AQSh rasmiylari Ukraina urushini tugatishga yana urinishmoqchimi?

Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Davlat departamenti kotibi Marko Rubio

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Davlat departamenti kotibi Marko Rubio
O'qilish vaqti: 9 daq

Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Davlat departamenti kotibi Marko Rubio Parijda yevropalik hamkasblari bilan Ukraina urushini muhokama qilishi kutilmoqda.

Payshanba kuniga rejalangan uchrashuvga qatnashish uchun Kievdan Ukraina tashqi ishlar va mudofaa vazirlari ham yetib kelishdi.

Bu fevraldan beri ilk shunday yuqori darajali transatlantik uchrashuv bo‘lmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga hujumlari kuchayishi va AQShning dastagi kamayishi manzarasida, yevropalik diplomatlar Oq Uydan Rossiyaga ko‘proq bosim o‘tkazishni so‘rashmoqchi.

"Biz AQShning qat’iyatliroq bo‘lishini istaymiz", dedi bir rasmiy.

Bu otashkesim harakatlaridan bir necha kun oldin Ukrainaning Sumi shahrida Rossiya raketa zarbalari kamida 35 kishini o‘ldirdi va 117 nafarini yaraladi.

Oy boshida esa Kriviy Rix shahridagi aholi yashaydigan hududda kamida 18 odam halok bo‘ldi.

Chorshanba kuni Ukraina rasmiylari Rossiya hujumi Dniproda uch kishini, jumladan yosh qizni o‘ldirganini xabar qilishdi.

Sumi shahrida Rossiya raketa zarbalari kamida 35 kishini o‘ldirdi va 117 nafarini yaraladi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Sumi shahrida Rossiya raketa zarbalari kamida 35 kishini o‘ldirdi va 117 nafarini yaraladi.

Uitkoff va Rubio avvaliga Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron va uning jamoasi bilan, so‘ng Britaniya, Frantsiya va Germaniya tashqi ishlari vazirlari bilan uchrashadilar.

AQSh Davlat departamenti xabar qilishicha, asosiy e’tibor Ukrainadagi janglarni to‘xtatishga qaratiladi va Uitkoff o‘tgan hafta Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi tafsilotlarini ochiqlaydi.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’muriyatining rahbari Andriy Yermak "biz Ukraina va butun Yevropa xavfsizligi yo‘lidagi muhim masalalarni ko‘rib chiqyapmiz", deb aytdi.

Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi aloqalar tarangligicha qolyapti.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi aloqalar tarangligicha qolyapti.

Oq Uyga qaytib kelishidan avval, 2023 yil mayida, Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni "24 soat ichida" hal qilishini aytgandi.

Ammo, uning ma’muriyati Moskva bilan aloqalarni keskin yaxshilashga va ayni damda Rossiya va Ukraina o‘rtasida otashkesim o‘rnatilishida vositachilik qilishga urindi.

Zelenskiy Ukraina bu muzokaralarga jalb qilinmasa, tinchlik bitimini qabul qilmasligini aytgan.

Fevralda Oq Uyda Tramp Zelenskiyni Rossiya bilan muzokaralarni vaqtliroq boshlamagani tufayli koyishi ortidan Ukraina va AQSh hukumatlari o‘rtasidagi aloqalar tarangligicha qolmoqda.

Rossiya bosqinida o‘zgargan Zelenskiy yana o‘zgarishi kerakmi?

Prezident Zelenskiy suratlari.

"Tarixdagi eng yaxshi savdogar." AQShning Ukrainaga bergan yordami miqdorini nazarda tutib Donald Tramp bir paytlar Volodimir Zelenskiyni shunday atagan edi.

Zelenskiyning o‘z mamlakatini diqqat markazida saqlab turish va ittifoqchilarni sarmoya kiritishga ishontirishdagi roli, shubhasiz, Ukraina uchun urushda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Uning komediyachidan urush davri prezidentiga aylangani haqida ko‘p bora gapirilgan – bu 2022 yilga borib taqaladi, o‘shanda u Rossiya qo‘shinlari Kievga yaqinlashganda shaharni tark etmaslikka qaror qilgan edi. Ana shu qaror Ukrainaning bugungi kungacha o‘zini himoya qilishiga asos bo‘ldi.

O‘tgan yillar davomida men u bilan o‘nlab marotaba yuzma-yuz uchrashganman. Zelenskiy hozir xalqaro maydonda yakkalanib qolganidanmi, har holda avtoritarroq va urush sababli qattiqlashgan odamga aylangan.

Ammo Trampning ikkinchi muddatini oldindan aytib bo‘lmasligi – ayniqsa, fevral oyida ikkisining Oval kabinetidagi kelishmovchiliklaridan so‘ng – Zelenskiy yana o‘zgarishga majbur bo‘lishi mumkin.

Tramp va Zelenskiy: Respublikachilar Rossiyaning Ukrainadagi urushidan charchashdimi?

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp va Zelenskiy: Respublikachilar Rossiyaning Ukrainadagi urushidan charchashdimi?

Siyosiy jihatdan bu endi zolim va mazlum munosabati tarixi emas. Aksincha, u tinchlik istagi va vatan manfaati himoyasini birdek ifodalashdek murakkab vazifa qarshisida qolgan.

Ammo vatanida shunchalik katta obro‘ga ega bo‘lgan, chet elda shunchalik ta’sirli bo‘lishga o‘rgangan odam yana bir marta o‘zgarib, e’tiborini Tramp davri diplomatiyasiga qaratadimi? Yoki u Ukrainani himoya qilishning eng yaxshi yo‘li – kamroq murosa deb hisoblaydimi?

"Juda aqlli va puxta o‘ylangan"

Bugun NATO shtab-kvartirasida Ukraina tomonida turishga va’da bergan davlatlar guruhi – "istovchilar koalitsiyasi" – Amerikasiz uchrashadi.

Trampning ikkinchi muddati boshlanishidan oldin Zelenskiy G‘arb qo‘llab-quvvatlovini olish uchun samarali lobbichilik qilgan edi. U havo hujumidan mudofaa tizimlari, tanklar, raketalar va qiruvchi uchoqlarni so‘radi, Germaniya kabi davlatlar urush kuchayib ketishidan xavotirlanib, uning iltimoslariga darhol rozi bo‘lmadi, ammo keyin baribir yon berdi.

Uning payg‘omi qat’iy edi va u qo‘llovni muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdi.

"Zelenskiy urushning dastlabki kunlarida juda aqlli va puxta edi," deydi Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti mudofaa va xavfsizlik tahlil markazidan Ed Arnold.

Janob Arnoldning ta’kidlashicha, Zelenskiyning bosqindan ikki hafta oldin hayotiga xavf bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirilishiga qaramay, Myunxen xavfsizlik konferentsiyasiga borishga qaror qilgani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

"Bu shaxsan tashrif buyurgan odamlarning ongida Ukrainaga nisbatan xayrixohlik uyg‘otdi."

Zelenskiy prezidentlikka kelishidan oldin qiziqchi edi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Zelenskiy prezidentlikka kelishidan oldin qiziqchi edi.

Zelenskiy idorasi maslahatchisi Sergey Leshchenko shunday tushuntiradi: "Biz dunyoga ko‘rinishimiz kerak. Agar jamoatchilik fikri Ukraina tomonida bo‘lsa, xalqaro hamjamiyatdan yordam olish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi."

Leshchenko Zelenskiyning bosqin boshlanganidan beri qilgan kundalik videomurojaatlarini nazarda tutib, "Bu qadar ochiq bo‘lish g‘ayriodatiy" deydi.

Ukrainaning Kiev jangidagi g‘alabasi Zelenskiyni mamlakat mudofaasi ramziga aylantirdi va uning G‘arbdagi ittifoqchilardan harbiy yordam olishni davom ettirish uchun asosini kuchaytirdi.

2022 yilning keyingi davrida Zelenskiy G‘arbning ta’minoti qanchalik muhim ekanligini ko‘rsata oldi, chunki Ukraina hududining katta qismi, jumladan, Xerson shahri ozod qilindi. U dastlab ittifoqchilar bilan muvaffaqiyatga erishdi.

"Ular Zelenskiyning shaxsan o‘ziga va Ukrainaga ishonch bildirdi, – deydi janob Arnold. –Urush boshlanganidan beri u Buyuk Britaniyaning to‘rtta bosh vaziri bilan ishladi... va ularning barchasi Ukraina bilan yangi deklaratsiyalarni imzoladi, yana Zelenskiy orqali.

"U butun faoliyati davomida Yevropadagi milliy siyosatdagi o‘zgarishlarga moslasha oldi."

Ammo keyin muvaffaqiyat kamaydi, Zelenskiyning murojaatlari esa o‘zgarmadi va vaqt o‘tishi bilan bu uning o‘z zarariga ishladi.

Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Volodimir Zelenskiy.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Zelenskiy hech qachon diplomat bo‘lmagan, degan fikrlar ham aytiladi

Masalan, 2023 yil yozida Ukrainaning muvaffaqiyatsiz qarshi hujumidan so‘ng, Kievni qo‘llab-quvvatlashga AQSh respublikachilarining ta’sirli qismi ko‘proq shubha qila boshladi va ba’zi doiralarda iltimoslar e’tiborsiz qoldirila boshlandi.

Kievdagi "Demokratik tashabbuslar" jamg‘armasining mintaqaviy xavfsizlik va mojarolarni o‘rganish bo‘limi rahbari Mariya Zolkinaning fikricha, bunda Zelenskiyning ham aybi bor.

"U va uning yaqinlari o‘z hamkorlari bilan muloqotda doim talabchan bo‘lish kerak degan mantiqqa tayanishdi – Ukrainaga shunchaki nimadir kerak, degan fikrni ilgari surishdi. Bu 2022 yilda juda yaxshi ishladi, ammo AQSh va boshqalar bilan bunday muloqot 2023 yilda o‘z samarasini yo‘qotdi" - deydi u.

"Lekin uning diplomatiyasi haqiqatan ham tez moslashmadi."

"Zelenskiy hech qachon diplomat bo‘lmagan"

2024 yil 27 sentyabrda Nyu-Yorkdagi bir binoda Ukraina uchun vaziyat keskin o‘zgardi. Biroq, bu o‘zgarishga sabab Rossiya tanklari emas, balki Ukrainaning eng yirik ittifoqchisi – AQShning siyosiy qayta tug‘ilishi bo‘ldi.

O‘sha kuni, AQShda prezidentlik saylovlariga bir oydan sal ko‘proq vaqt qolganida, Zelenskiy Trump Tower'da Tramp bilan kutilmagan uchrashuvni o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvdan oldin ikki rahbar o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan edi: Zelenskiy bir necha kun oldin Trampning "urushni bir kunda tugatish" haqidagi gaplaridan so‘ng, "urushni qanday tugatishni haqiqatan bilmaydi" deb aytgan edi.

Trump Tower'dagi uchrashuvdan so‘ng, ikki rahbar noqulay holatda ko‘rinishdi.

Urushni tugatish bo‘yicha "umumiy fikr"ga ega ekanliklarini e’lon qilishlariga qaramay, ularning qiyofasi yakdillik yo‘qligini ko‘rsatardi.

Ikki rahbar yana besh oydan so‘ng Oval kabinetda uchrashadi va ularning bu mashhur uchrashuvi Kiev uchun diplomatik falokatga aylanadi.

"Tramp uni yoqtirishi kerak edi," deydi 2019 yilda Zelenskiy saylovda g‘alaba qozonganidan keyin ikki rahbarning birinchi uchrashuvida ishtirok etgan Vadim Pristayko. "Zelenskiy Trampni o‘ziga o‘xshagan, siyosatga kirib kelgan, tizimga qarshi bo‘lgan mediachi sifatida ko‘rardi," deydi u.

Janob Pristayko 2023 yilda lavozimidan ozod etilishidan oldin Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lgan. Kiev uni ishdan olish uchun rasmiy sabab keltirmadi, biroq bu Pristayko Zelenskiyning Britaniya harbiy yordami uchun minnatdorlik bildirish bo‘yicha yuzaga kelgan ziddiyatga javobini tanqid qilganidan keyin sodir bo‘ldi. Uning aytishicha, prezidentning javobida "ozgina kinoya" bo‘lgan va u bu holatni "noto‘g‘ri" deb hisoblagan.

"Zelenskiy hech qachon diplomat bo‘lmagan, – deya qo‘shimcha qiladi janob Pristayko. – U hech qachon go‘daklarni o‘pib, qo‘l siqib ko‘rishadigan an’anaviy siyosiy rahbar bo‘lmagan."

Halinchaksimon munosabatlar?

"Tramp bilan munosabatlar xuddi arg‘imchoqqa o‘xshaydi," deydi Penta siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Vladimir Fesenko. "Ba’zan samarali hamkorlik bo‘ladi, keyin esa to‘satdan qandaydir inqiroz yuzaga keladi."

So‘ng ularning so‘z jangi boshlandi. Tramp Zelenskiyni urushni boshlaganlikda ayblab, uni "diktator" deb atadi, Ukraina rahbari esa o‘z navbatida amerikalik hamkasbini "Rossiya dezinformatsiya makonida yashayotganlikda" aybladi.

Janob Fesenkoning fikricha, Zelenskiy Vashington bilan ishchi munosabatlarni o‘rnatish uchun taktikasini doimiy ravishda o‘zgartirib turadi, Zolkina xonim esa muammolar yanada chuqurroq ekanligini ta’kidlaydi.

"AQSh ma’muriyati, Kreml va Kiev o‘rtasida uchburchak mavjud, – deydi u. – Ukraina bu uchburchakning zaifroq tomoni hisoblanadi. Tramp Zelenskiyni o‘ziga safdosh ko‘rmaydi, bu muammo."

Tramp Zelenskiyni urushni boshlashda aybladi va uni diktator, deb atadi.

Surat manbasi, Ukraina prezidenti taqdimi/Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp Zelenskiyni urushni boshlashda aybladi va uni diktator, deb atadi.

Tramp va uning vitse-prezidenti JD Vens bilan bo‘lgan mashhur Oval kabinetdagi uchrashuv paytida, men Zelenskiyning siyosiy imkoniyatlari tugab borayotganini birinchi marta ko‘rdim, chunki u "etarlicha minnatdorlik bildirmagani" va "Uchinchi jahon urushi bilan o‘ynashgani" uchun ayblandi.

Uning himoyalanish uchun qo‘llarini qovushtirib olishi ham yangi holat edi.

Zelenskiy odatda boshqa rahbarlarni qabul qilganda yoki ularni ziyorat qilganda o‘zini erkin tutardi. U sahnada bemalol harakat qiladi va ko‘pincha o‘rinli hazillar qiladi – lekin bu safar boshqacha edi.

Ukraina mineral xomashyo boyliklarining bir qismini harbiy yordam evaziga almashtirishni nazarda tutuvchi foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolanmay qoldi va keyinchalik u Kiev uchun unchalik foydali bo‘lmagan taklifga aylandi.

Shuningdek, AQSh Ukrainani o‘z yo‘liga solish uchun harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini almashishni qisqa muddatga to‘xtatdi.

Volodimir Zelenskiy Xersonda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Volodimir Zelenskiy Xersonda.

Ammo ba’zilarning rasmiy fikricha, Oval kabinet yig‘ilishi falokat emas edi.

"Hech kim buni nihoya deb qabul qilmadi, – deydi Zelenskiy bilan Oq uyga borgan Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Igor Brusilo. – Biz qanday qilib ilgari siljishni muhokama qildik. Bu falokat emas edi."

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Vals ularga uchrashuv tugaganini aytganida, "biz shunchaki yelka qisib, mehmonxonaga qaytishga qaror qildik," deb eslaydi u.

"Taxminimcha, shaxsiy darajada ular [Tramp va Zelenskiy] yaxshi munosabatda, – deya qo‘shimcha qiladi u. – Ular bir-birlarini yaxshiroq tushunishadi, munosabatlari ochiq va samimiy."

Ularning yopiq eshiklar ortidagi munosabatlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha uchrashuvdan keyin Zelenskiyning moslashishga tayyorlik alomatlari ko‘rindi – Yevropa ittifoqchilari uni keyinchalik yanada muloyimroq ohangda gapirishga undagani aytiladi, chunki ular va Ukraina tajovuzkor Rossiyaga qarshi kurashish uchun hali ham AQShga muhtoj ekanligi haqidagi muqarrar haqiqatni tan olishga majbur.

Boshqalar esa yanada ko‘proq moslashish kerakligini ta’kidlashmoqda.

Zelenskiy o‘jarmi?

"Urush hammani o‘zgartiradi, barchamizni qaysidir ma’noda o‘zgartirdi ham. Lekin men Zelenskiyni asosiy jihatlarda o‘zgardi deb o‘ylamayman – ba’zi holatlarda yaxshi yoki yomon tomonga," deydi Manchester universitetining Qiyosiy va Ukraina siyosati professori Olga Onuch.

"Ba’zi rahbarlar Zelenskiy bilan muzokara olib borish qiyin degan xulosaga kelgani aniq ko‘rinib turibdi. Nega? Chunki uning qat’iy pozitsiyalari bor va u ularga qattiq amal qilmoqda."

Janob Brusilo bu fikrga qo‘shiladi. "Zelenskiyni unatish juda qiyin, – deydi u. – Bu xuddi prujinaga o‘xshaydi, qanchalik ko‘p bossangiz, qarshilik shunchalik kuchli bo‘ladi."

Shunga qaramay, Ukrainaga siyosiy yoki diplomatik jihatdan hujum qilinganda, siyosiy birlik yanada kuchayadi. Oval kabinet to‘qnashuvi ham bundan mustasno emas edi, Zelenskiyning reytingi taxminan 70 foizgacha ko‘tarildi.

"Zelenskiy juda kuchli, uning obro‘si o‘zi va ma’lum bir guruh odamlar hisobiga shakllangan," deb ta’kidlaydi Zolkina xonim.

Chatham House'dagi Ukraina forumi rahbari Orisiya Lutsevich aytishicha, Oval kabinetdagi voqeadan so‘ng ukrainaliklarning Zelenskiy atrofida jipslashuvi qiziq bo‘ldi, go‘yo ular buni Ukraina davlatchiligiga haqorat sifatida qabul qilishgandek.

"Odamlar uning atrofida, u ifoda etayotgan narsa atrofida birlashadi."

Janob Pristayko ta’kidlashicha, agar amerikaliklar uni almashtirishni xohlashgan bo‘lsa, "ular o‘z oyoqlariga bolta urishdi, chunki u endi osongina qayta saylanishi mumkin."

Ba’zi siyosatshunoslar, masalan, Zolkina xonim buni aniq narsa deb hisoblamaydi. "Menimcha, u bu ko‘tarilish Trampning shaxsiy pozitsiyasiga emas, balki uning qilayotgan ishlariga bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reaktsiya ekanligini tushunmayapti," deydi u.

"U ikkinchi muddatga juda kuchli siyosiy istakka ega va uning darajasidagi barcha rahbarlar singari siyosiy jihatdan egotsentrik."

Zelenskiy urush boshlanganidan beri har kuni video murojaat bilan chiqadi.

Surat manbasi, Ukrinform/Future Publishing via Getty Images

Surat tagso‘zi, Zelenskiy urush boshlanganidan beri har kuni video murojaat bilan chiqadi.

Professor Onuch Zelenskiyni faqat siyosiy hokimiyatga intilish harakatga keltiradi deb o‘ylamaydi. "[U] odamlar tan olganidan ko‘ra ko‘proq ehtiyotkor, puxta o‘ylaydigan va taktik siyosiy arbob."

Shunga qaramay, Zelenskiyning ikkinchi muddatini tasavvur qilish qiyin bo‘lishi mumkin, chunki bu shunchaki vazifaning og‘irligi bilan bog‘liq. Urushdan keyingi qiyinchiliklar ham jiddiy bo‘ladi.

Hozircha janob Arnold charchagan Zelenskiy yana nomzodini qo‘yishni istamasligini va u hech bo‘lmaganda old qatordagi siyosatdan chiqish yo‘lini izlashi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Yaqin kelajakka kelsak, Zelenskiy boshqa Oval kabinet voqeasiga dosh berolmaydi. Xo‘sh, Tramp mohir o‘yinchi ekan, Ukraina rahbari qachondir u bilan birga golf o‘ynaydimi?

"U juda tez o‘rganadi, – deydi janob Brusilo. – Golf o‘ynash zarurati tug‘ilganda, ishonchim komilki, u bu vazifaning uddasidan chiqadi."

Yuqoridagi surat: Getty Images

Hanna Chornous va Viki Riddell ham maqolaga hissa qo‘shganlar.