Zelenskiy birinchi marta Rossiya bilan yer almashish haqida gapirdi. Rossiya bunga rozimi?

Surat manbasi, EPA
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan yer almashishga tayyor ekanini aytdi. Zelenskiy bu haqida Britaniyaning the Guardian gazetasiga bergan intervyusida bildirgan.
Uning aytishicha, Ukraina olti oy avval hujum qilib bir qismini egallab olgan Kursk viloyatini Moskva ishg‘oli ostidagi ukrain yerlariga almashish mumkin.
Ukraina avval hech qachon Rossiyaning Kursk viloyatida egallab olgan yuzlab kilometrlik yerlarni abadiy ishg‘ol qilish haqida gapirmagan, ammo bu ishg‘olning maqsadi nima bo‘lgani endi oydinlashmoqda.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Zelenskiyning fikrlarini "safsata" deb ta’rifladi.
"Qudrat orqali tinchlikka erishish, deysizmi?" deya kinoya qildi Medvedev, Zelenskiyning xalqaro nutqlarida aytgan gaplariga ishora qilib.
Medvedevning ishorasiga ko‘ra, Rossiya bu maqsadga tungi hujum bilan erishishi mumkin.
Ukraina uchun Kursk amaliyoti front chizig‘ining boshqa qismlaridagi ukrain askarlari ustidagi bosimni yengillashtirishi umid qilingandi.
Ammo, jang maydonida Rossiyaning qo‘li ustun bo‘lib qolar ekan, endilikda Zelenskiy Kurskni siyosiy qurol sifatida qo‘llashga urinayotgandek ko‘rinadi.
[Киевдаги ҳукумат] камера олдида ҳудудлар алмашинуви ҳақида сафсатани гапиряпти.
Zelenskiy Ukraina o‘zining eng katta ittifoqchisi bo‘lmish AQShning dastagisiz o‘z xavfsizligini kafolatlay olmasligini tan olgan.
O‘tgan yilgi saylovoldi targ‘ibotlarida AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya-Ukraina mojarosini bir kunda hal qilishini aytgandi.
O‘tgan oy u ijtimoiy tarmoqlarda Putinga tahdid qildi: Agar Ukrainadagi urushni yakunlamasang, Rossiyaga qarshi yuqori tariflar o‘rnatiladi va ko‘proq sanksiyalar kiritiladi.
Putin urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini bir necha bor aytgan. Lekin, uning aytishicha, Ukraina voqe’likni qabul qilishi kerak va Rossiya egallagan yerlardan voz kechishi kerak.
Hozirda Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizini egallab turibdi.
Avvalroq Zelenskiy hozirda Rossiya bosib olgan yerlarni vaqtincha qo‘ldan chiqarib turishga majbur bo‘lishini tan olgan, lekin Guardian'ga gapirgan gaplari u ilk marta ukrain hududlaridan butunlay voz kechish haqida o‘ylayotganidan darak beradi.

Surat manbasi, EPA
Putin, shuningdek, Ukrainaning G‘arb harbiy ittifoqi NATOga qo‘shilishini mutlaqo qabul qilmaydi.
Juma kuni Zelenskiy Amerikaning Kievga harbiy dastagini qoralab kelgan AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vans bilan uchrashadi.
Avvalroq Prezident Tramp ham dam olish kunlarida Myunxenda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik anjumani ortidan Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligini aytgan.
Oq Uy Ukrainaga yordamni davom ettirish evaziga uning tabiiy zahiralariga qiziqishini bildirgan.
Ayni damda, tunda Ukraina poytaxtiga qilingan Rossiya raketa hujumida bir kishi halok bo‘lgan.
Kievning hokimiga ko‘ra, chorshanba tongida yuz bergan zarbalar natijasida jarohat olganlar orasida to‘qqiz yashar qiz ham bor.
Ukraina armiyasiga ko‘ra, Rossiyadan otilgan yettita ballistik raketaning oltitasi va 71 dron urib tushirilgan, va ularning ba’zilari shaharning turli qismlarida yong‘inni keltirib chiqargan.












