8 mart: Xalqaro xotin-qizlar kuni nimasi bilan ahamiyatli?

Surat manbasi, Getty Images
Bir asrdan ortiq vaqt davomida butun dunyo aholisi 8 martni Xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida nishonlab kelmoqda.
Bu global kun ayollar yutuqlarini e’tirof etish va nishonlash bilan birga gender tengsizligi va kamsitishdan xabardorlikni oshirishga ham qaratilgandir.
2024-yilgi Global gender tafovuti indeksiga ko‘ra, hali hech bir mamlakat to‘liq gender tengligi yoki paritetiga erishmagan.
Ammo buning nima ahamiyati bor?
Xalqaro xotin-qizlar kuni qanday boshlangan?
Xalqaro xotin-qizlar kuni (XXK) mehnatkashlar harakatidan kelib chiqqan.
Uning ildizlari 1908 yilga borib taqaladi, o‘shanda 15 000 ayol ish vaqtini qisqartirish, yaxshi maosh va ovoz berish huquqini talab qilib, Nyu-York shahri bo‘ylab namoyish qilgan.
Bir yil o‘tgach, Amerika Sotsialistik partiyasi birinchi Milliy xotin-qizlar kunini e’lon qildi.

Surat manbasi, Topical Press Agency/Getty Images
Uni xalqaro tadbirga aylantirish g‘oyasini nemis kommunisti va ayollar huquqlari himoyachisi Klara Setkin ilgari surgan.
1910 yilda u Kopengagenda bo‘lib o‘tgan Xalqaro ishchi ayollar anjumanida bu taklifni ko‘tardi.
Uning taklifini anjumanda ishtirok etgan 17 mamlakatdan kelgan 100 nafar ayol bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Birinchi Xalqaro xotin-qizlar kuni 1911 yilda Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveytsariyada nishonlangan.
Bu sana 1977 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan rasman tan olingan. BMT tomonidan qabul qilingan birinchi mavzu (1996 yilda) "O‘tmishni nishonlash, kelajakni rejalashtirish" edi.
Xalqaro xotin-qizlar kuni nima uchun 8 martda o‘tkaziladi?
Setkin xonimning xalqaro bayramni nishonlash haqidagi dastlabki g‘oyasi ma’lum bir kunga bog‘liq emas edi.
8 mart sanasi 1917 yilda rus ayollari urush davridagi ish tashlash paytida "non va tinchlik" talab qilganidan keyin tanlangan.
Ish tashlashdan to‘rt kun o‘tgach, podsho taxtdan voz kechishga majbur bo‘ldi va muvaqqat hukumat ayollarga ovoz berish huquqini berdi.
O‘sha paytda Rossiyada qo‘llanilgan Yuliy taqvimiga ko‘ra, ayollar ish tashlashi 23 fevral kuni boshlangan.
Dunyoning ko‘p qismida qo‘llaniladigan Grigoriy taqvimida bu sana 8 martga to‘g‘ri keladi.
Butun dunyoda Xalqaro xotin-qizlar kuni qanday nishonlanadi?
Xalqaro xotin-qizlar kuni ko‘plab mamlakatlarda milliy bayram hisoblanadi. Xitoyda ko‘plab ayollarga Davlat kengashi tavsiyasiga ko‘ra yarim kunlik dam beriladi. Dunyo bo‘ylab minglab tadbirlar, jumladan, yurishlar, suhbatlar, kontsertlar, ko‘rgazmalar va munozaralar o‘tkaziladi.

Surat manbasi, Getty Images
Italiyada XXK "Festa della Donna" deb ataladi va mimoza gullari mashhur sovg‘a hisoblanadi.
Rossiyada gul savdosi odatda Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ikki barobar ko‘payadi.
1984 yildan beri Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlaydigan Ugandada hukumat har yili e’tibor qaratish uchun yangi mavzuni tanlaydi.
Ba’zi mamlakatlarda, jumladan, Serbiya, Albaniya, Makedoniya va O‘zbekistonda Onalar kuni va XXK bir kunga to‘g‘ri keladi.
AQShda mart oyi ayollar tarixi oyi sifatida nishonlanadi. Har yili e’lon qilinadigan prezident farmoni amerikalik ayollarning yutuqlarini ulug‘laydi.
Xalqaro xotin-qizlar kunida nima uchun odamlar binafsha rangda kiyinishadi?

Surat manbasi, Getty Images
Xalqaro xotin-qizlar kuni rasmiy veb-saytiga ko‘ra, binafsha, yashil va oq ranglar XXK ranglaridir.
Unda shunday deyiladi: "Binafsha rang adolat va qadr-qimmatni anglatadi. Yashil rang umid ramzi. Oq rang tozalikni ifodalaydi, garchi bu bahsli tushuncha bo‘lsa ham."
Bu ranglardan 1903 yilda Buyuk Britaniyada ayollarning ovoz berish huquqi uchun kurashish maqsadida tashkil etilgan Ayollar ijtimoiy va siyosiy ittifoqi guruhi foydalangan.
Xalqaro xotin-qizlar kuni – 2025 mavzusi nima?

Surat manbasi, ELIZABETH CRAWFORD
BMTning 2025 yilgi mavzusi "Barcha xotin-qizlar uchun: huquqlar, tenglik, quvvatlov" bo‘lib, bu barqaror o‘zgarishlar uchun keyingi avlodni katalizator sifatida quvvatlovga qaratilgan.
Xalqaro xotin-qizlar kuni sayti #AccelerateAction (Harakat sur’atini oshir) mavzusini tanlagan.
Tashkilot butun dunyo bo‘ylab odamlarni #IWD2025 va #AccelerateAction xeshteglaridan foydalanib, ayollar va qizlar bilan birdamlikni ko‘rsatish uchun muhim bayram haqida ijobiy xabarlarni ulashishga undamoqda.
Faollar nima uchun Xalqaro xotin-qizlar kuni ahamiyatini ta’kidlashmoqda?
Tashkilotchilar aytishicha, bu kun gender tenglashtiruvni tezlashtirish uchun harakatga chaqiriqdir.
Xo‘sh, hali qilinadigan ishlar bormi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, ha.
BMT urushlar bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik holatlari 2023 yilda 3688 taga yetganini tasdiqladi, bu 2022 yilga nisbatan 50 foizga ko‘pdir. Jabrlanganlarning 95 foizini ayollar va qizlar tashkil etgan.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 119 million maktab yoshidagi qiz maktabga bormayapti.
Jahon banki guruhining 2024-yilgi hisobotida ayollar erkaklar foydalanayotgan qonuniy huquqlarning atigi uchdan ikki qismidan foydalanayotgani ko‘rsatilgan.
2024 yilda Bi-bi-si 100 Ayol loyihasi dunyo aholisining deyarli yarmi – 3,6 milliard kishi – 2024 yilda yirik saylovlarda ishtirok etganini xabar qildi, ammo bu yil ayollar vakilligining o‘sish sur’ati 20 yil ichida eng past darajada bo‘ldi.
BMTning Ayollar tashkiloti tomonidan 2024 yilda e’lon qilingan gender hisobotiga ko‘ra, barcha ayollar va qizlarni qashshoqlikdan olib chiqish uchun hali ham 137 yil kerak bo‘ladi. 2023 yilda 20-24 yoshdagi har besh nafar ayoldan bittasi 18 yoshga to‘lmasdan turmush qurgan.
2023 yil davomida butun dunyo bo‘ylab 51100 ga yaqin ayol va qiz juftlari yoki boshqa oila a’zolari tomonidan o‘ldirilgan.
Xalqaro erkaklar kuni bormi?
Xalqaro erkaklar kuni 1990 yillardan beri 19 noyabrda nishonlanadi.
Bu tadbir BMT tomonidan tan olinmagan, ammo dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida, shu jumladan Buyuk Britaniyada nishonlanadi.
Tashkilotchilar aytishicha, bu kun "erkaklar dunyoga, oilalari va jamiyatlariga olib keladigan ijobiy qadriyatlarga" e’tibor qaratadi.
U ijobiy namunalarni yoritish, erkaklar farovonligi haqida xabardorlikni oshirish va gender munosabatlarini yaxshilashga qaratilgan.
Ko‘p yillar davomida komediyachi Richard Herring har bir Xalqaro ayollar kunida Xalqaro erkaklar kuni yo‘qligidan norozi bo‘lgan X foydalanuvchilariga javob berish orqali uydagi zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi "Refuge" xayriya tashkiloti uchun o‘n minglab funt sterling yig‘di.













