Nuqtai nazar: O‘zbeklar o‘zbek tili nufuzi uchun rus tili bilan kurashishi kerakmi? Kim qanday fikrda?

O'zbekistondagi reklama taxtasi

Surat manbasi, bbc.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Poytaxt Toshkentda rus tilini biladiganlar yaxshigina maoshli ishga qabul qilinishi ko‘p uchrab turadi. E’lonlar, peshtaxtalarga qararkansiz o‘zbek tilidagi ayrim so‘zlar xatolarga boy ekanini ko‘rasiz.
    • Author, Yulduz Abdurashidova, O‘zbekiston
    • Role, Jurnalist
  • O'qilish vaqti: 6 daq

“Til haqida gap ketarkan, ziyolilarda kuchli bir ichki og‘riq, alam, umidsizlik, ishonchsizlik bor”, deydi jurnalist Ilyos Safarov. Uning yozishicha tadbirlarda o‘zbek tili nufuzi kundan-kunga oshayotgani haqida balandparvoz gaplar gapiriladiyu, ammo u gaplar real hayotga to‘g‘ri kelavermaydi.

Poytaxt Toshkentda rus tilini biladiganlar yaxshigina maoshli ishga qabul qilinishi ko‘p uchrab turadi. E’lonlar, peshtaxtalarga qararkansiz o‘zbek tilidagi ayrim so‘zlar xatolarga boy ekanini ko‘rasiz. Ba’zi qurilish tashkilotlari ham shartnomalarni faqatgina bitta rus tilida rasmiylashtirmoqda.

Bundan 35 yil avval, Sho‘rolar davri so‘nggi kunlarini yashayotgan bir paytda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani, O‘zbekistonning lotin alifbosiga o‘tish qarori ham o‘zbek tilini rostakamiga davlat tili darajasiga ko‘targani yo‘q.

“Bizda e’tiborsizlik bor. Keladiganlar bor-ku, masalan shuncha yildan beri shu yurtda yashab kelayotgan rus millatiga mansub xalq bor. Ular o‘zbek tilini umuman bilmaydi. Boshqa millat vakillari ham shunday”, deydi O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova “Hoshiya” podkastidagi suhbatida.

Dilorom Karimova qonunchilikda O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun davlat tilida imtihon topshirish belgilangani, biroq u etarlicha ishlamayotganini ham qo‘shimcha qildi.

“Ayrimlar shu ahvolga tushishimizda oddiy odamlarni ayblamoqda. Ularga ko‘ra, til borasida g‘urur avvalo xalqning o‘zida uyg‘onishi kerak. Shundagina hukumat, qonunlar o‘zgara boradi. Bo‘lsa bordir, lekin bugun til siyosati borasida avvalo hukumat qilishi kerak bo‘lgan ish, berib qo‘yilib, ijrosi ta’minlanmayotgan ko‘pgina va’dalar borki, ular bajarilmay turib, odamlarni o‘zgartirib, g‘ururni uyg‘otib bo‘lmaydi. Rejalar rejaligicha qolaveradi”, deydi o‘zbek tili jonkuyarlaridan biri jurnalist Ilyos Safarov.

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun

O'zbekistondagi reklama taxtasi

Surat manbasi, bbc.com/uzbek

Surat tagso‘zi, O‘tgan vaqt mobaynida Davlat tili haqidagi qonunning ko‘pgina moddalari amalga oshirildi, ko‘chalar, dahalar nomi o‘zbek tilida yozildi, mavze’larning tarixiy nomlari tiklandi.

O‘tgan vaqt mobaynida Davlat tili haqidagi qonunning ko‘pgina moddalari amalga oshirildi, ko‘chalar, dahalar nomi o‘zbek tilida yozildi, mavze’larning tarixiy nomlari tiklandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarlarida O‘zbekiston davlati tomonining nutqlarida ham dunyoga aynan davlat tilida murojaat qilinyapti.

O‘zini oddiy O‘zbekiston fuqarosi deb hisoblaydigan, ismini e’lon qilinishini istamagan suhbatdoshim rus tilini o‘zbek tilining “eng katta dushmani”, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fors, arab tillari bilan boyigan o‘zbek tili rus tili sabab “o‘lmoqda”.

“O‘zbekcha so‘zlashayotganingizda “davay”, “ostanovka”, “uje” so‘zlarini qo‘llasangiz darhol begona so‘z ishlatilgani seziladi. Biroq “vatan”, “istiqlol”, “ma’naviyat” kabi arab tilidan o‘zlashgan so‘zlarni qo‘llasak hech qanday ohang o‘zgarmaydi. Rus tilini men o‘zbek tili taraqqiyotiga bolta urgan dushman deb bilaman, chunki hukumat tili fors, ijod tili arab, so‘zlashuv tili turkiy til bo‘lgan bir vaqtda o‘zbek tilining otasi Alisher Navoiy “Xamsa” asarini turkiy tilda yaratib, bu tilning arab va fors tili kabi imkoniyatlari yuqorligini ko‘rsatgan hamda turkiy tilda asarlar yaratilishiga da’vatni boshlab bergan. Ana shundan keyin o‘zbek tili taraqqiy etishni boshlagan. Ammo ruslar bosqini sabab o‘zbek tili o‘ldirildi. O‘shandan keyin mana o‘zbek tilida na shoh asarlar yaratildi, na Boburu Navoiylar chiqdi. Balki rus bosmaganda edi o‘zbek tili eng oliy darajaga chiqqan bo‘lgan bo‘lishi mumkin edi. Arab va fors tillarini bilgan turkiyzabon ajdodlarimizning so‘z boyligi ko‘p bo‘lgan”, deydi u.

O‘zbekistonda rus tilli xalq ko‘payayotgan, bu tildagi maktablar soni kengayayotgan, ko‘plab oilalar farzandlarini aynan rus sinflariga berayotgan bir vaqtda o‘zbek tili nufuzini qanday oshirish mumkin? Rus tilidan qo‘rqish kerakmi? Jurnalist va bloger Eldor Asanov aslida kolonial meros bo‘lgan bu tildan uzilib ketish oson bo‘lmasligini, uning ijobiy tomonlaridan ham foydalanish kerakligini yozgan.

“Rus tili bizga bir kolonial merosdir. Kolonial meros faqat salbiy bo‘lmaydi, undan ijobiy maqsadlar uchun ham foydalanish mumkin. Hozircha biz rus tilining bunday foydalarini o‘ylamay, asosan ruscha o‘tmishni qoralashga, rus tilini siqib chiqarishga harakat qilyapmiz. “Rus tili o‘zbek tilini siqib chiqaryapti, o‘zbek tili o‘lyapti”, degan dod-voylar ham uchrab turadi. Ilgariyam ko‘p gapirganman bu haqda — asossiz vahimalar. O‘zbek tili o‘lmayapti, kengayib boryapti, rus tili hayotimizdan sekinlik bilan chiqib ketyapti. Albatta, haliyam ba’zi sohalarda u kerak, haliyam aql va ziyo belgisi, lekin o‘zbek tilini engishiga biror sabab ko‘rmayapman”, degan u.

Iqtisodiy tahlilchi, bloger Otabek Bakirov esa Markaziy Osiyo davlatlari etakchilari rus tili emas, o‘z tillari kelajagi haqida ko‘proq qayg‘urishi kerak deydi.

“Bishkekdagi sammitda [13-oktyabrь kuni bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlari sammiti] Markaziy Osiyo liderlari rus tili haqida juda ko‘p bayonotlar berdilar, bizning umumiy makonimizda rus tilidan foydalanishni kengaytirish haqida faqat bir mehmonga yoqimli bo‘lgan ko‘p takliflar yangradi. Yakunda rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzishga, rus tilidagi nashrlar va mediani qo‘llab-quvvatlashga, iqtisodiy, madaniy va ilmiy yo‘nalishlarda rus tilidan ko‘proq foydalanishga kelishib oldilar. Aytish kerakki, agar liderlarimiz o‘z milliy tillarimizga nisbatan xuddi sobiq katta og‘alarimizning tiliga qayg‘urganlari kabi qayg‘urganlarida umumiy ahvolimiz, tillarimizning ahvoli bu qadar quyiga inmagan bo‘lmagan bo‘lardi”, yozib qoldirgan u.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Dadil qadamlar lozimmi?

O'zbekistonda ijara haqida e'lon

Surat manbasi, bbc.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Facebook foydalanuvchisi, rus tilini juda yaxshi biladigan Madina Rajabova o‘zbek tilining nufuzini oshirish maqsadida ishga qabul qilishda chet tillar bilan bir qatorda o‘zbek tili bo‘yicha ham yuqori darajadagi savodxonlik talabi qo‘yilishini zarur dedi.

Ilyos Safarov hukumatdan dadil qadamlar kutishini yozgan. Tayinli javobgarliklar talab qilmoqda u. Rossiyaning Ukrainaga urushi oqibatida o‘zbeklarda yuzaga kelgan hozirgi kayfiyat o‘zbek tilini rivojantirish uchun ayni muddao deb hisoblashini ham qo‘shimcha qilgan Safarov.

“Masalan, hukumat birinchi navbatda bugun ma’nan eskirib, ishlamay qo‘ygan "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunni yangi tahrirda qabul qilishi va til siyosatini qat’iy belgilab olishi kerak. Shuningdek, bu qonun istisnolarsiz, aniq ishlashi, uni buzganlik uchun javobgarlik esa tayin bo‘lishi kerak. Bu ishni boshlash uchun bugungidek qulay vaziyat nazarimda, bo‘lmagan va ehtimol, bundan keyin ham bo‘lmasligi mumkin. Ikkinchidan, qo‘shyozuvlilik masalasini tezroq bir yoqli qilish kerak. Ha, yozuv masalasida hukumatning ijrosi 2023-yil 1-yanvardan boshlanishi aytilgan aniq qarori bor. Lekin negadir, qaror ijrosi boshlanishiga 2 oy vaqt qolyapti hamki, hukumatning o‘zida qandaydir ishonchsizlik bordek. Biror kishi bu mavzuda aniq gap aytmayapti, aytolmayapti. Hukumat yozuv masalasida jamiyatga aniq qilib pozitsiya aytishi kerak. Aniqrog‘i, boshlagan siyosatidan ortga qaytmasligini bildirishi, tarmoqlarini tezroq lotin yozuviga o‘tkazishi kerak”, ta’kidladi jurnalist.

Facebook foydalanuvchisi, rus tilini juda yaxshi biladigan Madina Rajabova o‘zbek tilining nufuzini oshirish maqsadida ishga qabul qilishda chet tillar bilan bir qatorda o‘zbek tili bo‘yicha ham yuqori darajadagi savodxonlik talabi qo‘yilishini zarur dedi.

“Buni majburiy talab bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Bunday talabni faqat media sohasida ishga kirmoqchi bo‘lganlarga qo‘yishadi, lekin yo‘q, u hammadan talab qilinishi kerak. Ayniqsa, davlat idoralarida. Nega insonlar farzandlarini faqat rus, ingliz maktablarida o‘qitishyapti, chunki, chet tilisiz o‘z mamlakatimizda ish topolmay, hech kim bo‘lib qolyapmiz. Tilning mavqei mehnat bozoridagi holat bilan uzviy bog‘liq deb hisoblayman”, deya ta’kidladi u.

Madinaning so‘zlariga ko‘ra, Alifbo masalasida ham yakuniy qaror qabul qilinishi kerak. U “lotinchadagi g‘, o‘ larning mashmashasi odamlarni oddiy lotin alifbosida ish yuritishda ikkilantiryapti” demoqda.

Yaqinda poytaxtdagi “Yapona Mama” ovqatlanish tarmog‘i jamoatchilikning noroziligiga uchrab o‘zining taomnoma, reklama hamda xizmatlarini o‘zbek tilida ham amalga oshirishga o‘tdi.

“Toshkentda “premium”likka da’vogar ko‘plab kafe, do‘kon, salon mana shunaqa joylarda xodimlar faqat rus tilida murojaat qilishadi. O‘zbek tilida gapirsangiz, ularda kibr, ochiqchasiga mensimaslik eng yuqori o‘rinda. Davlat tilining mavqei oshirishda ishlari avvalo mana shunday kichik qadamlardan boshlanishi kerak”, yozib qoldirdi u.

Aksar oshxonalardagi hisob...

Surat manbasi, bbc.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Aksar oshxonalardagi hisob...
Firuz Allayev
social media
Bosqichma-bosqich o‘zbek tilining ahamiyatini oshiradigan qonunchilik bazasini yaxshilash va uni ijrosini ta’minlash zarur.
Firuz Allayev
Asaxiy.uz asoschisi (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Asaxiy.uz asoschisi Firuz Allaevning ta’kidlashicha, rus tiliga qarshi kurashish emas, aksincha o‘zbek tilini boyitish va uning ahamiyatini oshirish haqida ko‘proq o‘ylash kerak. Faqat shu yo‘l bilangina bu masalada yaqin va uzoq muddatda yaxshi natijalar olish mumkin.

“Bosqichma-bosqich o‘zbek tilining ahamiyatini oshiradigan qonunchilik bazasini yaxshilash va uni ijrosini ta’minlash zarur. Tepada aytdim, katta avlod til o‘rganishi juda qiyin. Lekin, yangi avlodni o‘zbek tilini o‘rganishga majburlash imkoni bor”, deydi u.

Bu masalada Allaev qo‘shni Qozog‘iston tajribasini misol qilib keltirdi. Unga ko‘ra, Qozog‘istonning 2023-2030-yillarga mo‘ljallangan til siyosati strategiyasida bosqichma-bosqich qozoq tilini bilmaganlarni davlat sektoriga ishga olmaslik ko‘zlangan.

“Bizda ham xuddi shunga o‘xshab, davlat sektorida ishlashni xohlaydigan 30 yoshdan kichik avlodga til talabini qo‘ysak bo‘ladi. Shunda qonun hozirda amalda o‘zbek tilisiz ishlayotganlarga ta’sir qilmasa-da, kelajakda ishlash uchun asta-sekin o‘zbek tilini o‘rganishga majbur bo‘lishadi. Shuningdek, O‘zbekistondagi xalqaro konferentsiyalarda o‘zbek tilini majburiy asosiy til qilish kabi bir nechta yaxshi instrumentlar bo‘lishi mumkin. Yana bir muhim qaror, asosiy ta’lim tilidan qat’iy nazar, universitetda o‘qish uchun o‘zbek tili sertifikati majburiy qilinishi mumkin”, deya taklif bildirgan Asaxiy.uz asoschisi.

Tadbirkor o‘zbek tilini o‘rganish uchun qulay vositalar, bepul kurslar, darsliklar, video darsliklar yaratish zarurligini muhim qadam deb atadi.