Bugunning savoli: Ikki qudratli ittifoqchisi - Rossiya va Xitoy Venesuelani tashlab qo‘ydimi?

Surat manbasi, Getty Images
Venesuela prezidenti haqiqiy do‘stlarim qaerda qoldi, deb hayron qolayotgan bo‘lsa, uni tushunsa bo‘ladi.
Chunki yaqin-yaqingacha ikki asosiy ittifoqchisi – Rossiya va Xitoy Venesuelani hech qachon tashlab qo‘ymaydi, deb ishonilgan.
Ammo bugungi vaziyat tobora buning teskarisiga dalolat qilayotgandek.
Yillar davomida har ikki davlat Venesuelaning sotsialistik hukumatini siyosiy, moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab kelgan.
Bu aloqalar sobiq prezident Ugo Chaves davrida, Maduroning ustozi va mamlakatning sobiq rahbari paytida boshlangan.
Ammo mutaxassislarga ko‘ra, voqealarning so‘nggi rivojiga qadar quvvatlov asosan ramziy ko‘rinishda, ya’ni aniq harbiy yoki moliyaviy yordamdan ko‘ra, og‘zaki bayonotlarda namoyon bo‘lgan.
Bu o‘zgarish esa, AQSh Karib dengizida o‘zining havo va dengiz kuchlarini, ya’ni, jumladan atom suv osti kemasi, razvedka samolyotlari va 15000 askarni joylashtirganidan keyin yuz bergan.
Tramp ma’muriyati buni giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash maqsadi bilan izohlagan.
Ammo ko‘plab ekspertlar, shuningdek, Maduro ham Vashingtonning asl maqsadi hukumatni almashtirish ekanligiga ishongandi.
Demak, Venesuela prezidenti eng ko‘p yordamga ehtiyoji bo‘lgan davrda nima o‘zgardi?
Chilining Andres Bello universitetidagi Xitoy tadqiqotlari markazi direktori, professor Fernando Rees Matta fikricha, Venesuela hozirda Pekin va Moskva uchun, ayniqsa AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin ancha kamroq ahamiyatga ega bo‘lib qolgan.
"Bugungi kunda Rossiya yoki Xitoyning Venesuelani to‘liq himoya qilishga turtki beruvchi hech qanday sabablari yo‘q, chunki ularning boshqa muammolari bor, masalan, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Xitoyning Tramp bilan xalqaro munosabat mavqesiga ega bo‘lishda raqobati", deydi u.
Rossiyaning 2022 yildagi Ukrainaga bostirib kirishi ortidan, Moskva mojaro uchun katta resurslarni sarflagan, bu esa uning moliyaviy va harbiy imkoniyatlariga bosim o‘tkazgan. Shu bilan birga, u keng qamrovli G‘arb sanksiyalariga ham yuz tutgan.
Bu esa ilgari Kreml dastaklagan ittifoqdoshlar uchun resurslarni kamaytirganini bildiradi, deydi Kolumbiyadagi Ikesi universitetining Siyosat va Xalqaro Munosabatlar Laboratoriyasi (PoInt) direktori, professor Vladimir Ruvinskiy.
Bugun Rossiya va Xitoyning Venesuelani to‘liq himoya qilishga turtki beruvchi sababi yo‘q, chunki ularning boshqa muammolari bor, masalan, Rossiyaning Ukrainadagi urushi...
Suriya va Eron, Moskvaning uzoq muddatli Yaqin Sharqdagi ittifoqdoshlari, so‘nggi paytlarda shunga o‘xshash holatga duchor bo‘lgan.
"Rossiya mavjud santsiyalardan ko‘prog‘i qo‘llanilishi kabi xavfni tug‘dirmaslikka harakat qiladi, Xitoy esa Maduroni himoya qilgani uchun boj to‘lov qiymatlarining oshirilishini xohlamaydi", deydi professor Ruvinskiy.
'Washington Post'ga ko‘ra, Maduro oktyabr oxirida Xitoy va Rossiyadan harbiy yordam so‘ragan.
Kremlning Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov "biz Venesuelani qo‘llab-quvvatlaymiz, u ham biz bilan birga" deb aytgan va Tramp ma’muriyatini inqirozni keskinlashtirmaslikka chaqirgan, deya xabar berdi Rossiya ommaviy axborot vositalari.
AQShning neft tankerini qo‘lga olishi ortidan, Kremlning bildirishicha, Putin Maduro bilan telefon orqali bog‘lanib, uni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.
Ammo Moskva Venesuelaga hech qanday moddiy yordam ko‘rsatmagan.

Surat manbasi, Getty Images
Moskva kabi Pekin ham Venesuelani harbiy jihatdan himoya qilishi haqida biror bir ishora ko‘rsatmagan, aksincha "tashqi aralashuv"ni qoralagan va ehtiyotkorlikka chaqirgan.
Mutaxassislar fikricha, Xitoyning Maduroni himoya qilishi Pekin va Vashington o‘rtasidagi so‘nggi diplomatik yutuqlarga xavf tug‘diradi va ideologik uyg‘unlikdan boshqa hech narsa bermaydi.
AQSh–Xitoy munosabatlari ayniqsa Tramp bir nechta mamlakatlarga boj to‘lovlarini joriy etganidan beri taranglashgan.
Ammo oktyabr oxirida Janubiy Koreyada Tramp va Si Szinpin uchrashuvi har ikki davlat tomonidan ijobiy baholangani yangi kelishuvlar va ba’zi mahsulotlarda boj to‘lov qiymatlarni kamaytirish imkonini ochdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Mutaxassislarning aytishicha, Venesuela iqtisodining qulashi va neft sanoatining yomonlashishi Xitoyning qo‘llovini yanada kamaytirgan.
Pekin so‘nggi yillarda yangi qarzlari miqdorini kamaytirgan va e’tiborini asosan avvalgi kreditlar uchun to‘lovlarni yig‘ishga qaratishga o‘tgan.
"Menimcha, Xitoy har qanday hukumat bilan muzokara qilishga tayyor, agar Maduro o‘rnini boshqa hukumat egallasa, va hozir Maduroni haddan tashqari qo‘llab-quvvatlash rejim qulaganda salbiy oqibatlarga olib kelishini biladi", deb aytgandi professor Ruvinskiy.

Surat manbasi, Getty Images
Professor Rees Matta esa "ikkila davlat ham Venesuelada ichki qo‘llab-quvvatlov juda kam bo‘lgan rejimni dastaklashga tayyor emasligini" ta’kidlaydi.
"Bundan tashqari, Rossiya va Xitoy so‘nggi prezidentlik saylovi yaqqol soxtalashtirilgan ekanligini biladi", deydi u.
2024 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan saylov natijalarni soxtalashtirish kabi jiddiy da’volar bilan nom qozongan edi.
Hukumat ittifoqdoshlari tomonidan egallangan Milliy Saylov Kengashi (CNE) Maduroni g‘olib deb e’lon qilgan, ammo oldingi saylovlardagi kabi batafsil natijalarni taqdim etmagan.
Yilning Nobel tinchlik mukofoti sovrindori Maria Korina Machado yetakchiligidagi muxolifat kuchlari saylov hujjatlarini e’lon qilib, muxolifat nomzodi Edmundo Gonsalesning g‘olib chiqqanini ko‘rsatgan.
"Bu safar Maduro butunlay yolg‘iz qolgan", derkan, professor Ruvinskiy, u uning vaqti "tugayotgan", deya hisoblashini bayon qilgandi.
"Rossiya va Xitoy AQSh aralashuvini tanqid qilishda davom etishlari mumkin. Ammo bundan uyog‘iga o‘tishga hozir emaslar. Bir qancha ritorik ohangdagi bayonotlar inobatga olinmaganda, unga avval ko‘rsatilgan qo‘llov ortiq amalda yo‘q."












