Britaniyada ishlashni istovchi 3 million o‘zbekistonlik, Germaniyaga ketayotgan yuzlab o‘zbekistonliklar - O‘zbekiston yangi mehnat bozorlarini qanday izlayapti?

Britaniya

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqandan so‘ng ishchi kuchiga ehtiyoj sezdi
O'qilish vaqti: 3 daq

Buyuk Britaniyaga mavsumiy ish o‘rinlari uchun 3 million o‘zbekistonlik hujjat topshirgani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston 700 nafar haydovchini Germaniyaga yubormoqchi. O‘zbekiston Rossiyadan boshqa mehnat bozorlarini izlashda qanchalik muvaffaqiyat qozonmoqda.

Britaniyaga ketishga tayyor 3 million o‘zbekistonlik

Angliyaga mavsumiy ishga borish uchun 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ro‘yxatga olish natijalari bekor qilinishi qiziq faktni oshkor qildi.

Tanlovni o‘tkazishga mas’ul Buyuk Britaniyaning HOPS rekruting kompaniyasi bir vaqtning o‘zida platformadan foydalanuvchilar soni 2 milliondan ortib ketgani sababli ro‘yxatga olish vaqtini uzaytirganini aytdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori ushbu tanlovga avvalgi yili 1 million atrofida fuqaro Angliyaga ketish maqsadida murojaat qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 3 millionga yaqinlashganinini aytgan.

"Angliyadagi ish beruvchilar ishchilardan hech qanday kasb mutaxassisligi so‘ramaydi. Hozir 3 millionga yaqin odam murojaat qilganini aytdik, bu vahimali narsa emas. Chunki viza olish maqsadida xohlagan odam, hatto oilaviy ariza topshirishi ham mumkin. Sababi ish beruvchilar „ozgina rus tilini bilsa va qo‘lidan mehnat qilish kelsa, bo‘ldi", deyapti", — degan agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov.

HOPS ga ko‘ra, tashkilotga ro‘yxatga olish jarayoniga uchinchi shaxslarning aralashuvi haqidagi ko‘plab ishonchli xabarlar kelgani uchun bu yilgi tanlov jarayoni to‘xtatilgan.

"10 yanvar, juma kuni ro‘yxatga olish jarayoniga uchinchi shaxslarning aralashuvi haqidagi ko‘plab ishonchli xabarlar tufayli HOPS O‘zbekistonda bo‘lajak ishga qabul qilish bosqichini keyinga surishga majbur", deyiladi bayonotda.

Germaniyaga ketayotgan o‘zbekistonliklar

haydovchi

Surat manbasi, gazeta.uz

Migratsiya agentligi O‘zbekistondagi yuk mashinalari, avtobus va lokomotiv haydovchilarini Germaniyaga ishga taklif qildi.

Ular O‘zbekistonda nemis tili va malaka kurslarida o‘qitiladi. Oylik maosh oyiga 2400 — 2600 yevroni tashkil qiladi.

"Ikki davlat migratsiya sohasida ilk bor amaliyotga tatbiq etilayotgan bu kelishuv natijasida 700 nafar haydovchi Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga yuboriladi", deyiladi agentlik xabarida.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ishchilarni tayyorlash va yuborish uchun Germaniyaning SBH West GmbH kompaniyasi, O‘zbekiston Migratsiya agentligi va "Vatanparvar" tashkilotlari o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangan.

"Hozirgi vaqtda Germaniyada 80 mingga yaqin og‘ir yuk mashinalari haydovchilariga talab bor. Bu borada o‘zbekistonlik ishchilarning til o‘rganish jarayonlaridagi salohiyati va kasbiy o‘zlashtirish qobiliyati mamlakat ish beruvchilari tomonidan alohida e’tiborga olinmoqda", - degan SBH West GmbH kompaniyasi direktori Peter Niemann.

Yangi mehnat bozori izlayotgan O‘zbekiston

Qozog‘istonning vlast.kz nashri "O‘zbekiston yangi mehnat bozori izlamoqda" sarlavhasi ostida maqola yozdi.

"Rossiyada O‘zbekiston pasporti bilan yashash va ishlash tobora xavfli bo‘lib bormoqda. O‘zbekiston hukumati mehnat migratsiyasining an’anaviy oqimini rivojlangan davlatlarga yo‘naltirishga harakat qilmoqda. Bu Rossiyadagi o‘zbeklar Ukraina bilan urushga yuborilayotgani, general Igor Kirillov va uning yordamchisi o‘ldirilishi ortidan ksenofobiya kayfiyati kuchaygani fonida sodir bo‘lmoqda", deb yozadi muallif Shuhrat Hurramov.

Muallif O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning mamlakat 2025 yili Germaniya, Britaniya, Yaponiya yoki 21 ta iqtisodi rivojlangan davlatlarga 200 mingdan ortiq o‘zbekistonlikni ishga yuborishni rejalashtirgan degan gaplarini iqtibos keltirgan.

"Rossiyaga katta miqyosdagi migratsiya O‘zbekistonni unga qaram qilib, suverenitetini cheklab qo‘yadi. Shuningdek, Ukrainadagi urushda qatnashishga majburlashlar va Rossiyada boshlangan aksilmigrant jazava o‘zbek muhojirlari uchun katta xavf tug‘diradi. Bu qayta taqsimlash jarayoni esa so‘nggi paytlarda muhojirlarning o‘z tashabbusi bilan hamda qator davlatlar, masalan, Janubiy Koreya va Germaniya bilan tegishli shartnomalar tuzayotgan O‘zbekiston rasmiylarining ko‘magi bilan ham tezlashdi. O‘zbekistonlik migrantlar oqimi Turkiya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va qator Yevropa davlatlariga ham ko‘paygan", deydi Londondagi Central Asia Due Diligence direktori Alisher Ilhomov.

2024 yilda O‘zbekistonga 467 mingdan ortiq mehnat muhojiri qaytgan. Shundan 257 ming migrant Rossiyadan qaytgan bo‘lsa, Qozog‘istondan 129 ming kishi kelgan.