Uzoq yillik qamoq yo o‘lim bilan yuzma-yuz: Tayland 40 uyg‘urni nega Xitoyga topshirdi?

Surat manbasi, EPA
Tayland hukumati kamida 40 nafar uyg‘ur Xitoyga deportatsiya qilinganini tasdiqladi. Inson huquqlari tashkilotlari ular Xitoyda qiynoqlar va hatto o‘limga yuz tutishlari mumkinligi haqida ogohlantirib Tayland hukumatini uyg‘urlarni Xitoyga bermaslikka chaqirgandi.
Bu uyg‘urlar guruhi Taylanddagi hibsxonada 10 yil ushlab turilishlari ortidan payshanba kuni Xitoyning Shinjon viloyatiga uchirilgan.
Xitoy o‘zining asosan musulmon etnik guruhlar yashovchi Shinjon hududida uyg‘urlarga qarshi insoniyatga qarshi jinoyatlar va ehtimoliy genotsidni amalga oshirishda ayblangan. Pekin bu ayblarni rad etadi.
Tayland oxirgi marta uyg‘urlarni Xitoyga 2015 yilda deportatsiya qilgan edi.
AQSh va BMT tomonidan jiddiy xavotirlar izhor qilinishi ortidan, bu safargi deportatsiya sir tutilayotgandi.
Уйғурлар қувғинга солиниш учун депортация қилинмасликлари керак. Улар 11 йил тутқунликда бўлишди. Биз уларнинг инсон ҳуқуқларини узоқ вақт топтадик.
Tayland matbuoti xabar qilishicha, derazalari qora plastik bilan to‘silgan bir necha yuk mashinalari Bangkokdagi bosh immigratsiya hibsxonasidan payshanba tongida chiqib ketdi.
Bir necha soat o‘tib, Flightrader24 parvozlarni kuzatish saytida ko‘rinishicha, China Southern Airlines aviakompaniyasining rejalanmagan parvozi Bangkokdan uchib, Shinjonga qo‘ndi. Necha odam deportatsiya qilingani hozircha noma’lum.
Tayland mudofaa vazirining Reytersga aytishicha, Pekin bu uyg‘urlarga yaxshi munosabatda bo‘lishini kafolatlagan.
Xitoy hukumati Taylanddan 40 xitoylik noqonuniy migrantlar qaytarilganini tasdiqladi, ammo ular uyg‘ur yo uyg‘ur emasliklarini aniqlashtirishdan bosh tortdi.
"Repatriatsiya Xitoy va Taylandning qonunlari, xalqaro qonunlar va xalqaro tajribaga mos ravishda amalga oshirildi", deyildi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Xitoy davlat matbuotiga ko‘ra, ushbu guruh jinoiy guruhlar "jodusiga uchragan" va o‘z mamlakatlarini tashlab chiqqach Taylandda qolib ketganlar.
Tayland Bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavat jurnalistlar savollariga javob berayotganida, avvaliga deportatsiya amalga oshirilganini tasdiqlamadi.
"Har qaysi davlatda amallar qonun tamoyillari, xalqaro jarayonlar va inson huquqlariga mos bo‘lishi kerak", - dedi Chinavat xonim.

Surat manbasi, EPA
Deportatsiya qilingan uyg‘urlar guruhi 2014 yilda Shinjondagi bosimlardan qochgach Tayland chegarasida hibsga olingan 300 uyg‘urlarning oxirgilari ekani ishoniladi.
Ularning ko‘plari uyg‘urlarga odatda boshpana beradigan Turkiyaga yuborilgan, boshqalari esa 2015 yilda Xitoyga qaytarilgandi. Ularning qaytarilishi o‘shanda hukumatlar va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan qattiq qoralangan.
"Tayland hukumati nima qilyapti?", deb so‘radi payshanba kuni muxolifatdagi deputat Kannavi Suebsang ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
"Uyg‘urlar quvg‘inga solinish uchun deportatsiya qilinmasliklari kerak. Ular 11 yil tutqunlikda bo‘lishdi. Biz ularning inson huquqlarini uzoq vaqt toptadik", - dedi u.
Uyg‘urlar saqlangan hibsxona gigiena qoidalariga rioya qilmagani va tutqunlarga to‘la ekani xabar qilingan. Ularga Taylandga vizasiz kirishdan boshqa hech qanday jinoiy ablovlar qo‘yilmagan. Ulardan besh nafari shu migratsiya qamoqxonasida olamdan o‘tgan.
"Avtoritar qo‘shni bilan hamkorlik"
Payshanba kungi bayonotida Human Rights Watch deportatsiya qilingan uyg‘urlar endi qiynoqlar, yo‘qolib qolish yoki uzoq muddatli qamoq jazolariga yuz tutishlarini aytdi.
"Taylandning uyg‘ur mahbuslarni Xitoyga qaytarishi Taylandning ichki va xalqaro qonunlardagi majburiyatlariga butkul ziddir. Kecha (chorshanba)gacha Tayland rasmiylari, xususan o‘z ittifoqchilari va BMT rasmiylariga, bu odamlar qaytarilmaydi deya bir necha bor ochiq kafolatlar berishdi", - dedi Human Rights Watch Osiyo direktori Eleyn Person.
Asia Human Rights and Labour Advocates (Osiyo inson huquqlari va mehnat himoyachilari) tashkiloti direktori Fil Robertson Tayland hukumati "chegara osha repressiyalar va avtoritar qo‘shnilar bilan hamkorlik"ka kelganda, bu deportatsiyalar bilan o‘z obro‘sini "butkul vayron" qilganini aytdi.
Xalqaro Amnesti tashkiloti deportatsiyani "tasavvur qilmas darajada shafqatsiz" deya tasvirladi.
AQSh Kongressidagi Xitoy qo‘mitasi chorshanba kuni chiqargan bayonotida deportatsiyalar "Tayland qirolligining xalqaro qonunlardagi majburiyatlariga ochiqchasiga xilof" ekanidan ogohlantirdi.

Surat manbasi, Reuters
BMT bu vaziyatdan "chuqur taassufda" ekanini aytdi.
Bi-bi-si bilan suhbatda o‘z ismi sir qolishini so‘ragan mintaqadagi uyg‘ur faol bu yil Tayland va Xitoy o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 50 yilligini nishonlashga tayyorlanishayotgani va bu deportatsiya Tayland nomidan Xitoyga o‘ziga xos "sovg‘a" ekanini aytdi.
Xitoyning Shinjon uyg‘ur avtonom hududi deya rasman nomlangan hududda asosan musulmonlardan tashkil topgan 12 million uyg‘ur aholi yashaydi.
Oxirgi yillarda Xitoy hukumatining Shinjondagi ozchilik aholi tarkibini o‘zgartirish maqsadida xan xitoyliklarni ommaviy raqishda Shinjonga ko‘chirgani kuzatildi. Hozirda Shinjondagi aholining yarmidan kamida uyg‘urlardir.
Xitoy musulmon ulamolarni nishonga olish va Shinjonda diniy turmush tarzini man qilish, hamda masjidlar va minoralarni buzishda ayblangan.












