O‘zbekiston: Qamoqxonadan yana bir mahkumning o‘ligi chiqdi

Surat manbasi, Courtesy
Olmaliqdagi jazoni ijro etish koloniyasida 21 yoshli mahbus vafot etgani haqida xabar chiqdi. Rasman, mahkum o‘limiga gipertoniya va birlamchi yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aytiladi. Biroq, marhumning onasiga ko‘ra, uning tanasida elektroshok izlari topilgan va o‘g‘lida qamoqdan oldin hech qanday tibbiy muammo yo kasallik bo‘lmagan.
15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasida mahbus Muhammadqodir Po‘latov vafot etgan. Bu haqidagi O‘zbekistondagi "Ezgulik" tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov o‘z Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Bi-bi-si ushbu holat yuzasidan marhumning oilasi va rasmiy idoralar bilan bog‘landi. Biroq, Olmaliqdagi 14-sonli koloniya xodimlari bu borada hech bir ma’lumot bera olmasliklarini ta’kidlashdi. Ichki Ishlar vazirligi esa yuborilgan so‘rovlarga halicha javob bergani yo‘q.
'Sog‘ligida muammo yo‘q edi'
Farg‘onalik marhum Muhammadqodir Po‘latovning onasi Nigora Qambarovaning aytishicha, 2024 yil 18 avgustda o‘g‘li o‘z do‘stlari bilan tug‘ilgan kun ziyofatidan chiqqan va mast holatda Farg‘onadagi do‘konlardan birida mayda bezorilik sodir etgan.
Ona keyinchalik do‘konga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganini va tadbirkor da’vosi yo‘qligi haqida ariza qoldirganini aytadi.
Biroq, 4 oy davom etgan tergov jarayonlaridan keyin Muhammadqodir Po‘latov uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
O‘tgan dekabrning boshida Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyaga o‘tkazilgan.
"Tergov tugamasdan avval tadbirkorning hamma zararini to‘lab berdik. Kim bilan tortishgan bo‘lsa, ular ham da’vomiz yo‘q deb yozib berishgan edi. Tadbirkor ham. Lekin sudda o‘g‘limga uch yil [qamoq jazosi] berishdi. Biz juda hayron qoldik. Sababi, qamashlari uchun hech qanday sabab qolmadi, deb ishongan edik" – deydi ona.
"O‘g‘limni 2024 yilning 2 dekabrь sanasida Farg‘onadan Toshkentga olib ketishdi. 10-15 kun karantinda saqlashganidan keyin, dekabrning o‘rtalarida Olmaliqdagi koloniyaga o‘tkazishgan. Adashmasam, 15 dekabrda bo‘lgan. Lekin qaysi koloniyaga qachon o‘tkazishganidan biz bexabar edik. Bu haqida hech kim xabar bermagan".
"Yangi yil arafasida o‘zi telefon qildi. "Ona, Olmaliqqa o‘tkazishdi, xabaringiz bormi-yo‘qmi?" deb so‘radi. 2 minutcha gaplasha oldim, xolos. Faqat tug‘ilgan kuniga bormoqchi ekanligimni aytishga ulgurib qolgandim" — deydi marhumning onasi.
Nigora Qambarova 2025 yilning yanvarida o‘g‘li bilan uchrashuvga borgan. Onaning aytishicha, u paytda o‘g‘lida sog‘lig‘iga oid hech qanday muammo bo‘lmaganini aytadi.
"2025 yil 24 yanvarda men o‘g‘limning oldiga uzoq muddatli uchrashuvga bordim. (Yanvarning) 27-kuni 10:30 larda xayrlashib chiqdik. Deyarli 4 kun yonida bo‘ldim. Shu yerda men, katta qizim, uchta nabiram va o‘g‘lim bitta katta xonada yashadik" – deydi ona –" Kayfiyati va ko‘rinishi juda yaxshi edi. Sog‘ligi haqida hech qanday shikoyat qilmagan edi".
Ammo keyingi kunlar davomida o‘g‘li bilan xabarlashishning imkoni bo‘lmagan. Ular na telefonda, na xabarnoma orqali muloqotda qila olishmagan.
15 fevral kuni ertalabki soat 07:00da Muhammadqodir Po‘latovning vafot etgani haqida xabar berishgan. Voqea haqida unga xabar berishgan koloniya xodimlari Nigora Qambarovaga o‘g‘li ovqatdan zaharlangan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
"Axir zaharlangan bo‘lsa, butun koloniyada faqatgina mening o‘g‘lim ovqatdan zaharlanmaydiku?" — yig‘laydi ona.
"Ularning [koloniya xodimlarining] aytishicha, juma kuni [14 fevral] ertalab o‘g‘limning sog‘ligi yomonlashgan. Koloniyada dori berib ko‘rishgan, lekin ta’siri bo‘lmagan emish. Keyin reanimatsiya olib borishibdi. Ammo reanimatsiyada yigirma minut ichida joni uzilibdi".
"O‘g‘limning boshlarini, qorinlarini yorishgan va qayta tikib qo‘yishgan" – deydi marhumning onasi — "Men yetib borganimda esa allaqachon muzlatib ham qo‘yishgan ekan. Shuncha narsa bo‘lgan, ammo hech kim bizga xabar bermagan."
Nigora Qambarovaga ko‘ra, o‘g‘lining o‘limiga miokard infarkti va yondosh kasalliklar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.
Biroq, onaning ta’kidlashicha, o‘g‘li qamoqdan oldin bu kabi kasalliklarning hech biri bilan og‘rimagan. U jasadda qiynoq izlari borligini iddao qiladi.
Nigora Qambarovaning aytishicha, unga ekspertiza xulosasi ham berilmagan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri prokurorga topshirilishi haqida aytishgan.
"Yuragining chap sohasida elektroshokning izi bor. Bo‘ynida barmoq izlari ko‘rinib turgandi" – da’vo qiladi ona.
"Lekin miokard infarkti va shunga o‘xshash kasalliklarni aytishyapti. Axir bolam hech qachon bunday kasalliklar bilan og‘rimagan. Yanvarda ko‘rganimda ham soppa-sog‘ edi".
'Bir nechta shubhali jihatlar bor'
Inson huquqlari bo‘yicha "Ezgulik" harakati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra esa, ekspertiza natijasi ochiqlanishini kutish kerak.
"Mahbusning o‘limiga qiynoq sabab bo‘lgan yo bo‘lmaganligini ekspertiza tahlilisiz isbotlab bo‘lmaydi. Biroq, ayni holat yuzasidan shubhali tomonlar bir nechta" — ta’kidlaydi Ezgulik rahbari.
Mahbusning oʻlimiga qiynoq sabab boʻlgan yo boʻlmaganligini ekspertiza tahlilisiz isbotlab boʻlmaydi. Biroq, ayni holat yuzasidan shubhali tomonlar bir nechta.
"Bizda shubha tug‘dirgan hozircha yagona jihat — koloniya ma’muriyatining mahkumning og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga xabar bermaganligi".
"Qo‘limizda ekspertiza hujjatlari bo‘lmagani bois mahkumning qiynoqdan o‘lim topganiga dalolat qila olmaymiz. Ammo koloniya ma’muriyatining jasadni yorib, so‘ng yaqinlariga topshirgunicha bo‘lgan jarayonda ularga xabar bermaganligi mudhish xatodir. Chunki onaning ko‘nglida ulkan gumon qoldi, 20 kun avval soppa-sog‘ ko‘rgan norg‘ul bolasining o‘ligini dabdurustdan qo‘liga tutqazishsa, onaning ahvolini tasavvur qilavering!" — deb yozadi Abdurahmon Tashanov o‘z Facebook sahifasida.
Nigora Qambarovning da’volari borasida rasmiy munosabatni o‘rganish va barcha taraflar nuqtai nazarini yoritish maqsadida Bi-bi-si O‘zbek Xizmati qator rasmiy idoralar bilan bog‘landi.
Xususan, Muhammadqodir Po‘latov jazoni o‘tab kelgan Olmaliqdagi 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasi bu borada hech qanday ma’lumot bera olmasligini bildirdi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa jo‘natilgan so‘rovlarga maqola nashrga tayyorlanayotgan paytga qadar javob bergani yo‘q.
Ombudsman vebsahifasida chop etilgan xabarga ko‘ra, vaziyat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olingan. Mazkur holat Ombudsman xodimlari va uning Toshkent viloyatidagi vakili tomonidan o‘rganilayotgani aytiladi.
O‘zbekiston qonunchiligida qiynoqlardan foydalanish rasman taqiqlangan.
Islom Karimov davrida O‘zbekiston qiynoq muntazam qo‘llanilgan davlatlardan biri sifatida xalqaro doiralarda tilga olinardi.
Prezident Mirziyoyev qudratga kelgach, mamlakat mas’ullari bu boradagi ahvolni yaxshilashga kirishganlarini ta’kidlashadi. Biroq, qiynoq hollari O‘zbekistonda hamon yo‘qolmagani aytiladi.
Human Rights Watch va Xalqaro Amnistiya kabi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ayni holatni bir necha yillardan beri tanqid qilib kelishadi.
2024 yilda chop etilgan qator xalqaro hisobotlarda ham O‘zbekiston qamoqxonalarida mahbuslar hanuz qiynoqqa solinishi haqida gapiriladi.
Muhammadqodir Po‘latov esa so‘nggi yillarda qamoqxonadan o‘ligi chiqqan yagona mahbus emas.












