi," deya kulib javob beradi u.

Qaysi maqsadda bo‘lishidan qat’i nazar – ko‘ngilocharlik, omon qolish yoki ijtimoiy bog‘lanish uchun bo‘lsin – g‘iybat hayotimizning ajralmas qismidir, deydi doktor Hess.

Unga ko‘ra, bu "insonga xos universal" xulq.

"G‘iybatning hayotda real oqibatlari bor, – deb tushuntiradi u. – Agar u shunchaki tasodifiy, yolg‘on va norasmiy gap-so‘z bo‘lganida, odamlarning o‘z jamoasidagi boshqalarga nisbatan munosabatiga uncha ta’sir etmas edi."

Maqolani tayyorlashda BBC World Service xabarlaridan foydalanilgan.