Afg‘oniston: "Hibbatulla Oxundzoda, yuzingni, o‘zingni ko‘rsat" yoki Tolibon liderini tanqid qilsa, oqibati yomon bo‘ladimi?

Tolibon lideri

Surat manbasi, Afghan Islamic Press

Surat tagso‘zi, Mavlaviy Hibbatulla Oxundzoda Afg‘oniston Tolibon harakatining amaldagi lideri bo‘ladi. Siyosiy, diniy va harbiy masalalar bo‘yicha Oliy rahbari sanaladi. Hibbatulla Oxundzodadan Qandahordan poytaxt Kobulga kelish va xalqqa ko‘rinish berishi so‘ralgan.
O'qilish vaqti: 5 daq

Afg‘onistonning o‘zida Tolibon lideri oshkora tanqid qilindi, buning ortidan nimalar bo‘lgani shu kunlarda qator nashrlarda sarlavhalarga chiqdi.

Oshkora tanqid

Nangarhordagi mushoira

Surat manbasi, skrinshot

Xabarlarga ko‘ra, Hibbatulla Oxundzoda haqidagi tanqidiy she’rlarni senzura qilmagani uchun Tolibon hukumatining Nangarhor viloyatidagi Axborot va madaniyat bo‘limi rahbari Sajid Xo‘gyoniy ishdan ketgan.

Bu xabarlarni Bi-bi-si manbalari ham tasdiqlashgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hammasi yaqinda ushbu viloyatda bo‘lib o‘tgan "Norinj guli" mushoirasi chog‘ida yuz bergan.

O‘zining tanqidiy she’rlari bilan tanilgan pushtun shoiri Matiulloh To‘rob Tolibon yetakchisini tanqid qilib, she’r o‘qigan.

Shoir o‘zining mazkur she’rida Hibbatulla Oxundzodadan Qandahordan poytaxt Kobulga kelish va xalqqa ko‘rinish berishini so‘ragan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, u Tolibon lideriga Kobulsiz Afg‘onistonni boshqara olmasligini ham aytgan, davlatni boshqarishdan oldin xalq bilan maslahatlashishni maslahat berib, bu kabi yig‘inlarining muhimligini ham ta’kidlagan.

Tanqidiy she’ri va tanqidi uchun shoirning o‘ziga qarshi biror bir chora ko‘rilgani yoki yo‘qligi hozircha ma’lum emas.

Tolibon lideri va Qandahor

Qandahor

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Harakat Afg‘onistonda qudratni qayta egallagan 2021 yildan keyin hokimiyat va qarorlarning qabul qilinishi poytaxt Kobuldan aynan Qandahorga ko‘chgan.

O‘zini odamlarga ko‘rsatmasligi harakat Afg‘onistonga qudratga qaytganidan buyon Tolibon lideri bilan bog‘liq xabarlarda xos e’tibor topgan, alohida urg‘ulanib kelayotgan nuqtalardan biri bo‘ladi, faqat Hibbatulla Oxundzodaniki ekani aytilgan audiolari tarqatiladi, uning turli bayramlar munosabati bilan yo‘llagani aytiluvchi tabriklari esa, Tolibon hukumatining voizlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, asosan, X(sobiq Twitter) platformasida chop etiladi.

Tolibon lideri Afg‘onistonning janubiy Qandahor viloyatidan deyarli chiqmaydi.

Qandahor, ta’bir joiz, Tolibon harakatining Afg‘onistondagi yuragi va hozirgi yetakchisi Hibbatulla Oxundzodaning tayanch nuqtasi sifatida ko‘riladi.

Harakat Afg‘onistonda qudratni qayta egallagan 2021 yildan keyin hokimiyat va qarorlarning qabul qilinishi poytaxt Kobuldan aynan Qandahorga ko‘chgan.

Bunga hatto Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham o‘zining e’tiborini qaratgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, Qandahorning yana hokimiyat markaziga qaytishi Tolibonning 90-yillardagi ilk boshqaruvi davrida bo‘lgani kabi qarorlarning poytaxt Kobuldagi hukumat vazirlarisiz qabul qilinishiga yo‘l ochgan.

Orada Tolibon muvaqqat Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniyning rahbariyatning qaror qabul qilish jarayonini tanqid qilgani va yakkahokimlikdan ogohlantirgani haqidagi xabarlar ham olingan.

Ammo Tolibon saflarida ichki kelishmovchiliklar borligini rad etgan.

Qandahorni kim nazorat qilsa, Afg‘onistonni ham nazorat qiladi, degan gap bor.

Qandahor mamlakatdagi eng yirik etnik guruh - pushtunlarning ham yuragi hisoblanadi.

Tolibonning mafkurviy, g‘oyaviy tayanch nuqtasi, markazi sifatida ko‘riladi.

Qandahor o‘zining xalqaro aeroporti, qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishi hamda mamlakatning asosiy savdo markazlaridan biri sifatidagi mavqei tufayli strategik ahamiyatga ega.

Strategik va savdo yo‘li sifatidagi ahamiyati bois, Qandahor uchun ko‘p asrlar davomida kurash olib borilgan.

O‘tgan ikki o‘n yillikda NATO boshchiligidagi ittifoq kuchlari va Tolibon o‘rtasidagi eng shiddatli janglar aynan xuddi shu viloyatga ham to‘g‘ri keladi.

Qandahor yana Afg‘onistonning Pokistonga chegaradosh viloyatlaridan biri ham bo‘ladi.

Voqealar rivoji

Mushoira

Surat manbasi, skrinshot

Surat tagso‘zi, Xabarlarga ko‘ra, mushoiralarni bekor qilish qarori hatto ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi Tolibon tarafdori bo‘lgan foydalanuvchilarning ham noroziliklariga sabab bo‘lgan, ular milliy birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirni to‘xtatish qarorini tanqid qilishgan.

Xabarlarga ko‘ra, Afg‘onistonning Tolibon nazorati ostidagi milliy televideniesi mushoira chog‘ida yangragan tanqidiy she’rlar, shu jumladan, pushtun shoiri Matiulloh To‘robnikini ham olib ko‘rsatmagan.

Ammo, ma’lum bo‘lishicha, uning Tolibon lideriga qaratilgan she’ri boshqa ommaviy axborot vositalarida chiqib ketgan.

So‘nggi hodisa Tolibon mas’ullarining mushoiralar oldidan shoirlar va ularning she’rlarini tekshiruvdan o‘tkazish buyrug‘i, qayrib bir yildirki, amalda bo‘lgan bir manzarada yuz bergan.

Shu kunlarda olingan ayrim xabarlarga ko‘ra, Tolibon butun Afg‘oniston bo‘ylab barcha mushoira tadbirlarini noma’lum muddatgacha to‘xtatib qo‘ygan, bu haqda viloyatlardagi barcha boshqarmalarga og‘zaki ko‘rsatma bo‘lgan.

Aytilishicha, Tolibon bunga iqtisodiy vaziyat va yana aynan mushoiralar chog‘ida yaqinda yangragan tanqidlarni sabab qilib keltirgan.

O‘tgan to‘rt yil ichida Afg‘onistonning turli viloyatlarida o‘tkazib kelinayotgan mushoiralar Tolibonning milliy, madaniy birdamlikni targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismi o‘laroq ko‘rilgan, ammo, ma’lum bo‘lishicha, qattiq nazorat qilingan.

"Afghanistan International" nashrining yozishicha, mushoiralarga faqat ijodi va qarashi Tolibon mafkurasiga to‘g‘ri kelgan shoir va madaniyat arboblari qo‘yilgan, ayollar ulardan butkul chiqarib tashlangan, romantik yoki tanqidiy she’rlar qat’iyan man etilgan.

Xuddi shu nashrning manbalarga tayanib xabar berishicha, Tolibon shu kunlarda Parvon viloyatida o‘tkazilishi rejalangan "Arg‘uvon guli" milliy mushoirasini ham bekor qilgan, teskarisi bo‘lsa-da, bunga yomon ob-havoni vaj qilib keltirgan.

Bi-bi-sining bu xususda Tolibon mas’ullaridan izoh so‘rab qilgan so‘rovi ham bejavob qolgan.

Tolibonning o‘zi esa, hozircha bularning barchasi xususida biror bir rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Xabarlarga ko‘ra, mushoiralarni bekor qilish qarori hatto ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi Tolibon tarafdori bo‘lgan foydalanuvchilarning ham noroziliklariga sabab bo‘lgan, ular milliy birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirni to‘xtatish qarorini tanqid qilishgan.

Hibbatulla Oxundzoda kim?

Infografika

Mavlaviy Hibbatulla Oxundzoda Afg‘oniston Tolibon harakatining amaldagi lideri bo‘ladi.

Siyosiy, diniy va harbiy masalalar bo‘yicha Oliy rahbari sanaladi.

Harakatni ungacha asoschilaridan biri Mulla Umar va Axtar Mansur boshqargan.

Mulla Umarning 2013 yilda vafot etgani ishoniladi. Axtar Mansur 2016 yili o‘ldirilgan.

Mavlaviy Hibatulloh Oxundzoda xuddi o‘sha yili uning o‘rnini egallagan.

U harbiy emas. Ko‘proq ulamo odam sifatida tanilgan.

Oxundzodaning 1961 yilda Afg‘onistonning janubiy Qandahor viloyatida tug‘ilgani aytiladi. Ammo bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan.

Otasi qishloq imomi bo‘lgan.

1980-yillarda u Sovet qo‘shinlariga qarshi jang qilayotgan mujohidlar safiga qo‘shilgan. Ammo jang qilmagan.

Keyin oilasi bilan Pokistonga ko‘chib o‘tgan. Shimoliy Kvetta shahriga borib o‘rnashishgan.

Oxundzoda xuddi o‘sha yerda o‘zining madrasa tahsilini boshlagan.

1994 yilda Mulla Umar va uning uch sherigi tomonidan Pokistonda asos solingan Tolibon harakatiga qo‘shilgan.

Tolibon o‘sha paytda diniy maktablar radikal talabalarining harakati sifatida ko‘rilgan.

Afg‘onistonda Tolibonning Islomiy Amirligi amal qilgan yillarda qozilik qilgan. Shar’iy mahkamalaridan biriga mas’ul bo‘lgan.

Toliblar o‘sha paytda televidenie, kino, musiqa, pardoz-andoz va sportni taqiqlashgan.

10 yoshdan katta qizlarning maktabga chiqishiga izn berishmagan.

Toshbo‘ron qilish, qo‘lni kesish va omma oldida kaltaklash kabi jazo choralari amal qilgan.

Bu hukmlardan qay biri Oxundzodaniki bo‘lgani ma’lum emas.

Ammo u toliblarning orasida eng an’anadori sifatida tanilgan.

Mavlaviy Hibbatulla Oxundzoda odamlar ko‘z o‘ngida deyarli ko‘rinish bermaydi, oshkora bayonotlar ham qilmaydi.

Siyosiy, diniy, harbiy - barcha masalalarda so‘nggi so‘zni aynan Oxundzoda aytadi.

Uning 23 yoshli o‘g‘li 2017 yilda portlovchi modda joylangan yuk mashinasi bilan Afg‘oniston janubidagi harbiy bazaga hujum qilgan. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

Akasi esa, 2019 yili Kvetta shahrida yuz bergan portlashda halok bo‘lgan.