Tramp BRIKS davlatlarini "qudratli dollar"dan voz kechish oqibatlaridan ogohlantirdi. Bu tahdidga Rossiya nima deydi?

tramp

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Donald Tramp noyabrь oyida ham o‘xshash tahdid bilan chiqqan edi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Prezident Donald Tramp juma kuni Rossiya, Xitoy, Braziliya va Hindiston yetakchiligidagi BRIKS davlatlarini AQSh dollarini rezerv valyuta sifatida almashtirishga urinmaslik haqida ogohlantirdi. U bunday amal BRIKS a’zolari uchun og‘ir iqtisodiy oqibatlar olib kelishi bilan tahdid qilgan.

"Biz tomoshabin bo‘lib turgan vaqt BRIKS davlatlari dollardan uzoqlashishga urinishi g‘oyasi endi o‘z nihoyasiga yetdi. Biz bu dushmanona davlatlardan na yangi BRIKS valyutasini yaratmasliklarini, na boshqa valyutani ulug‘vor AQSh dollarini almashtirish uchun qo‘llab-quvvatlamasliklarini talab qilamiz. Aks holda, ular 100% boj tariflariga duch keladilar va go‘zal AQSh iqtisodiyotiga tovar sotish bilan xayrlashadilar", deyiladi Tramp o‘zining TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida 31 noyabrь kuni qoldirgan postida.

EPA
Biz bu dushmanona davlatlardan na yangi BRIKS valyutasini yaratmaslikni, na boshqa valyutani ulugʻvor AQSH dollarini almashtirish uchun qoʻllab-quvvatlamasliklarini talab qilamiz.
Donald Tramp
AQSh prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Donald Tramp noyabrь oyidagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan keyin ham agar BRIKS davlatlari o‘z valyutasini yaratadigan bo‘lsa, jiddiy boj tariflariga duchor bo‘lishidan ogohlantirib, o‘xshash tahdid bilan chiqqan edi.

O‘shanda Rossiya AQShning davlatlarni dollardan foydalanishga majburlashga qaratilgan har qanday harakati o‘ziga qarshi ishlashini ta’kidlagan edi.

Trampning tahdidi ortidan dekabrь oyi boshida jurnalistlarga gapirgan Kreml voizi Dmitriy Peskov dollar "o‘z jozibadorligi"ni yo‘qotayotganini tilga olgan.

"Dollar rezerv valyuta o‘laroq bir qator davlatlar uchun o‘z jozibadorligini yo‘qotmoqda. Dollar jozibadorligining yemirilishi bo‘lmish bu jarayon bor gap va uning shiddati oshmoqda", degandi Peskov dekabrь oyi boshida.

Endilikda, Tramp BRIKS guruhiga dollardan voz kechgan taqdirda, boshqa "laqma" davlat topishni tavsiya qilgan.

"BRIKS hech qachon AQSh dollarini xalqaro savdoda yoki boshqa joylarda almashtira olmaydi. Bunga urinayotgan har qanday davlat boj tariflari bilan salomlashib, Amerikaga voz kechishi kerak!" ta’kidlagan u 31 yanvarь kungi postida.

Rossiya javobni kuttirib o‘tirmadi

BRIKS guruhiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi, shuningdek, so‘nggi yillarda bu guruhga bir nechta boshqa davlatlar ham qo‘shilgan.

Guruh umumiy valyutaga ega emas, biroq bu mavzuda uzoq vaqtdan beri davom etayotgan muhokamalar G‘arbning Rossiyaga qarshi urush sabab joriy etgan sanksiyalaridan so‘ng yangi turtki olgan.

Biroq Donald Trampning juma kungi tahdidiga javob qaytargan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov BRIKS davlatlari umumiy valyuta yaratish masalasini muhokama qilmayotganini bildirgan.

Reuters
...BRIKSda umumiy valyutani yaratish muhokamasi kechmayapti va kechmagan ham. BRIKSda yangi investitsiya platformalarini ishlab chiqish masalasi koʻrib chiqilmoqda.
Dmitriy Peskov
Kreml voizi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Bu biz uchun har narsadan ko‘ra muhimroq bo‘lgan prezidentimizning so‘zlarini yodga olmoq zarur. Masala shundaki, BRIKSda umumiy valyutani yaratish muhokamasi kechmayapti va kechmagan ham. BRIKSda uchinchi davlatlarga birgalikda investitsiya kiritish imkonini beruvchi yangi investitsiya platformalarini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqilmoqda", degan Peskov.

Dollardan voz kechish g‘oyasi qachondan paydo bo‘lgan?

dollar

Surat manbasi, Luisa González/Reuters

Surat tagso‘zi, Rossiya o‘zaro oldi-berdida AQSh dollaridan voz kechish g‘oyasini ancha yillardan beri ilgari surib keladi.

Rossiya o‘zaro oldi-berdida AQSh dollaridan voz kechish g‘oyasini ancha yillardan beri ilgari surib keladi.

Bu g‘oya hozirda dunyoning qariyb yarim aholisini tamsil etuvchi BRIKS guruhi tashkil etilishi ortidan xalqaro darajaga chiqqan.

AQSh va uning G‘arbdagi ittifoqchilariga qarshi yangi qudrat muvozanati o‘laroq ko‘rilgan guruhning 2009 yilda o‘tgan ilk sammitidayoq dunyo "yangi global rezerv valyutaga muhtoj" ekani tilga olingan edi.

Iqtisodiy blokda yangi rezerv valyuta yaratish bo‘yicha muzokaralar Ukrainaga bostirib kirgani ortidan Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalari joriy etilishi bilan yanada kuchaygan.

Bu mavzu guruhning 2023 yil avgustida Janubiy Afrikada o‘tgan navbatdagi sammitida ham alohida muhokama qilingan.

O‘zbekiston shu yil 1 yanvaridan BRIKSning hamkor davlati maqomini olgan.