Garvard Trampga qarshi turdi. Lekin qanchaga turib beradi?

Garvard Universiteti binolari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Garvard Universiteti
O'qilish vaqti: 4 daq

Garvard universiteti AQSh prezidenti Donald Trampning talablariga bo‘ysunmasligini aytdi.

Garvard universitetining bu mavqeiga qarshi AQSh hukumati ayni bilim dargohiga chet ellik talabalarni qabul qilishni taqiqlashi bilan tahdid qilmoqda.

"Qaysi partiya hokimiyatda bo‘lishidan qat’iy nazar, hech qanday hukumat xususiy universitetlarga nima o‘qitishni buyurmasligi kerak", dedi Garvard prezidenti Alan Garber universitet veb-saytida joylashtirilgan bayonotida.

Garvard Oq uyning keng qamrovli talablar ro‘yxatiga rozi bo‘lishdan bosh tortganidan ko‘p o‘tmay, Tramp ma’muriyati ushbu muassasaga ajratilgan 2,2 milliard dollarlik federal mablag‘ni muzlatib qo‘ydi. Talablar ro‘yxatga qanday boshqarish, ishga olish va o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar ham kiritilgan edi.

Ko‘plab talabalar va bitiruvchilar oqibatlarga qaramay, universitetning o‘z pozitsiyasida qolish qarorini olqishlashdi. Sobiq prezident Barak Obama, o‘zi ham ushbu universitet bitiruvchisi, Trampning harakatini "qo‘pol" deb atadi va Garvardni "boshqa oliy ta’lim muassasalari uchun namuna" sifatida maqtadi.

Ammo milliardlab dollar garovda turgan bir paytda, o‘z pozitsiyasining haqligini isbotlash uchun tortishish - federal hukumat va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzoq davom etadigan kurashning boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Garvard prezidenti Alan Garber Oq uyning keng qamrovli talablar ro‘yxatini keskin rad etdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Garvard prezidenti Alan Garber Oq uyning keng qamrovli talablar ro‘yxatini keskin rad etdi.

Trampning Garvardga qarshi hujumlari yagona holat emas. Hukumatning antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha ishchi guruhi kamida 60 ta universitetni tekshiruvdan o‘tkazish uchun belgilab oldi.

Hukumatning aytishicha, muammo o‘tgan yilgi Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi talabalar shaharchasidagi noroziliklari bo‘lib, ular butun mamlakat bo‘ylab universitetlarga zarar yetkazdi va Tramp ma’muriyati buni yahudiy talabalarni ta’qib qilishga sabab bo‘lganini aytdi.

Hukumat 400 million dollarlik moliyalashtirishni qisqartirgandan so‘ng, o‘tgan oy Kolumbiya universiteti noroziliklar ortidan ma’muriyatning ko‘plab talablariga rozi bo‘ldi.

Garvard ham yon berdi. U ma’muriyatning antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha ishchi guruhi bilan hamkorlik qilishga rozilik berdi. Oliygoh "Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi" va uning "Din, mojarolar va tinchlik tashabbusi" rahbarlarini Isroilga qarshi tarafkashlikda ayblab ishdan bo‘shatdi va ularning faoliyatini to‘xtatdi.

Yanvarь oyida esa, yahudiy talabalari tomonidan antisemitizmda ayblab ochilgan ikkita sud ishi Garvard tomonidan hal qilindi. Garchi Garvard hech qanday noto‘g‘ri ish qilganini tan olmagan bo‘lsa-da, kelishuvga erishish harakati ularning yahudiy talabalari va xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ko‘rsatishini bildirdi.

Shunday bo‘lsa-da, universitet juma kuni Oq uyning talablar ro‘yxatiga qarshi chiqdi.

Garvard talabasi, faol va universitetning Afrika va afro-amerikalik qarshilik tashkiloti a’zosi Sa’maia Evansning aytishicha, universitetning o‘z pozitsiyasini bildirish qarori ancha vaqtdan beri kutilgan edi.

"Garvard faqat o‘zi javobgar bo‘lgan narsalarni qiladi", dedi u Bi-Bi-Siga. U so‘nggi haftalardagi talabalar shaharchasidagi noroziliklar va Kolumbiyaning Tramp ma’muriyati bilan kelishuvining katta tanqidlarga uchragani universitet rasmiylariga ta’sir o‘tkazishga yordam berganini ta’kidladi.

"Ular jamoatchilikni yaxshi tanishadi - agar ular taslim bo‘lishsa, jamoatchilikning keskin noroziligiga duch kelishadi", dedi Evans xonim.

Garvardning o‘z manfaatlariga zid bo‘lgan biron-bir ish qilishi g‘ayrioddiy bo‘lardi."

Ba’zi kichik davlatlarning yalpi ichki mahsulotidan ham katta ko‘rsatkich - 53,2 milliard dollarlik jamg‘armasi bo‘lgan Garvard qiyinchiliklarni yengib chiqa oladi. Ammo ekspertlarning aytishicha, shunday bo‘lsa ham u qiyin ahvolda qolmoqda.

Amerika Ta’lim Kengashi vakili Stiven Blumning so‘zlariga ko‘ra: "Ko‘pchilik siyosatchilar jamg‘armalarni oddiy hisob raqami, istalgan maqsadda pul yechib olish mumkin bo‘lgan debit karta deb o‘ylashadi. Ammo bu unday emas."

Garvardning jamg‘armasi hayratlanarli bo‘lsa-da, uning 70 foizi aniq loyihalar uchun ajratilgan, bu esa Blum janobining so‘zlariga ko‘ra, ta’lim jamg‘armalari uchun odatiy holatdir.

Garvard pulni donorlar ko‘rsatganidek sarflashi kerak, aks holda u yuridik javobgarlikka tortilish xavfi ostida qoladi.

Garvardning xarajatlari juda katta - uning 2024-yilgi operatsion byudjeti 6,4 milliard dollarni tashkil etgan. Bu mablag‘ning taxminan uchdan bir qismi jamg‘armadan moliyalashtirildi - 16 foizi federal hukumatdan keldi.Bu mablag‘ odatda AQShning umum manfaatiga xizmat qiladigan, masalan, biomeditsina tadqiqotlari kabi yo‘nalishlarga ajratiladi.

Blumning aytishicha, jamg‘arma moliyasining oltin qoidasiga ko‘ra, universitetlar har yili o‘z umumiy jamg‘armasining 5 foizidan ko‘pini sarflamasligi kerak. 2 milliard dollarlik yo‘qotishni qoplash uchun oliygoh o‘z jamg‘armasini 40 milliard dollarga oshirishi kerak bo‘ladi.

"40 milliard dollar daraxtda o‘smaydi", dedi Blum.

Agar Tramp Garvardning soliqdan ozod maqomini bekor qilish tahdidini amalga oshirsa, bu og‘riq yanada kuchayadi. Bu maqom maktabga o‘z sarmoyalari va mulklaridan soliq to‘lashdan qochishga yordam beradi. Garvardning Katta Boston hududida kampuslari bor va Blumbergning hisob-kitoblariga ko‘ra, u 2023 yilda o‘z mulk solig‘i to‘lovlarida 158 million dollar tejagan.

Vaziyatning jiddiyligi ba’zi talabalarni xavotirga solmoqda.

Garvard talabalar kengashining akademik vakili Metyu Tobin: "Agar hukumat Garvardga hujum qilishni istasa, u ko‘p narsa qila oladi va 2,2 milliard dollarni qisqartirgandan keyin bu to‘xtaydi deb o‘ylamayman", dedi.

Tobinning aytishicha, Tramp ma’muriyati Garvardga yordam berish uchun bu talablarni qo‘yayotgani haqidagi fikr "bo‘lmag‘ur gap".

Bu mutlaqo yomon niyat bilan qilingan hujum", dedi u Bi-Bi-Siga. "Mablag‘ning qisqartirilishi Trampning o‘zi liberal deb biladigan muassasaga hujum qilishi va odamlarning nimani o‘qitishi, talabalarning qanday o‘rganishi va fikrlashini ko‘proq nazorat qilish istagi bilan bog‘liq."

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue reading Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: