Toshkentdagi hind talabasi tarmoqlarni "portlatdi": O‘zbekiston muammolari haqida hindistonliklar gapirmasinmi?

Surat manbasi, SSV
Toshkentdagi hind talabasining Reddit'da O‘zbekiston ta’lim tizimi haqida qoldirgan posti bir necha kun ichida butun tarmoqlarni egalladi.
Bot-bot takrorlanuvchi ta’lim munozaralari yana boshlandi. Ammo tanqidiy post uchun talabani haqoratlaganlar va o‘z uyiga qaytib ketishni "taklif qilgan"lar ham yo‘q emas.
BBC O‘zbek xizmati Toshkent Tibbiyot Akademiyasida o‘qiydigan ayni hindistonlik talaba bilan suhbatlashdi. Talabaning iltimosiga ko‘ra uning shaxsi sir tutiladi.

Surat manbasi, Screenshot
Aprel so‘ngida Statistika agentligi O‘zbekistondagi xorijiy talabalar soni 13 mingga yaqinlashganini e’lon qildi. 2016 yilgi 600 nafar xorijiy talabalar bilan taqqoslaganda, bu ta’lim tizimi doimiy tanqidlar ostida bo‘lgan O‘zbekiston uchun sezilarli o‘sish degani.
Ayni xabar yangilik sahifalarida ma’lum muddat namoyon bo‘lgan esa-da, jamoatchilik diqqatidan qariyb chetda qoldi.
Biroq, may boshida O‘zbekistondagi xorijiy talabalardan biri, hindistonlik Harshning (ism talabaning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) Reddit posti kuzatuvchilarning alohida e’tiboriga tushdi.
Tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati ayni postni odatiy baholagan bo‘lsa, ba’zilari buni O‘zbekiston uchun "haqorat" sifatida qabul qilgan.
"Harsh" kim va nima uchun uning posti O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarini "qo‘zg‘atib" yubordi?
Harsh Toshkent Tibbiyot Akademiyasida 1 kurs talabasi. U o‘qishni 2025 yil fevralida boshlagan.
Universitet ta’limining dastlabki uch oyi unda hech bir ijobiy taassurot qoldirmagan. Buni u "dahshatli tush"ga o‘xshatadi.
Harshning aytishicha, universitet bilan kelishuvga ko‘ra, darslar ingliz tilida o‘tilishi kerak bo‘lgan. Biroq, professorlarning hech biri ingliz tilida ravon gapira olmasligini ta’kidlaydi u.
Imtihonlarning shaffof emasligi, professorlarning talaba bilan munosabatlari hamda darsga nisbatan e’tiborsizligi, rektor esa shikoyatlarni hatto eshitib o‘tirmasligidan yozg‘iradi hindistonlik talaba.
Bundan tashqari, Harsh universitetda tushunarsiz qoidalar ko‘pligini, ammo ularning hech biri shartnomada keltirib o‘tilmaganini aytadi. Soqolga qarshi tekshiruvlarni esa u "tahqirlash" deb ataydi.
"Men tibbiyotni o‘rganishni xohlayman. Aminmanki, bu joy chala doktorlarni tarbiyalashdan boshqa narsa qilishiga esa ajablanmasa ham bo‘ladi. Bu masxarabozlik NMC India tomonidan qanday qilib tan olinganiga hayronman? Kimdir buning tagiga yetishi kerak", - deydi u.
Post qoldirilganidan taxminan bir oylar o‘tib, O‘zbekiston jamoatchiligi orasida shov-shuv ko‘tardi.

Surat manbasi, Тошкент Тиббиёт Академияси
Maqtov va haqoratlar oqimi
Ba’zilar uning qayg‘urishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqalar tanqid ostiga olishgan. Aksar foydalanuvchilar esa uning shaxsiyatini haqoratlab, kamsitishga uringan.
"Ehtimol, sen o‘z mamlakatingni bizniki bilan adashtirayotgandirsan. Rostki, soqoling "testdan yiqilgan bo‘lardi". Ammo bu biz "gigiena" deb atovchi narsa uchun muhim…" deya Harshga xabar yo‘llagan Efficient_Size9650 akkaunt foydalanuvchisi.
Maqola nashrga tayyorlanyotgan vaqtda ayni akkaunt Reddit'da ro‘yxatdan o‘tganiga bir hafta bo‘lgan edi.
Harshning aytishicha, ayni post tarmoqlarda tarqalgach, bu kabi xabarlar keskin ko‘paygan. Ularning aksariyatini esa ochilganiga bir necha kun bo‘lgan hisoblar tashkil qiladi.
Harsh o‘z postida gigiena haqida gapira turib, sharoitlarning yomonligiga urg‘u berganini aytadi.
"O‘zbekiston samimiy insonlarga ega tinch mamlakat. Bu borada hech bir shikoyatim yo‘q," deydi u, "postda men o‘zbekistonliklar haqida emas, talabalar yotoqxonasidagi hammomlar kamdan-kam, ehtimol oyda bir martda tozalanishi haqida gapirganman."
Harsh uning fikrlari butkul teskari yo‘sinda talqin qilinganini ta’kidlaydi.
"Tasavvur qilingki, hindistoonlik odamlar O‘zbekistondagi gigiena haqida gapiryapti. Do‘stim, hech bo‘lmasa, biz hidlanmaymiz va tez-tez yuvinib turamiz. Agar bu mamlakat yoqmagan bo‘lsa, ketishingiz mumkin," deya yozib qoldirgan tarmoqda ro‘yxatdan o‘tganiga bir kun bo‘lgan Phd_in_memes_ akkaunti foydalanuvchisi.
Tibbiyotni to‘liq ingliz tilida o‘qitadigan va diplomi xalqaro miqyosda o‘tadigan davlatlar ko‘p. O‘zbekiston (hali) ular qatorida emas.
Ayni post haqida fikr yuritgan qator faollar esa ta’limdagi kamchiliklar allaqachon ko‘pligi haqida yozib qoldirishgan. Xususan, jurnalist Navbahor Imomova esa buni hayrat bilan qabul qilgan.
"O‘zbekistonga ham o‘qishga keladimi? Va yana tibbiyot sohasi uchun va yana Hindistondan. Tibbiyotni to‘liq ingliz tilida o‘qitadigan va diplomi xalqaro miqyosda o‘tadigan davlatlar ko‘p. O‘zbekiston (hali) ular qatorida emas," deya yozib qoldirgan u o‘z Facebook sahifasida.
BBC O‘zbek xizmati Harsh sanab o‘tgan holatlar yuzasidan Toshkent Tibbiyot Akademiyasi bilan bog‘lanishga bir necha marotaba urindi. Biroq, maqola nashrga tayyorlanyotgan muddatgacha rasmiy munosabat olishga muvaffaq bo‘lmadi.












