Avstraliyadagi hujum: Navid Akramga 15 ta qotillik aybi qo‘yildi

Gullar, erkak va ayol

Surat manbasi, Saeed KHAN / AFP via Getty Images

    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Avstraliya politsiyasining ma’lum qilishicha, Sidneydagi Bondi sohilida yakshanba kuni sodir etilgan qurolli hujumda tirik qolgan gumonlanuvchi Navid Akramga jami 59 ta jinoyat bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Ular orasida 15 ta qotillik va terrorchilik harakatini sodir etish ayblari bor.

Uning otasi, 50 yoshli Sajid Akram hodisa joyida politsiya bilan otishma chog‘ida halok bo‘lgan.

Hujum oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Hujum Avstraliya yahudiy jamoasiga qarshi qaratilgan bo‘lib, Xanuka bayramining birinchi kechasi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbir paytida amalga oshirilgan. Bu Avstraliyada 1996 yildan buyon eng qonli hujum, deb baholanmoqda.

Navid Akramga, shuningdek, qasddan o‘ldirish niyati bilan og‘ir tan jarohati yetkazish bo‘yicha 40 ta ayb hamda taqiqlangan terrorchi tashkilot ramzini omma oldida namoyish etgani uchun yana bir ayb qo‘yilgan.

U yakshanba kungi hodisa paytida og‘ir yaralangan va uning ishi bo‘yicha dastlabki tinglov shifoxonada, yotgan joyida o‘tkazilganini mahalliy Yangi Janubiy Uels sudi ma’lum qildi.

Sud ishni ko‘rib chiqishni 2026 yil apreliga qoldirdi.

Chorshanba kunining birinchi yarmida Yangi Janubiy Uels politsiyasi komissari Mal Lenon, Akramni rasman so‘roq qilishdan oldin unga berilgan dori vositalarining ta’siri ketishini kutishayotganini aytdi.

"Adolatli jarayon uchun u nima bo‘layotganini to‘liq anglashi kerak", dedi Lenon.

Hujumda yaralangan 20 kishi hanuz Sidneydagi shifoxonalarda qolmoqda, ulardan birining ahvoli og‘ir.

Politsiya hujumni terrorchilik harakati deb tasnif etgan. Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze bu hujum "Islomiy Davlat" guruhi mafkurasi bilan ruhlangan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Seshanba kuni ota va o‘g‘il noyabrda Filippinga safar qilgani ma’lum bo‘ldi.

Filippin immigratsiya byurosi BBCga ular 1 noyabrdan 28 noyabrgacha mamlakatda bo‘lganini bildirdi. Immigratsiya idorasi vakilining aytishicha, ularning so‘nggi manzili janubdagi Davao shahri bo‘lgan.

Navid Akram Filippinga Avstraliya pasporti bilan kirgan. Manila chegara xizmatining BBCga ma’lum qilishicha, otasi esa Hindiston pasportidan foydalangan.

Sajid Akram asli Hindistonning janubidagi Haydarobod shahridan bo‘lgan, ammo Telangana shtati politsiyasi rasmiysi Sajid u yerdagi oila a’zolari bilan "juda cheklangan aloqada" bo‘lganini aytdi.

15 dekabr: Avstraliya hujumchilari ota-bola bo‘lgan

Avstraliyadagi 15 inson halok bo‘lgan Bondi sohilidagi qurolli hujum joyida borayotgan politsiya xodimlari

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Halokatli hujum joyini o‘rab olgan politsiya tergovni davom ettirayapti

Avstraliya huquq-tartibot organlari 14 dekabr kuni Bondi sohilida odamlarga qurolli hujum qilganlar ota va o‘g‘il bo‘lganini tasdiqladilar.

Otasi 50 yashar Sajid Akram, o‘g‘li 24 yoshli Navid Akram deb xabar berdi mahalliy matbuot.

Otasi hodisa joyida halok bo‘lgan.

Og‘ir yaralangan o‘g‘li shifoxonaga yotqizilgan.

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaniz so‘zlariga ko‘ra, ota-bola "ekstremistik mafkura"dan ruhlanganlar.

Avstraliya matbuoti xabar qilishicha, mamlakat Terrorizmga qarshi kurash politsiyasi ota-bola "Islomiy Davlat" terrorchi guruhiga sodiqlikka qasam ichganlariga ishonadi.

15 dekabr kuni Bondi sohiliga ota-bola qurolli hujumni uyushtirish uchun minib kelgan avtomobilni politsiya olib ketdi.

Teletasvirchilar ortib olib ketilayotgan avtomobil kapotida ko‘ringan "Islomiy Davlat" bayroqlarini tasvirga olganlar.

Sidneydagi hujumchi ota-bolaga tegishli avtomobil

Surat manbasi, AP

Ma’lum bo‘lishicha, Navid Akram Sidney shahrida joylashgan "ID"ning guruhiga aloqadorligi tufayli huquq-tartibot idoralarining e’tiboriga tushgan.

Bosh vazir Entoni Albaniz aytishicha, bu 2019 yil oktyabrida yuz bergan.

"Keyingi tahlillar mavjud tahdid yoki uning zo‘ravonlikka aralashish tahdidi alomatlari yo‘q" degan xulosaga kelgan, dedi bosh vazir.

Halok bo‘lgan 15 inson kim bo‘lgani haqida tobora ko‘p ma’lumot aniq bo‘layapti.

Ular orasida 10 yashar qizaloq, Britaniyada tug‘ilgan ikki ruhoniy, iste’fodagi politsiya zobiti va Holokostda omon qolgan inson bo‘lgan.

Hodisada omon qolganlar o‘q boshlari ustidan uchib o‘tganini aytdilar.

Qurolli hujumga qarshilik ko‘rsatib yaralangan Ahmad al-Ahmad qahramon deb ta’riflanayapti.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Sidney gazetalaridan biriga gapirgan Navid Akram onasi Verenaning aytishicha, o‘g‘li unga qo‘ng‘iroq qilib baliq tutishga ketganlarini aytgan.

Rasmiylarga ko‘ra, qurolli hujumdan keyin 40 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Ular orasida ikki politsiya xodimi ham bor.

Avstraliyada yashaydigan, asli pokistonlik 30 yoshli Navid Akram murojaat bilan chiqdi, o‘zining hujumchi emasligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidagi foto suratini tarqatib yuborganlar, endi u ko‘chaga chiqolmayapti.

Avstraliya rasmiylariga ko‘ra, ushbu otishma maqsadli antisemit hujumdir.

Politsiya hujumni Sidney shahridagi yahudiy jamoasiga qaratilgan terrorchilik xuruji deb baholadi.

Avstraliya politsiyasi oxirgi ikki yilda mamlakatda antisemit hujumlar soni ko‘paygani kuzatilganini aytdi.

14 dekabr. Avstraliya sohilida otishma: 15 kishi va hujumchi halok bo‘ldi. Hujum vaqti Yahudiylar bayrami nishonlanayotgan edi - Video

Politsiya xodimi 2025-yil 14-dekabr kuni Bondi plyajida ommaviy otishma sodir bo'lgan joyda kordon lentasi bo'ylab yurmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Avstraliya politsiyasi Sidneydagi mashhur Bondi-bich sohilida yuz bergan otishma natijasida 15 kishi va bir hujumchi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Ikkinchi hujumchi qo‘lga olingan, u ham yaralangan. Hujum paytida sohilda yahudiylarning Xanuka bayrami nishonlanayotgan edi. Politsiya hodisani terrorchilik hujumi deb baholamoqda.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, ikkinchi gumonlanuvchi og‘ir ahvolda. Shuningdek, kamida 29 kishi, jumladan bir bola va o‘qdan yaralangan ikki nafar politsiya xodimi shifoxonaga yetkazilgan.

Politsiya o‘t ochgan ikki kishi "zararsizlantirilgan"ini bildirdi, biroq hodisa joyidagi amaliyot davom etmoqda.

Yangi Janubiy Uels politsiyasi komissari Mal Leyonning aytishicha, politsiya ichida "bir nechta qo‘lbola portlovchi qurilma" bo‘lishi mumkin deb hisoblangan avtomobilni aniqlagan. Hodisa joyida saperlar guruhi ishlamoqda, portlovchi qurilma zararsizlantirilib, xavfsiz joyga olib ketilmoqda.

Leyonning aytishicha, avtomobildagi qurilma "halok bo‘lgan jinoyatchi bilan bog‘liq".

Uning ta’kidlashicha, gumonlanuvchilardan biri politsiyaga "kam taniqli, kuzatuvda turgan shaxs emas". "Biz bu odamni taniymiz, ammo bu uning aniq xavf tug‘dirganini anglatmaydi", dedi u.

Politsiya, shuningdek, hujumchilar soni uch nafar bo‘lgani haqidagi xabarlarni ham tekshirmoqda.

Politsiya mashinalari 2025-yil 14-dekabr kuni Sidneydagi Bondi-Bichdagi ommaviy otishma joyida turibdi.

Surat manbasi, Getty Images

Xanuka bayrami mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da (Grinvich vaqti bilan yakshanba kuni soat 06:00) bolalar maydonchasi yaqinida o‘tkazilgan. Tadbir Chabad of Bondi yahudiy markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, "barcha yoshdagilar uchun" mo‘ljallangan faoliyatlarni o‘z ichiga olgan.

Tadbirda Xanukani nishonlayotgan 1000 dan ortiq kishi qatnashgan.

2025-yil 14-dekabr kuni Sidneydagi Bondi plyajida sodir bo'lgan otishmadan keyin voqea joyida qurollangan politsiya xodimlari ishlamoqda.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Yangi Janubiy Uels bosh vaziri Minns hujumchilardan birining qo‘lidan qurolni tortib olgan erkakni e’tirof etdi. Bu lahza ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda tasvirlangan. "Bu odam haqiqiy qahramon. Uning jasorati tufayli bugun kechqurun ko‘plab odamlar tirik qolganiga shubham yo‘q", dedi Minns.

Video tagso‘zi, Video: Erkak kishi hujumchidan qurolni olib qo‘ygan lahzalar

ABC telekompaniyasi xabar berishicha, tez yordam xizmati hodisa joyiga tibbiy guruhlar, tez yordam mashinalari va vertolyotlarni yuborgan.

Ular ko‘plab yaralanganlarga yordam ko‘rsatgan, jabrlanganlar mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan.

ishchilar

Surat manbasi, AFP via Getty Images

BBC muxbiri Tessa Vongning xabar berishicha, tadbir sohil ortidagi yashil maydonda, odamlar sohilga o‘tishi mumkin bo‘lgan piyodalar ko‘prigi yaqinida o‘tkazilgan va ko‘rinishidan, otishmachilar aynan shu ko‘prikdan foydalangan.

Otilgan o‘qlardan bir soat oldin tadbir qizg‘in pallada bo‘lgan: u yerda kamida 200 kishi to‘plangan, musiqa yangragan, turli ko‘ngilochar maydonchalar, jumladan qoyaga chiqish inshooti ham ishlagan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Muxbirimizning aytishicha, tadbir atrofi metall panjara bilan o‘ralgan, kirish-chiqish darvozalar orqali amalga oshirilgan va ehtimol sumkalar tekshirilgan, ammo umumiy xavfsizlik choralari sust ko‘ringan.

Ayol va bola

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Mahalliy jurnalistlar xabarlariga ko‘ra, o‘q ovozlari eshitilganda, yuzlab odamlar sohildan qochib ketgan.

Yaqin atrofdagi boshqa sohilda bo‘lgan BBC muxbiri Tabbi Uilson taxminan 20 ta qattiq portlash ovozini sanagan. Avvaliga bu ovozlarga hech kim e’tibor bermagan, faqat politsiya vertolyotlari tepalaridan uchib o‘tayotgani eshitilgandan keyin tashrif buyuruvchilar xavotirga tushgan.

Bondi-bich sohili

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Bondi-bich sohili Avstraliyadagi eng mashhurlardan biri (arxiv surat)

ABC muxbiri Shon Tarek Gudvin Bondi parkdagi bolalar maydonchisida Xanuka tadbirida qatnashgan erkak bilan suhbatlashgan. Uning aytishicha, u qora kiyimdagi ikki otishmachini bolalar maydonchisi avtoturargohi yonidagi kichik piyodalar ko‘prigi ustida ko‘rgan. Ularning odamlarni nishon olganini aytgan.

Getty Images
Gumonlanuvchilardan biri politsiyaga kam taniqli, kuzatuvda turgan shaxs emas. Biz bu odamni taniymiz, ammo bu uning aniq xavf tug‘dirganini anglatmaydi.
Mal Leyon
Yangi Janubiy Uels politsiyasi komissari (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Politsiya hodisa joyida bo‘lgan barcha odamlarni xavfsiz joyga berkinishga chaqirgan.