O‘zbekiston: Senatda hibsdagi qiynoqlar va vafot etish holatlari bo‘yicha so‘roq qilingan IIV vakili dakki eshitdi - video

Surat manbasi, Screenshot/Senat
Seshanba kuni o‘tgan Senatning yalpi majlisida IIV mulozimi hibsda sodir etilayotgan qiynoqlar va yuz berayotgan o‘limlar bo‘yicha so‘roqqa tutilgan. Mulozimning javobidan qoniqmagan Senat raisi unga tanbeh bergan.
18 mart kuni o‘tgan Oliy Majlis Senatining 5-yalpi majlisida Ichki ishlar vazirligi vakillariga so‘nggi vaqtda kuzatilayotgan hibsdagi qiynoqlar va o‘limlar borasida savol berilgan.
"Oxirgi vaqtlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilayotgan qiynoqlar oqibatida gumon qilinuvchilardan ba’zilarining bevaqt vafot etgani bilan bog‘liq ayrim holatlar jamoatchiligimizning katta bir e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Buni hammamiz ko‘rib turibmiz", deya vazirlik vakillariga yuzlangan senator Husan Ermatov.
Senator IIVdan bu kabi noinsoniy holatlar oldini olish yo‘lida nimalar qilinayotganiga qiziqqan.
"Bunday ishlarga yo‘l qo‘yilishining asosiy sabablari o‘zi nima edi, degan savolga birgalikda javob izlab ko‘rsak", savolini yakunlagan Ermatov.
Senatorning savoliga IIV huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i Sherzod Shermatov javob qaytargan.

Surat manbasi, Screenshot/Senat
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Mulozim hibsdagi qiynoqlar oldini olish yo‘lida Tergov departamenti va uning hududiy bo‘limlarida tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etilganini bildirgan.
Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda barcha tergov harakatlari muntazam ravishda yozib borilmoqda va "boshqarma boshliqlari tomonidan nazorat qilinmoqda".
"Bundan tashqari ichki ishlar organlariga olib kelingan, ushlab turilgan, qamoqda saqlab kelinayotgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilar bilan protsessual harakatlarni maxsus xonalarda, shu jumladan, ular saqlanayotgan joylarda o‘tkazish uchun sharoitlar ham yaratilgan", degan IIV vakili.
Ammo mulozim Shermatov shuncha choralar ko‘rilganiga qaramay, nega oxirgi yillarda insonlarning hibsda qiynoqqa yuz tutishi yoki vafot etishi holatlari to‘xtamayotgani masalasiga to‘xtalmagan yoki bu boradagi aniq savolga javob qaytarmagan.
IIV vakili nutqidagi bu kamchilikni Senat raisi Tanzila Norboeva ham zumda payqagan va mulozimdan uning qo‘lida ko‘tarilgan masala bo‘yicha tahlil bor-yo‘qligini so‘ragan.
"2024 yilda Ombudsman hozirgi savolga oid [qiynoqqa tutish holatlari bo‘yicha] shikoyatlarni sizlarga yuborganmi?" savol bergan Norboeva.

Surat manbasi, Senat
Bu savolga javoban Sherzod Shermatov Ombudsmandan "shunday arizalar" kelishini tasdiqlagan va ularga belgilangan muddat ichida javoblar qaytarilishi hamda tomonlar "hamkorlikda ishlab kelayotgani"ni bildirgan.
"Hozir aniq hisobot, statistik ma’lumotlar yo‘q, lekin biz buni yozma ravishda taqdim etamiz", degan Shermatov.
Ushbu javobdan ham qoniqmagan Senat raisi mulozimni Ombudsman hisoboti tinglanishi belgilangan majlisga tayyorlanmasdan kelganini ta’kidlab, unga dakki bergan.
"Statistika yo‘q oldimizda, lekin hammasini nazorat qilamiz, hammasini bajaramiz degan gaplar – bu umumiy gaplar. Shuning uchun bundan keyin bunaqa javob bermagan", IIV vakiliga tanbeh bergan Norboeva.
Biroq Senat raisining o‘zi ham oxirgi paytda jamoatchilikda chuqur xavotirga sabab bo‘lib kelayotgan hibsdagi qiynoq va o‘lim hollariga oid aniq savolga atroflicha javob berilishini talab etib o‘tirmagan.

Surat manbasi, BBC Uzbek
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘llanilgan qiynoq va kaltaklanishlar oqibatida fuqarolarning vafot etishi holatlari bir necha bor qayd etilgan.
Odatda, bunday holatlarga mas’ul rahbarlar izoh bermaydi yoda bu mavzu yuqori doiralarda tilga olinmaydi.
2022 yil noyabrь oyida jurnalist Shokir Sharipov "IIB binolaridan murdalar chiqayotgani" o‘zini tashvishga solayotganini bildirib, o‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilib chiqqandi.
Human Rights Watch tashkiloti o‘zining 2024 yil sarhisob qilingan hisobotida O‘zbekistonda kuchishlatar tuzilmalar xodimlari tomonidan qiynoq va noinsoniy muomala qo‘llanilishi holatlari jiddiy muammoligicha qolayotgani hamda qo‘lga olinganlarni kaltaklagan xodimlar jazolanmayotganini qayd etgan.
O‘tgan yil mart oyida esa BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi esa O‘zbekiston hukumatini "qiynoq va noinsoniy muomalaga barham berish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish"ga chaqirgan edi.












