Yuragi qarimaydigan qabila siri nimada?

Martina Amazon o‘rmonida yashovchi 16 000 nafar chimeyneydan biri

Surat manbasi, BBC

Surat tagso‘zi, Martina Amazon o‘rmonida yashovchi 16 000 nafar chimeyneydan biri
    • Author, Alexandro Millan Valensiya, Boliviya
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Martina Kanchi Neyt Boliviya o‘rmoni bo‘ylab ketib borar ekan, uning atrofida qizil kapalaklar uchib yurardi, biz undan biroz nafas rostlash uchun to‘xtashini so‘rashimiz kerak bo‘ldi – jamoamiz unga yetib ulgurolmasdi.

Uning guvohnomasida yozilishicha, u 84 yoshda, lekin 10 daqiqa ichida u ildizlardan ajratish uchun uchta yukka daraxtini qazidi va ikki marta pichoq bilan banan daraxtini kesdi.

U meva bog‘lamini yelkasiga ilib, o‘z dalasidan uyiga jo‘naydi. Bu yerda u kassava, makkajo‘xori, banan va guruch yetishtiradi.

Martina Boliviyaning eng yirik shahri La Pasdan 600 km shimolda joylashgan Amazon o‘rmonida yashovchi 16 000 nafar chimeyney – yarim ko‘chmanchi mahalliy jamoasi a’zosidir.

Uning quvvati o‘z yoshidagi chimeyneylar orasida g‘ayriodatiy emas. Olimlar ularning arteriyalari eng sog‘lom ekanligi, miyalari Shimoliy Amerika, Yevropa va boshqa mamlakatlardagi odamlarnikiga qaraganda sekinroq qarishini aniqlagan.

Chimeyneylar noyob xalq. Ular ovchilik, termachilik va dehqonchilik bilangina kun ko‘radigan sayyoradagi oxirgi xalqlardan biridir. Bu jamoa, shuningdek, muhim ilmiy o‘rganish uchun yetarlicha namuna bo‘la oladi va Nyu-Meksiko universiteti antropologi Xilard Kaplan boshchiligidagi tadqiqotchilar ularni yigirma yil davomida o‘rganishdi.

Xuan ovga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Surat tagso‘zi, Xuan ovga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Chimeyneylar faol hayot kechiradi – hayvonlarni ovlaydi, oziq-ovqat yetishtiradi va tom to‘qishadi.

Kunduzgi soatlarning 10% dan kamrog‘igina harakatsiz o‘tadi, sanoatlashgan jamiyatlarda bu 54% dir. Misol uchun, o‘rtacha ov sakkiz soatdan ko‘proq davom etadi va 18 km.ni tashkil qiladi.

Ular Maniki daryosi bo‘yida, eng yaqin shahardan taxminan 100 km uzoqlikda yashaydilar, qayta ishlangan oziq-ovqat, spirtli ichimliklar va sigaretalarni o‘ta cheklangan miqdorda olishlari mumkin.

Tadqiqotchilar, ular iste’mol qilgan kaloriyaning atigi 14 foizini yog‘dan olishini aniqladilar, AQShda bu ko‘rsatkich 34 foizni tashkil qiladi. Ularning oziq-ovqatlari tolaga boy va kaloriyaning 72% uglevodlardan iborat, Qo‘shma Shtatlarda bu 52%.

Oqsil ular ovlaydigan hayvonlardan, masalan, qushlar, maymunlar va baliqlardan keladi. Taom tayyorlash haqida gap ketganda, qovurib pishirish yo‘q.

Chimeyneylar oqsilni ovlaydigan hayvonlaridan oladi

Surat manbasi, Michael Gurven

Surat tagso‘zi, Chimeyneylar oqsilni ovlaydigan hayvonlaridan oladi

Professor Kaplan va uning hamkasbi Maykl Gurvenning Santa-Barbaradagi Kaliforniya universitetidagi asl ishi antropologik edi. Ammo ular Chimeyney keksalarida gipertoniya, diabet yoki yurak muammolari kabi keksalikka xos kasalliklar belgilari yo‘qligini payqashdi.

2013 yilda chop etilgan tadqiqot ularning e’tiborini tortdi. Amerikalik kardiolog Rendall S.Tompson boshchiligidagi guruh kompyuter tomografiyasidan foydalanib, qadimgi Misr, Inka va Unangan sivilizatsiyalariga mansub 137 ta mumiyani o‘rgandi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

BBC
75 yoshli chimeyneyning arteriyalari ko‘proq 50 yoshli amerikalik arteriyalariga o‘xshaydi.
Xilard Kaplan
Antropolog (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Odamlar yoshi ulg‘aygan sari ularning tanasida yog‘lar, xolesterin va boshqa moddalarning to‘planishi tomirlarning qalinlashishi yoki qotib qolishiga olib keladi, bu esa aterosklerozni keltirib chiqaradi. Ular 47 ta mumiyada buning tasdig‘ini topdi, ya’ni bu kabi kasalliklar zamonaviy turmush tarzidan ilgari paydo bo‘lgan.

Ikki tadqiqot guruhi kuchlarni birlashtirib, 40 yoshdan oshgan 705 nafar chimeyneyni kompyuter tomografiyasini o‘tkazdilar, ular qon tomirlarining tiqilib qolishi va yurak xuruji xavfini ko‘rsatadigan koronar arterial kaltsiyini (KAK) qidirdilar.

Ularning birinchi marta 2017 yilda The Lancet jurnalida chop etilgan tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, 75 yoshdan oshgan chimeyneylarning 65 foizida KAK mavjud emas. Taqqoslash uchun, bu yoshdagi amerikaliklarning aksariyatida (80%) uning belgilari bor.

Chimeyneylar har kuni o‘rtacha 16 000 dan 17000 qadam bosib o‘tadi, sanoatlashgan mamlakatlarda bu ko‘rsatgich 10 ming.
Surat tagso‘zi, Chimeyneylar har kuni o‘rtacha 16 000 dan 17000 qadam bosib o‘tadi, sanoatlashgan mamlakatlarda bu ko‘rsatgich 10 ming.

Kaplan aytganidek, "75 yoshli chimeyneyning arteriyalari ko‘proq 50 yoshli amerikalik arteriyalariga o‘xshaydi". 2023 yilda Milliy Fanlar Akademiyasi materiallarida chop etilgan ikkinchi bosqichda chimeyney keksalari Buyuk Britaniya, Yaponiya va AQSh kabi sanoati rivojlangan mamlakatlardagi xuddi shu yoshdagi odamlarga qaraganda 70% kamroq miya atrofiyasiga uchragani aniqlandi.

"Biz butun populyatsiyada altsgeymer kasalligining birorta ham holatini topmadik," deydi tadqiqotchilarning tibbiy koordinatori, boliviyalik shifokor Daniel Eyd Rodriges.

Biroq, chimeyneylarning yoshini hisoblash aniq fan emas. Ba’zi odamlar hisoblashda qiynaladi, chunki ularga hisoblash yaxshi o‘rgatilmagan. Ular bizga bu hududdagi nasroniy missiyalari qaydnomalariga asoslanishganini aytishdi. Olimlar insonning farzandlari yoshiga qarab hisob-kitob qiladilar.

Hilda ikkinchi eri Pablo bilan yashaydi
Surat tagso‘zi, Hilda ikkinchi eri Pablo bilan yashaydi

Ularning qaydnomalariga ko‘ra, Hilda 81 yoshda, lekin uning aytishicha, uning oilasi yaqinda uning "100 yoshini" nishonlash uchun cho‘chqa so‘yishgan.

78 yoshda ekanligini aytadigan Xuan bizni ovga olib boradi. Uning qora sochlari, jonli ko‘zlari, mushak va kuchli qo‘llari bor. Biz uning barglar orasidan qochgan kichkina taitet – tukli yovvoyi cho‘chqani qanday ta’qib qilayotganini kuzatamiz.

U o‘z yoshini his qilishini tan oladi: "Hozir eng qiyini bu mening tanam. Hozir uzoqqa bormayman... narisi ikki kun».

Martina bunga qo‘shiladi. Chimeyney ayollari o‘rmonda o‘sadigan jatata o‘simligidan tom to‘qishi bilan mashhur. Uni topish uchun Martina shoxlarni orqalab, uch soat u yerga va yana uch soat ortga yurishi kerak.

"Men buni oyiga bir yoki ikki marta qilaman, ammo hozir bu men uchun qiyinroq", deydi u.

Xuan ovda
Surat tagso‘zi, Xuan ovda

Biroq ko‘p chimeyneylar hech qachon keksalikka qadar yashamaydi. Tadqiqot boshlanganda, ularning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi deyarli 45 yoshni tashkil etgan – hozir u 50 yoshga ko‘tarilgan.

Skanerlash o‘tkazilayotgan klinikada doktor Eyd keksa ayoldan tekshiruvga tayyorgarlik ko‘rayotganda uning oilalari haqida so‘radi.

Barmoqlarini sanab, bir ayol afsus bilan olti farzandi borligini, ulardan besh nafari vafot etganini aytadi. Yana biri uning 12 nafar farzandi borligini, ulardan to‘rt nafari vafot etganini, yana biri to‘qqiz nafar farzandi borligini, uchtasi vafot etgan.

"80 yoshga kirgan bu odamlar kasallik va infektsiyaga to‘la bolalikdan omon qolganlar edi", deydi doktor Eyd.

Tadqiqotchilarning fikricha, barcha chimeyneylar hayoti davomida qandaydir parazit infektsiyasiga duchor bo‘lgan. Shuningdek, ular yuqori darajadagi patogenlar va yallig‘lanishni aniqladilar. Bu chimeyneyning tanasi doimo infektsiyalarga qarshi kurashayotganini ko‘rsatadi.

Bu ularni ushbu erta infektsiyalar dieta va jismoniy mashqlar bilan bir qatorda, keksa chimeyneylarning sog‘lig‘iga ta’sir qiluvchi yana bir omil bo‘lishi mumkinmi degan savolni tug‘diradi.

tekshirish

Biroq jamoa turmush tarzi o‘zgarmoqda.

Xuanning aytishicha, u bir necha oy davomida yetarlicha katta hayvonlarni ovlay olmagan. 2023 yil oxirida sodir bo‘lgan yong‘inlar ikki million gektarga yaqin o‘rmonni yo‘q qildi.

"Yong‘in hayvonlarni ketishga majbur qildi", deydi u.

Hozir u qoramol boqmoqda. U bizga oilani oqsil bilan ta’minlashiga umid qilayotgan to‘rtta buqani ko‘rsatdi.

Doktor Eydning aytishicha, tashqi motorli qayiqlardan foydalanish ham jamoa hayotini o‘zgartirmoqda. Bu bozorlarga kirishni osonlashtiradi va chimeyneyga shakar, un va yog‘ kabi mahsulotlar keltirish imkonini beradi.

qayiq

Uning ta’kidlashicha, bu ular avvalgidan kamroq eshkak eshishini anglatadi – "eng qiyin jismoniy ishlardan biri".

Yigirma yil oldin diabet kasalligi deyarli yo‘q edi. Tadqiqotchilar ular endi paydo bo‘la boshlagani, xolesterin darajasi yoshlar orasida ham ko‘tarilganini aniqladilar.

"Ularning odatlaridagi har qanday kichik o‘zgarish oxir-oqibatda sog‘liqlariga ta’sir qiladi", deydi doktor Eyd.

Tadqiqotchilarning o‘zlari 20 yillik ishtiroki davomida ularga katta ta’sir ko‘rsatdi – jamoa katarakt operatsiyalaridan tortib, singan suyaklar va ilon chaqishlarini davolashgacha bo‘lgan tibbiy yordamdan foydalangan.

Ammo Hilda uchun keksalik juda jiddiy qabul qilinadigan narsa emas. "Men o‘lishdan qo‘rqmayman, – deydi u kulib, – chunki ular meni dafn etishadi va men o‘sha yerda qolaman... butkul harakatsiz".