Bayden: Tramp Putinga yon bosayapti

AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden lavozimini tark etganidan so‘ng ilk bor intervyu berdi.
U Bi-bi-si muxbiri Nik Robinson savollariga javob qaytardi.
2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin Jo Bayden rahbarligidagi AQSh ma’muriyati NATOdagi ittifoqchilarining yetakchisi bo‘ldi, Ukrainaga harbiy, moliyaviy, josuslik ma’lumotlari bilan yordam berdi.
Shu yil 20 yanvarida qasamyod qabul qilgan Prezident Donald Tramp o‘zining saylovoldi chiqishlarida "agar men prezident bo‘lganimda, Ukraina urushi boshlanmagan bo‘lardi" degan, urushni bir kunda to‘xtatishga va’da bergan edi.
Lavozimiga kirishganidan keyin Donald Tramp urush boshlanishida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyni aybladi, "Amerika hech bir kafolatsiz Ukrainaga 350 million dollar yordam berdi" deb da’vo qildi.
Muxbirlar AQShning Ukrainaga uch yil davomida bergan yordamlari 350 million dollarga yetmasligiga e’tibor qaratadilar.
Tramp Ukraina urushini to‘xtatish uchun Rossiyaga Stiv Uitkoffni bir necha marta yubordi, ammo tinchlikka erishib bo‘lmadi.
Shunda Davlat kotibi Marko Rubio AQSh muzokaralardan chiqishi mumkinligini, AQShning mashg‘ul bo‘ladigan boshqa muhim ishlari ham borligini aytdi.
Yevropadagi Ukraina ittifoqchilari AQShsiz harbiy yordam ko‘rsatadigan "istovchilar ittifoqi"ni tuzdilar.
Bayden AQSh va NATOdagi ittifoqchilari munosabati buzilishidan xavotirda ekanini aytdi, "NATO ittifoqi parchalanish xavfi ostida", dedi.

Surat manbasi, .
"Bu jiddiy tashvish. Agar ro‘y bersa, u zamonaviy tarixni o‘zgartirib yuboradi. Men dunyodagi ittifoqchilarimiz oxirgi 80 yilda doim birga borgan yo‘limizda qolish-qolmasligimizga shubhalana boshlaydilar, deb qo‘rqaman. Men Yevropaning nafaqat NATO bo‘yicha, balki boshqa masalalarda ham Amerika qat’iyligiga, Amerika rahbariyatiga ishonchini yo‘qotishidan xavotirdaman", dedi sobiq Amerika prezidenti.
Jo Bayden aytishicha, Prezident Donald Trampning urushni tugatish harakatlari Prezident Putinga yon bosish bo‘layapti.
"Bu bugungi kun tinchlantirishi. Putin Ukrainaga kirishidan oldin nima degandi va nega kirgani haqidagi gaplarini eslang. U Rossiya diktatorligini boshqarayapti, u Sovet Ittifoqi parchalanganini qabul qilolmaydi. U to‘xtaydi, deb o‘yladigan odam ahmoq", dedi Jo Bayden.
Prezident sifatida Jo Bayden Zelenskiyni Oq Uyga do‘sti sifatida taklif qilgandi.
Tramp Amerika bergan yordamlari evaziga Ukrainaning noyob ma’danlarining sohibi bo‘lishi lozim, deb chiqdi, Ukrainadan shunday bitim imzolashni talab qildi.
Prezident Volodimir Zelenskiy buning evaziga Ukrainaga xavfsizlik kafolatini talab qildi.
Prezident Zelenskiy Oq Uyga noyob minerallar shartnomasini imzolash uchun fevral oyida Oq Uyga kelganida Prezident Bayden, Vitse-Prezident Jey Di Vens bilan Prezident Zelenskiy o‘rtasida dahanaki jang kelib chiqdi, Oq Uy "Zelenskiy hurmatsizlik ko‘rsatdi", deb Ukraina rahbaridan chiqib ketishni talab qildi.
Bu bitim may oyida imzolandi.
Bi-bi-si muxbiri Oq Uydagi o‘sha janjalga munosabati Jo Baydendan so‘radi.
"Yuz bergan bu hodisani men Amerika darajasidan past narsa deb topdim. Aytayotgan gaplarimizni qarang: «Bu Amerika ko‘rfazi», «Biz Panamani qaytarib olamiz», «Biz Grenlandiyani qo‘lga kiritishimiz kerakdir», «Balki Kanadani 51-shtatimiz qilarmiz». Bu yerda nimalar bo‘layapti? Qaysi prezident shunday gapirgan? Biz erkinlik, demokratiya, imkoniyatlar haqida gapirganmiz, musodara qilib olish haqida emas", dedi Jo Bayden.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating












