Fermerlar prezidentdan nimani so‘ragan bo‘lishardi? Klaster, narx va majburiy ekinlar «Diqqat, BBC»da

"Diqqat, BBC" dasturining bu soni fermerlar erkinligi haqida
Surat tagso‘zi, "Diqqat, BBC" dasturining bu soni fermerlar erkinligi haqida
O'qilish vaqti: 7 daq

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘li ostida ko‘p islohotlar qilinganiga shubha yo‘q. Ammo, masala bu islohotlarning ijrosi qanday olib borilayotganida.

O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining qariyb bir choragini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligida non topayotgan ko‘plarning fikrida, yechilishi lozim bo‘lgan muammolar juda ko‘p.

Qishloq xo‘jaligi davlatning qattiq nazorati ostida qolmoqda. Hukumat sohaning ko‘p jihatlarini hanuz nazorat qiladi, xususan paxta va bug‘doy kabi ekinlarga kvotalarni belgilaydi.

Dehqonlarga esa ko‘pincha muayyan ekinni ekish buyuriladi.

Dasturni tomosha qiling:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Yetishtirilgan mahsulotga narxni belgilash erkinlashtirilgani aytilsa-da, aslida ko‘p hollarda vaziyat boshqacha.

Prezidentning eng ko‘zga ko‘rinarli islohotlaridan biri – klaster tizimi. Uni tashkil qilishdan maqsad xom ayoshni yetkazuvchi, uni qayta ishlovchi va mahsulotga aylantiruvchi shirkatlar o‘z ixtiyorlari bilan bir tizimga birlashib, bozor iqtisodining qiyinchiliklarini birgalikda yengib o‘tishi, hamda daromadni adolatli tarzda o‘zaro taqsimlashi bo‘lgan.

Ammo, mana bir necha yildirki, fermer o‘z hududidagi «qudratli» klaster bilan shartnoma tuzishga majburlanadi va amalda unga boshqa viloyatdagi klaster bilan kelishishga ruxsat berilmaydi.

Klasterlarga esa, ular davlatdan holi shirkatlar bo‘lsa-da, kuch ishlatuvchi idoralar yordam beradi. Bu kuch tizimlari mahalliy hokimning og‘zaki buyrug‘i bilan ham istagan dalasiga kirib borishi va uni payhon qilishi mumkin, dehqonni esa osongina qamab qo‘ya oladi.

Dehqonni kishanlardan ozod qilish uchun yaratilgan klaster aslida uning erkinligini yangicha usullar bilan cheklagandek.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Shu kunlarda qishloq xo‘jaligiga mas’ul qator hukumat idoralari, xususan Savdo-sanoat palatasi, biznes-ombudsman, qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘zbekistonlik fermerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

"Diqqat, Bi-bi-si" dasturimizga shu uchrashuvlarda ishtirok etgan shovotlik fermer Ne’mat Ishchanov va yangiyo‘llik fermer, "Agrobiznes uyushmasi" rahbari Komoliddin Ikromovlarni taklif ettik.

Narx erkinmi?

"Bug‘doy – bozor narxida, bug‘doy ichki bozorga qolyapti. Paxta – dunyo bozori narxida, ichki emas, dunyo bozori narxida", - dedi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov fermerlar bilan uchrashuvida.

Lekin, fermerlarga ko‘ra, vaziyat ancha chigalroq. G‘alla va paxtaga oid narxlar belgilanishi bir-biridan farq qiladi.

Ishchonov: Birinchidan, paxta birjada tola va chigit holida sotiladi. Klasterlar paxtani fermerdan xom ashyo sifatida oladi, so‘ng o‘zlari uni tola va chigit sifatida sotyapti. Farq shu yerda. Ular bu Nyu-York birjasi, yoki Liverpul birjasidagi kotirovkaga tenglashtirilgan, deyishadi. Buni bir necha marta tahlil qilganmiz, unday emas. Past baholaydi davlat. Erkinlik yo‘qligining ko‘rinishi shu. Fermer qonunan narxni o‘zi qo‘yishi kerak yo kelishishi kerak. "Birjaning narxi mana shunday", deya e’lon qilishning o‘zi noto‘g‘ri. "Biz belgilamadik-ku, e’lon qildik" deyishadi. Bu fermerlar va hokimlarning miyasiga "belgilash" bo‘lib singib ketgan. Dunyo bozorida tushgan paxta narxlarini tahlil qilganimizda, yil oxirida paxta narxi 9 ming atrofida bo‘lishi kerak edi. Lekin, yil oxiriga kelib 6,800 so‘mga tushirib tashlashdi. Fermer o‘zi yetishtirgan mahsulotga o‘zi erkin narx belgilolmaydi. Undan tashqari, quyi pog‘onadagi mahalliy hokimiyatlar aralashib, "o‘zingning tumaningdagi klaster bilan shartnoma qilasan", deya shartnomaviy erkinlikni ham cheklashyapti.

BBC
“Birjaning narxi mana shunday”, deya e’lon qilish noto‘g‘ri. “Biz belgilamadik-ku, e’lon qildik” deyishadi. Bu fermerlar va hokimlarning miyasiga “belgilash” bo‘lib singib ketgan.
Ne'mat Ishchanov
Fermer (bbc.com/uzbek)

Klaster hukumatning erkatoy farzandimi?

"Chiqayotgan qarorlarning hammasi fermerni klaster bilan shartnoma qilishga majburlayotgan qarorlar, bu yerda teng raqobat yo‘q", - dedi qoraqalpog‘istonlik fermerlardan biri davlat idoralari bilan o‘tgan uchrashuvda.

Bi-bi-si jurnalisti fermerlardan o‘z muammolarini bilan o‘rtoqlashishni so‘raganida, ulardan kelgan xat va ovozlarning ko‘pchiligi klasterlardan o‘z mahsulotlari uchun to‘lovlarni ololmayotganlari va buning ortidan o‘zlari qarzga botib ketayotganliklari haqida bo‘ldi.

Muammolarni efirda ochiq gapirib berish so‘ralganda esa, fermerlarda qo‘rquv borligi yaqqol ko‘rinadi. Qo‘rquv shunchaki bir firma yo shaxsdan emas, aynan vakolati davlatga tenglashtirilgan va mahalliy ma’muriyat qo‘llab-quvvatlaydigan bir kuchdan. Klaster – ular uchun go‘yo davlat.

"Klasterlar issiqxona sharoitlarida o‘stirildi", - deydi Ikromov.

Fermerlar muammolari haqida ko‘p gapiriladi, lekin klasterlardan ko‘p eshitmaymiz. Xo‘sh, ularning ahvoli qanday?

Ikromov: Boshida paxta narxi pastligi tufayli klasterlar ishga qiyinchiliklar bilan kirishdi, lekin o‘ta arzon imtiyozli kreditlar yordamida yaxshi ishlashdi. Lekin, 2020 yilga kelganda, pandemiyada paxta narxi keskin oshib ketti. O‘shanda paxta tolasida foyda kilogrammiga 1 dollarga to‘g‘ri kelib qoldi va ko‘plab biznesmenlar klaster tizimiga kirishga harakat qilishdi. «Massovыy bum» bo‘ldi. Bilsa-bilmasa, ilmi bo‘lsa-bo‘lmasa, klaster bo‘lib qoldi. Yaxshi boshqaruvi bo‘lmagani va bu sohani bilmaganliklari uchun ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Bu – birinchisi. Ikkinchisi – ular norozi bo‘ladigan tomoni, ularga ko‘p ijtimoiy yuklamalar yuklandi: bog‘cha, maktab, chorvachilik kabi o‘zlari tushunmaydigan sohalardagi ishlar ularga yuklandi. O‘shanda ularning operatsion xarajatlari ko‘payib ketti. Ichlarida eskidan paxta zavodlarida ishlab yurgan odamlar bor, ular avvallari qanday qo‘shib yozish va o‘g‘irliklarni qilgan bo‘lishsa, klasterlarda ham shu ishlar davom etti va katta yo‘qotishlarga uchradi. 2023 yilga kelib ular shu yo‘qotishlarni fermerlar hisobidan qoplashni boshlashdi. Insofsiz klasterlar orasida fermerlarga 2-3 yillab pulini berishi niyati ham yo‘qlar bor. Fermerlarning pullarini olib boshqa sohalarga yo‘naltirishgan. Ayrimlari o‘zini bankrot qilib, yangi klasterlar ochib olishdi.

Ikromov
BBC
Tekstil sanoatga katta pullar yo‘naltirilgan. Shu pullar o‘zini oqlamaguncha, paxtachilik shu yo‘sinda ketsa kerak.
Komoliddin Ikromov
Fermer (bbc.com/uzbek)

Klaster tizimidagi tengsizlik va qarzlarning to‘lanmasligi muammosi bir necha yildan beri davom etayotgan bo‘lsa-da, uning yechimiga hukumat jiddiy kirishgan ko‘rinmaydi. Hukumat vakillari bilan uchrashuvda bir necha fermerlar, ularning qo‘llarida sud hukmi bo‘lsa-da, Majburiy ijro boshqarmasi (MIB) ularning qarzlarini klasterlardan undirib bermasligi, lekin mabodo fermerda qarzdorlik bo‘lsa, MIB zudlik bilan ularni bosim ostiga olishidan shikoyat qilishdi.

Ikromov: Insofsiz klasterlar ortida kimlardir bor. Korruptsion holatlar bor. Ularga uncha-munchaning kuchi yetmaydi. Vaziyatdan chiqib ketishadi.

Ho‘sh, klasterlar tizimi silliq ishlashi uchun, nima qilish kerak?

Ikromov: Klasterlar garov qo‘yishi kerak. Ancha yildan beri aytib kelamiz. Qancha mahsulot olishi kerak bo‘lsa, masalan 10 ming tonna paxta olmoqchi bo‘lsa, 10 ming tonnaga garov qo‘ysin. Shunda fermer ham qo‘rqmay sotadi mahsulotini. Bu tizim quruvchilik sohasida qilindi, paxta ham qilinishi kerak, shunga yetib keldik hozir.

Paxta kerakmi?

Paxtaning yirik sanoat sifatida shakllanish tarixi Chor Rossiyasining bugungi O‘zbekiston yerlarini mustamlaka qilishiga borib taqaladi. Birinchi Jahon urushida o‘zbek yerlari rus armiyasi uchun zarur bo‘lgan mahsulotni yetkazib beruvchi asosiy manbaga aylandi.

Sovet Ittifoqi barpo etilishi bilan esa, bu sanoat yanada kengaydi va uni oziqlantirish uchun Orol dengizi ham quridi. "Oq oltin"ga tenglangan mahsulotga butun respublika, yosh boladan tortib qariyalar safarbar qilindi. O‘zbekiston hatto mustaqil davlatga aylanganida ham majburiy mehnat tanqidlariga uchrab, xalqaro maydonda paxtasi boykot qilindi.

Paxtaning yirik sanoat sifatida shakllanish tarixi Chor Rossiyasining bugungi O‘zbekiston yerlarini mustamlaka qilishiga borib taqaladi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Paxtaning yirik sanoat sifatida shakllanish tarixi Chor Rossiyasining bugungi O‘zbekiston yerlarini mustamlaka qilishiga borib taqaladi.

Ismi sir qolishini so‘ragan chiroqchilik fermer paxtani bu mavsumda bir necha marta sug‘orishga majbur bo‘layotgani, chunki suv qaynab ketayotganini aytti.

Bugunga kelib keskinlashgan iqlim sharoitlari, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish muammolariga qaramay, paxtaning O‘zbekiston uchun yaxshi yo yomon mahsulot ekanligi bo‘yicha fikrlar hanuz turfaxil.

Ikromov: Hukumat mavqeiga qaraydigan bo‘lsak, to‘qimachilik sanoatiga eng ko‘p ish joylarini beruvchi sanoat deb qaraladi. Unga paxta xom ashyosi kerak. Bu sanoatga katta pullar yo‘naltirilgan. Shu pullar o‘zini oqlamaguncha, shu yo‘sinda ketsa kerak. Ayni damda, ayrim klasterlar paxtani chetdan ham olib kela olishlarini ochiq aytishyapti. Balki o‘ylab ko‘rish kerakdir. Hukumatning o‘z hisob-kitoblari bor. Lekin suv yetmayapti, qaynab ketayotgan, yetmayotgan joylari bor. Shu sababdan, paxtani qaerdadir qisqartirish kerakdir. Chunki fermer eksa-yu, zarariga chiqsa, pulini ololmasa – bu qiyin holat.

Xorazmlik fermer qanday fikrda? Orol dengizi qurishidan eng ko‘p shikast yegan va sho‘rlanish, qurg‘oqchiliklarga yut tutgan vohada paxtani yetishtirish O‘zbekistonning boshqa hududlaridan bir necha marta qiyinroq. Xorazmga paxta kerakmi?

Ishchonov: Kerak. Paxta ko‘p suv ichadi, deganlarga men uncha qo‘shilmayman. Men ekib yuribman-ku paxtani. Paxta vegetatsiya davrida juda kam suv ichadi. Sho‘rlanishga kelsak, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda nafaqat paxtani, balki har qanday ekinni ekish uchun dalani yuvish kerak. Paxta – foyda keltiradigan dehqonchilik, uni ekish kerak. O‘tgan yili sal erkinlik berilganda, kimlardir piyoz ekib ko‘rdi, tarvuz ekib ko‘rdi, bu yaxshi natija bermadi. Paxta – eksportbop mahsulot. Mahsulot eksportbop bo‘lgani yaxshi, ichki bozor uchun emas. Ichki bozor uchun bo‘lsa, hamma shuni ekadi va bozorda shu mahsulot to‘lib ketadi. O‘tgan yili sholi shunday bo‘lib qoldi. Sholi juda ko‘p yetishtirildi, lekin unga juda ko‘p suv ketadi. Mahalliy bozorlarimiz guruchga to‘lib ketti, undan foyda kam. Paxtani esa chetga tola, ip yo tayyor mahsulot sifatida sotilsa, katta foyda ko‘rish mumkin.

Hukumat vakillari bilan uchrashuvda fermerlar o‘zlari istagan texnikani olish huquqiga ega emasliklarini aytishdi.

Surat manbasi, Savdo-sanoat palatasi

Surat tagso‘zi, Hukumat vakillari bilan uchrashuvda fermerlar o‘zlari istagan texnikani olish tanloviga ega emasliklarini aytishdi.

Ayni damda, xorazmlik fermer, iqlim uning fermerlik bilan shug‘ullanayotgan 23 yili davomida o‘z ko‘zi o‘ngida o‘zgarayotganini aytadi.

«Ilk yillarimda, sho‘rni yuvganimzdan keyin ham, ariqlar bo‘ynimizgacha suvga to‘lib kelib turardi. Hozir unday emas», - deydi u.

Ikromov: Bu yil mana qurg‘oqchilik bo‘ldi, bu keyingi yil ham davom etishi kutilyapti. Prognozlarga ko‘ra, keyingi yil kuchliroq bo‘ladi. Hozir guruhlarimizda eng ko‘p ko‘tarilayotgan muammo suv bo‘lyapti.

Ishchonov esa suvni yetkazib berish davlatning majburiyati ekanini urg‘ulaydi. Unga ko‘ra, yer ijara shartnomasida davlat fermerni suv bilan ta’minlab berilishi majburiyat sifatida belgilab qo‘yilgan.

Aloqador maqolalar

Notekis islohot

Qishloq xo‘jaligida ko‘plab islohotlar qilinyapti, tinimsiz qonun-qoidalar, prezident qarorlari chiqyapti.

Maqsad – aftidan qishloq xo‘jaligini zamonaviyshlashtirish.

Lekin, ayni damda, zamonaviylashtirilmay qolayotgan tizim – ma’muriy tizim. Unda islohot yo‘q.

Ya’ni, qog‘ozda fermer erkin va davlat buyurtmalaridan holi deyiladi, lekin ma’muriy tizimdagi mahalliy hokimlarga hanuz Toshkentdan paxta va g‘alla bo‘yicha rejalar va o‘z hududidagi eksport bo‘yicha rejalar belgilab beriladi. Hokim planni to‘ldirmasa, uning ham holi voy.

Bir tomonda qonunda zamonaviylashgan fermer, ikkinchi tomonda esa hali zamonaviylashmagan hokim.

Ishchonov: Davlat xaridi bekor qilingandan keyin, fermerga nima ekishi va qancha yetishtirishi bo‘yicha buyruq berilmasligi kerak. Lekin, bari taqsimotga borib taqaladi. Vazirlar mahkamasi respublika iqtisodiy rejalarini ishlab chiqqanida, masalan, mana buncha paxta yetishtirilishi kerak deya belgilanadi. Hokimlarniyam, vazirlarniyam to‘g‘ri tushunimiz kerak, chunki ularga topshiriq keladi.

Xo‘sh, fermerlar emin-erkin ishlashlari, yurt dasturxonlarini to‘kin sochin qilishlari uchun, ma’muriy bosimlar, klasterlarga oid korruptsiya va tanish-bilishchilik, iqlim muammolarini hal qilish bilan bir qatorda yana qanday yechimlarni taklif qilish mumkin?

Prezident Mirziyoyev sovet davridan qolgan ma’muriy tizimni ham isloh qilishga tayyormi?

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Prezident Mirziyoyev ma’muriy tizimni ham isloh qilishga tayyormi?

Davlat rahbari bir necha yildan beri tadbikorlar bilan uchrashuvlar uyushtiryapti, lekin agrar davlat hisoblangan yurtning fermerlari bilan hali alohida uchrashgani yo‘q.

Agar fermerlar prezident bilan uchrashishsa, nimalarni so‘ragan bo‘lishardi?

Ishchonov: Shikoyatimiz ijroya hukumatdan. Qonunlar bor, qarorlar bor, ajoyib. Prezidentning qarori chiqadi, bu qarorga Vazirlar mahkamasi tartib tayyorlaydi. O‘sha yerda ko‘p narsa o‘zgarib ketadi. So‘ng quyi pog‘onalar, viloyat va tuman darajasiga tushganida, hattoki qaror o‘zgarib ketadi. Men prezidentga aytgan bo‘lardim: hurmatli prezident, sizga rahmat, xalq va fermerlar uchun haqiqatdan jon kuydiryapsiz, farmon va qarorlaringizga shikoyatimiz yo‘q, lekin ijrosini yaxshiroq nazorat qilsangiz, yaxshi bo‘lardi.

Ikromov: Islohotlar qilinsa, birinchi o‘rinda sud tizimini isloh qilish kerak. Sudlar mustaqil bo‘lsa, kimdir noqonuniy harakat qiladigan bo‘lsa, jabr ko‘rgan odam sud orqali adolatni topadigan bo‘lsa, noqonuniy ish qilgan kim bo‘lishidan qat’iy nazar qonuniy jazosini oladigan bo‘lsa, odamlarning ishonchi ortib, ishlayveradi. Korruptsiya hamma joyda bor, hattoki Amerikada ham, YaIMsi ortib borayotgan Koreyada ham. Lekin, ularda sud tizimi yaxshi ishlaydi, shuning uchun u yerda rivojlanish bor.