Hindiston musulmonlarini vahimaga solayotgan mahkama

masjid

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Niyaz Farutsiy va Nikita Yadav
    • Role, BBC, Dehli
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Hindiston Oliy sudi 1947 yilda mamlakat mustaqillikka erishgan paytda mavjud bo‘lgan diniy obidalarning xususiyati va o‘ziga xosligini saqlashni nazarda tutuvchi qonunga qarshi bir qator arizalarni ko‘rib chiqmoqda.

1991 yilda qabul qilingan mazkur qonun har qanday ibodat maskanini yoki uning biror xususiyatini o‘zgartirishni taqiqlaydi va sudlarga uning maqomi bo‘yicha nizolarni ko‘rib chiqishni man etadi, faqat Bobur masjidi ishi bundan mustasno.

XVI asrga oid Bobur masjidi uzoq davom etgan tortishuv markazida bo‘lib, uni 1992 yilda hindular olomoni buzib tashlagan edi. 2019 yildagi sud qarori bu joyni hindularga ibodatxona qurish uchun berdi va Hindistonning diniy va dunyoviy bo‘linish chegaralari bo‘yicha bahslarni qayta jonlantirdi.

Hozirgi arizalar, jumladan, Bosh vazir Narendra Modining Bharatiya Janata partiyasi (BJP) a’zosidan biri tomonidan berilgan ariza, 1991-yilgi qonun diniy erkinlik va konstitutsiyaviy dunyoviylikni buzishini ta’kidlaydi.

Aloqador mavzular:
Getty Images
Agar masjidni tekshirib, uning ostida ibodatxona bor-yo‘qligini aniqlasangiz-u, keyin o‘sha joyda ibodatxonani tiklashni taqiqlasangiz, bu nizolarga sabab bo‘ladi.
Xarsh Mander
Hindiston sobiq davlat xizmatchisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Ushbu tinglov ko‘plab masjidlar vayron qilingan hind ibodatxonalari ustida qurilganini da’vo qilayotgan hind guruhlari harakatlari fonida o‘tmoqda.

Ko‘pchilik, jumladan, muxolifat yetakchilari va musulmon guruhlari qonunni qo‘llab-quvvatlab, u hindular ko‘pchilikni tashkil etadigan Hindistonda diniy ozchiliklar ibodatxonalarini himoya qilish uchun juda muhimligini aytishmoqda. Shuningdek, ular arizachilar o‘z da’volarini qo‘llab-quvvatlash uchun keltirayotgan tarixiy dalillar ishonchliligini shubha ostiga olishmoqda.

Ularning fikricha, agar qonun bekor qilinsa yoki kuchsizlantirilsa, bu bir qator shunga o‘xshash muammolarga yo‘l ochishi va diniy keskinlikni, ayniqsa, hindular va musulmonlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin.

Payshanba kuni Oliy sud sudlarga ibodat joylariga egalik qilishga e’tiroz bildiruvchi yoki ularning tabiati va xususiyatini aniqlash uchun tekshiruvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi yangi ishlarni keyingi ko‘rsatmalar berilguncha ro‘yxatga olishni taqiqladi. Keyingi tinglov fevral oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

mahkama

Surat manbasi, Getty Images

Nima uchun bu qonun qabul qilingan edi?

Qonunda aytilishicha, har qanday ibodat joyining – ibodatxonalar, masjidlar, cherkovlar va gurdvaralarning diniy xususiyati 1947 yil 15 avgustda, Hindiston mustaqillikka erishgan paytdagidek saqlanishi kerak.

Ibodat joylari to‘g‘risidagi qonun 1991 yil o‘sha paytdagi Kongress partiyasi hukumati tomonidan ilgari surilgan, ayni paytda, hind millatchi BJP a’zolari boshchiligidagi harakat shimoliy Ayodhiya shahridagi Bobur masjidi o‘rnida ibodatxona qurish uchun kuchayib borgan. Ushbu shiddatli kampaniya mamlakatning bir qancha hududlarida tartibsizliklar keltirib chiqardi va ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ularda yuzlab odam halok bo‘ldi.

Bu zo‘ravonlik Hindiston 1947 yilda bo‘linish paytida guvohi bo‘lgan diniy kurashning og‘riqli xotirasi edi.

O‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri S.B. Chavan qonun loyihasini parlamentga kiritayotib, "ba’zi guruhlar o‘zlarining tor manfaatlari uchun targ‘ib qilayotgan murosasizlikning xavotirli o‘sishi"dan xavotir bildirgan edi.

Uning aytishicha, bu guruhlar yangi nizolarni keltirib chiqarish maqsadida ibodat joylarini "zo‘rlik bilan o‘zgartirish"ga urinishgan.

O‘shanda muxolifatda bo‘lgan BJP qonun loyihasiga qat’iy qarshi chiqqan, ba’zi qonunchilar parlamentni tark etgandi. Partiya deputati qonun loyihasi ozchilikni tinchlantirish uchun kiritilgan, hindular va musulmonlar o‘rtasidagi kelishmovchilikni yanada kuchaytiradi, deb ishonganini aytdi.

Diniy yoki diniy bo‘lmagan arxeologik joylardan tashqari, qonundan yagona istisno Bobur masjidi edi, chunki bu inshootga qarshi huquqiy da’vo mustaqillikdan oldin ham mavjud bo‘lgandi.

Biroq, hind olomoni qonun kuchga kirganidan bir necha oy o‘tgach, masjidni buzib tashlashdi. 2019 yilda Hindiston Oliy sudi bahsli yerni hind guruhlariga ajratar ekan, masjidning buzilishi noqonuniy harakat ekanligini ta’kidladi.

politsiya

Surat manbasi, Getty Images

Nega bu masala hamon matbuot nigohida?

Oliy sudning qonun bo‘yicha qarori hindu guruhlari da’vo qilayotgan o‘nlab diniy inshootlar, ayniqsa, musulmonlarga tegishli bo‘lganlarining taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bularga Varanasi va Mathura muqaddas shaharlaridagi ikkita bahsli masjid – Gyanvapi va Shohi Iydgoh kiradi.

Tanqidchilar, shuningdek, joy tarixiy tabiatga ega bo‘lgani sababli, qarama-qarshi da’volarni uzil-kesil isbotlash qiyin bo‘lishini ta’kidlamoqda, bu esa dinlararo keskin nizolar va zo‘ravonliklarga yo‘l ochishi mumkin.

Tinglovlar diqqat bilan kuzatib borilayotgan bo‘lsa-da, masjidlarga qarshi yangi ish paydo bo‘lganda ham qonun yangiliklarning markazida bo‘ladi.

Ikki hafta oldin Rajastan sudi har kuni minglab ziyoratchilarni o‘ziga jalb qiladigan 13-asrga oid mashhur so‘fiylik ziyoratgohi – Ajmer Sharif dargohining hindu ibodatxonasi ustida joylashgani da’vo qilingan arizani qabul qilgach, hukumatga xabar yubordi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

O‘tgan oyda esa Uttar-Pradesh shtatidagi Sambhal shahrida 16-asrga oid masjidda o‘tkazilgan sud so‘rovi paytida yuz bergan zo‘ravonlik oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Musulmon guruhlari bu so‘rovga qarshi Oliy sudga murojaat qilishdi.

Ilgari sud tomonidan buyurilgan boshqa so‘rovlar, jumladan, Gyanvapi masjidi ishi bo‘yicha ham keskinlik yuzaga kelgan edi. Hindu guruhlari 17-asrga oid masjidni boburiy hukmdor Avrangzeb Kashi Vishvanath ibodatxonasining qisman xarobalari ustiga qurdirgan deb ta’kidlashdi. Musulmon guruhlari mahalliy sud tomonidan buyurilgan so‘rovga 1991-yilgi qonunni buzadi deb qarshi chiqishdi.

Biroq 2022 yilda o‘sha paytdagi Oliy sud raisi D.Y. Chandrachud boshchiligidagi hay’at so‘rovning davom etishini to‘xtatmadi. U, shuningdek, 1991-yilgi qonun 1947 yil 15 avgustdagi ibodat joyi maqomini tekshirishga to‘sqinlik qilmasligini, agar bu uni o‘zgartirishga qaratilmagan bo‘lsa, ta’kidladi.

O‘shandan beri ko‘pchilik buni tanqid qilmoqda. Sobiq davlat xizmatchisi Xarsh Mander bu "1991-yilgi qonunga zid bo‘lgan sudlar chiqargan bir qator qarorlarga darvozalarni ochib berdi" deb aytdi.

"Agar siz masjidni tekshirishga ruxsat berib, uning ostida ibodatxona bor-yo‘qligini aniqlasangiz-u, keyin o‘sha joyda ibodatxonani tiklashni taqiqlasangiz, bu turli dinlarga mansub odamlar o‘rtasida yillar davomida achchiq nizolarga sabab bo‘ladigan norozilik, nafrat va qo‘rquvni shakllantiradi," deb yozdi janob Mander.

Oliy sudning payshanba kungi qarori ushbu so‘rovlar va davom etayotgan sud ishlarini vaqtincha to‘xtatib turadi.