Suratlarda: "Hind kinosi eng buyuk shoumeni"ning 100 yilligi
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
O'qilish vaqti: 5 daq
Raj Kapur "Hind kinosining eng buyuk shoumeni" deb e’zozlangan yetakchi kinorejissyor, prodyuser va aktyor edi. Uning ijodi hamon hind kinolarini shakllantirmoqda va ilhomlantirishda davom etmoqda.
Bugun, 1988 yilda vafot etganidan qariyb qirq yil o‘tib ham, u Hindistonning eng sevimli yulduzlaridan biri.
Kapur o‘z kino karьerasini Hindistonning mustaqillikdan keyingi davrida boshlagan. Uning dastlabki asarlari ko‘pincha o‘sha davr kayfiyati va intilishlarini aks ettiruvchi sotsialistik ohangda yaratilgan.
Tarixchi Sunil Xilnani 2015 yilda BBC Radio 4da efirga uzatilgan va Hindistonni bunyod etgan erkaklar va ayollar haqidagi serial – "Incarnations: India in 50 Lives"da shunday degan edi: "Kapur hind sotsializmiga romantika, ehtiros, qo‘shiq va ruhiyat olib kirdi".
Shu bois, shanba kuni uning 100 yillik tavallud sanasiga bag‘ishlangan tadbirlarning butun Hindiston bo‘ylab o‘tkazilgani va uning o‘chmas merosini ulug‘lagani ajablanarli emas.
Bu tadbirlar orasida uning 10 ta mashhur filmini o‘z ichiga olgan retrospektiv tomosha ham bor. Bu filmlar dam olish kunlari Hindistonning 40 ta shahri va 135 ta kinoteatrida ko‘rsatiladi.
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, Kapurning rejissyorlik debyuti "Aag" (1948) RK Films studiyasi tashkil topishiga va uning Nargis bilan afsonaviy hamkorligiga asos soldi. Ularning o‘zaro uyg‘unligi ekranni yoritib, ularni mashhur ekran juftligiga aylantirdi.
Surat tagso‘zi, Sevgi va sog‘inch hikoyasi "Barsaat" (1949) Kapurning rejissyor sifatidagi birinchi yirik muvaffaqiyati bo‘ldi. Shuningdek, u RK Films'ni kuchli studiya sifatida mustahkamladi.
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, "Awara" (1951) filmi Kapurning Charli Chaplindan ilhomlangan mashhur daydi obrazini namoyish etdi. Uning "Awara Hoon" qo‘shig‘i hamon butun dunyoda mashhur. Film nafaqat Hindistonda, balki butun dunyoda katta shuhrat qozondi – u sobiq Sovet Ittifoqida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishgandi.
Aktyorlar Prithviraj Kapur va Ramsarni Kapur oilasida tug‘ilgan Shrishti Nath Kapur keyinchalik Ranbir Raj Kapur ismini olgan va "Inqilob" (1935) filmida ilk bor suratga tushgan.
Ekranda shuhrat qozonishdan oldin Kapur sahna ortida o‘z mahoratini oshirdi – rejissyor Kidar Sharmaga yordamchi bo‘ldi, otasining "Pritvi" teatrida badiiy rahbar sifatida ishladi va kichik rollarda suratga tushdi.
Uning yuksalishi "Nil Kamal" (1947) filmi bilan boshlandi va bu badiiylik hamda ommaviy jozibani uyg‘unlashtirgan ajoyib karьeraga yo‘l ochdi.
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, "Shree 420" (1955) filmi Kapurning o‘z daydi personajining ramziy takrori bo‘lib, yilning eng ko‘p daromad keltirgan filmiga aylangandi. Yangi mustaqil Hindistonda chuqur aks-sado bergan vatanparvarlik madhiyasiga aylangan "Mera Joota Hai Japani" kabi qo‘shiqlar kuylangan bu film o‘zining musiqasi, hikoyasi va Kapurning aktyor sifatidagi jozibasi bilan abadiy klassik asar sifatida e’tirof etilmoqda.
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, "Jagte Raho" (1956) filmida Kapur shaharda suv izlayotgan qishloqlik erkaklik timsolida boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi keskin tafovutni ko‘rsatib beradi. 149 daqiqalik filmning qisqartirilgan versiyasi 1957 yilda Chexoslovakiyada bo‘lib o‘tgan Karlovy Vary xalqaro kinofestivalida "Kristall Globus" Bosh mukofotini qo‘lga kiritdi.
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, "Jis Desh Mein Ganga Behti Hai" (1960) – mukofotga sazovor bo‘lgan film bo‘lib, unda Kapur Gang daryosining tozalovchi kuchiga ishonadigan oddiy inson sifatida tasvirlangan. Qiziqarli muhabbat tarixi va qaroqchilar fonida suratga olingan film o‘zining ta’sirchan syujeti va unutilmas musiqasi bilan mashhur.
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, "Sangam" (1964) Raj Kapurning birinchi rangli filmi va romantik dramasi bo‘lib, faqat chet elda – London, Parij va Shveytsariya kabi mashhur joylarda suratga olingan birinchi hind filmi edi. O‘z davrining eng qimmat filmlaridan biri bo‘lib, Kapur, Vijayanthimala va Rajendra Kumarning ajoyib ijrolari bilan murakkab sevgi uchburchagini aks ettiradi.
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, "Mera Naam Joker" (1970) Kapur ijro etgan masxaraboz Rajuning achchiq-shirin hikoyasini so‘zlab beradi. U o‘z qiyinchiliklari bilan kurashayotgan bo‘lsa-da, boshqalarga kulgi ulashadi. Chuqur hissiyotlarga to‘la bo‘lishiga qaramay, film muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo keyinchalik u sevgi, fidoyilik va yolg‘izlik kabi mavzular ochib bergani uchun kult filmga aylandi.
1948 yilda Kapur blokbaster filmlar va xalqaro e’tirof bilan sinonim bo‘lgan mashhur RK Films studiyasiga asos soldi.
U "Aag" (1948) filmida rejissyor sifatida debyut qildi va "Barsaat" (1949), "Awaara" (1951), "Shree 420" (1955) va "Sangam" (1964) kabi muhim filmlarda aktyor va kinorejissyor sifatida o‘zining serqirraligini namoyish etdi. Boshqa mashhur asarlari orasida "Mera Naam Joker" (1970), "Bobby" (1973), "Satyam Shivam Sundaram" (1978) va "Ram Teri Ganga Maili" (1985) bor.
Barcha rasmlar RK Films va Film Heritage Foundation tomonidan taqdim etilgan
Surat manbasi, Film Heritage Foundation
Surat tagso‘zi, Kapur rejissyorligidagi "Bobby" (1973) hind kinosiga o‘smirlik romantikasi tushunchasini olib kirgan, o‘yinni o‘zgartirgan blokbaster edi. Uning o‘g‘li Rishi Kapur va Dimple Kapadiyaning debyutiga bag‘ishlangan film balog‘atga yetish onining ramziy hikoyasiga aylandi.
Surat tagso‘zi, Kapurning so‘nggi rejissyorlik ishi bo‘lgan "Ram Teri Ganga Maili" (1985) Mandakini va uning uchinchi o‘g‘li Rajiv Kapur ishtirokidagi bozorbop film bo‘ldi. 1988 yil 2 mayida Kapur mukofotlash marosimida og‘ir astma xurujiga uchradi. U iyunь oyida vafot etdi. Undan xotini va besh farzandi qoldi.