Suriya dunyoga tahdid emas, dedi Ahmad ash-Sharaa Bi-bi-siga - Video

Ahmad ash-Sharaa va VVS muharriri Jeremi Bouen
Surat tagso‘zi, Ahmad ash-Sharaa poytaxt Damashqdagi Suriya prezidenti saroyida intervyu berdi
O'qilish vaqti: 2 daq

Suriyaning bugungi kundagi amaliy rahbari, yaqin-yaqingacha qo‘mondon Jo‘loniy deb bilib kelingan, poytaxt Damashq nazoratini qo‘lga olganlaridan keyin Ahmad ash-Sharaa deb atashlarini istayotgan yosh siyosatchi Bi-bi-sining xalqaro muharriri Jeremi Bouenga intervyu berdi.

U Suriya urushdan sillasi qurigan, qo‘shnilar yoki G‘arbga tahdid tug‘dirmaydi dedi.

Ash-Sharra xalqaro hamjamiyatni Suriyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni olib tashlashga chaqirdi.

"Yuz bergan hamma narsalardan keyin sanksiyalar bekor qilinmog‘i lozim, chunki ular eski rejimni nishonga olgan edi. Qurbon bilan zolimga bir xil munosabat qilinishi kerak emas", dedi Ahmad ash-Sharaa.

Aloqador mavzular

Ahmad ash-Sharaa Bashar al-Asad rejimini ikki haftadan kam vaqt ichida ag‘dargan tezkor janglarga yetakchilik qildi.

U "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhining rahbaridir.

Bu guruh Suriya hukumati kuchlariga qarshi birlashgan isyonchi guruhlar orasidagi eng kuchlisidir.

Ahmad ash-Sharaa aytishicha, "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi ham terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilishi lozim.

Guruhni BMT, AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlar o‘zlarining terrrorchi tashkilotlar ro‘yxatlariga kiritganlar, bunga boshida guruhning "Al-Qoida" tashkilotiga aloqadorligi sabab bo‘lgan.

Biroq "Hay’at Tahrir ash-Shom" 2016 yili "Al-Qoida" bilan aloqasini uzgan.

Sharaa aytishicha, "Hay’at Tahrir ash-Shom" terrorchi tashkilot emas.

Ahmad ash Sharra bilan intervyu

Surat manbasi, .

"Biz tinch fuqarolarni yoki tinch fuqarolar hududlarini nishonga olmaganmiz, aksincha biz Asad rejimi jinoyatlarining qurbonimiz", dedi Bi-bi-siga.

U Suriya keyingi Afg‘onistonga aylanishi mumkinligi ehtimolini rad etdi.

Ahmad ash-Sharaa aytishicha, ikki mamlakat ikki xil, an’analari ham bir-biridan farq qiladi.

"Afg‘oniston qavmlar mamlakati. Suriyada dunyoqarash boshqacha", dedi u.

U ayollar ta’lim olishi kerakligiga ishonishini aytdi.

"Idlibda bizning sakkiz yildan beri universitetlarimiz bor", dedi u Suriyaning 2011 yildan buyon isyonchilar nazorat qilib kelgan shimoli-g‘arbiy viloyati Idlibni nazarda tutib.

"O‘ylashimcha, bu universitetlardagi xotin-qizlarning soni 60 foizdan ortiq", dedi Ahmad ash-Sharaa.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Undan alkogolga ruxsat berasizlarmi deb so‘raldi.

"Hozir men gapirishni istamaydigan juda ko‘p narsalar bor. Chunki ular qonunchilik bilan bog‘liq", deb javob berdi Ash-Sharaa.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda konstitutsiyani yozishga kirishadigan huquqiy ekspertlarning Suriya qo‘mitasi tashkil etiladi.

"Ular qaror qabul qilishadi. Ana undan keyin har qanday rahbar yoki prezident qonunga bo‘ysunadi", dedi u.

Bi-bi-si muharriri aytishicha, butun suhbat davomida Ash-Sharaa "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi o‘zining ekstremistik o‘tmishidan voz kechmagan degan qarashda bo‘lgan insonlarning xavotirini aritishga intildi.

Ko‘p suriyaliklar unga ishonmaydilar, deydi muxbirimiz.

Keyingi bir necha oy Suriya yangi rahbariyatining qanday yangi mamlakat qurmoqchi ekanliklari yoki mamlakatni qanday boshqarmoqchi ekanliklari haqidagi ishoralarni ko‘rsatadi, deydi Jeremi Bouen.