O‘zbekiston korruptsiya bo‘yicha xalqaro reytingda yana pasaydi

2013 va 2023 yillar orasida O‘zbekistondagi korruptsiyaga bog‘liq vaziyat barqaror ravishda yaxshilanib kelgandi.
Surat tagso‘zi, 2013 va 2023 yillar orasida O‘zbekistondagi korruptsiyaga bog‘liq vaziyat barqaror ravishda yaxshilanib kelgandi.
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 2 daq

O‘zbekiston Xalqaro Transparensi tashkilotining yillik korruptsiya indeksida 182 davlat orasidan 124-o‘rinni egalladi va 100 balldan 31 ball oldi. 100 ball olgan davlat eng toza, 0 ball olgani esa eng korruptsiyaga botgan davlat hisoblanadi.

O‘zbekistonning 2025 yilgi indeksdagi bu o‘rni o‘tgan yilgiga qaraganda 3 pog‘onaga tushgan. Uning o‘rni ikkinchi yildirki davomli pasaymoqda.

2013 va 2023 yillar orasida O‘zbekistondagi korruptsiyaga bog‘liq vaziyat barqaror ravishda yaxshilanib kelgandi. Unda O‘zbekiston 17 balldan 33 ballga ko‘tarilgan.

Ikki yil avval chiqarilgan O‘zbekiston prezidentining farmoni va Senat qaroriga ko‘ra, Xalqaro Transparensi indeksi "O‘zbekiston uchun ustuvor" 15 reytingdan biri hisoblanadi.

Yangi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston korruptsiyaga qarshi kurash qonunchiligida ilgarilagan va korruptsiyaga qarshi agentlikka asos solgan bo‘lsa-da, tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Nohukumat tashkilotlarning zaifligi, fuqarolik institutlarining qisqarishi va qudratning hukumat qo‘lida tobora ko‘p jamlanishi korruptsiya ortishiga sabab bo‘lyapti.

Tashanov
Abdurahmon Tashanov
...bizga bir tiyin ham yetib kelmadi.
Abdurahmon Tashanov, inson huquqlari faoli
Oliy Majlis korrupsiyaga qarshi tanlovida 500 million so'm yutgan faol (bbc.com/uzbek)

O‘zbekiston o‘rnining pasayishini Transparensi asosan quyidagi sohalarga bog‘laydi:

  • Matbuot va so‘z erkinligi: Rasman islohotlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, korruptsiyani fosh qiladigan jurnalist va blogerlar hanuz bosimlarga uchrayapti va jazoga tortilyapti. Bu kabi muhit aksil-korruptsiya qonunlarining samarasini cheklaydi.

2025 yil oxirida «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti O‘zbekistonda taklif qilingan «shaxsiy ma’lumotlar» haqidagi qonun loyihasidan xavotir bildirdi. Unga ko‘ra, loyiha jamoat joylarida odamlarni ularning ruxsatisiz surat yo videoga olishni taqiqlaydi. Tashkilotga ko‘ra, bu jurnalistlarni rasmiylarning noqonuniy amallarini hujjatlashtirishlarini cheklash yo‘lidagi qurol bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Fridom Xaus tashkilotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini o‘z post va sharhlari uchun ichki ishlar boshqarmalariga chaqirish va sudlash hollari "sezilarli darajada oshdi". Uning qayd qilishicha, ichki ishlar va Davlat xavfsizlik xizmati Telegram, Feysbuk va YouTube platformalarini faol kuzatadi.

  • Fuqarolik jamiyatiga cheklovlar: Transparensiga ko‘ra, O‘zbekistonda rasmiylar ustidan mustaqil kuzatuvga sezilarli bosim qo‘yilgan. Hisobotda nohukumat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qiyinchiliklar ham yoritiladi.
Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning yozishicha, 2025 yilda uning jamiyati Oliy Majlisning fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash fondining tanlovida g‘olib bo‘lgan va "Hududlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi 14 ta korruptsiyaga qarshi kurashish ko‘ngilli guruhlarini shakllantirish" nomli loyiha bilan ish boshlashni rejalagan.

Ammo, unga 15 sentyabrda Oliy Majlis Senatining Korruptsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov 500 million so‘m mukofot aks etgan qog‘ozni tantanali ravishda topshirganiga qaramay, yil oxiriga borib bu bekor qilingan va hech qanday rasmiy izoh berilmagan.

  • Sudlar mustaqilligining zaifligi: Hisobot hukumat rasmiylarini javobgarlikka tortish yo‘lida sudlar mustaqil emasligini aytadi. Hatto korruptsiyaga qarshi kurash agentligi bo‘lgan taqdirda ham, bu kabi idoralar nishonni tanlab qilishga majbur va siyosiy aralashuv oldida ojizlar.

Transparensiga ko‘ra, tanish-bilishchilik va qavm tarmoqlari qonunchilik va agentlik faoliyatiga to‘siq bo‘lmoqda.

  • Demokratiya chekinishi: Hisobot O‘zbekistondagi demokratiyaning susayishini kengroq mintaqaviy trend bilan bog‘laydi. Unga ko‘ra, qudratning davlat rahbarlari qo‘lida keragidan ortiq jamlanishi tizimli korruptsiyani yo‘q qilish uchun zarur bo‘lgan tiyib turish mexanizmini susaytirgan.

Kengroq mintaqada esa, Qirg‘iziston (26 ball) va Qozog‘iston (38 ball) nohukumat tashkilotlarni ro‘yxatga olishdagi qiyinchiliklar bilan fuqarolik institutlarining ishiga to‘siq bo‘lishda davom etmoqda.

Xususan, Qozog‘istonda korruptsiyaga qarshi kurash agentligining yopilishi va uning vakolatlari Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga topshirilishi Transparensi xavotiriga sabab bo‘lgan.

Turkmaniston 17 ball, Tojikiston 19 ball bilan Markaziy Osiyodagi eng korruptsiyalashgan davlatlar bo‘ldi. Ayni damda, 22 ball olgan Rossiyada demokratiyaning chekinishi, hamda matbuot va fuqarolarga ta’qiblarning kuchayishi xavotir uyg‘otgan.