Kreatin – mushakni quvvatlovchi bu modda zehnni o‘tkirlashtiradimi?

Ko‘k va oq rangli mato ustiga bir stakan suv yoniga kreatin kukuni va bir qoshiq qo‘yilgan
Kreatin – mushakni quvvatlovchi bu modda zehnni o‘tkirlashtiradimi?
    • Author, Rut Klegg
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Javonimda turibdi. Bir menda emas – kreatin millionlab odamlar uchun sevimli qo‘shimcha ozuqaga aylangan.

Dastlab 1990-yillarda bodibilderlar va sportchilar orasida mashhur bo‘lgan bu oq kukun hozir o‘rta yosh ayollarning ziravorlar javoniga (o‘zimnikini o‘sha yerda saqlayman) kirib kelmoqda.

Bu, ehtimol, dunyodagi eng ko‘p o‘rganilgan qo‘shimcha ozuqalardan biri. So‘nggi o‘n yilliklarda uning mushak massasi va umumiy quvvatni oshirish qobiliyatini baholash bo‘yicha minglab tadqiqotlar o‘tkazildi.

"Kreatin shunchalik ommalashib ketdiki, undan foydalanmasangiz, nimadandir quruq qolayotgandek bo‘lasiz," deydi Esseks universitetining sport va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi doktor Henri Chung. "U elita sportidan ommaviy hayotga ko‘chdi. Endi uni qabul qilish yoki qilmaslik haqida emas, balki qachon qabul qilish haqida gapirishmoqda – mashqdan oldinmi yoki keyin? Har kunmi? Qancha miqdorda?

Qaysi shaklda bo‘lgani ma’qul? Kukun, tabletka, jelatin konfet?"

Kreatin tabiiy birikma bo‘lib, u mushaklarimizda to‘planadi va hujayralarimizning energiya ishlab chiqarishiga yordam beradi. U tanamizdagi eng tez, eng kuchli energiya tizimi bo‘lgan ATP-CP tizimining muhim tarkibiy qismidir.

BBC
Bir narsalarni qilishga motivatsiyam ko‘paydi, ayniqsa, mashg‘ulotlarga kelganda. Ko‘tarish va tirmashish paytida o‘zimni kuchliroq his qilaman, tiniqroq fikrlay olaman.
Keti Mensel
Tosh ko'taruvchi ayol (Batafsil: bbc.com/uzbek)

U yuqori intensiv mashqlarning dastlabki 10-20 soniyasini ta’minlaydi – bu tez va kuchli energiya portlashini beradi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, og‘irlik ko‘tarishdan tortib, trek bo‘ylab yugurishgacha, kreatin qo‘shimchasi samaradorlikni oshirishga yordam beradi.

Sport zalidan tashqarida ham u qisqa muddatli xotira, kayfiyat va diqqatni jamlashga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadigan, ammo nisbatan cheklangan dalillar mavjud.

Yonma-yon yugurayotgan ikki ayol va sport zalida og‘irlik ko‘tarayotgan ayolning alohida surati
Surat tagso‘zi, Kreatin boshqa sport turlarida ham ommalashib ketdi

Xo‘sh, bu kreatin bizning fikrlash, eslab qolish va javob qaytarish qobiliyatimizni yaxshilaydimi?

Men va boshqalar uchun u miyamizdagi «tuman»ni tozalashga yordam beradimi? Bu tushuncha aniq fikrlay olmaslik, gaplarni to‘g‘ri tuza olmaslik va eng oddiy narsalarni eslay olmaslikni anglatadi.

Jiddiy virusdan keyin asorat qolgan ba’zi odamlar uchun miya tumani uzoqroq davom etishi va hayotini o‘zgartirishi mumkin. Agar xavotiringiz bo‘lsa, tibbiy yordamga murojaat qilganingiz ma’qul.

Ko‘pchilik uchun miya tumani odatda vaqtinchalik bo‘lib, kasallik yoki ma’lum turdagi tibbiy muolajalar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Millionlab ayollar uchun bu gormonal o‘zgarishlar tufayli menopauza arafasidagi belgi bo‘lishi mumkin.

Keti Menselning fikricha, kreatin uning hayotining ko‘p jabhalarida yordam bergan. Mersisaydlik 46 yoshli bu ayol tosh ko‘taradi, haftasiga 45-60 km yuguradi, dasturiy ta’minot kompaniyasining bosh moliyaviy direktori sifatida to‘liq ishlaydi va o‘smir o‘g‘li hamda ikkita iti bilan uyda ham band.

"Bir necha oy oldin o‘zimni yomon his qilardim. Mashg‘ulotlar juda og‘irdek tuyulib qoldi, diqqat jamlashga qiynaldim," deydi u.

"Buni menga do‘stim tavsiya qilgandi – yaxshi ta’sir qiladi, degandi."

Menopauza arafasida turgan Keti ham uch oy oldin kuniga olti gramm kreatin qabul qilishni boshlagan. Ta’siri kuttirmadi. Kayfiyati biroz yengillashgan, og‘irroq yuklarni ko‘tara oladi va miyasiga cho‘kkan tuman tarqala boshlagan.

Keti Mensel tepalikka chiqyapti
Surat tagso‘zi, Keti Menselning fikricha, kreatin uning hayotining ko‘p jabhalarida yordam bergan.

"Bir narsalarni qilishga motivatsiyam ko‘paydi, ayniqsa, mashg‘ulotlarga kelganda. Ko‘tarish va tirmashish paytida o‘zimni kuchliroq his qilaman, tiniqroq fikrlay olaman."

Keti magniy qo‘shimchalarini ham qabul qilayotgani, gormon o‘rnini bosuvchi terapiyani boshlaganini aytadi, ammo kreatin ta’sir qilayotgani bois, kunlik dozasini davom ettirishiga ishonchi komil.

Ba’zilar buning ahamiyati kam deb hisoblaydi va ko‘pchiligimiz kerakli miqdordagi kreatinni ovqat orqali olamizmi yoki yo‘q, degan masalada fikrlar turlicha. Ma’lumki, kreatinning bir grammini tanamiz tabiiy ishlab chiqaradi, qolgan qismi esa go‘sht va baliq kabi yuqori oqsilli oziq-ovqatlardan olinadi.

Kreatinning erkak sportchilarga ta’siri 1990-yillar boshidan beri o‘rganib kelingan, ammo ko‘plab ilmiy tadqiqotlarda bo‘lgani kabi, ayollar biologiyasi e’tibordan chetda qolgan.

"Men sportchi qizlarimga nima kerakligini faqat taxmin qilishim kerak edi, – deb tushuntiradi AQShning Vashington shtatidan kelgan dietolog doktor Syuzan Kleyner. – Chunki barcha tadqiqotlar erkaklarga asoslangan edi."

Faqat bir necha yil oldin ayollarning gormonal o‘zgarishlari hisobga olina boshladi, deydi Creatine Health kengashi maslahatchisi doktor Kleyner. Bu kreatin bo‘yicha tadqiqotlarni targ‘ib qilish uchun tashkil etilgan global tashabbus. "O‘shanda olimlar tananing boshqa qismlarida haqiqiy ta’sirni ko‘ra boshladilar."

Olimlar kreatinning faqat sport sharoitida mushaklarimiz bilan o‘zaro ta’siriga e’tibor qaratish bilan cheklanmay, uning reproduktiv salomatlikka, suyaklar salomatligiga va miya faoliyatiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini o‘rgana boshladilar. Bularning bari menopauza arafasida ta’sir qilishi mumkin, deb tushuntiradi u.

Demak, kreatin miyamdagi tumanni aritadimi?

"Bu qiziq fikr, – deydi faxriy professor Trevor MakMorris. – Balki foydasi tegishi mumkin."

U 40 yildan ortiq vaqt davomida bu sohada ishlab, kreatin qo‘shimchalari bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazgan.

Uning aytishicha, menopauza arafasidagi miya tumani uyqu yetishmovchiligiga o‘xshash ta’sir ko‘rsatishi mumkin. U bu masalani chuqur o‘rganib, kreatinning yuqori dozalari uyqu yetishmasligi oqibatlarini yengillashtirishini aniqlagan.

Odamlar bu qo‘shimchani qabul qilganda, miya tanadagi boshqa mushaklarga o‘xshab o‘zining kreatin zaxirasini oshirishi mumkin. Bu ko‘proq energiya ishlab chiqarishga yordam beradi, natijada xotira va ma’lumotlarni qayta ishlash qobiliyati yaxshilanishi mumkin.

Biroq, professor MakMorris bu usul hammaga ham mos kelmasligini ta’kidlaydi. Uning so‘nggi tadqiqotlari ko‘rsatishicha, kreatin foyda berishi uchun odamlar ma’lum darajada stress holatida bo‘lishi kerak, masalan, uyqusizlikdan aziyat chekayotgan yoki ovqatdan yetarli miqdorda kreatin olmaydigan bo‘lishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, mendagi miya tumanini davolashda kreatin balki yordam berishi mumkin. Men suhbatlashgan mutaxassislar bu tadqiqot yo‘nalishini "qiziq davr" deb hisoblaydi, ammo ko‘proq izlanishlar talab etiladi.

Dietolog Lyusi Apton ogohlantirganidek, kreatinning ommalashuvi tufayli uning nojo‘ya ta’sirlarini ko‘proq uchratishimiz mumkin.

"Keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, ular nazorat ostidagi sharoitda amalga oshirilgan, – deydi u. – Endi biz tana o‘lchamlari, dozalar va mavjud kasalliklar bo‘yicha farqlarni hisobga olishimiz kerak."

Hozirgacha ma’lum bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlarga oshqozon bezovtaligi, mushak spazmlari va qorin dam bo‘lishi kiradi. Buyrak kasalliklari bor odamlar kreatinni qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishlari lozim.

Doktor Chung sog‘lom katta yoshli odamlar uchun kreatinni "sinab ko‘rishda" zarar yo‘q deb hisoblasa-da, natijalar odatda "minimal foyda" berishini ta’kidlaydi va "bu hech qanday mo‘’jizaviy dori emas" deb qo‘shib qo‘yadi.

Menga kelsak, men javonimda turgan kreatinni qabul qilishni boshladim, lekin bir oydan so‘ng to‘xtatdim (bunga miya tumanini aybdor qilish mumkin).

Balki yana bir bor urinib ko‘rarman.