Tahlil: Trampning ishi dunyo bo‘ylab avtoritar rejimlar uchun namuna bo‘lishi mumkin

Surat manbasi, EPA
- Author, Jeremi Bouen
- Role, Xalqaro muharrir
- O'qilish vaqti: 6 daq
Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olish orqali Donald Tramp o‘zining irodasi va AQShning harbiy qudratiga bo‘lgan ishonchini har qachongidan ham yaqqolroq namoyish etdi. Uning buyrug‘i bilan AQSh Maduroni qamoqqa oldi va endi u Venesuelani "boshqaradi".
AQSh prezidenti bu haqda Floridadagi "Mar-a-Lago" klubida o‘tkazilgan va AQSh tashqi siyosati uchun ulkan ahamiyatli matbuot anjumanida ma’lum qildi. Trampning aytishicha, AQSh hokimiyat "xavfsiz, to‘g‘ri va oqilona topshiriladigan vaqtgacha" Venesuelani nazorat qiladi.
Uning aytishicha, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges bilan gaplashgan. U Rubioga "nima kerak bo‘lsa, bajaramiz... Menimcha, u juda xushmuomala edi, lekin aslini olganda unda boshqa tanlov ham yo‘q", dedi Prezident Tramp.
Tramp tafsilotlarga to‘xtalmadi. U shunchaki "agar zarur bo‘lsa, quruqlikdagi kuchlarimizdan foydalanamiz", dedi.
U Venesuelani masofadan turib boshqara olishiga chindan ishonadimi? Istagini kerak bo‘lsa harbiy kuch bilan amalga oshirishi haqidagi bu ishora, Venesuelani qayta shakllantirish va Lotin Amerikasi rahbarlarini itoatga majburlash uchun yetarli bo‘ladimi? Uning bu ishorasini "Mar-a-Lago"da Marko Rubio va AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset olqishladi.
Aftidan u chindan shunday qila olishiga ishonadi.
Ammo dalillar bu jarayon oson va silliq kechmasligini ko‘rsatmoqda.
Nufuzli tahlil markazi – Xalqaro Inqiroz Guruhi oktyabr oyida Maduroning qulashi Venesuelada zo‘ravonlik va beqarorlikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Shu oyda "New York Times" gazetasi Trampning birinchi ma’muriyatidagi mudofaa va diplomatik amaldorlar Maduro ag‘darilsa nima bo‘lishi mumkinligini simulyatsiya qilgani haqida xabar berdi. Ularning xulosasiga ko‘ra, qurolli guruhlar hokimiyat uchun kurashar ekan, zo‘ravon tartibsizlik yuzaga kelishi mumkin.
Nikolas Maduroning chetlatilishi va qamoqqa olinishi Amerika harbiy qudratining ajoyib namoyishidir.
AQSh ulkan armada to‘pladi va birorta ham amerikalik hayotini yo‘qotmasdan o‘z maqsadiga erishdi.

Surat manbasi, Getty Images
Maduro o‘zining saylovdagi mag‘lubiyatini tan olmay, Venesuela xalqining xohish-irodasini mensimagani aniq, uning ketishini Venesuelaning ko‘plab fuqarolari quvonch bilan kutib olishi tayin.
Ammo AQSh qo‘l urgan bu ishning oqibatlari Venesuela chegaralaridan tashqarida ham aks-sado beradi.
"Mar-a-Lago"dagi matbuot anjumanida kayfiyat tantanavor edi, ular AQShning sara kuchlari tomonidan amalga oshirilgan namunaviy operatsiyani nishonlashardi.
Harbiy operatsiya faqat birinchi bosqichdir.
Amerikaning so‘nggi 30 yilda kuch bilan rejim o‘zgartirish bo‘yicha tajribasi halokatli bo‘lgan.
Kelgusidagi siyosiy oqibatlar jarayonni yo muvaffaqiyatli, yo muvaffaqiyatsiz ekanini ko‘rsatadi.
Iroq 2003 yilda AQSh bosqinidan keyin qonli falokatga yuz tutdi. AQSh 2021 yilda Afg‘onistondan chiqib ketganidan keyin milliardlab dollar sarflangan yigirma yillik davlat qurilishiga urinishlar bir necha kunda barbod bo‘ldi.
Ikkala davlat ham Amerikaning tomorqasida joylashmagan edi.
Shunga qaramay, Lotin Amerikasidagi o‘tmishdagi harbiy aralashuvlarga boqsak, kelajak ham unchalik umidli ko‘rinmaydi.
Tramp 1823 yilda prezident Jeyms Monroning boshqa davlatlarni Amerikaning G‘arbiy yarimshardagi ta’sir doirasiga aralashmaslik haqida ogohlantirgan deklaratsiyasini boshqacharoq nomlab "Donro doktrinasi" deb atagan edi.
"Monro doktrinasi – katta ish, ammo biz uni ancha oshib o‘tdik," dedi Tramp "Mar-a-Lagoda"da. "Bizning yangi milliy xavfsizlik strategiyamiz doirasida Amerikaning G‘arbiy yarim shardagi ustunligi endi hech qachon shubha ostiga olinmaydi."
U Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro haqida "ketiga ehtiyot bo‘lsin", dedi.
Keyinchalik u Fox News telekanaliga "Meksika bilan nimadir qilish kerak", deb aytdi.
Shubhasiz, Kuba ham AQSh kun tartibida turibdi. Bu ota-onasi kubalik-amerikalik bo‘lgan Rubio uchun ahamiyatli.
AQShning Venesuelaga harbiy aralashuvi Tramp dunyoqarashining ba’zi jihatlarini yaqqol namoyon etadi.
U boshqa davlatlarning qazilma boyliklariga ko‘z tikishini ochiq tan olgan.
U allaqachon harbiy yordam evaziga Ukrainaning tabiiy resurslaridan foyda olishga urindi.
Tramp Venesuelaning ulkan mineral zaxiralarini nazorat qilish istagi borligini yashirmaydi va neft sanoati davlatga o‘tkazilganda AQSh neft kompaniyalari talon-taroj qilingan deb hisoblaydi.
"Biz yer qa’ridan juda katta miqdordagi boylikni olib chiqamiz va bu boylik Venesuela xalqiga, ilgari Venesuelada yashagan odamlarga, shuningdek, AQShga kompensatsiya shaklida o‘tadi."
Bu Grenlandiya va Daniyada Trampning faqat janubga emas, shimolga ham e’tibor qaratishidan xavotirni kuchaytiradi.
AQSh Grenlandiyaga, uning Arktikadagi strategik mavqeiga, shuningdek, global isish tufayli muz erishi bilan tobora erishish qulayroq bo‘lib borayotgan tabiiy resurslarga bo‘lgan intilishini to‘xtatgani yo‘q.
AQSh Lotin Amerikasiga qurolli aralashuv bo‘yicha uzoq yillik tarixga ega.
1994 yili Haitida bo‘lganimda, prezident Bill Klinton rejimni o‘zgartirish uchun 25 ming askar va ikkita aviatashuvchini yuborgan edi. O‘shanda Haiti rejimi bir o‘q ham otilmay qulagan edi. Yaxshi kelajakni boshlab berish u yoqda tursin, battar bo‘ldi, o‘shandan buyon o‘tgan 30 yil davomida Haiti xalqining kosasi oqarmadi. Haiti hozirda qurolli guruhlar hukmronlik qilayotgan barbod bo‘lgan davlatdir.
Donald Tramp Venesuelani yana buyuk qilish haqida gapirdi, lekin demokratiya haqida emas. U 2025 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olgan Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado mamlakatni boshqarishi kerakligi haqidagi fikrni rad etdi.
"Menimcha, unga rahbar bo‘lish juda qiyin, uning yetarli qo‘llab-quvvatlovi yo‘q... Unga hurmat yo‘q."
U ko‘pchilik venesuelaliklar 2024-yilgi saylovlarning qonuniy g‘olibi deb hisoblaydigan Edmundo Gonsalesni ham tilga olmadi.
Buning o‘rniga, AQSh hozircha Maduroning vitse-prezidenti Delsi Rodrigesni qo‘llab-quvvatlamoqda.
AQSh harbiylariga Maduroni hibsga olish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotni bergan qandaydir ichki hamkorlik bo‘lgan ko‘rinadi, ammo uning salafi Ugo Chaves qurgan rejim hali ham barqarordek.
Venesuela qurolli kuchlari AQSh hujumiga qarshilik ko‘rsata olmaganidan qanchalik nomus qilmasin, AQSh rejalariga rozi bo‘lishlari ehtimoldan yiroq.
Harbiylar va rejimning boshqa tarafdorlari korruptsiya tarmoqlari orqali boyib ketgan va ular qulay sharoitni boy berishni istamaydi.
Rejim fuqaroviy jangarilarni qurollantirgan, Venesuelada yana boshqa qurolli guruhlar ham bor.
Ular orasida jinoiy tarmoqlar, boshpana evaziga Maduro rejimini qo‘llab-quvvatlagan Kolumbiya partizanlari ham bor.

Surat manbasi, Donald Trump / Truth Social
Maduro operatsiyasi dunyoni xalqaro huquqda belgilangan qoidalar asosida boshqarish eng yaxshi usul ekaniga bo‘lgan ishonchga yana bir jiddiy zarba beradi.
Bu ishonch Donald Tramp lavozimga kelishidan oldin zaiflashgan edi, ammo u allaqachon AQShda ham, xalqaro miqyosda ham o‘ziga yoqmaydigan qonunlarni pisand qilmasligini namoyish etgan.
Uni g‘azablantirmaslik uchun yevropalik ittifoqchilar, shu jumladan, Bosh vazir Keyr Starmer Maduro operatsiyasi BMT Nizomini ochiq buzish ekanligini aytmasdan, xalqaro huquqni qo‘llab-quvvatlashini bildirish yo‘llarini izlamoqda.
Trampning AQSh Venesuela va uning neft sanoatini nazorat qilishi haqidagi bayonotlarini hisobga olsak, AQShning harbiylar shunchaki Venesuela prezidenti niqobidagi giyohvand moddalar savdogarini qo‘lga oldi xolos degan gaplari, ishonarsiz tuyuladi.
Maduro hibsga olinishidan bir necha soat oldin u Karakasdagi saroyida xitoylik diplomatlar bilan uchrashgan edi.
Xitoy AQShning bu harakatini qoraladi. Unda aytilishicha, "AQShning gegemonlik harakatlari xalqaro huquq va Venesuela suverenitetini jiddiy buzadi hamda Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasidagi tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladi."
AQSh "boshqa davlatlarning suvereniteti va xavfsizligini buzishni to‘xtatishi" kerak.
Shunday bo‘lsa-da, Xitoy AQSh boshlab bergan pretsedentni davom ettirishi mumkin.
U Tayvanni bo‘lginchi viloyat sifatida ko‘radi va uni Pekin nazoratiga qaytarish milliy ustuvor vazifa ekanligini e’lon qilgan.
Vashingtonda bu, albatta, Senat razvedka qo‘mitasining Demokratik partiyadan bo‘lgan rais o‘rinbosari, senator Mark Uornerning xavotiridir. U Xitoy rahbarlari va boshqalar diqqat bilan kuzatilishi haqida bayonot berdi.
"Agar Qo‘shma Shtatlar o‘zi jinoyatda ayblagan xorijiy rahbarlarni qo‘lga olish uchun harbiy kuch ishlatishga huquqimiz bor desa, Xitoyning Tayvan rahbariyati ustidan xuddi shunday huquqqa da’vo qilishiga nima to‘sqinlik qiladi? Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukraina prezidentini o‘g‘irlash uchun shunga o‘xshash asosni da’vo qilishdan nima to‘xtatadi? Bu chiziqdan o‘tilgach, global xaos oldini olib turgan qoidalar qulay boshlaydi va avtoritar rejimlar bundan avvalo foydalanadi."
Donald Tramp qoidalarni o‘zi yaratishiga ishonadi va AQSh da’vo qilgan huquqqa ertaga boshqalar ham da’vo qilishi mumkinligini hisobga olmaydi.
Ammo hokimiyat dunyosi bunday ishlamaydi.
Uning 2026 yil boshidagi xatti-harakatlari yana 12 oylik global notinchlikka ishora qilmoqda.












