Rossiya: soxta yozuvchilar, "arvoh mualliflar" va faktlarga asoslanmagan ilmiy ommabop kitoblar. Kimga va nimaga kerak?

Sahifalari bo‘sh kitoblar illyustratsiyasi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiyada nashr qilinayotgan ilmiy-ommabop kitoblar ko‘plab noaniqliklar va faktologik xatolarga to‘la.
O'qilish vaqti: 10 daq

Rossiyaning eng yirik nashriyotlaridan biri AST yillarki "xorijiy ekspertlar"ning ishlari, deya turli mamlakatlar tarixi haqida ilmiy-ommabop kitoblarini nashr etib keladi. Aslida ularning haqiqiy muallifi rossiyalik gostrayter, ya’ni soxta yozuvchilardir.

O‘quvchilar nashriyotni soxta va sifatsiz mahsulot chiqarganlikda ayblashmoqda. Kitoblarda qo‘pol xatolar, konspirologik nazariyalar bor. Bi-bi-si Rus xizmati bu soxta yozuvchilar va AST muharriri bilan suhbatlashib, gostrayting tizimi qanday ishlashi va nima uchun u oxir-oqibat hammaga zarar keltirishi mumkinligiga nazar tashlaydi.

Yuzta shaxs, mingta ism

"Bir gal nashr etilgan barcha kitoblarimni bir joyga to‘plashga harakat qildim. Bilasizmi, to‘plamim balandligi qancha bo‘ldi? Sakkiz yarim metr. Yiliga o‘rtacha 20 ta kitobim chiqadi," deya aytgandi yozuvchi Sergey Nechaev ikki yil avval bergan intervyusida.

U ko‘p yillardan beri faol kitob yozayotgan bo‘lsa-da, aksar rossiyalik o‘quvchi Nechaev nomini bilmaydi. Uning kitoblari, masalan, Darya Dontsovaning kitoblari kabi, kitob do‘konlari javonlarida qator qilib terilmaydi. Sirasini aytganda, u nashr etayotgan kitoblarning muqovalarida butunlay boshqa ismlar turadi – Vea Chen, Serxi Tereza, Sergius Vankuker, Serj Keytel, Seyj Tippot. Sergey Nechaev – klassik gostrayter. Ya’ni, boshqa odamlar, odatda taniqli shaxslar yoki kompaniyalar uchun buyurtma asosida matnlar yozadigan, lekin ularni o‘z nomi bilan imzolamaydigan odam.

Nechaev bir necha yillardan buyon turli taxalluslar ostida non-fikshn kitoblarini, jumladan, Rossiyaning eng yirik nashriyotlaridan biri – ASTning "Mamlakatning to‘liq tarixi" («Polnaya istoriya stranы») turkumi uchun ham yozmoqda. Turkumdagi deyarli har bir kitobning alohida muallifi bor – ular shunday tanlanganki, ismlar o‘sha mamlakatdagi haqiqiy ismlarga o‘xshaydi. Masalan, Eron haqidagi kitob muallifi Azadi Husayn, Isroil haqidagi kitob muallifi esa Lexman Gershel deb ko‘rsatilgan.

AST nashriyoti rossiyalik mualliflar asarlarini xorijiy mualliflar kitoblari sifatida taqdim qilayotgani 2025 yilning sentyabrь oyi oxirida ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Telegram'dagi "Ukiyo-e kajdыy denь" kanali admini Ioan ma’lum qildi. Xususan, u ikki kitob – "Yamato. Yaponiya imperator uyi" va "Yaponiya. To‘liq tarix"ni ikki xil taxallus ostida ASTning yana bir sermahsul gostrayteri Andrey Shlyaxov (ASTda uning nomi bilan 87 ta kitob nashr etilgan, ular qancha taxallus ostida ekani noma’lum) yozganini aytdi. Yana bir kitob – "Yaponlar" ("Yapontsы")ning so‘zboshisida yozilishicha, kitob "chet elliklar uchun yapon muallifi tomonidan yozilgan". Biroq uning muallifi asli kimligini aniqlab bo‘lmadi.

Ba’zida "xorijiy" non-fikshnni aslida kim yozganini bilish mumkin. Masalan, AST saytining arxivlarini ko‘rib chiqish yoki internetdagi sahifalarda kitob tavsifini o‘rganish: ba’zi hollarda u yerda haqiqiy muallif ko‘rsatiladi. Agar bu ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, Shlyaxov "Mamlakatning to‘liq tarixi" turkumida to‘qqizta kitob yozgan: masalan, Misr, Janubiy Koreya va Xitoy haqida.

Xitoy haqidagi kitob muqovasida kitobni "mashhur xitoy olimi" yozgani aytilgan. Ammo Shlyaxov hatto xitoyshunos ham emas – nashriyot saytida u Sovet Ittifoqi davrida "shifokor bo‘lib ishlagani va 2000 yillarning boshida biznes bilan shug‘ullana boshlagani yozilgan. Biroq, Andrey Sazonov taxallusi ostida AST uchun tibbiy mavzularda yozishda davom etmoqda – u saytda "ko‘p yillik ish tajribasiga ega terapevt-shifokor, doimiy ravishda o‘z ustida ishlovchi publitsist" sifatida taqdim etilgan.

Ko‘zoynakli Sergey Nechaev mikrofon o‘ngida.

Surat manbasi, YouTube screenshot

Surat tagso‘zi, Yozuvchi Sergey Nechaev

Albatta, xorijiy nomlar ostidagi «adabiy qullar" nafaqat mamlakatlar tarixini, balki futbol, shaharlar yoki mashhurlarning tarjimai hollari haqida ham yozadi. AST saytida xorijiy mualliflarning ko‘plab sahifalarini topish mumkin, ularda umuman hech qanday ma’lumot yo‘q: na fotosurat, na bir satr tarjimai hol.

O‘quvchilar, ayniqsa, sharqshunoslar ASTni yolg‘onchilikda, bepisandlikda ayblashmoqda.

"Men hech bo‘lmaganda haqiqiy voqeani aytib bermoqchi bo‘lganlar meni aldamasligini xohlayman, chunki ilmiy ommabop asar yozilyapti axir. Imlo xatolar, faktologik xatolar, hatto kitobning o‘zida muallifning ismi ikki xil yozilgan," deb yozdi Ioan ASTni fosh qiluvchi postida. Muhokama shu qadar qizg‘in tus oldiki, bu janjalga nashriyot munosabat bildirdi.

"Ko‘p mualliflar ko‘pincha o‘zlari ishlayotgan yo‘nalishga qarab xilma-xil taxallus qo‘llashadi. Bu usul dunyoning barcha mamlakatlarida ko‘p asrlardan beri mavjud. Xususan, u yoki bu taxallusdan foydalanish o‘quvchi bilan yaqinroq aloqa o‘rnatishga va hikoyani jonlantirishga yordam beradi," dedi nashriyot.

Aloqador mavzular:

Albatta, AST vakillari mualliflar faktlar va ularning talqinlariga juda e’tiborli ekanligini qo‘shimcha qildi. Bi-bi-si rus xizmati ASTga so‘rov yuborib, «xorijlik» ilmiy ommabop kitoblari mualliflarining qanchasi aslida rossiyalik gostrayterlar ekani haqida so‘radi. Ammo ushbu maqola e’lon qilingunga qadar ham nashriyot so‘rovga javob bermadi. Bi-bi-si Sergey Nechaev bilan ham bog‘lana olmadi.

Nashriyot faktlarga e’tiborli ekanini tekshirish maqsadida, Bi-bi-si Rus xizmati amerikalik mutaxassis Aleksandra Filippenkodan Sergey Nechaev tomonidan Tippot Seyj taxallusi bilan yozilgan "AQSh. Mamlakatning to‘liq tarixi" kitobini o‘qib chiqishni so‘radi. Bu kitob 2024 yilda Rossiyaning yirik "Chitay-gorod" kitob do‘konlari tarmog‘ida Amerika haqida eng ko‘p sotilgan kitobga aylangandi. Kitob o‘quvchilari asosan uni maqtadi va "kitob tarjimasi oson o‘qiladi" deb yozishdi. 250 sahifali asar ilk muhojirlardan boshlab Barak Obama va Donald Trampning prezidentlik davrlarigacha bo‘lgan tarixni qamrab oladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu kitobda fitna nazariyalariga ham, faktlarni yashirishga ham yo‘l qo‘yilgan.

Ishonchsiz hikoyachilar

"AQSh. Mamlakatning to‘liq tarixi" kitobiga ikki epigraf ibtido yasaydi. Birinchisi shaxmatchi Robert Fisherning so‘zlari: "Qo‘shma Shtatlar tarixiga boqing. Umuman, bu mamlakat tarixi qanday? Hech kimdan kimgadir aylanish, shunday emasmi? Bosib olish, o‘ldirish. Ular mamlakatni zabt etishdi, amerikalik hindularning yerlarini talashdi, deyarli hammasini qirib tashlashdi... Qo‘shma Shtatlar tarixi ana shunday. Nafratga loyiq mamlakat." Ikkinchisi Frantsiya bosh vaziri Jorj Klemansoning so‘zlari: "Amerika sivilizatsiya bosqichini chetlab o‘tib, vahshiylik bosqichidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanazzul bosqichiga o‘tgan yagona mamlakat."

Birinchi iqtibos haqiqiy, ikkinchisi esa hatto "Wikipedia"dagi Klemanso sahifasidan topish mumkin bo‘lsa-da, apokrifdir, ya’ni haqiqiyligi shubhali.

Muqovasida AQSh ramzi Sem amaki bo‘lgan kitob.
Surat tagso‘zi, AQSh tarixi haqida Seydj Tippot taxallusi bilan Sergey Nechaev yozgan kitob.

Tadqiqotchi Aleksandra Filippenko Sergey Nechaev kitobda prezident Uorren Hardingni 1923 yilda xotini zaharlagani haqidagi fitna nazariyasini takrorlaganiga e’tibor qaratadi. Vaholanki, uning o‘limining sababi aniqlanmagan. Filippenkoning fikricha, mamlakatning XX asrgacha bo‘lgan tarixi kitobda nisbatan xolis tasvirlangan, hammasi muallif Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrni tasvirlashga kirishganda boshlanadi.

"Sovuq urush boshlanish sabablari tavsifi butunlay sovet nuqtai nazarini aks ettiradi. Asosiy e’tibor G‘arbning dushmanlik harakatlariga, NATO harbiy ittifoqining tuzilishiga va kommunizmga qarshi mafkuraviy kampaniyaga qaratilgan. SSSRning Sharqiy Yevropada kommunistik rejimlarni o‘rnatgani, Polshada erkin saylovlarga to‘sqinlik qilgani, 1948 yilda Berlin blokadasini uyushtirgani mutlaqo e’tibordan chetda qolgan, – deydi Filippenko. – Faktlar noxolis tanlangan."

Kitobda "Irangeyt" ishi haqida qiziqarli tafsilotlar ham keltirilgan: 80-yillar ikkinchi yarmida AQSh ma’muriyatining ba’zi a’zolari Eronga qarshi embargoga qaramay, bu mamlakatga yashirincha qurol yetkazib berishni tashkil qilgan. Nechaevning yozishicha, qurollar NATO omborlaridan kelgan, yetkazib berish Bryusseldan Rotterdam, Vena va Isroildagi yuk tashish punkti orqali amalga oshirilgan. Aleksandra Filippenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu "Irangeyt"ning rasmiy tergov natijalarida tilga olinmagan.

"Kitob ochiqdan-ochiq targ‘ibot emas, ammo unda AQSh tarixini chuqur bilmaydigan odamlarni Qo‘shma Shtatlarni ko‘proq fuqarolarini ezadigan va dunyoda faol imperialistik davlat sifatida qabul qilishga undaydigan ko‘plab shubhali jihatlar bor, – deya xulosa qiladi tadqiqotchi. – Shubhasiz, bu kitob Kreml manbalariga qo‘l keladi va iqtibos keltirish uchun juda qulay."

Qo‘lida mikrofon tutgan Aleksandra Filippenko.

Surat manbasi, Aleksandra Filipenko personal archive

Surat tagso‘zi, AQSh tarixi bo‘yicha mutaxassis Aleksandra Filippenko "AQSh. To‘liq tarix" kitobida juda ko‘p g‘alati nuqtalarni topgan.

Gostrayterlar yozgan boshqa ilmiy ommabop kitoblarda ham qo‘pol xatolar va taxminlar aniqlandi. ASTning "adabiy mistifikatsiyalari" haqida gapirgan o‘quvchilar Safaviylar sulolasi haqidagi kitob muqovasida ko‘rsatilgan muallif ham mavjud emasligini taxmin qilishdi. Vaholanki, kirish so‘zida u "eronlik tarixchi tomonidan eronlik o‘quvchi uchun" yozilgani aytilgan. Titul varag‘ida hatto tarjimon ham ko‘rsatilgan, "fors tilidan tarjima qilingan" kabi jumlalar uchraydi, parchalarda esa "Wikipedia" va rus tiliga allaqachon tarjima qilingan boshqa manbalardan ko‘chirilgan tezislar bor.

Hindiston tarixiga oid kitobda esa "mamlakat hududida o‘zga sayyoraliklar bilan to‘qnashuvda yo‘q bo‘lgan yuksak rivojlangan sivilizatsiya mavjud bo‘lganligi" hamda bu urushda "yadro quroli qo‘llanganligi" haqida ma’lumotlar topildi.

O‘quv qo‘llanmalarida ham xatolar aniqlandi. Xususan, AST nashriyotiga hind tili o‘qituvchisi ochiq murojaat qildi: uning ta’kidlashicha, kitobda "jiddiy xatolar mavjud va o‘quvchini tilning grammatik tuzilishi borasida chalg‘itadi." U nashriyotdan o‘z obro‘sini xavf ostiga qo‘ymasligi uchun bu kitobni sotuvdan olib tashlashni so‘radi.

"Men hech kim AST kitoblarini sotib olmasligini istardim, chunki ular juda ko‘p sifatsiz kitoblarni chop etgan, – dedi "Ukiyo-e kajdыy denь" Telegram kanali administratori Ioan Bi-bi-si Rus xizmatiga. – Ba’zi odamlarga boshqalarni aldash oddiy hol va bu qabul qilingan amaliyot bo‘lib tuyuladi. Ko‘pchilik negadir 90-yillardagi mistifikatsiyalarni eslaydi, o‘sha paytda bunday holatlar ko‘p edi. "Avvallari bu normal holat edi, hozir ham normal, deyishadi. Men bunga mutlaqo qo‘shilmayman, chunki bu yo‘l bilan har qanday narsani – yolg‘ondan tortib eng dahshatli jinoyatlargacha oqlash mumkin."

Toma-toma ko‘l bo‘lur: "Imperiya neft tomchilari hisobiga yashaydi"

"AST nashriyoti yiliga yuz minglab kitob chop etadi. Bu nima uchun qilinadi? Chunki bu ulkan mashina va ko‘plab odamlarni ta’minlashi kerak – nafaqat muharrirlarni, balki bosh direktorning kotiblaridan tortib texnik xodimlargacha bo‘lgan boshqalarni ham. Kitob narxiga juda ko‘p odamlarning mehnat haqi kiritilgan. Xolding – bu neftь tomchilari hisobiga yashaydigan haqiqiy imperiya.

Rossiyaning eng yirik nashriyot xoldingi bo‘lgan "Eksmo-AST" nashriyot guruhiga kiradi. Shuningdek, unga elektron kitoblar savdosi bilan shug‘ullanuvchi "Litres" kompaniyalar guruhi ham tegishli.

Rasman "Eksmo-AST" monopolist emas. 2014 yilda uning kitob bozoridagi ulushi taxminan 30 foizni tashkil etgan, ammo o‘shandan beri xolding yana bir nechta nashriyotni, jumladan, savdo hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan "Azbuka-Attikus"ni qo‘shib oldi. Shundan so‘ng, ekspertlarning baholashicha, "Eksmo-AST"ning ulushi 42 foizgacha o‘sdi, agar faqat badiiy adabiyotlarni hisobga olsak, tirajlarning deyarli 78 foizi xoldingga tegishli. Rossiya kitob palatasining (Rossiyada nashr etilgan bosma nashrlar hisobini yurituvchi tashkilot) 2024-yilgi hisobotiga ko‘ra, AST, "Eksmo" va "Azbuka" (xoldingning kichikroq nashriyotlarini hisobga olmaganda) nashrlarining umumiy tiraji 100 million nusxadan oshdi, bu tijorat kitob bozorining 40 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Butun Rossiya kitob reytingiga ko‘ra, eng ko‘p sotiladigan 50 ta kitobning yarmidan ko‘pi "Eksmo-AST" xoldingi nashrlaridir.

GETTY
Soxta taxallus bilan kitob yozish bu o‘yin. Ammo bu o‘yinni qabul qilmasam och qolaman.

ACT "soxta" yozuvchisi "Valeriy". BBC.COM/UZBEK

Albatta, "havaskorlar uchun kitoblar" faqat bilimsiz o‘quvchilargagina yetib bormaydi. Nashriyot xodimasi bir kuni Yaponiya tarixiga oid AST kitobini yuklab olganini va o‘zi mavzuni yaxshi bilgani hamda yangi narsalarni o‘rganmoqchi bo‘lgani uchun nashrning sifati pastligidan hayratda qolganini aytdi. Avvaliga u muammo yomon tarjimada bo‘lsa kerak deb o‘yladi va nashriyotning umumiy ma’lumotlar bazasida muallif haqidagi ma’lumotlarni ko‘rgandan keyingina kitobni gostrayter yozganini tushundi.

Arina nashriyot muharrirlari ilmiy ommabop kitobni yozishni mavzu haqida ma’lumoti oz va internetdan yuzaki ma’lumotlarni to‘playdigan muallifga topshirishini ma’qullamasligini aytadi. Lekin shu bilan birga hamkasblarini ham tushunadi: har bir muharrir nashrga topshiriladigan kitoblar soni bo‘yicha rejani bajarishi kerak. Uning tushuntirishicha, muharrirlarda tanlov imkoniyati bor, albatta. Masalan, chet el bestsellerini olish mumkin: buning uchun mualliflik huquqiga ega shaxs bilan kelishish, yaxshi tarjimon va adabiy muharrir topish kerak. Ammo bu ko‘p vaqt talab qiladi – muharrir esa nashr rejasini bajarishga ulgurmaydi. Shuning uchun ishlab chiqarishda tezroq bitadigan va arzonroq kitoblarni tanlashga va gostrayterlarga trend mavzularda kitob buyurtma qilishga to‘g‘ri keladi. Agar muharrir rejani bajarmasa, u daromadining sezilarli qismidan – mukofotdan mahrum bo‘ladi, doimiy ish haqi esa ko‘p emas.

"Shuning uchun muharrir nimadir o‘ylab topishi, trendlarni kuzatishi kerak. Hozir bizda Osiyo va arab Sharqi trendda ekanligini ko‘ryapmiz. Muharrir shunday o‘ylaydi: ishsiz o‘tirgan muallif bor. U tez yozadi. Yomon yozishi ahamiyatsiz. Yaxshi yozishi ham shart emas: muhimi, u keyingi chorakkacha kitobni yozib ulgurishi kerak. Shuning uchun hozir men unga texnik topshiriq beraman: masalan, Yaponiya mavzusida taxminan sakkiz mualliflik varag‘i (bir varaq – 40 ming belgi) hajmida kitob yozish kerak. Nima xohlasa, shuni yozsin," deydi Arina hamkasblarining mantig‘ini tushuntirib.

Kitob do‘konidagi ayol.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya kitob do‘konlaridagi nashrlarning hammasi ham haqiqiy yozuvchilar yoki tadqiqotchi mutaxassislar tomonidan yozilmagan.

"Lekin bu tez yoziladigan va katta foyda keltiradigan kitob emas. Ya’ni ko‘p tirajli nashrlar uchun loyihalar, havaskorlar tomonidan havaskorlar uchun" amalga oshiriladi. Obro‘ uchun va kitob yarmarkalarida namoyish etish uchun esa professional kitoblar chiqariladi. Ularni ham, bularni ham bitta mas’ul muharrir bajarishi mumkin. Katta nashriyotdagi hayot shunday. U muharrirlarga, ayniqsa, o‘quvchiga yoqadimi-yo‘qmi, buning ahamiyati yo‘q. Katta xolding katta aylanmalar hisobiga yashaydi," deya xulosa qiladi Arina.

Bi-bi-si Rus xizmati nashriyotlardagi ahvol haqida gapirgan ikki gostrayter bilan suhbatlashdi va ularning taassurotlari AST nashriyoti xodimi fikriga mos keladi. Yozuvchi Alena Makeeva sakkiz yil oldin "Eksmo-AST" xoldingi, jumladan, "Bombora" va "XlebSol" nashriyotlari bilan hamkorlik qila boshlagan. Gostrayter sifatida u ilmiy ommabop kitoblar va ekspertlar uchun kitoblar yozgan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, u butun faoliyati davomida 40 ga yaqin kitob yozgan.

Yozuvchi Alena Makeeva qora rangdagi ust boshda.

Surat manbasi, Alyona Makeeva personal archive

Surat tagso‘zi, Yozuvchi Alena Makeeva

Avvaliga loyihalar unga yoqqan. Ammo vaqt o‘tishi bilan uning hafsalasi pir bo‘ldi: nashriyotda gostrayterlarga va muharrirlarga bo‘lgan munosabat unga yoqmadi. Shu jumladan, ish uchun juda kam haq to‘lanadigan bo‘ldi. Makeevaning eslashicha, dastlab shartnoma uchun "etarlicha yaxshi pul" taklif qilishgan. 2021 yilda nashriyotdan ketishidan biroz oldin yarim yil sarflagan bitta kitobi uchun unga 100 ming rubl to‘lashdi.

Makeevaning aytishicha, muharrir bilan bir necha bor kelishmovchilik yuz berganidan so‘ng nashriyot unga kitob buyurtma qilishni to‘xtatgan. Avvalgi muharrirlar oyiga 20 ta kitob chiqarish rejasini bajara olmagani sababli nashriyotdan ketgan edi.

"Ilgari yozganlarimni o‘qiydigan muharrirlarim bor edi. Ular sifatga e’tibor berishar, qiziqarli loyihalar qilishni xohlashar, har bir mutaxassisga alohida yondashardi. Keyin esa kitob o‘qimaydigan muharrir paydo bo‘ldi, – deb eslaydi Makeeva. – Boz ustiga, "bir oyda bir kitob yoz," degan talablar kelib tusha boshladi. 150 varaqli non-fikshn kitobni-ya! "Buni qanday tasavvur qilasiz?" deb so‘radim."

Yuzlab kitoblar to‘plami.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xar bir muharrir har chorakda nashrga tayyorlangan kitoblar bo‘yicha rejani bajarishi kerak.

Xuddi shunday talablar haqida ASTning Valeriy ismli gostrayteri (ismi o‘zining iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi) ham aytdi. U nashriyot uchun 10 yildan ortiq vaqtdan beri yozadi va o‘zini "adabiy qul" deb ataydi.

"Bir oyda kitob yoza oladigan odamlar juda kam. Men uchun esa bu oddiy hol. Bunday kulgili qalam haqiga bir yil kitob yozsam, ochimdan o‘laman. Menga "JZL" ("Jiznь zamechatelnыx lyudey") turkumida chiqqan bitta kitobga kvartira sotib olish mumkin bo‘lgan deyishgandi. Hozir esa kvartira olish u yoqda tursin, zo‘rg‘a kun ko‘ryapmiz. Biz oilamiz bilan o‘rta sinfga mansubmiz, ya’ni qarzimiz yo‘q. Lekin buning uchun tinmay, dam olmay ishlayman," deydi Valeriy.

Uning aytishicha, AST har bir kitob kitob uchun taxminan 50 ming rubl (630$) to‘laydi.

Valeriyning aytishicha, AST kitobga taxallus qo‘yishga majbur qiladi, shuningdek, sarlavhalar va muqovadagi rasmlar ko‘pincha to‘g‘ri kelmaydi. Shu sababli g‘alati holatlar yuz berardi: muqovada kitob bag‘ishlangan odamdan boshqa shaxsning surati yoki portreti ketib qolardi. Uning ta’kidlashicha, nashriyot unga nashrning yakuniy nusxasini yubormaydi va sotuvga chiqarilgani haqida xabar bermaydi. Valeriyning fikricha, muallifning ko‘plab taxalluslari bo‘lishi nashriyot uchun foydali, chunki u taniqli bo‘la olmaydi va o‘z shartlarini o‘tkaza olmaydi. AST xodimi Bi-bi-siga mualliflar bilan "buyurtma shartnomalar" tuzilishini tasdiqladi, shartnomada taxallus va kitobning boshqa tafsilotlari ko‘rsatilmasligi mumkin.

Makeeva singari, Valeriy ham gostrayter mehnati qadrsizlanayotgani va tan olinmayotganini ta’kidlaydi:

"Ikki so‘zni bir-biriga bog‘lay olmaydigan odam uchun kitob yozasan, o‘sha-o‘sha arzimagan chaqa pulni olasan. Keyin o‘sha odam turli tadbirlarga borib, bu kitob uning butun hayotidagi mehnati ekanligini va uni ko‘p yillar davomida yozganini aytadi. Juda kulgili! – deydi Valeriy. – Meni esa yozuvchi sifatida hech kim tanimaydi: kitob yarmarkalariga taklif qilishmaydi, haqiqiy ismim bilan chiqadigan kitoblarni reklama qilishmaydi. Men hech kimman, meni chaqirish shart emas, qalam haqim ham kepak narxicha. Lekin bu o‘yin qoidasi, qabul qilmasam, ishsiz qolaman."