Gulira’no ishi: Trollar hujumidan faqat prezident Mirziyoyev va uning oilasi himoyalanganmi?(video)

Surat manbasi, President.uz
Ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlanganini aytgan maktab direktori Gulira’no Qosimova trollar hujumidan shikoyat qildi. Faollar O‘zbekistonda trollar hujumidan faqat prezident Shavkat Mirziyoyev va uning oilasi omonda ekanligini aytmoqda.
Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov IIB xodimlari yechintirib, do‘pposlaganini da’vo qilgan Gulira’no Qosimova trollar hujumidan himoya so‘raganini ma’lum qildi.
"Aytishicha, uning shaxsiyatini badnom qilishga harakatlar yana kuchayibdi, bu boradagi shikoyatlariga hech kim quloq solmayotgan ekan. "Axir, ishimni Senat nazoratga olgan edi-ku" dedi yig‘lab", deb yozadi Tashanov.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Huquq faoli maktab direktori Gulira’no Qosimovaga tasalli beradigan so‘z topolmaganini aytgan. Tashanovning aytishicha, "chunki trollar armiyasi allaqachon mavjud tizim bilan hamkor - ehtimol uning yashirin xohish-irodasini tamsil etuvchi to‘dadir"
"Ezgulik" raisining ta’kidlashicha, trollarning qarshisida O‘zbekistonda faqatgina prezident va uning oilasi omonda.
"...ularning qarshisida faqatgina Prezident va uning oilasi himoyalangan. Kimdir oilani haqorat qilsa, darrov tutib qamaladi, boshqalar uchun bu qonun ishlamaydi: arizamiz asosida trollarga qarshi IIVning Kiberxavfsizlik boshqarmasi boshlagan surishtiruvlarning to‘xtab qolgani bunga misoldir", deydi Abdurahmon Tashanov.

Surat manbasi, kun.uz
Huquq faoli O‘zbekistondagi huquq va "faqat bayonot berishga qodir senatdan ortiq himoya kutma", degan va "Alloh habibing bo‘lsin!" deya murojaatini tugatgan.
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ishlaydigan maktab direktori Gulira’no Qosimovaning ishi kun.uz nashri orqali shov-shuvga sabab bo‘lgach, O‘zbekiston senati bu ishni nazoratga olganini ma’lum qilgandi.
Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, senat shu vaqtgacha Gulira’no Qosimovaning ishi bo‘yicha qo‘shimcha xabar bermagan.
"Xo‘sh, nazorat vaqtida Senat tomonidan aniq nima ishlar qilindi-yu, kimlar bilan uchrashildi va yana nimalar rejalangan?" deya savol tashlaydi jurnalist Ilyos Safarov.
Bugungi kungacha ayni masalada Quvada ikkita sud mahkamasi bo‘lib o‘tgani aytilmoqda.
Ularning (trollar) qarshisida faqatgina Prezident va uning oilasi himoyalangan. Kimdir oilani haqorat qilsa, darrov tutib qamaladi, boshqalar uchun bu qonun ishlamaydi.
Jurnalist Safarovning yozishicha, avvalroq ta’sir o‘tkazishi mumkinligi aytilib, jamoatchilikdan ish bo‘yicha fikr bildirishda ehtiyotkorlik so‘ralgan.
"Bugun jamoatchilik chindan, jim, ko‘pchilik vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda, ammo farg‘onalik ba’zi bloger va yollangan trollar emas", deydi u.
Jurnalistga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onaga oid qaysi guruh va kanallarga qaramang, Gulira’no Qosimovani qoralash, uni shantaj va buzuqlikda ayblash yoki aksincha, IIBni oqlashga qaratilgan sanoqsiz post, videolar keng tarqatilmoqda.
"Tushuniladiki, sud jarayonlari davomida vaziyatni va umuman ommaviy kayfiyatni o‘zgartirish, IIB xodimlarini oqlash uchun jiddiy, uyushgan harakat ketmoqda. Ularni nazoratga olish, to‘xtatish haqida esa negadir, hech kim o‘ylamayapti", deydi Ilyos Safarov.
U ishni nazoratga olgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov muqaddam Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlaganiga e’tibor qaratgan.
Prezident va trollar
Bundan oldin Prezidentning obro‘sini trollar yordamida himoya qilish haqida xabarlar chiqqan edi.
2019 yilning sentyabrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti (TATU)da trollar fabrikasi ish boshlagan bo‘lishi mumkinligi da’vo qilindi.
Jurnalist Dilbar Ismatullaevaning bildirishicha, 2019 yilning avgust oyi oxirlarida universitet mas’ullari u bilan bog‘lanib, yosh jurnalistni "ijtimoiy tarmoqlarda prezident va bosh vazir sha’niga bildirilayotgan g‘alamis fikrlarga qarshi" izoh qoldirish bilan shug‘ullanadigan bo‘lajak guruhga taklif etganlar.
U Telegram guruhda TATU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fayzulla Agzamov loyiha ishtirokchilariga ko‘rsatmalar berganiga ko‘zi tushganini aytgandi.
Jurnalistning guruhdan olgan skrinshotlarida quyidagi ko‘rsatmani o‘qish mumkin:
"Assalomu alaykum 4-guruh a’zolari. Shu ssilkalar bo‘yicha bo‘layotgan g‘alamis kommentlarga nisbatan tegishli javob qaytarish kerak! Ayniqsa, xalq tomonidan ovoz berib tayinlangan Prezident nomiga bo‘layotgan yomon gaplarga va Prezident tomonidan tayinlangan Bosh vazir sha’niga bo‘layotgan g‘alamis gaplarga…"
O‘shanda Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan suhbatlashgan prorektor Fayzulla Agzamov Telegram'da shunday guruhning mavjud bo‘lganini inkor qilmagan. Ammo Ismatullaevaning "trollar fabrikasi"ga doir taxminlari hech qanday asosga ega emasligini ta’kidlagandi.
O‘zbekiston: Farg‘onalik ayol IIB xodimlari uni yechintirgani va do‘pposlaganini da’vo qildi

Surat manbasi, Kun.uz
«Sochimizdan tortib, sudrab, kiyimimizni yechib, Sohib ichimga, oshqozon qismimga tepdi. 15-20 sekund nafas ololmay qoldim. Xonada faqat Tezkor qidiruv vakillari qoldi. Mendan tuhmat qilishimni talab qila boshlashdi. Meni u yerda vahshiylarcha urishdi. Sohib ismli Tezkor qidiruv vakili meni urib uchirib yuboryapti, bir metr masofadan Tohir sochimdan tortib olib kelib, kameraga qaratyapti. Yusuf videoga olyapti.»
Bu ko‘rsatma Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ishlaydigan maktab direktori Gulira’no Qosimovaga tegishli.
Kun.uzga gapirgan Qosimovaning da’vo qilishicha, u Furqat tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tuman soliq inspektsiyasi boshlig‘iga qarshi uyushtirgan jinoiy tomoshasi qurboniga aylandi.
Uning aytishicha, u avariyaga uchragan turmush o‘rtog‘ining jarrohlik amaliyoti uchun qarz so‘rab joriy yil aprelida o‘z tanishi, tuman soliq idorasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning oldiga borganida, IIB sahnalashtirgan tuzoqqa tushgan. To‘satdan paydo bo‘lgan IIB tezkor xodimlari Qosimova va Abdurahmonovni urib, qip-yalang‘och qilib yechintirishgan.

«Yusuf kameraga olib turibdi, Sohib aytyapti: davay, kameraga qaraysan, soliqning boshlig‘i hozir meni mana shu yerga majburlab olib kirib, urib, jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb aytib berasan. Men hayronman, aqlim yetmayapti nega unday narsani talab qilayotganiga. Men bosh tortdim. U meni urishda davom etdi. Tohir sochimdan tortib kameraga olib kelib beryapti. Sohib boshimga uryapti, borib devorga tegib qaytib kelyapman, oyog‘imga tepyapti. «Shunday gapirib berasan», deb telefonlari bilan uryapti. «Pauza qil!» deydi, kamerani pauza qilganda, Sohib uradi», - deydi Qosimova.
34 yoshli ayolning aytishicha, uni so‘ngra Ichki ishlar boshqarmasiga olib borishgan, hamda turmush o‘rtog‘i va rahbarini olib kelib, ularni go‘yoki Qosimovaning qilmishidan ogoh qilish bilan qo‘rqitishgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
«Gapimizga quloq solmasang eringga xotiningni ushlab oldik, deymiz deyishdi. Aytaver, ekspertiza qildirasan, haqiqatdan jinsiy aloqa qilgan bo‘lsam, bo‘ynimga qo‘yib berasan, dedim. Keyin ular noilojlikdan erimni chaqirtirishdi-da, anglashilmovchilik bo‘libdi, hammasi joyida deb qaytarib yuborishdi."
Qosimovaga uning yalang‘och holatda IIB xodimlari tomonidan olingan videolari tarqatilishi bilan tahdid qilingan.
Ayolning aytishicha, bir necha IIB xodimlari ishtirok etgan bu jinoiy amaliyot ortida Furqat tumani IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jaevning o‘zi turgan.

Surat manbasi, Kun.uz
Boshqarmada ayol bilan uchrashgan Xo‘jaev o‘z xodimlari tomonidan anglashilmovchilik bo‘lganini aytib, Qosimovadan bu voqeani oshkor etmaslikni tayinlagan. Aksincha, uning xodimlari qo‘lidagi yalang‘och videolar tarqatilishiga ishora qilgan.
«IIB tezkor xodimlari avvaldan stsenariy tuzishgan, soliqning boshlig‘i meni majburlab jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb yozib berishimni kutishgandi. Ularning asl maqsadi soliq "kattasi"ni ishdan bo‘shatish va qamash bo‘lgan. Lekin xodimlar maqsadiga erisha olmadi. Men ular xohlagan gapni aytib bermadim», - deydi Qosimova.
Voqea ortidan ayol o‘z joniga qasd qilib, kasalxonaga tushdi va omon qoldi. Uning ikki qizi hali maktabda o‘qiydi, o‘g‘li esa bog‘chaga boradi.
O‘ziga kelgach, Qosimova IIB xodimlarining noqonuniy harakatlaridan prokuraturaga arz qilgan.
Kun.uz yozishicha, ayni paytda Furqat tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jaev lavozimidan ozod etilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Unga shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish, fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) ayblovlari e’lon qilingan.
Ammo, nashrga ko‘ra, bu voqealarni uyushtirishda hammaslak bo‘lgan sobiq IIB boshlig‘ining o‘rinbosari va ayolni tahqirlagan tezkor xodimlar hali ham o‘z lavozimlarida ishlashda davom etmoqda.
Qosimovaning aytishicha, unga o‘z arizasini qaytarib olish yo‘lida katta miqdorda pul taklif qilindi va u rozi bo‘lmagach, o‘zi va farzandlari hayotiga tahdidlar davom etyapti.
"Meni urib tahqirlagan tezkor qidiruv xodimlari Sohib, Tohir, Yusuf, A’zam va Dilshod edi. Sohib, Yusuf, keyin bir o‘rinbosar bizni s’yomka qilgandi. U yerda bolalar inspektori ham bor edi. Uch nafar profilaktika inspektori, uch nafar tezkor qidiruv xodimi, bir nafar terrorizmning boshlig‘i G‘ayrat ismli bola ham bo‘lgan,» - deydi ayol.
Gulira’no Qosimova uni do‘pposlash va tahqirlashda qatnashgan barcha xodimlarga qonun doirasida qat’iy chora ko‘rilishini istaydi.
Farg‘ona viloyati prokuraturasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, sobiq IIB boshlig‘i va mas’ul shaxslar bo‘yicha ayblov ishi mazmunan ko‘rish uchun sudga yuborilgan.
Bi-bi-ci ham mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi va Farg‘ona viloyat prokuraturasi bilan bog‘landi, ammo hozircha javob ola olgani yo‘q.












