90 lahzalik video qanday qilib 400 million dollarlik biznesga aylandi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Osmond Chia
- O'qilish vaqti: 3 daq
Kim Min-sok 2016 yil iyunida bolalar qo‘shig‘iga ishlangan 90 soniyalik klipini e’lon qilganida, nimani qo‘yib yuborayotganini bilmagan edi.
Bu klip global hodisaga aylanib, 16 milliarddan ortiq marta ko‘rildi – YouTube tarixidagi eng ko‘p tomosha qilingan video bo‘ldi.
Bu qo‘shiq g‘oyat quloqqa o‘rnashadigan "Baby Shark" (Akula bola) edi.
U nafaqat butun dunyo bo‘ylab go‘daklarni o‘ziga rom etdi va kattalarni esa bezovta qildi, balki uning tayyorlagan Pinkfong'ning yuzlab million dollarlik media-biznesga aylanishiga zamin yaratdi.
"Biz bu klip boshqa kontentlarimizdan ajralib turadi deb o‘ylamagan edik," deydi Pinkfong'ning bosh direktori janob Kim Bi-bi-siga. U kompaniyaning Seuldagi bosh ofisida turib suhbatlashdi.
"Ammo ortga nazar tashlasak, bu global sayohatimiz uchun zamin yaratgan muhim burilish nuqtasi bo‘lgan ekan."
Seshanba kuni bu sayohat Pinkfong'ni Janubiy Koreya fond bozoriga olib bordi, u yerda kompaniya aktsiyalari debyutda 9 foizdan ko‘proqqa ko‘tarilib, uning qiymati 400 million dollardan oshib ketdi.
"Biz hatto maosh olishni ham kutmagandik"
2010 yilda SmartStudy nomi bilan tashkil etilgan shirkat 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun raqamli kontent yaratardi.
Unda atigi uchta xodim, jumladan, janob Kim va kompaniyaning texnologiya bo‘yicha bosh direktori Dongvu Son bor edi.

Surat manbasi, Getty Images
"Ofis juda kichik edi – hatto bundan ham kichikroq," deb eslaydi janob Kim o‘zi gaplashayotgan konferentsiya xonasiga ishora qilib.
U shunchalik kichik ediki, "o‘sha paytda hatto maosh olishni ham kutmagandik," deydi u tarjimon orqali.
Pinkfong bir nechta yirik o‘zgarishlar qildi, jumladan, e’tiborini kichkintoylarga qaratdi.
Shirkat xodimlari soni 100 ga yaqinlashdi, sodda, ta’limiy o‘yinlar va kontentga ustuvorlik berildi. "Aynan o‘shanda Baby Shark paydo bo‘ldi," deydi janob Kim.
Shirkat 2022 yildan beri The Pinkfong Company nomi bilan tanilgan, bu nom uning dastlabki multfilmlaridan biridagi qahramon quvnoq va qiziquvchan tulki nomidan olingan.
Hozirda uning 340 ga yaqin xodimi bor, ofislari Tokio, Shanxay va Los-Anjelesda joylashgan.
Baby Shark fenomeni
Baby Shark 1970-yillarda AQShda paydo bo‘lgan va ko‘pincha bolalarning yozgi lagerlarida kuylangan qo‘shiqdir.
"Baby Shark, doo-doo-doo-doo-doo-doo" iborasini takrorlaydigan qo‘shiq "bolalar uchun jozibali, ammo kattalar uchun boshog‘ritar bo‘lishi mumkin," deqdi Nanyang texnologiya universiteti media-tahlilchisi Kevin Chu.

Surat manbasi, Getty Images
Janob Kim ham bu qo‘shiqning qanchalik quloqqa o‘rnashib qolishini juda yaxshi biladi.
"Bu K-pop qo‘shig‘iga o‘xshaydi. U juda tez, ritmik, odam unga tez o‘rganib qoladi," deydi u va qo‘shiqning "jo‘r bo‘lib aytish" effekti borligini, bu esa bolalarning eslab qolishini osonlashtirishini qo‘shimcha qiladi.
Biroq klip bir zumda mashhur bo‘lgani yo‘q, uning raqs harakatlari Janubi-Sharqiy Osiyodagi bolalar tadbirlarida namoyish etilgandan so‘ng ommalashdi.
Qo‘shiq ostida raqsga tushayotgan bolalar va kattalarning videolari internetda tarqala boshladi, klip virusday yoyildi.
Janob Kimning aytishicha, Pinkfong ofisida "bayramona kayfiyat" hukm surardi, chunki jamoa ko‘rishlar soni oshishini kuzatardi.
2020 yil noyabrь oyida Baby Shark klipi Youtube'ning eng ko‘p ko‘rilgan videosiga aylandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu video chiqqandan so‘ng darhol shirkat daromadining yarmini ta’minlagan va yangi kontent hamda mahsulotlar uchun poydevor bo‘lgan.
Biroq Pinkfong 2019 yilda amerikalik bastakor asaridan o‘g‘irlashda ayblanib, sudga tortildi.
Janubiy Koreya Oliy sudi kompaniyaning versiyasi jamoat mulki bo‘lgan xalq qo‘shig‘idan olinganini ta’kidlaganidan so‘ng ishni rad etdi.
Janob Kimning aytishicha, bu g‘alaba aktsiyalar fond bozoriga chiqarilishi arafasida shirkatga ruhlantiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Fond bozoriga ariza sud qarori e’lon qilinishidan oldin topshirilgan ekan.
Bir martalik muvaffaqiyatmi?
Pinkfong'ning Bebefinn va Sealook kabi boshqa franshizalari tez o‘sib bormoqda, biroq shirkat o‘z muvaffaqiyati faqat Baby Shark'ka bog‘liq emasligini ko‘rsatishi kerak, deydi Koreya universiteti biznes o‘qituvchisi Min Jung Kim.
Kompaniyaning auditoriyasi katta afzallik hisoblanadi, chunki kichkintoylar bir xil materialni qayta-qayta ko‘rishga moyil, deydi u.
Kim Min-sokning ta’kidlashicha, uning biznesi Baby Shark bilan cheklanib qolmaydi, hozirda u Pinkfong daromadining chorak qismini tashkil qiladi. Shu bilan birga, Bebefinn oldinga o‘tib, firma daromadining taxminan 40 foizini ta’minlamoqda.
Ota-onalardan biri Bi-bi-si bilan suhbatda uning oilasi Pinkfong'ning videolariga turlicha munosabatda ekanini aytdi.
Ikki farzandning otasi Salim Nashef aytishicha, u shirkat chiqarayotgan kontentning ta’limiy jihatlarini qadrlaydi, lekin uning rafiqasi Baby Shark "bolalarni haddan tashqari hayajonlantirvoradi" deb hisoblaydi.
Shunga qaramay, bu videodan qochib qutulish qiyin, chunki uning uch yoshga to‘layotgan qizi yaqinda Baby Shark mavzusida tug‘ilgan kunini nishonlaydi.
Professor Kim aytishicha, Pinkfong Baby Shark'ning tijoriy muvaffaqiyatiga teng keladigan boshqa qahramonlarni yarata oladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Janob Kim ta’kidlashicha, kompaniya birjadagi debyutida qariyb 52 million dollar mablag‘ to‘plagan va bu pulni filmlar va qahramonlar ro‘yxatini kengaytirish uchun sarflashni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, kompaniya ko‘rishlar soni, sur’ati va boshqa ma’lumotlardan foydalangan holda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yib, "texnologiyaga asoslangan" kontent yaratuvchisiga aylanishni ko‘zlamoqda.
Pinkfong allaqachon "ko‘plab ijodkorlar orzu qilgan natijaga" erishgan, deydi Kim.
Ammo endi u investorlarga bu shunchaki bir martalik muvaffaqiyat emasligini ko‘rsatishi kerak.












