Tojikiston: Qamoqxonadagi isyonda halok bo‘lganlar bor

Dushanbe yaqinidagi Vahdat qamoqhonasida bundan oldin ham qonli isyon bo‘lgandi

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Dushanbe yaqinidagi Vahdat qamoqhonasida bundan oldin ham qonli isyon bo‘lgandi
O'qilish vaqti: 2 daq

Tojikistondagi qamoqxonada mahkumlar va muassasa xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘ldi. Yaralangan va halok bo‘lganlar bor.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, poytaxt Dushanbe yaqinida joylashgan qamoqxonadagi isyonni qo‘lbola pichoqlar bilan qurollangan to‘qqiz nafar mahkum uyushtirgan.

Ular qo‘riqchilarga hujum qilib, jazoni o‘tash muassasidan qochishga uringan.

3 fevral kuni Tojikistonning rasmiy axborot agentligi "Xovar" hodisa dushanba kuni, tushdan keyin sodir bo‘lganini yozdi. Xabarga ko‘ra, mahkumlar tomonidan uyushtirilgan hujum natijasida 3 nafar qamoqxona xodimi og‘ir jarohat olgan.

Manbaga ko‘ra, mahkumlar o‘zlarining qo‘lbola o‘tkir qurollaridan foydalanib, qamoqxona qorovullariga hujum qilgan va "o‘ldirish hamda qochish"ni rejalashtirgan.

Tojikiston qamoqxonalari boshqarmasining ma’lum qilishicha, hujumchilar qamoqxona ma’muriyati buyruqlariga itoat etmagan va hech qanday shart qo‘ymasdan hujumni davom ettirganlar. Ular qamoqxona qorovullarini o‘ldirib, qamoqxonani tark etishga urinishgan.

Mamlakat Adliya vazirligi qamoqxona qo‘riqchilari isyonchi mahkumlarga qarshi qurol ishlatishga majbur bo‘lgani, oqibatda, ularning uch nafari o‘ldirilgani, qolgan oltitasi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.

Tojikiston hukumati mahkumlarning shaxsiga oid ma’lumotni hali ochiqlamagan.

Ammo matbuotga sizdirilgan ma’lumotda isyonchi mahkumlar Tojikistonda taqiqlangan Islomiy davlat va Salafiy harakatiga aloqadorlikda ayblangan shaxslar bo‘lgani aytiladi.

Bir vaqtning o‘zida, Tojikiston hukumatiga muxolifatdagi tashkilotlar hodisada halok bo‘lganlar soni rasman e’lon qilingan 3 nafardan ko‘p ekanligini da’vo qilmoqda.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

BBC
Mahkumlar o‘zlarining qo‘lbola o‘tkir qurollaridan foydalanib, qamoqxona qorovullariga hujum qilgan va o‘ldirish hamda qochishni rejalashtirgan.
Tojikistonning "Xovar" agentligi manbasi
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

Ular o‘z medialarda kamida 7 nafar shaxsning ism-sharifini e’lon qilgan.

Reuters agentligi kamida 5 nafar mahkum halok bo‘lganini yozdi.

Bundan tashqari tarmoqdagi turli sahifalarda voqea joyidan olingani iddao qilingan tasvirlar ham tarqalgan.

Bu tasvirlarda kamida besh nafar jasad ko‘zga tashlanadi hamda ularning ikki nafari boshidagi qalpoqda Islomiy davlat bayrog‘i yopishtirilganini ko‘rish mumkin.

Hozircha norasmiy kanallar orqali tarqatilgan bu ma’lumotlarni mustaqil tasdiqlash yoki hodisa haqida batafsil ma’lumot olish imkoni yo‘q.

Bu Dushanbe yaqinidagi Vahdat qamoqxonasida birinchi bor sodir bo‘layotgan isyon emas. Qariyb olti yil avval, shu qamoqxonada isyon ko‘tarilgan va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqeada 3 qamoqxona xodimi va 29 mahkum halok bo‘lgan.

O‘shanda Tojikiston rasmiylari isyonni qamoqda saqlanayotgan radikal va ekstremistik guruhlarga a’zo mahkumlar uyushtirganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik, 2019-yil mayida sodir bo‘lgan bu hujum uchun "IShID" mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

2018-yilda Xo‘jand shahridagi qamoqxonada ham isyon sodir bo‘lgan va bu voqea 21 nafar qurbonga olib kelgan. Vahdat va Xo‘jand qamoqxonalarida sodir bo‘lgan avvalgi ikki isyonning asosiy sababi sifatida mahkumlarga nisbatan nohaq muomala keltirilgan.

2024-yilga oid rasmiy ma’lumotda mamlakat qamoqxonalaridagi mahkumlar soni 13 000 nafardan oshgani aytiladi.

Tojikiston rasmiylari doimo qamoqxonalardagi sharoit yaxshi ekanini ta’kidlasa-da, xalqaro tashkilotlar va ayrim davlatlar mahkumlar soni ortib borayotganini jiddiy muammo sifatida baholaydi.