Ukraina, Isroil-Falastin, Afg‘oniston… Mirziyoyev O‘zbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyasini bayon qildi

Surat manbasi, Official
Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirgi kunda xalqaro maydondagi eng dolzarb mojarolar bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasini ma’lum qildi. Prezident bu haqda 7 aprel kuni Toshkentda o‘tgan xalqaro tadbirda gapirgan.
Dushanba kuni O‘zbekiston poytaxtida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi o‘tgan.
Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tayotgan mazkur xalqaro yig‘inda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagan.
O‘z nutqida O‘zbekiston prezidenti hozirda yuz berayotgan global o‘zgarishlar manzarasida turli davlatlararo va mintaqalardagi nizolar tinchlik hamda xavfsizlikka tahdid solayotganini tilga olgan.
Mirziyoyev eng muhim mojarolar bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasini bayon ham qilgan.
Oʻzbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yoʻli bilan hal etishning qatʼiy tarafdori ekanini yana bir bor taʼkidlamoqchiman.
"O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman", degan u umumiy pozitsiyani tasvirlar ekan.
Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar ijobiy natija bilan tugashidan umid qilishini bildirgan Mirziyoyev "eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz", degan.
Shuningdek, u Falastin va Isroil o‘rtasida qayta olovlanayotgan mojaroni ham tilga olgan.
"… Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi "ikki xalq uchun – ikki davlat" tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir".
Bundan tashqari O‘zbekiston yetakchisi Afg‘oniston xalqaro maydonda yakkalanib qolmasligi zarurligini ta’kidlagan.
"Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz", ma’lum qilgan Mirziyoyev.
Shu bilan birga u O‘zbekiston Bosh kotib Antoniu Guterrishning BMTni isloh qilish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
"Umuman olganda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi. Biz bu borada Bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz", degan Mirziyoyev.
Birinchi marta emas
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning tashqi siyosat borasidagi pozitsiyalarini birinchi bor yuqori minbardan turib ochiqlashi emas.
O‘tgan hafta Samarqandda o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida ham xalqaro maydonda yuzaga kelgan inqirozlar asosiy muhokama mavzulardan bo‘lgan edi.
Yirik tarixiy xalqaro yig‘inda YeI vakillari Ukrainada har tomonlama, adolatli, bardavom tinchlikni kafolatlash yo‘lida birgalikda harakat qilish lozimligini aytgan.
Prezident Mirziyoyev bunday chaqiriqlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Surat manbasi, Official
"Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralar jarayonlari boshlanganini olqishlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Oldinda juda murakkab va yechimi oson bo‘lmagan masalalar turganini tushunamiz. Biroq diplomatik sa’y-harakatlar va siyosiy qarorlar qabul qilishdan boshqa muqobil yo‘lni biz ko‘rmayapmiz", degan O‘zbekiston yetakchisi 4 aprel kuni Samarqandda.
Mirziyoyev o‘tgan yil oktyabrida Qozonda o‘tgan "BRIKS plyus" sammitida so‘zlagan nutqida ham dunyoda urush va mojarolar soni ortayotganidan tashvish bildirib, O‘zbekiston tomoni global murosaga erishish bo‘yicha da’vatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.
"Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan holi bo‘lgan, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha yangragan da’vatlarni qo‘llab-quvvatlayman", degan Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin mezbonlik qilgan sammitdagi chiqishida.
Biroq O‘zbekiston prezidenti o‘shanda Ukraina mojarosini bevosita tilga olmagan edi.












